Onlayn savdoni tashkil qilish narxi
Masalan, siz nashriyot tashkil qilib, jurnal yoki gazeta sotmoqchisiz. Buning uchun “O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi”da ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak bo‘ladi va bunda eng kam ish haqining 25 barobaridagi (3.744.375,0 so‘m) to‘lovni amalga oshirasiz.
Shu nashriyotni onlaynda tashkil qilsangiz, eng kam ish haqining 25 foizi (37.443,75 so‘m) miqdorida to‘lov qilasiz. Bundan tashqari bosma ishlari uchun qurilmalarga sarflanadigan xarajatlarni ham tejab qolasiz.
Xuddi shu kabi, onlayn loyihalar qilish uchun O‘zbekistonda katta imkoniyat va chegirmalar mavjud.
Savdo qilish uchun internet platformalari va narxi
Avval ta'kidlanganidek, eng ommabop va odatiy onlayn savdo usuli — bu sayt ochish. Bunday saytlar o‘rtacha 2-3 million so‘mga tayyorlab beriladi. Hatto 500 ming so‘mga ham onlayn do‘kon qilib beradigan dasturchilarni topish mumkin. Saytdan tashqari, hozirda, rivojlanib ulgurgan ijtimoiy tarmoqlar orqali ham savdoni amalga oshirish mumkin.
Bugungi kunda, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochib, onlayn savdo bilan shug‘ullanayotgan va yaxshi daromad qilayotganlarni uchratish mumkin. Ammo yirik kompaniyalarning internet orqali savdoni amalga oshirishida ijtimoiy tarmoqlar qo‘shimcha bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi paytlarda ommalashayotgan onlayn savdo platformasi esa messenjerlar. Ularda botlar qilinmoqda.
Bot — internetdagi robot. U sizning o‘rningizda savdoni amalga oshirishi, mahsulotlarni taklif qilishi mumkin. Biroq dam olmay, ovqatlanmay, maosh so‘ramay ishlaydi. Shunchaki uni tekshirib turish lozim.
Masalan, Telegram messenjerida botlar yordamida savdo qilish ancha ommalashmoqda. Shu bilan birga, dunyodagi eng ommabop Facebook ijtimoiy tarmog‘ining messenjerida ham botlar ishga tushirilgan.
So‘nggi paytlarda samarali onlayn savdoni amalga oshirayotganlar:
Uzum.uz
home24.uz
texnomart.uz
asaxiy.uz
hm.uz
kansler.uz
@gotaxibot (Telegram)
@bringobot (Telegram)
Bu ro‘yxatni hali davom ettirish mumkin. Ammo ularning hammasi ham eng yuqori bosqichda, ya'ni juda zo‘r faoliyat olib borayapti, deb bo‘lmaydi. Biroq ularning daromadi hozircha yaxshi. Vaqt o‘tib, internetdan foydalanish yuqorilagani sari ularning ham daromadi o‘sishini oson taxmin qilish mumkin.
Jo‘jani kuzda sanaymiz.
Kelajakda ishi yaxshi bo‘lishini xohlaganlar bugundanoq harakatni boshlashgan. Bu esa maqtovga loyiq.
Do'stlaringiz bilan baham: |