Adabiyotshunoslikka kirish


Download 286.83 Kb.
bet1/46
Sana04.02.2023
Hajmi286.83 Kb.
#1157825
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46
Bog'liq
ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH Dilmurod QURONOV



Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish




ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH
Dilmurod QURONOV


Toshkent “O’QITUVCHI”
QDPI


Dilmurod QURONOV

ADABIYOTSHUNOSLIKKA KIRISH




MUQADDIMA
"Adabiyotshunoslikka kirish" kursining maqsad va vazifalari. "Adabiyotshunoslikka kirish" kursining tarkiblanishi, bolimlari haqida. Kursning manbalari
Ma'lumki, umumta'lim maktablarining 5-sinfidan boshlab o'quvchilarga adabiyotshunoslikka oid ilk ma'lumotlar berib boriladi. Maktabda, so'ng o'rta maxsus kasb-hunar ta'limi tizimida adabiyot o'qitish dasturlari o'quvchilarga bosqichma-bosqich badiiy adabiyotning mohiyati, adabiy tur va janrlar, badiiy obraz va obrazlilik, she'r tizimlari, badiiy tasvir va ifoda vositalari kabi adabiy-nazariy tushunchalarni o'rgatib borishni ko'zda tutadi. Biroq mazkur ta'lim muassasalari filolog-adabiyotshunoslar tayyorlashni maqsad qilmagani uchun ham bu ma'lumotlar fragmentar tarzda — konkret badiiy asarlar tahlili jarayonida yoki biror bir adib ijodiy merosini o'rganish barobarida berib borilgan.
Siz, filologiya fakultetiga kirgan talabalar, filolog-mutaxassis bo'lib yetishishni, kelajakda biringiz o'qituvchi, biringiz adabiyotshunos, yana biringiz tilshunos sifatida faoliyat yuritishni niyat qilgansiz. Demak, endi siz til va adabiyotni chuqurlashtirilgan tarzda, ilmiy asosda o'rganishingiz zarur. Buning uchun siz adabiyotshunoslikning ham boshqa fanlar singari jiddiy fan ekanligini, uning oldida turgan muammolarni, ularni hal qilish yo'llarini yorqin tasavvur eta olishingiz kerak. Ehtimol, kimlargadir adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot shunchaki ko'ngil xushidek, anchayin yengil, o'rganilishi oson bir soha bo'lib tuyulgan bo'lishi mumkin. Biroq bu yuzaki tasavvurdir. Adabiyotshunoslik ilmi bilan tanishib borganingiz sari badiiy adabiyot, badiiy asar kabi tushunchalarning ancha murakkab hodisa ekanligini, konkret badiiy asarni tahlil qilish, uning badiiy qimmatini belgilash fanning boshqa sohalaridagi izlanishlardan oson ko'chmasligini anglab borasiz. Adabiyotshunoslikning chinakam ilm ekanligini anglash uchun esa uni bir tizim sifatida tasavvur qila bilish zarur.
"Adabiyotshunoslikka kirish" kursi davomida adabiyotshunoslik fani bilan ilk bor sistemali tarzda tanishiladi. Zero, kursning maqsadi ham maktab, litsey va kollejlarda olingan adabiy-nazariy bilimlaringizni muayyan bir tizimga keltirish va mustahkamlashdan iboratdir. "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi filologiya fakulteti birinchi bosqich talabalarining maktabda olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash asosida ularni adabiyot tarixi kursidan ma'ruzalar tinglashga, seminar mashg'ulotlarida muayyan mavzuni muhokama qilish, amaliy mahg'ulotlarda qo'yilgan vazifalarni bajarishga tayyorlashni o'z oldiga vazifa qilib qo'yadi.
Amaldagi o'quv rejasida "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi uchun ma'ruza, seminar va amaliy mashg'ulot soatlari ajratilgan. Ma'ruza mashg'ulotlarining har birida adabiyotshunoslikning konkret masalasi bo'yicha fikr almashiniladi. "Fikr almashiniladi" deyilishining boisi shuki, ma'ruza paytida faqat ma'ruzani tinglabgina o'tirish yaramaydi. Ma'ruza mashg'ulotlari davomida faol bo'lishingiz, qo'yilgan savollarga javob berishga, mavzuni muhokama qilishga, mavzu yuzasidan savol berish-u kezi kelganda bahslashishga o'zingizni chog'lashingiz kerak. Shuningdek, seminar mashg'ulotlarida talabalarning o'qituvchi rahbarligida muayyan mavzuni atroflicha chuqur muhokama qilishlari, amaliy mashg'ulotlar davomida esa olingan nazariy bilimlarni tatbiq etish ko'nikmalarini hosil qilishlari, rivojlantirishlari lozim bo'ladi. Shuni yodda tutingki, endilikda o'qituvchining vazifasi «bilim berish» emas, yo'nalish berish, «bilim olish yo'Uari»ni o'rgatishdir. Baski, berilgan yo'llanmalar asosida «bilim olish» mas'uliyati ko'proq Sizning zimmangizga tushadi. Demak, kelgusida yetuk mutaxassis bo'lish, muvaffaqiyatli ishlash uchun zarur bilimlar zahirasini to'plash yo'lida astoydil ter to'kishingizga, izlanishingizga to'g'ri keladi. Talabalik yillarini o'qish-izlanishda o'tkazib, mashg'ulotlarda faol bo'lgan taqdirdagina ko'zlagan maqsadga erishishingiz mumkin bo'ladi, umringizning guldek davrini zoyega ketkazmagan bo'lasiz.
"Adabiyotshunoslikka kirish" kursi an'anaga ko'ra uchta katta qismga bo'lib o'rganiladi. Kursning birinchi bo'limi "Badiiy adabiyot haqida ta'limot" deb nomlanib, bunda badiiy adabiyotning mohiyati, uning jamiyatdagi o'rni va vazifalari kabi masalalar xususida so'z yuritiladi. Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyat, ya'ni, bir tomondan san'at sohasi, ikkinchi tomondan ijtimoiy ong shakli ekanligi; badiiy adabiyotni san'atga doxil etuvchi obrazlilik va obraz tushunchalari ayni shu bo'limda o'rganiladi. Badiiy adabiyot spetsifikasini yaxshi tasavvur eta olgan talabagina bugungi adabiyotshunoslikda bahsli bo'lib turgan muammolar mohiyatini anglashi, yaqin kelajakda ularga nisbatan o'z mavqeini belgilay olishi mumkin bo'ladi. Badiiy adabiyotning ijtimoiy ong sohasi sifatida ijtimoiy ongning boshqa shakllari bilan aloqasi, ularning orasida tutgan o'rni, ular bilan aloqasi, o'ziga xosligi kabi masalalar ham shu bo'limda ko'rib chiqiladi. Shuningdek, badiiy adabiyotning boshqa san'at turlari bilan mushtarak va farqli tomonlari, ular bilan aloqaning adabiyot rivojidagi ahamiyati kuzatiladi. Ushbu bo'limda ko'riladigan masalalar ancha murakkab, tushunilishi qiyinroq va shuning uchun sizlar uchun zerikarli ko'rinishi ham mumkin. Biroq mashg'ulotlarda faol bo'lsangiz, aytilayotgan gaplarni mushohada qilib, o'zingizning munosabatingizni bildirib tursangiz, bu tasavvur tezda yo'qoladi. Biz yuqorida adabiyotshunoslikni sistema deb aytdik, sistema esa qismlari o'zaro uzviy bog'langan butunlikni ko'zda tutadi. Ya'ni, uning birorta bo'limi tushunilmasa, qolgan qismlarini-da tushunish qiyinlashadi. Zero, keyingi bo'limlarda ko'riladigan masalalar birinchi bo'limda ko'rilgan masalalar bilan mustahkam aloqadadir.
Ikkinchi bo'lim "Badiiy asar haqida ta'limot" deb nomlanadi. Bu bo'limda badiiy asar tuzilishi, uning shakl va mazmun tomonlari o'rganiladi. Badiiy asarni tahlil qila bilish, uning mohiyati-yu qimmatini o'quvchiga yetkazib berish uchun, avvalo, uning qanday tarkiblanganini, uni tashkil etayotgan unsurlarning o'zaro aloqalarini yorqin tasavvur etish zarurdir. Shunga ko'ra, bu bo'limda badiiy asar sujeti, kompozitsiyasi, badiiy til, inson obrazini yaratish yo'llari va vositalari kabi qator muhim masalalar ko'rib chiqiladi. Ushbu bo'limda o'rganiluvchi masalalar sizni badiiy asarni g'oyaviy-badiiy jihatdan tahlil qilishga tayyorlaydi, buning uchun zarur nazariy bilimlar bilan qurollantiradi.
Nihoyat, kursning uchinchi bo'limida adabiy jarayon, badiiy adabiyotning rivojlanish qonuniyatlari, adabiy tur va janrlar, uslub va metod tushunchalari, badiiy adabiyotdagi turli oqim va yo'nalishlar haqida dastlabki ma'lumotlar bilan tanishtiriladi.
Kursning manbalari . "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi bo'yicha bir qator darslik va qo'llanmalar mavjud (T.Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish kursi bo'yicha o'quv metodik qo'llanma.- T.: O'qituvchi, 1979; N.Shukurov va boshq. Adabiyotshunoslikka kirish.-T.: O'qituvchi,1984) bo'lsa-da, ular sezilarli darajada eskirdi. Aytish kerakki, bu darsliklarning badiiy adabiyot spetsifikasiga bag'ishlangan boblarida (ularda adabiyotning sinfiyligi, partiyaviyligi, metod va sh.k. masalalar xususida so'z boradi) masala sho'ro mafkurasi nuqtayi nazaridan qo'yilgan va o'rgatilgan bo'lib, ular hozirda mutlaqo eskirgan. Darsliklarning boshqa masalalarga (masalan, badiiy asar haqida ta'limot bo'limi) bag'ishlangan boblaridan esa tanqidiy yondoshgan holda foydalanish mumkin va zarurdir. Mazkur holatdan kelib chiqqan holda keyingi yillar ichida bir qator darslik va qo'llanmalar (E.Xudoyberdiyev. Adabiyotshunoslikka kirish.-T.: O'qituvchi, 1995; T.Boboyev. Adabiyotshunoslik asoslari.- T.:O'zbekiston, 2002; H.Umurov. Adabiyot nazariyasi.-T.:Sharq, 2002) nashr etildiki, ular talabalarning adabiyotshunoslik asoslarini egallashlarida muhim manba bo'lib xizmat qiladi.
Ko'rsatilgan darsliklardan tashqari adabiyotshunoslikka oid maxsus lug'atlardan ham foydalanish tavsiya etiladi. Lug'atlar bilan ishlash talabaning ma'lum masala yuzasidan qisqacha ma'lumot olishida, ayrim adabiy-nazariy termin(istiloh)lar ma'nosini tushunishida juda katta yordam beradi. Aytish kerakki, mavjud lug'atlar (H.Homidiy va b. Adabiyotshunoslik terminlari lug'ati.- T.:
O'qituvchi, 1967; N.Xotamov, B.Sarimsoqov. Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-o'zbekcha izohli lug'ati.- T.: O'qituvchi, 1979) ham qisman eskirganini e'tiborda tutish, ulardan ham tanqidiy yondashgan holda foydalanish joiz.
Adabiyotshunoslik ilmidagi, bugungi adabiy jarayondagi yangiliklar bilan, yaratilayotgan yangi badiiy asarlar bilan muntazam tanishib borish to'laqonli adabiyotshunos, mutaxassis bo'lib yetishishning muhim shartlaridandir. Bu narsa darslik va qo'llanmalar kamligi sezilayotgan bugungi kunda yanada katta ahamiyat kasb etadi. Filolog talaba vaqtli nashrlardagi adabiyotshunoslikka oid chiqishlar, adabiy-tanqidiy maqolalar bilan tanishib borsagina bugungi adabiy jarayondan boxabar bo'lishi mumkin bo'ladi. Ikkinchi tomondan, e'lon qilinayotgan she'riy, nasriy yoxud dramatik asarlarni olgan nazariy bilimlaringiz asosida tahlil qilishga harakat qilsangiz, bilimlaringiz mustahkamlanadi. Boz ustiga, o'zingizni tanqid yoki adabiyotshunoslik bobida sinashga urinib ko'rishingiz, adabiy-tanqidiy bahslarda ishtirok etishingiz mumkinki, bu ham yetuk mutaxassis bo'lish tomon tashlangan yana bir qadam bo'ladi. Bu o'rinda talabaning o'zini kichik olmasligi, jur'at qilishi muhim. Zero, sizning, yangicha sharoitda yetishgan yoshlarning fikri adabiyotshunoslik ilmiga yangi nafas olib kirishi mumkinki, bu yangilanayotgan adabiyotshunoslik ilmimiz uchun ham ahamiyatlidir. Unutmaslik kerakki, vaqtli nashrlar bilan tanishmaslik uchun turli bahonalar topishga urinish, mashg'ulotlarning ko'pligi-yu iqtisodiy qiyinchiliklarni ro'kach qilish o'zni aldashdan boshqa narsa emas. Zero, izlagan imkon topadi. Boz ustiga, universitetlarning kutubxonalarida o'tirib ishlash uchun sharoit ham yetarli, ularning fondlarida esa bo'lg'uvsi adabiyotshunos uchun zarur bo'lgan barcha vaqtli nashrlar topiladi. Bunday nashrlar sifatida esa O'zbekistonda chop etiladigan quyidagi jurnal va gazetalarni ko'rsatish mumkin:

  1. "O'zbek tili va adabiyoti" jurnali. Bu jurnal Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan chop etilib, unda o'zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligiga oid eng yangi ma'lumotlar, fanimizning dolzarb masalalariga bag'ishlangan maqola va ilmiy axborotlar berib boriladi.

  2. "Sharq yulduzi" jurnali. Yozuvchilar uyushmasining bu jurnalida yangi yozilgan adabiy asarlar, adabiy-tanqidiy maqolalar muntazam chop etiladi.

  3. "Jahon adabiyoti" jurnali orqali jahon adabiyoti va adabiyotshunosligining sara asarlari bilan tanishib, bilim doirangizni kengaytirib borishingiz mumkin bo'ladi.

  4. "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" va "Yozuvchi" xaftalik gazetalari sahifalarida e'lon qilingan materiallar orqali mamlakatimizdagi adabiy-madaniy hayot yangiliklaridan boxabar bo'lish, bugungi adabiy jarayon tahliliga bag'ishlangan adabiy-tanqidiy maqolalar yoki turli mavzulardagi bahslar bilan tanishish, yangi yozilgan adabiy-badiiy asarlarni kuzatib borish imkoniga ega bo'lasiz.

Shuni ham ta'kidlash joizki, adabiyotshunoslikdan chuqur bilim olish uchun rus va boshqa tillardagi adabiyotlardan foydalanish ham juda muhim. Sizlar maktabda rus tilidan, keyingi paytda ommalashib borayotgan ingliz tilidan yetarli bilim olgansizlar. Endi o'sha bilimlaringizni amalda qo'llashingiz, lug'at yordamida bo'lsa ham boshqa tillardagi adabiyotlardan foydalanishingiz bilim doirangizni kengaytiradi, yetuk mutaxassis bo'lib yetishuvingizga asos bo'lib xizmat qiladi. Zero, boshqa tillardagi adabiyotlar orqali xorijdagi adabiyotshunoslik haqida tasavvur hosil qilish, ularning yutuqlarini ilmimizga tatbiq etib boyitish imkoniga ega bo'lasiz. Hozircha kutubxonalarda asosan rus tilidagi adabiyotshunoslikka oid kitoblar bo'lsa-da, mamlakatimizning dunyoga yuz ochayotgani sabab endilikda boshqa tillardagi adabiyotlar ham asta-sekin ko'paymoqda. Mahalliy miqyosdagi cheklangan mutaxassis bo'lib qolmaslik uchun bu adabiyotlardan ham unumli foydalanishingiz zarurdir. Jumladan, "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi bo'yicha rus tilidagi quyidagi darslik, qo'llanma va lug'atlarni tavsiya etish mumkin:

  1. Ввeдeниe в литeратуровeдeниe/под.рeд. r.H.nocneAOBa.-M., 1987

  2. Квятковский А.К. Поэтичeский словарь.- М.,1964

  3. Борeв Ю.Б. Эстeтикa.- М.,1988

  4. Хализев В. Теория литературы.- М.,2000

3. Литературный энциклопедический словарь.- М.,1987
Shuningdek, kutubxonalarga rus tilida chop etiladigan bir qator adabiy-badiiy ("Новый мир", "Дружба народов", "Иностранная литература", "Нева", "Октябрь») va ilmiy ("Вопросы литературы", "Вопросы филологии") jurnallar muntazam olinadi. Bu jurnallar mutolaasi orqali siz rus va boshqa xalqlar adabiyotlarida, adabiyotshunoslik ilmida yuz berayotgan yangiliklar haqida yetarli tasavvur olishingiz mumkin bo'ladi. Boz ustiga, bugungi kun talabalarida internet tarmog'i orqali adabiyotshunoslikdagi eng so'nggi yangiliklar bilan muntazam tanishib borish imkoniyati ham kengayib borayotirki, bu imkoniyatdan samarali foydalanish yetuk mutaxassis bo'lib yetishishning garovidir. Deylik, Siz yuqorida nomlari keltirilgan rus tilidagi adabiy jurnallar bilan tanishmoqchisiz. Marhamat, www.magazine.rus.ru saytiga kiring-da, kerakli jurnalni ochib o'qing, zarur bo'lsa o'zingizni qiziqtirgan materiallardan nusxa ko'chirib oling. Yoki rus tilidan yaxshi malakaga ega bo'lsangiz, www.rambler.ru qidiruv tizimiga kirib, kalit so'zlar (mas., «литературоведение», «введение в литературоведение», «учебники по литературоведению» va h.) kiritish orqali istalgancha manba topishingiz mumkin. Internetning qulayligi shundaki, qidiruvga o'zingizni qiziqtirgan masala bo'yicha kalit so'z (mas.: «сюжет», «модернизм», «поэтика», «поэтический синтаксис» va h.) kiritib, unga oid adabiyotlar topishingiz, u yoki bu yozuvchi, shoir yo adabiyotshunos ijodi bo'yicha ham yetarli ma'lumot to'plashingiz mumkin bo'ladi. Hozirda internet tarmog'i o'zbek tilidagi materiallar bilan kundan-kunga boyib bormoqda. Jumladan, Ziyo Net internet tarmog'ining rivojlanib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Internetdan foydalanuvchilar o'zbek tilidagi materiallarni qidirish, ulardan foydalanish uchun, asosan, www.google.co.uz. www.rambler.ru kabi xalqaro universal qidiruv tizimlaridan foydalanib kelmoqdalar. Tanlangan mavzuni qidirish jarayonida ushbu saytlar ilmiy va noilmiy millionlab saytlarni soniyalar ichida g'alvirdan o'tkazadi va sizga zarur bo'lgan materiallarni taqdim etadi. Shuningdek, www.scirus.com qidiruv tizimi ham qulay serverlardan sanaladi. Bu sayt yuqoridagilardan farqli o'laroq, faqat ilmiy saytlarnigina g'alvirdan o'tkazadi. Siz uchun qiziqarli va boy materiallar taqdim eta oladigan saytlardan yana biri www.wikipedia.org ensiklopedik sayti hisoblanadi. Biz yuqorida veb manzillarini zikr qilgan barcha saytlar dunyoning yuzlab tillari, jumladan, o'zbek tilidagi minglab ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar bilan tanishtirishi mumkin.

Download 286.83 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling