Adabiyot o‘qitishning nazariy va pedagogik asoslari. Badiiy matn tahlilida tanqidiy tafakkurni rivojlantirish strategilayalari


Download 74.31 Kb.
Sana31.10.2020
Hajmi74.31 Kb.
#139299
Bog'liq
1-amaliy m




Adabiyot o‘qitishning nazariy va pedagogik asoslari. Badiiy matn tahlilida tanqidiy tafakkurni rivojlantirish strategilayalari



  1. Ko’rish bilan aloqador ko’rgazmalilik

  2. Eshitish bilan aloqador ko’rgazmalilik

  3. Xarita-sxema

  4. Sintetik vositalar





Yan Amos Komenskiyning ta’kidlashicha, «Mumkin bo‘lgan hamma narsa tuyg‘ularning his etilishi uchun etkazilishi kerak»1. Boshqa bir yirik pedagog K.D.Ushinskiy esa shunday yozadi: «Bola xotirasida nimanidir o‘rnab qolishini istagan pedagog imkoni boricha ko‘proq sezgi organlari: ko‘z, quloq, tovush, muskul harakatlari tuyg‘usi, hatgo, mumkin bo‘lsa, hidlash va ta’m bilishni ham eslab qolishda ishtirok etishi haqida qayg‘urishi kerak»2.

Badiiy adabiyot borliqni jonli manzaralar, obrazlar orqali aks ettiradi. Tabiatiga ko‘ra adabiyotning o‘zi borliqning ko‘rgazmali tasviridan iborat. Ammo adabiyot darslarida san’atning boshqa turlari: kino, televidenie, musiqa, tasviriy san’at ham yordamga kelishi mumkin. Bular adabiyot darslariga qo‘shimcha axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi, o‘quvchilarda estetik tuyg‘ularning shakllanishi va rivojiga imkon beradi, shuningdek adib yaratgan obrazlarning o‘quvchi ongida yanada puxtaroq muhrlanishiga yordam beradi. Hozirgi paytda turli kinoapparatlar, televizor, epidiaskop, magnitofon v.b. har bir maktabda mavjud. Bularning hisobiga ko‘rgazmali qurollar doirasi yanada kengaydi.

Ko‘rgazmalilikdan darsda va sinfdan tashqari ishlarda foydalanish bir-biridan jiddiy farq qiladi va boshqa-boshqa maqsadlarni ko‘zda tutadi. To‘garak ishlarida, fakultativ mashg‘ulotlarda v.b.da o‘qituvchi biror tasviriy san’at, musiqa asari, tele yoki kinofilm bilan tanishtirish vazifasini qo‘yishi mumkin. Bu albatta o‘quvchilarning adabiy asarlarni o‘zlashtirishlariga muayyan darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Darsda esa ko‘rgazmalilik o‘quvchilarning asarni o‘zlashtirishiga yordam bera oladigan darajadagina qo‘llanishi mumkin.

Adabiyot darslaridagi ko‘rgazmalilikning bosh vazifasi o‘quvchilarga adabiy asarni idrok etishda ko‘maklashish, yozuvchi ijodini to‘laroq tasavvur etishga yordamlashish, adabiy-nazariy tushunchalarni egallashga qo‘shimcha imkon yaratish, o‘quvchilar nutqini o‘stirishni ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, adabiyot o‘qituvchisi oldida turgan barcha vazifalarni hal qilishga yordam berishdan iborat.

Ko‘rgazmalilikning vazifalari nihoyatda xilma-xil bo‘lishi mumkin.

Hozirda ko‘rgazmalilikning turlari xilma-xil: illyustrativ-badiiy hamda grafik /chizma/ materiallar, gramofon yozuvi va radioeshittirishlar, kinofragment va o‘quv filmlari, telefragment va televizion darslar v.b. Ularning har biri ko‘rish, eshitish, sintetik shakldagi ko‘rgazmalilikka tegishli bo‘lishi mumkin.

Ko‘rish bilan bog‘liq ko‘rgazmalilik. Bunga yozuvchi va shoirlarning portretlari , asarlarga illyustratsiyalar ,yozuvchi /adib/ hayoti va ijodiga aloqador bo‘lgan joylar fotografiyasi yoki yozuvchining hayoti,asari bilan bog‘liq fotosuratlar , v. b. kiradi.

Har holda eng kamida darslikdagi rasm namunalari shu vazifani bajarishi mumkin. Ishda hajmi qo‘shimcha texnik vositalarni talab qilmaydigan reproduksiyalardan foydalanish ham qulaylik tug‘diradi. Otkritka ko‘rinishidagi rasmlardan tarqatma material sifatida foydalanish mumkin. Uning qulayligi shundaki ,bu holda har bir o‘quvchining qobiliyati va imkoniyatini ham nazarda tutish mumkin bo‘ladi .

Yozuvchi hayoti va ijodini o‘rganishga doir albomlarda tasviriy san’at asarlaridan namunalargina emas, yozuvchining o‘zi va zamondoshlari aytgan fikrlar, xatlardan namunalar bo‘lishi mumkin. Tasviriy va hujjatli materialning bir xildagi birlashuvi albomlardan darsda ham, sinfdan tashqari ishlarda ham, yakka mashg‘ulotlarda ham foydalanish imkonini beradi.

Diafilm va diapozitivlar ham asosan shunga yaqin pedagogik vazifalarni bajaradi.

Adabiyot darslarida ko‘rgazmalilikning yana bir turi xarita-sxemalar bo‘lishi mumkin. Har bir jadval va sxemalar ham o‘quvchilar bilimini mustahkamlash bilan birga ularning adabiy – estetik rivojlanishlarida omil bo‘lishi shubhasiz. Xususan, O‘rxun - Enisey obidalari, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiridsin Muhammad Bobur, Munis, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Hamza Hakimzoda Niyoziy singari shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini o‘rganishda bunday xarita-sxemalardan foydalanish katga samara beradi. Masalan, Muqimiyning hayoti va ijodini o‘rganishda adib borgan, asarlarida tasvirlangan shahar va qishloqlarni ko‘rsatib beruvchi xarita-sxemalardan foydalanish mumkin. Bunda adibning shaxsiy hayoti, ayniqsa, «Sayohatnoma»laridagi geografik nomlar asos vazifasini ado etadi. Qolaversa, bu yo‘l bilan predmetlararo aloqaning o‘ziga xos tomonlariga ham ro‘para kelinadiki, bu holat o‘quvchilarning turli sohadagi bilimlarini bir erga jamlash, ulardan amalda foydalanish zaruratini yuzaga chiqarada.

Aslida, umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda akademik litseylarda o‘rganiladigan har bir shoir va yozuvchining ijodi haqida shunday xarita-sxemalarni tuzish imkoniyati mavjud. Bunda har bir o‘qituvchi o‘ziga yaqin bo‘lgan mahalliy materiallardan ham foydalansa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

X.Sh.Yandarievning ko‘rsatishicha, xarita-sxemalarni yaratishda «asarlarga chizilgan illyustratsiyalar, biografik materiallar, gazega va jurnallardan qirqib olingan parchalar, nodir va nashr etilmagan rasmlar, maktublar» va boshqalardan foydalanish mumkin. «Karta-sxemalar o‘zining maqsadi, darslarni rang-barang qilish, uni mumkin bo‘lgan darajada tig‘izlashtirish, unga o‘quvchilarning adabiy bilimlarni olishga qiziqishlarini va ijodiy faolliklarini oshirish, shunday qilib, ular mehnatining mazmunli va quvnoq bo‘lishi uchun qo‘shimcha (jumladan, o‘lkashunoslikka oid) materiallarni jalb qilishdan iborat»3.

Yana bir muhim holat mavjud: darsda, mashg‘ulotlarda oq-qora tasvirdan ko‘ra rangli rasmlardan foydalanish maqsadga muvofiqroqdir4. Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiridsin Muhammad Bobur asarlariga ishlangan miniatyuralarning turli yillarda nashr etilgan namunalari bu jihatdan bebaho manba va material bo‘la oladi.

Yozuvchi va adiblarimizning turli davrlarda yaratilgan rangli rasmlari, portretlari, oilaviy yoki ijodiy davralardagi rangli fotosuratlari ham o‘quvchilar qiziqishiga mos va munosib bo‘ladi. Rus adabiyoti haqida gapirib, professor E.N.Kolokolsev shunday yozadi: «Portret janri o‘quvchilarning tasavvurlarshi oydinlashtirishga yordam beradi»1 Buning natijasida o‘quvchilarda adib shaxsi haqidagi fikr-mulohazalari tiniqlashadi, ularning real insoniy qiyofasini aniqroq tasavvur etadilar.

Tinglash bilan aloqador ko‘rgazmalilik ham alohida mavqega ega. Adib yaratgan tovushli obrazlarni eshitish, his qilish va baholash ham beqiyos ahamiyatga ega. G‘.G‘ulom, Oybek ,H. Olimjon E.Vohidov,A.Oripovlarning tovushlari yozilgan plastinka va magnit tasmalari amaliyotda ko‘p qo‘llaniladigan manbalardir.

Musiqa va badiiy-ifodali o‘qish adabiyot o‘qish jarayonida o‘quvchilar faolligini oshirishda katta ijobiy rol o‘ynaydi. Masalan, quyi sinflarda ertak va dostonlarni, xalq qo‘shiqlarini faqat eshitish emas, balki xalq baxshilari, laparchilari, qo‘shiqchilarining ijrosini kuzatish ham maroqli va ta’sirli bo‘ladi.

Har qanday sifatli va zamonaviy texnik vositalar ham bevosita muloqot nuqtai nazardan o‘qituvchi nutqining o‘rniga teng kelolmaydi. O‘qituvchi o‘zi matnni o‘qiganida istagan vaqtda uni uzishi, tegishli zaruriy izoh va tushuntirishlar berishi, o‘quvchilardan so‘rashi mumkin. Bugina emas, o‘qituvchi va o‘quvchilarning ifodali o‘qishi mutlaqo boshqacha samara beradi. Bunda o‘quvchining ijodiy-ijrochilik qobiliyati o‘sadi. Demak, eshitish bilan bog‘liq ko‘rgazmalilikda ham o‘qituvchi tegishli pedagogik va metodik talab hamda me’yorlarga amal qilishi shart.

Ko‘rgazmalilikning sintetik vositalari. Kino va televidenieda ham ko‘rish, ham eshitish ko‘rgazmaliligi mavjud. Shuning uchun ham ularda o‘quv maqsadlarda foydalanish imkonlari ham, kelajagi ham katta. Ammo ulardan foydalanishda murakkabliklar ham kam emas.

Til va kino ssenariylar orasida yozuvchi tarjimai holi bilan bog‘liqliklari, ekranlashtirilgan asarlar mavjud. O‘qituvchi ularning hammasidan emas, balki bevosita dars maqsadi va vazifasiga bog‘liq qismlaridangina foydalanilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. (Masalan, “O‘tgan kunlar”, “Qutlug‘ qon”, “Temir xotin”, “Qirol Lir”...)

Adiblar yashagan joylar bilan bog‘liq kinoekskursiyalardan ham shu xilda foydalanish o‘rinli bo‘ladi. Ularning ayrimlaridan sinfdan tashqari ishlarda foydalanish ham samarali bo‘ladi.

Hozirgi paytda doimo yangilanib turadigan tele-darslar ham qo‘shimcha imkoniyat sifatida nazarda tutilishi mumkin.

Adabiyot o‘qituvchisi ko‘rgazmalilikning qaysi turidan va qanday holatda, qay miqdorda foydalanishini aniq belgilab olishi, ko‘rgazmalilikning didaktik funsyasini oldindan puxta o‘ylab olishi shart.Adabiyotga yaqin bo‘lgan san’at asarlaridan foydalanishdan oldin, o‘quvchilarga dastlab asar haqida elementar bo‘lsa-da, tasavvur berish kerak.

Adabiyot darslarida ko‘rgazmalilik oxirgi maqsad emas, balki vositadir. SHunga ko‘ra o‘quvchiga ko‘rgazmalilikdan keyin, shunday savollar berilishi lozimki, bu savol va topshiriqlar o‘quvchini badiiy asar ichiga olib kirishga, badiiy obraz va tasvir mohiyatini chuqurroq anglashga, so‘zning ta’sir kuchini yaqqolroq his qilishga yordam bersin.

Ko‘rgazmalilik qurollarni yaratishga o‘quvchilarning o‘zlarini ham jalb etish mumkin. Bu ular jiddiy mehnatga o‘rgatadi, umumiy badiiy estetik tayyorgarligiga ham ijobiy ta’sirko‘rsatadi.

Ta’lim texnologiyalaridan biri bo‘lgan matn bilan ishlash texnologiyalari ta’im oluvchining kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, uni o‘zini-o‘zi boshqarish, nazorat qilishga undaydi, pedagogika, lingvistika va lingvodidaktika va matnni markazlashtirish tamoyillari yutuqlaridan foydalanishda integrativlik tamoyillarini qo‘llash imkonini beradi.

Tadqiqotchilar o‘rganilayotgan matnlar mazmuniga urg`u berishning oltita usulini taklif qiladilar 1) baholovchi sifatlar; 2) kalit terminlar; 3) konnektorlar (birlashtiruvchi); 4) predikatlar ierarxiyasi; 5) leksik oppozitsiyalar tamoyili; 6) leksikada “umumiy-xususiy” / “xususiy-umumiy” mantiqiy aloqasi namoyon bo‘lishi. Talaba kodlashtirish va kodini yechish usuli orqali yangi shaxsiy malakalar hosil qiladi: 1) ta’limdan tashqari jarayonda moslashish; 2) ta’lim jarayonida mav jud matnga shaxsiy nuqtayi nazarni singdirgan tekstni markazlashtirish tamoyilininig singdirilishi va 3) o‘zini-o‘zini rivojlantirishda matn. Aynan mana shunday matnlarda talabaning mavzu borasidagi ta’lim va kasbiy kompetensiyalari rivojlanadi.



Matn ustida ishlash topshiriqlari uch bosqichga bo‘linadi. Matn oldi bosqichi, matn usti bosqichi, matn osti bosqichiga bo‘linadi. Matn oldi bosqichida “aqliy hujum”, oldindan bashorat qilish, ya’ni matn sarlavhasi asosida matnda aytib o‘tilgan muammolar bo‘yicha talabalarning bor bilimlarini aniqlash, savollarga javoblar kabi mashqlardan foydalaniladi. Matn usti bosqichiga jadvalni to‘ldirish, matn rejasini tuzish, matnning har bir abzatsiga sarlavha tanlash, tushirib qoldirilgan so‘zlarni qo‘yish, to‘g‘ri/ noto‘g‘ri mulohazalarni aniqlash, rasmlarni matndagi gaplar bilan birga muvofiqlashtirish, gaplarni mantiqan qayta guruhlash, matnni paragraflarga bo‘lish va h.k.kiradi. Matn osti bosqichida xulosaviy fikrlar berish, ya’ni matnda ko‘tarilgan har bir masalaga o‘z munosabatini bildirish, matn tuzilishidan kelib chiqib, boshqa janrda o‘z matnini tuzish va hokazolar kiradi. Matn bilan ishlash texnologiyalariga “Insert”, “Pinbord”, “Soxta Vikipediya”, “Qiyinchilik g‘altagi” , “Birgalikda harakat qilish” metodlari, “Autentik materiallar”, “Bosma materiallar bilan ishlash”, “Tushunchalar asosida matn tuzish”, “Ikki qismli kundaliklar”, “Surat ustida ishlash” kabilar kiradi.

Insert” usuli samarali o‘qish va fikrlash uchun matnda belgilashning interfaol tizimidir. Bu usul avvalgi bilimlarni faollashtirish va matnda belgilash uchun savollarning qo‘yilish muolajasi. Shundan so‘ng matnda uchraydigan, har turdagi axborotlarning belgilanishi. Insert - matn bilan ishlash jarayonida ta’lim oluvchiga o‘zining mustaqil bilim olishini faol kuzatish imkonini ta’minlovchi kuchli asbob. Insert - o‘zlashtirishning majmuali vazifalarini yechish va o‘quv materialini mustahkamlash, kitob bilan ishlashning o‘quv malakalarini rivojlantirish uchun foydalaniladigan o‘qitish usulidir.

Matnda belgilash tizimi



() - men bilaman deganni tasdiqlovchi belgi;

() - yangi axborot belgisi;

() - mening bilganlarimga, zid belgisi;

() - meni o‘ylantirib qo‘ydi. Bu bo‘yicha menga qo‘shimcha axborot kerak belgisi.

V

+

-

?













Bumerang texnologiyasi” bir mashg‘ulot davomida o‘quv materialini chuqur va yaxlit holatda o‘rganish, ijodiy tushunib etish, erkin egallashga yo‘naltirilgan. U turli mazmunga(muammoli, munozarali va hokazo) ega bo‘lgan mavzularni o‘rganishga yaroqli bo‘lib, o‘z ichiga og‘zaki va yozma ish shakllarini qamrab oladi hamda bir mashg‘ulot davomida har bir ishtirokchining turli topshiriqlarni bajarishi, navbat bilan o‘quvchi yoki o‘qituvchi rolida chiqishi mumkin.

Bumerang texnologiyasi tanqidiy fikrlash, mantiqni shakllantirishga imkoniyat yaratadi: xotirani, g‘oyalarni, fikrlarni, dalillarni yozma va og‘zaki shakllarda bayon qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Qiyinchilik g‘altagi” metodi talabalarning o‘tilgan mavzuni to‘laqonli o‘zlashtirmagan jihatlarini aniqlashga va uni bartaraf etishga xizmat qilib, o‘qituvchi uchun mashg‘ulot maqsadiga erishishi yo‘lida qo‘shimcha vosita vazifasini bajaradi. Uning maqsadi talabalar orasida o‘zlashtirish qiyin bo‘lgan tushunchalarni aniqlashdir. Bu metodni o‘tkazish bosqichlariga quyidagilar kiradi:

-talabalar kichik guruhlarga bo‘linadi. Talabalarga A4 formatidagi qog‘oz tarqatiladi;

-dars davomida o‘zlashtirish qiyin bo‘lgan, mushkul tuyulgan tushunchalarni shu qog‘ozga yozish so‘raladi;

-qog‘ozga faqat guruh raqami yozish talab qilinadi, talaba o‘zi tushuna olmagan tushunchalarni to‘laqonli yoritishida anonimlik muhim rol o‘ynaydi;

-qog‘ozlar yig‘ib olinadi, o‘rganib chiqiladi hamda barcha yozilgan tushunchalarni chuqurroq o‘zlashtirish maqsadida takrorlash/mustahkamlash mashqlari, topshiriqlari talabalarga taqdim etiladi;

-so‘ngra, 2-punktdagi vazifa qayta beriladi;

-natijalar taqqoslanadi.

Birgalikda harakat qilish metodi” metod talabalarning bir jamoa bo‘lib ishlash va o‘zlashtirgan bilimlarini boshqalar bilan baham ko‘rish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Ushbu metod talabalarning mavzu yuzasidan umumiy ilmiy-madaniy kompetensiyasini oshirish maqsadida qo‘llaniladi. Metodni o‘tkazish bosqichlari:

-har bir talabaga toza A5 formatidagi varaqa beriladi;

-varaqaning bir tomoniga “Share” biriga esa “Care” deb yoziladi hamda varaqa egasi ismi qayd qilinadi;

-har bir talaba, varaqning “Share” tomoniga dars davomida o‘tilgan, hamda o‘zi to‘laqonli, aniq va oydin tushungan omili haqida yozadi, uni tushuntiradi, osonlashtirib bayon qilib yozadi;

-so‘ngra, o‘z varaqasini boshqa talabaga uzatadi, o‘zi ham undan varaqa qabul qilib oladi;

-qabul qilib olingan varaqaning “Share” tomoniga qaraladi, agar u yerda talaba o‘zi yaxshi tushungan omil yozilmagan bo‘lsa “Care” tomoniga shu omil haqida yozadi, uni tushuntiradi va yana varaqa almashadi;

-har bir varaqaning “Care” tomonida 4 tadan fikr yozilgandan so‘ng varaqalar egalariga qaytariladi.

Soxta Vikipediya” metodi. Ushbu metod talabalarning mavzu bo‘yicha materiallarni qanchalik o‘zlashtirganini aniqlashga yordam beradi. Bundan tashqari ushbu metod talabalarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini o‘stirish, o‘tilgan mavzularni o‘zlashtirish darajasini aniqlash, mavzu yuzasidan umumiy ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida qo‘llaniladi. Metodni o‘tkazish bosqichlari:

-talabalarga o‘tilgan mavzular yuzasidan ikkita alohida matn beriladi. Matnlarning birida xato kuzatilmaydi, ikkinchisida esa aralash va chalg‘ituvchi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi;

-talabalar guruhlarga bo‘linadi, har bir guruhga 1-matn beriladi;

-25 daqiqa ichida har bir guruh yozma ravishda matndagi xato ma’lumotlarni aniqlab, ularning to‘g‘ri variantlarini taqdim etishlari talab qilinadi. Topshiriq bajarish jarayonida internet tarmog‘idan foydalanishga ruxsat beriladi;

-talabalar o‘z javob varaqalarini topshirishadi. So‘ngra har bir guruhga 2-matn beriladi. Unda 1-matndagi xatolar tuzatilgan shaklda taqdim etiladi;

-guruhlar topgan xatolari soniga qarab baholanadilar.



Autentik materiallar (ingl. Authentic materials) – bu real hayotda ishlatiladigan materiallar bo‘lib, bular jumlasiga gazeta va jurnallar, transport, teatr uchun chiptalar, maktublar, reklama, radio va televidenie dasturlari, e’lonlar va boshqalar kiradi. Matnlar, topshiriqlar, materiallarning tuzilishi ham autentik bo‘lishi kerak. Masalan, e’lon devor yoki e’lonlar doskasiga yopishtirilgan qog‘oz ko‘rinishida bo‘lishi kerak, maqola-gazetadan qirqib olingan qog‘oz parchasi ko‘rinishida, taklifnoma yoki tabriknoma matni qo‘lda yozilgan bo‘lishi kerak. Autentik shakl-shamoil matnning aslligini tasdiqlaydi va talabalarda mazkur material bilan ishlash istagini oshiradi.

Ikki qismli kundaliklar” metodi matn bilan ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, dastlab ikki qismli oddiy jadval tuziladi. Mavzuga oid matn beriladi. Matnni diqqat bilan o‘qish talab qilinadi. So‘ng keyingi bosqichga o‘tiladi. Shu matndagi ayrim birliklarga (asosan mavzuga oid birliklar, qoidalar, tushunchalarga e’tibor qaratish so‘raladi) e’tibor qaratish va bu tanlab olingan birlik, tushuncha bo‘yicha ikki tomonga munosabatlarini yozish so‘raladi. Bu usul bolani tahlil qilishga undaydi.

Kichik guruhlarda bosma materiallar bilan ishlash” metodi. Kichik guruhlarda ishlashning yana bir samarali metodi - bu nashr qilingan materiallar bilan ishlash hisoblanadi. Talabalarning zaruriy axborotlarni izlab topishlari uchun, nazariy bilimlarni mustahkamlash yoki tasniflashlari uchun, nazariy materiallarni chuqur anglab olishlari uchun bu metoddan foydalanish yaxshi samara beradi. Guruh 4-5 kishidan iborat kichik guruhlarga bo‘linadi. Guruh bir xil yoki turlicha mazmundagi topshiriqlar, gazetalar, jurnallar, fotoalbomlar, byulletenlar olishadi.

Zaruriy materiallar: A - I Formatli qog‘oz, qaychi, yelim.Topshiriqlar:

1. Ilmiy jurnallardan mavzuga oid maqolalarni toping va quyidagi tartibda ularni joylashtiring.

1) Sintaktik birliklar va ular haqida nazariyalar berilgan maqolalar

2) Morfologik birliklar haqida nazariyalar berilgan maqolalar

3) Leksik birliklar haqida nazariyalar berilgan maqolalar

Har bir guruh (ular 3 ta) topshiriq oladi, jurnallardan kerakli materiallarni topadi, maqolalardan nusxa olib qirqib oladi va plakatga elimlaydi, zaruriy matnni sharhlaydi. Har bir guruh o‘z sardorini aniqlaydi va ular ish yakuni to‘g‘risida hisobot beradilar. Boshqa guruh talabalari savollar berishadi va ishni baholashadi. Bu metodni qo‘llash davomida talabalardan barcha materiallar yig‘ib olinadi, aksincha talabalar gazetalardagi boshqa qiziqarli maqolalarni o‘qishga kirishib ketadilar va sardorlar fikrlariga quloq solmaydilar. Talabalardan ehtiyot bo‘lib ishlash talab etiladi, ortiqcha qog‘oz qirqish, elimlash, auditoriyani ifloslantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tushunchalar asosida matn tuzish” metodida ma’lum mavzuga doir tayanch iboralar beriladi. Talabalar bu tayanch iboralar asosida mavzuga oid matn tuzadilar hamda bu matnda keltirilgan tayanch iboralar qatnashishi zarur. Bu tayanch iboralar bir necha qismlarga bo‘lib berilishi mumkin. Talaba o‘zi yaxshi yoritib berishi mumkin bo‘lgan tayanch iboralarni tanlaydi. Bu bir modul asosida yoki bir fan asosida shakllantirilishi mumkin:

1.Uyushiq bo‘laklar, ularning turlari, teng bog‘lanish, so‘roq, vazifa, sanash ohangi, tobelanish.

2. A.Fitrat, A.G‘ulomov, D. Ashurova D, F.Ubaeva, H.Boltaboeva, H. Xoliqov.

3.Uyushiq kesim, kesimlik shakllari, qo‘shma gap, uyushtiruvchi ohang, so‘z turkumi.

4.Umumlashtiruvchi so‘z, tur-jins, butun-qism, ot, olmosh, fe’l, jamlovchi son.

5.Teng bog‘lovchilar, bog‘lovchi vazifasidagi so‘zlar, ohang, tinish belgilari.

Bu usul asosan mustahkamlash bosqichida qo‘llaniladi. Asosiy bosqichda bo‘lsa, talabani faollashtirishga xizmat qiladi. Bu usul talabaning xotirasini mustahkamlashga, o‘z-o‘zini nazorat qilish, baholashga, e’tibor qaratmagan tomonlarini qayta o‘rganishga da’vat etadi.

Surat ustida ishlash” o‘yinidan quyidagi tarzda foydalaniladi: ishtirokchilar ikki guruhga bo‘linishadi va suratda aks etgan voqelik asosida hikoya tuzish topshirig‘ini olishadi. Mazkur jarayonda lingvomadaniy va ijtimoiy-madaniy rasmlardan foydalanish mumkin. Hikoyani tuzish jarayonida bir guruh boshqasiga taklif etgan so‘zlardan foydalanish talab etiladi. Bir guruh ot so‘z turkumiga kiruvchi, boshqa guruh sifat so‘z turkumiga kiruvchi so‘zlarni taqdim etishi mumkin. O‘yin jarayonida talabalarning mantiqiy fikrlashi va nutqi rivojlantiriladi.

Ajurli arra” metodi ham matn bilan ishlash metodlaridan biri bo‘lib, quyidagi qismlardan tashkil topadi:

-topshiriq va matnli materiallar bir nechta asosiy qismlarga (yoki mavzularga) qirqiladi;

-birlamchi guruhlar: Har bir guruh a’zolari qirqilgan mavzuni oladi va ekspertga aylanadi;

-ekspert guruhlari qo‘lida bir mavzuga oid o‘quv topshiriqlari mavjud bo‘lgan o‘quvchilar mavzuni muhokama qilish, boshqalarga o‘rgatish rejasini egallash uchun ekspert guruhiga birlashadilar;

-birlamchi guruhlar o‘zlarining birlamchi guruhlariga qaytadilar va ekspert guruhlarda o‘rganganlarini o‘qitishadi. “Ajurli arra” metodining qator afzalliklari mavjud bo‘lib, bularga quyidagilar kiradi.

1.O‘qitish jarayoniga bu tarzda yondashilganda talabalarning hamkorlikda ishlashiga va qisqa vaqt ichida katta hajmdagi axborotlarni o‘zlashtirishlariga imkon tug‘iladi.

2.U yoki bu faoliyatni darsda amalga oshirish uchun talabalarga boshlang‘ich axborotlarni uzatish zarurati tug‘ilsa, ma’ruza o‘rnini bosa oladigan samarali instrumentariy hisoblanadi.

3.O‘qituvchi murakkab mazmunli mavzular bo‘yicha talabalarni darsga tayyorlash uchun oldindan ularning har biriga mo‘ljallangan alohida axborotli paket tayyorlaydi. Unda darslikdan, qo‘shimcha tarzda gazeta, jurnal, maqolalardan materiallar bo‘lishi kerak.

4.Har bir talaba 2 guruh tarkibida ishtirok etadi: dastlab “o‘z uyi” (birlamchi) guruhiga, keyin esa “ekspert” guruhiga birlashib, o‘quv elementlarini mustaqil o‘rganishadi. Ekspert guruhini tezda tashkil etish uchun o‘quvchilar olgan axborotli paketlarda har bir mavzuga oid materiallar bir xil rangdagi qog‘ozlarga yozilgan yoki rangli qalam bilan qog‘ozning biror bir burchagi bo‘yalgani ma’qul.

5.Har bir guruhda 3 tadan 5 tagacha kishi (talabalar soniga qarab) bo‘lishi mumkin. Har bir talaba “o‘z uyi”dagilarni va qayta uchrashish joyini aniqlab olishi kerak.

6.O‘qituvchi talabalarni “rangli” topshiriqlar asosida guruhga birlashishini taklif etadi va ular alohida mavzular bo‘yicha ekspertga aylanadi. Misol uchun, “qizil”larni xonasi oxirida, “ko‘k”larni esa yo‘lakchada uchrashishi belgilanadi. Har bir ekspert guruhda 3 tadan kam talaba bo‘lmasligi kerak.

7.Guruhlarga axborotli paket tarqatiladi. Har qaysi guruh turli xil materiallar to‘plamini olishlari va ularni o‘qishi, muhokama qilishi, aynan shu axborotlar bo‘yicha ekspertga aylanishi lozim. O‘quv materiallari bo‘yicha “ekspert” bo‘lishi uchun o‘quvchilarda vaqt etarli bo‘lishi kerak. Bu uchun agar materiallar murakkab va katta bo‘lsa, ehtimol, bir dars to‘liq talab qilinadi.

8. Talabalarga quyidagicha topshiriqlar beriladi:

- paketdagi materiallarni qunt bilan o‘rganing va muhokama qiling;

- bir-biringizdan so‘rang va o‘quv materiallarini har biringiz tushunib olganingizga ishonch hosil qiling;

- o‘z “uyingiz” guruhini o‘qitish zarurligini hisobga olib materialning muhim o‘quv elementlariga e’tiborni qarating.

9. Talabalarning o‘z “uylariga” qaytishlarini iltimos qiling. Har biri o‘z “uyi”- guruhiga axborot beradi. Shaksiz, “uy” guruhida ekspert guruhlaridan bittadan talaba bo‘lish shart. Talaba o‘rganib kelgan materiallarni o‘z guruhi talabalariga o‘rgatish javobgarligini bo‘yniga olish lozim. Bu jarayon o‘quv materialining o‘zlashtirish zarurligiga qarab yana bir soat davom etishi mumkin.



10. Talabalar bir-birlaridan axborotlarni o‘rganishib bo‘lishgach, o‘qituvchi oldindan rejalashtirgan faoliyat turini o‘tkazishi mumkin
Savol va toshiriqlar

        1. Adabiyotdan ko‘rgazmalilik qanday vazifalarga xizmat qiladi?

        2. Ko‘rgazmalilikning qanday turlarini bilasiz?

        3. Ko‘rgazmalilik badiiy asarni o‘rganishda muhim vosita deganda nimani tushunasiz?

        4. O‘qituvchi nutqi ko‘rgazmalilikning muhim turi ekanini tushuntiring.

        5. Ko‘rish bilan bog‘liq ko‘rgazmalilik.

        6. Eshitish bilan bog‘liq ko‘rgazmalilik.

        7. Ko‘rgazmalilikning sintetik vositalari.

        8. Ko‘rgazmalilik qurollardan darsda foydalanish metodikasi.




1 Зунунов А. ва бошқалар. Адабиёт ўқитиш методикаси. 118-бет.

2 Адабий таълимда мустақил фикрлашга ўргатиш асослари. - Т.: ЎЗИНКОМЦЕНТР, 2003, 55-бет.

3 Яндарбиев Х.Ш. Карта-схема на урока литературы. - // Литература в школе, -М.: 1983,№5, с.47.

4 Воворонина А.И. О роли иллюстрирования в освоении орфографии и пунктуации. -Русский язьж в школе. - 2001, № 1, с.36-37.

Download 74.31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling