Adabiy tilning XX asr boshlaridagi takomili


Download 25 Kb.
Sana04.02.2023
Hajmi25 Kb.
#1159525
Bog'liq
13-m


ADABIY TILNING XX ASR BOSHLARIDAGI TAKOMILI

E’tibor qaratiladigan masalalar


1.Davr adabiy tili, uning grafik, fonetik, morfologik va leksik me’yorlariga munosabat.
2. Umummilliy tilni yaratish sohasidagi urinishlar: panturkizm, purizm, ularning sotsial manbalari.
3. O‘zbek lingvistik terminologiyasining shakllanishi va taraqqiyoti.
4. O‘zbek milliy yozuvini yaratish bo‘yicha urinishlar.
5. Davrning imlo tizimi, bunda «Chig‘atoy gurungi» tashkilotining tashabbuskorligi.
6. Ruscha-yevropacha fonetik, leksik va grammatik unsurlarning o‘zbek tilida kengroq qo‘llana boshlashi.

Tayanch tushunchalar: adabiy til, leksika, lingvistik terminologiya, tatarizm, turkizm, dialekt, o‘zbek milliy yozuvi, imlo, «Chig‘atoy gurungi», ruscha-yevropacha fonetik, leksik va grammatik unsurlar.



Davr adabiy tili, uning grafik, fonetik, morfologik va leksik me’yorlariga munosabat. O‘zbek xalqi hayotida XVI asrdan boshlangan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy‚ iqtisodiy inqiroz va turg‘unlik XIX asr oxirlariga kelib yana ham avj pardasiga ko‘tarildi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi inqiroz tilga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Bu ijtimoiy hodisa davrning ilg‘or ziyolilarini katta tashvishga solib qo‘ydi. Chunki ular muayyan millatning mavjud bo‘lishi uchun ijtimoiy-siyosiy‚ hududiy va ma’naviy-ruhiy birliklar qatorida‚ eng muhimi til birligi ham shakllangan bo‘lishi kerakligini teran anglab etgan ziyolilar, xususan, jadidchilik harakati vakillari shu sababli o‘zbek xalqi uchun yagona adabiy tilni va uning zaminida milliy adabiy tilni shakllantirish yo‘lida harakat qildilar, bunga alohida e’tibor bilan qaradilar.
Davrning zukko olimi Abdurauf Fitrat fikricha, o‘zbek adabiy tilining rivojlanishiga to‘siq bo‘lgan tarixiy holat-voqea va sabablar quyidagilar edi:
1. Davlat tuzilmalarining o‘zgarishi va hokimiyatning tutgan siyosiy yo‘li bilan bog‘liq sabablar. Fitrat nuqtai nazaricha, turkiy (o‘zbek) tilning taraqqiyotini bo‘g‘ib qo‘ygan dastlabki to‘siq, bu arablarning turkiy xalqlarni o‘z hukmronligi tarkibiga bosqinchilik asosida kiritganligidir. Adib “She’r va shoirliq” maqolasida (1919 yilda “Chig‘atoy gurungi” dasturi yo‘nalishida yozilgan) turkiy xalqlar arablar istilosidan oldin buyuk madaniyat va adabiyotga ega bo‘lganliklarini alohida ta’kidlab, keyin yozadi: “Biz turklar arab bosqini bilan o‘z harflarimiz va o‘z yozuvimizni yo‘qotgandan keyin o‘z adabiyot va she’rlarimizdan ham ayrilishimiz tabiiy edi. Mana shul ayrilish sababli ko‘b kerakli narsalarimizni yo‘qotdik”. Amaldagi yozuvning zo‘rlik bilan arab alifbosi bilan almashtirilishi hodisasi turkiy (o‘zbek) til rivojiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Fitrat maqolasida ana shu ta’sir oqibatlarini izchil izohlab bergan.
2. Turkiy xalqlarning madaniy hayoti, ularning o‘z adabiyotiga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq sabablar. Arab istilosi natijasida turkiy xalqlar yagona din birligiga erishdi. Bu uning ijobiy tomoni bo‘lsa, salbiy tomoni esa mazkur tarixiy voqea sabab turkiy‚ chunonchi‚ o‘zbek adabiyoti shaklan va mohiyatan arab va fors adabiyoti ta’siriga tushib qoldi, adabiyot namunalarining deyarli barchasi mazkur adabiyotlarga taqlidan yaratildi. O‘ziga xos yo‘lga ega bo‘lgan turkiy adabiyot tamomila yangi, yot o‘zanga tushib qoldi. Natijada bu adabiyot taqlidchilikdan nariga o‘tmadi, uning sifati tushib, deyarli yaroqsiz holga kelib qoldi. “Biz musulmonliqdan so‘ng adabiyot yo‘llarini iyaruchiliq (taqlidchilik― Yo.Saidov)dan sira qutultira olmag‘anmiz, adabiyot yo‘llarinda eng katta hunarimiz ko‘prak eronlilarg‘a, undan keyin arablarg‘a iyarmak bo‘lgan”,― deb yozadi bu xususda Fitrat.
XIX asr oxiri - XX asr boshlarida o‘zbek xalqi hayotida yuz bergan ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy o‘zgarishlar ona tiliga bo‘lgan munosabat hamda qarashlarda o‘z aksini topdi. XIX asr ikkinchi yarmida ro‘yobga chiqqan siyosiy oqimlar (ziyolilar) ma’rifiy-siyosiy masalalar bilan birga millatning umumtili haqida ham ma’lum bir siyosat yurgiza boshladilar. Bu siyosat XX asrning boshlarida ancha keng tus oldi. Hoji Muinning 1918-yil 16-iyulda «Mehnatkashlar tovushi» gazetasida bosilib chiqqan «Til masalasi» maqolasi shunday boshlanadi: «Hozirda bizlar uchun eng muhim masalalardan biri, shubhasiz, til masalasidir». Uning fikricha, millatning shakllanish va rivoji bevosita tilga bog‘liq, shu bois unga hayot-mamot masalasi sifatida qarash lozim. Har bir kishi o‘z hayoti va huquqini qay darajada himoya qilsa, xuddi shu tarzda o‘z ona tili ― «turkiy til» (o‘zbek tili)ni ham muhofaza qilmog‘i shart deb hisoblaydi adib.
Shuning uchun davrning eng ilg‘or millatparvarlari “ancha kambag‘al va hali ishlanib etmagan tilni” inqiroz va turg‘unlikdan olib chiqish, yangi o‘zbek adabiy tilini shakllantirish va manbalarini izlab topishga harakat qilishdi. Bu masalaga befarq bo‘lmay, unga u yoki bu darajada o‘z munosabatlari va qarashlarini ifoda etishga urinishdi. Til masalasi vaqtli matbuotning asosiy mavzusiga aylandi. Badiiy adabiyot tili, adabiy til muammolari, umuman, til masalasi davrning eng muhim, eng dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalaridan biri sanaldi. Bu masalaga, ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy boshchiligidagi jadidlar, Abdurauf Fitrat rahbarligidagi “Chig‘atoy gurungi” a’zolari jiddiy e’tibor berishdi.
Til masalalariga doir mazkur davrda Behbudiy “Ikki emas, to‘rt til lozim” (1913), “Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi” (1914), “Til masalasi” (1915), “Sart so‘zi majhuldur” (1915); Hoji Muin Shukrullo «Til masalasi» (1918), «So‘z, qaror va ish» (1921), «Vaqtsiz mubohasa» (1924); Fitrat “Tilimiz” (1919), “Tilimizning adabiyligi” (1921), “Arab alifbosining tarixi” (1929), “Muqaddimat ul-adab” (1925), “Imlo konferensiyasi munosabati ila” (1928), “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘rusida bir tajriba: Sarf (1-kitob), Nahv (2-kitob)” (1925-1930); Elbek «Imlo masalasi» (1920), “Boshlang‘ich maktabda ona tili” (1921), «YOzuv yo‘llari» (ilmiy-usuliy qo‘llanma, 1921); «Lug‘at va atama» (tarixiy izohli lug‘at, 1924); Botu “Elchi afandiga javob ham rijo” (1919), «Til va imlo masalasi ustida bir necha so‘z» (1928), “Til va imlo konferensiyasi yakunlari” (1929) kabi asarlarni yozdi.
Mazkur davr ijodkorlari oldida turgan eng muhim masalalardan biri o‘zbek adabiy tilining boshqa tillarga munosabati, ular bilan aloqasi qanday bo‘lishi kerakligini hal etish edi. Chunki bu davrga kelib aynan shu masala dolzarb bo‘lib qoldi. Til xususida siyosiy nazariyalar ta’sirida va boshqa bir qator ob’ektiv hamda sub’ektiv sabablarga ko‘ra o‘zbek adabiy tiliga, uning lug‘at tarkibiga o‘zga tillar (tatar, usmonli turk, arab, fors, rus) elementlarining behad ko‘p kirib kelishi uning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
B.Qosimov “Karvonboshi” deb nomlangan maqolasida “Oyna” jurnalining 1914-yil 35-sonida “S.A.” imzoli kishining “Har millat o‘z tili ila faxr etar” degan maqolasiga to‘xtalib, undan quyidagi parchani keltiradi: “Agar til va adabiyotimizni muhofaza qilmay ancha ajnabiy lug‘at va so‘zlarni qo‘sha bersak, bir oz zamonda til va millatimizni yo‘qotamiz. Bizga tilimizni ajnabiy so‘zlardan muhofaza qilmoqlik eng birinchi muhim bir vazifadur”.
Download 25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling