Adabiyotshunoslikka kirish
DRAMATIK TUR VA UNING JANRLARI
Download 286.83 Kb.
|
ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH Dilmurod QURONOV
DRAMATIK TUR VA UNING JANRLARI
Dramatik turning o ziga xos xususiyatlari. Drama va teatr, dramatik asar va uning sahna talqini. Dramatik asarlarni janriarga ajratish prinsiplari. Dramatik janrlar haqida. Avval aytganimizdek, dramaning tasvir predmeti — harakat, u obyektning plastik obrazini yaratadi, dramada subyekt — ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi. Agar bular dramaning turga xos belgilovchi xususiyati bo'lsa, dramatik asarning qurilishi, poetik o'ziga xosligini belgilovchi eng muhim xususiyat uning sahna uchun yaratilishidir. Ya'ni, sahnaga mo'ljallab yozilgan asar ijroni ham ko'zda tutishi zarur bo'ladi. Shunga ko'ra, dramadagi harakat — sujet voqealari makon va zamonda cheklangan bo'ladi. Ijro vaqtiga sig'ish uchun asarning keskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanuvchi sujetga qurilishi taqozo qilinadi. Ravshanki, bu xil sujetning rivojlanish vaqti ham chegaralangan, shu sababli ham sujet voqealari sabab-natija munosabatlari asosida konsenratsiyalanadi. Voqealar orasidagi sabab- natija munosabati esa ularning makoniy va zamoniy jihatlardan-da yaqin bo'lishini taqozo qiladi. Dramaturg asarni yaratish jarayonidayoq uning sujet voqealari ijro vaqtiga sig'ishi masalasida qayg'urishi darkordir. Shunga ko'ra, dramatik asarda sujet voqealarining keskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlanishi zaruratga aylanadi. Bundan tashqari, dramatik asardagi sujet voqealari yuz beradigan makon ham cheklangan, voqealar sahnada shartli qayta yaratish mumkin bo'lgan (ya'ni, sahna ustalari, rassom tomonidan o'sha joy illuziyasini hosil qila oladigan dekoratsiyalarning ishlanishi mumkin bo'lgan) makonda kechadi. Boz ustiga, harakat makoniy o'zgarishlar jihatidan ham cheklangan, ya'ni dramatik asar voqealari ko'pi bilan to'rt-besh joydagina kechishi mumkin. Masalan, K.Yashinning "Nurxon" dramasidagi voqealar asosan ikki joyda: hojining hovlisi va Nurxonning Samarqanddagi kvartirasida kechadi; Cho'lponning "Yorqinoy" dramasidagi voqealar esa besh joyda: O'lmas botirning qo'rg'on boqchasi, boshqa bir boqcha, Nishobsoy begining boqchasi, shu bekning haram uylaridan biri, Po'latning qarorgohi va xon saroyida kechadi. Odatda bir parda davomida sodir bo'luvchi voqealarning bitta joyda kechishi, sujet voqealari ayni shu joylar bilan bog'liq holdagina rivojlanishini e'tiborga olsak, bu narsa dramatik asarning sujet qurilishini belgilaydigan asosiy omil bo'lib qolishi anglashiladi. Dramaturg asarda jonlantirmoqchi bo'lgan hayot materialining barcha unsurlarini ham sahnada qayta yaratish imkoniyati mavjud emas. Shunga ko'ra, dramatik asar avvalboshdanoq "shartlilik" kasb etadi. Ya'ni, muallif mavjud ijro imkoniyatlaridan foydalanib, ayrim ishoralar orqali tomoshabin (o'quvchi) tasavvurida ko'p narsalarni uyg'otishi, bevosita sahnada jonlantirilishi mumkin bo'lmagan voqealarni shartli ravishda to'ldirishi zarur bo'ladi. Masalan, avtor remarkalarida "sahna ortida otlar dupuri, qilichlar jarangi", "sahna ortidan keskin to'xtagan mashina ovozi eshitiladi" qabilidagi ishoralar beriladi, ularning yordamida sahnada jonlanmagan narsani shartli (ya'ni, o'quvchi tasavvuridagina) jonlantirish mumkin bo'ladi. Shunga o'xshash, sujetga kiritishning imkoni bo'lmagan voqeani personajlar tilidan muxtasar hikoya qilinishi ham shartlilikning tag'in bir ko'rinishidir. O'z navbatida bu shartlilik personaj nutqiga ham ta'sir qiladi: deylik, personajlarning har ikkisi ham biron bir voqea yoki holatdan xabardor, shunga qaramay, ularning "suhbati" o'quvchida (tomoshabinda) o'sha voqea yoki holat haqida tasavvur hosil qilishi zarur, bu asar mazmunining o'quvchi tomonidan anglanishi uchun zarur. Shu zarurat suhbatni tabiiylikdan chiqaradi, uning muayyan darajada shartlilik (ma'lum darajada sergaplilik) kasb etishiga olib keladi. Gap shundaki, kundalik muloqotda biz «tejash» prinsipiga amal qilamiz, sahna esa bu prinsipni inkor qiladi, natijada sahna dialoglari shartlilik, «sahnaboplik» xususiyatlarini kasb etadi. Umuman, tafsilotlarni ko'proq shu yo'sin (personajlar tilidan) berish majburiyati dramatik asar personajlari nutqining biroz "sun'iy" bo'lishiga olib keladi. Asosiy nutq shakli bo'lmish dialogik nutq bilan bir qatorda, dramatik asarda monologik nutq ham qo'llanadi. Monologik nutq shaklida ko'pincha personajlarning mushohadalari beriladiki, haqiqatda kishining ongida kechuvchi bu jarayonning sirtga chiqarilishi — ovoz chiqarib o'ylash ham shartlilikning bir ko'rinishidir. Ayni paytda, dramadagi monologik nutq qurilishida muayyan o'ziga xosliklar mavjud. Zero, bu nutq ko'proq personajning o'zi bilan o'zi yoki xayolidagi kim bilandir suhbati, bahsi, kimgadir murojaati tarzida quriladi. Ya'ni, bitta personaj tilidan aytilgani holda ham dramadagi monologik nutq qisman dialogik asosga egadir. Dramatik asarning o'qilishi va sahna talqinida bir qator o'ziga xosliklar mavjud. Dramani o'qiyotgan o'quvchining ijodiy faolligi bilan shu asar asosidagi spektaklni tomosha qilayotgan tomoshabinning ijodiy faolligi bir xil emas. O'quvchi o'qish jarayonida "rejissor" vazifasini ham zimmasiga oladi, dramani tasavvuridagi sahnada jonlantiradi; ayni paytda u "aktyor" sifatida har bir personajning rolini o'ynashi ham kerak bo'ladi. Dramada obyektiv ibtidoning ustuvorligi uning turli o'quvchilar tasavvurida turlicha "sahnalashtirilishi"ga asos bo'ladi. Sahnalashtirilgan dramatik asarda badiiy muloqot zanjiri uzayadi: tomoshabin va dramaturg orasida rejissor (aktyorlar, rassom, bastakor va h.) o'rinlashadi. Boshqacha aytsak, sahnalashtirilgan dramatik asar so'z san'ati doirasidan chiqib sintetiklik kasb etadi, sababki, endi unda teatr, rassomlik, musiqa san'atlari uyg'unlashib ketadi. Bundan ayon bo'ladiki, drama boshqa san'at turlari bilan o'zaro aloqada yashaydi va rivojlanadi. Zero, dramaning tabiati, ya'ni ijro uchun mo'ljallangani, uning shu san'at turlari bilan uzviy aloqada bo'lishini taqozo etadi. Drama eposga ta'sir qilganidek, zamonaviy dramaga epos ham sezilarli ta'sirini o'tkazgan. Dramatik tur takomili jarayonida uning epik elementlar hisobiga boyib borishi kuzatiladi. Zamonaviy dramada, xususan, eposga xos voqealar yuz beradigan joylar ko'lamining kengayishi, sujet vaqtining uzayishi kuzatiladi. Masalan, Cho'lponning "Yorqinoy" dramasi voqealari kechadigan joylarning olti bora o'zgarishi unda epik elementlarning salmoqliroq (mas.,"Nurxon"ga nisbatan) ekanidan dalolatdir. Yoki Uyg'un va Izzat Sulton hamkorligida yaratilgan "Alisher Navoiy" dramasida voqealarning yuz berish vaqti sezilarli uzaytirilgan. Faqat shunisi borki, mualliflar janr talabidan kelib chiqib, Navoiy hayotining turli davrlariga oid faktlarni uzviy davomiylikda berganlar. Natijada ulug' shoirning hayot yo'li bilan tanish bo'lmagan kishilar spektaklni tomosha qilganlarida undagi voqealar orasidagi "vaqt bo'shlig'i"ni sezmaydilar, ularni qisqa vaqt oralig'ida sodir bo'lgandek qabul qiladilar. Ko'ramizki, bu o'rinda sujet vaqtining uzaytirilishi asarni qabul qilishning ruhiy mexanizmlariga o'zgartirish kiritolmaydi, "vaqt bo'shlig'i" qahramonlar qiyofasidagi o'zgarishlar hisobigagina beriladi, ya'ni, bunda ham shartlilik kuchayadi. Ko'ramizki, drama epik unsurlar hisobiga boyishi mumkin, faqat bu unsurlarni kiritish ijro vaqti va shartlilik imkoniyatlari bilan ma'lum ma'noda cheklangandir. Dramatik turning asosiy janrlari sifatida tragediya, komediya va drama ("drama" atamasi ham adabiy tur ma'nosida, ham o'sha turning bir janri ma'nosida qo'llaniladi) ko'rsatiladi. Dramatik asarlarni janrlarga ajratishda ularning asosiy estetik belgilariga tayaniladi. Tragediyaning asosiy estetik belgisi — tragiklik, komediyaning asosiy estetik belgisi — komiklik, dramaning asosiy estetik belgisi dramatiklik sanaladi. Aytish kerakki, adabiyotshunoslikka oid ishlarda biz "asosiy estetik belgi" deb atagan narsa ko'proq pafos deb yurtiladi. Pafos deganda tasvirlanayotgan xarakterlarni milliy va umuminsoniy ahamiyatini e'tiborda tutgan holda g'oyaviy-hissiy idrok etish hamda baholash natijasi o'laroq yuzaga kelgan, asarning butun to'qimasiga singdirib yuborilgan ruh tushuniladi. Bu jihatdan qaralsa, tragediya tragik pafos bilan, komediya satirik yoki yumoristik pafos bilan, drama dramatik pafos bilan yo'g'rilgan bo'ladi. Pafos atamasini qo'llashdagi ma'no turlichaligini e'tiborga olib, biz "asosiy estetik belgi" tushunchasini qo'llashni ma'qul ko'ramiz. Download 286.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling