Alisher navoiy nomidagi samarqand davlat universiteti «adabiyotshunoslik nazariyasi»
Tema (gr. thema-asosiga qo’yilgan narsa) yoki mavzu
Download 0.93 Mb.
|
Alisher navoiy nomidagi samarqand davlat universiteti «adabiyots
- Bu sahifa navigatsiya:
- adabiyotning ikkinchi unsuri (elementi)
- Adabiy mavzular
- Tarixiy mavzular
- Zamonaviy mavzular
- Bu badiiy asar “hujayralari”dan sizib chiquvchi qon, qon tufayli faoliyat ko’rsatayotgan jon, jon tufayli tirik bo’lgan ruh - badiiy g’oyadir
Tema (gr. thema-asosiga qo’yilgan narsa) yoki mavzu (arabcha, aynan tema ma’nosini beradi; biz ikkalasidan ham foydalanamiz)-ijodkor tomonidan tanlab olingan va hayotning muayyan muammolarini umumiylashtirgan voqealar tasviri, ana shu akslangan hayot (voqea)ko’rinishlarining mag’zini chaqish(fikriy tadqiqot va tahlil) va uni g’oyaviy-emosional tarzda baholashdir. Ya’ni, ijodkor bir vaqtning o’zida uchta vazifani, bir-biriga bog’langan va chatishgan tarzdagi yaxlit maqsadni ko’zlab ish ko’radi:
Xalq va davrning milliy ko’rinishlari doimo aniq, tarixan konkretdir va har bir asarda ana shu ko’rinishlar ichidan tanlab olingan voqealar doirasi tasvirlanadi, bu-tematikadir. Jumladan, “O’tgan kunlar”da XIX asrning ikkinchi yarmidagi Turkistondagi hayot aks etgan bo’lsa, “Uch ildiz” (P.Kodirov)da O’zbekistondagi XX asrning 60- yillaridagi talabalar hayoti bilan bog’liq voqealar tasvirlangan. 2. Badiiy asarda aks etgan ijtimoiy xarakterlarni yozuvchi tomonidan (g’oyaviy-badiiy) anglash (mag’zini chaqish), bu - problematika (gr. problema-oldinga tashlangan narsa, hayotning boshqa tomonlaridan ajratib olingan)dir. Jumladan, “Sudxo’rning o’limi”da Sadriddin Ayniy-sudxo’rlik va xasislikka ajratib tasvirlasa, “Qutlug’ qon”da o’zbekning o’z-o’zini anglashi va erk, ozodlik uchun kurashini Oybek bo’rttirib tasvirlaydi. Ajratib, bo’rttirib tasvirlangan qirralarda asarning g’oyaviy muammosi mujassamlashadi. 3. Tasvirlangan ijtimoiy xarakterga yozuvchining g’oyaviy-emosional munosabati (muayyan xarakterni sevishi, ardoqlashi, e’zozlashi yoki ma’lum xarakterni qoralashi, rad etishi, undan g’azablanishi; aniq bir xarakterni bir vaqtni o’zida ba’zida ma’qullashi, ba’zida ayblashi va h.) Jumladan, “O’tgan kunlar”da Abdulla Qodiriy Kumushni sevib tasvirlasa, Jannat kampirni qoralab tasvirlaydi. Zaynabni dam oqlasa, dam yomonlaydi. G’oyaviy mazmunning bu atributlari birlashadi va ayni paytda, asar qismlarini butunlikka olib keladi. Chunki badiiy asrning g’oyasi-mazmuning turli tomonlarining yaxlitlashuvidan yuzaga keladi-bu yozuvchining obrazli, emosional, umumlashtirilgan fikridirki, ko’rganingizdek, u xarakterlarni tanlashdan, anglashdan, baholashdan kelib chiqadi. Rusning buyuk yozuvchisi Maksim Gorkiy temaning ana shu ahamiyatidan kelib chiqib, uni adabiyotning ikkinchi unsuri (elementi) deb ataydi va uni shunday ta’riflaydi: “Tema avtor tajribasida bunyodga kelgan, hayotning o’zi ko’rsatib bergan, ammo hozircha avtor tasavvurida hali to’la-to’kis shakllanmagan bir holda saqlanib, obrazlarda gavdalantirishni talab qilib, avtorda ishlashga mayl uyg’otadigan g’oyadir”. Ushbu ta’rifdan ham ma’lum bo’layaptiki, tema va g’oya – birbutun, yuqorida ko’rganimiz mazmun va shakl kabi (tema g’oyaning ichida, g’oya mazmunning ichida yashaydi) yaxlit hodisadir. Adabiyotshunoslikdagi fikrlarni umumlashtirsak, badiiy asar temalarini uchga ajratish mumkin: 1. Adabiy mavzular. Insoniyatga xos bo’lgan barcha fazilatu qusurlar(sevgi-muhabbat, mehr-oqibat, vafo-sadoqat, shodlik va quvonch, g’am va qayg’u, qasos, rashk, o’lim, saxiylik va baxillik, baxtu baxtiyorlik, matonat va shijoat, mehrli tabassumu yolqin nigoh, ehtiros, sog’inch, chanqoqlik va jo’shqinlik va h.) adabiy mavzulardir. Shu sababdan Oskar Uayld “Dorion Greyning portreti”(“Jahon adabiyot”, yanvar, 2000)asarida topib aytadi: “Fikr va so’z san’atkor uchun san’at vositasidir. Illat va fazilat – uning ijodi uchun materialdir”. Bu xulosa hamma davr adabiyotlari uchun tegishlidir. 2. Tarixiy mavzular. Tarixda, o’tmish (moziy)dan tasvir predmetiga material tanlash va shu asosda zamondoshlarning diqqatini qiziqtirgan eng zarur muammolarga javob izlash – bosh xususiyat kasb etadi. Jumladan, “Navoiy”(Oybek), “Yulduzli tunlar. Bobur”(P.Qodirov), “Ulug’bek xazinasi”(O.Yoqubov) – uzoq tariximizni yoritsa, “O’tgan kunlar”(A.Qodiriy), “Kecha va kunduz”(Cho’lpon), “Qutlug’ qon”(Oybek) – yaqin o’tmishimizni gavdalantiradi. 3. Zamonaviy mavzular. Bugungi zamondan, aniq bosqich – istiqlol davri kishilarining hayotini tasvirlash va shu orqali hayotdan dars berish – zamonaviy mavzularga xos bosh xususiyatdir. Bugun Istiqlol talabiga monand komil kishilarni – fikrlovchi, tadbirkor, el-yurt uchun kuyub, yonib yashovchi, adolat va haq uchun kurashuvchi qahramonlarni tasvirlash, ularning murakkab obrazlarini yaratish – zamonaviy mavzularning kashfiyotlari bilan bog’liq. Mavzular qanday atalishidan qat’iy nazar hammasining asosida zamondoshlarning ko’nglini band etgan muhim masalalarga javob izlash va javobda insoniylashgan umumbashariy dolzarb g’oyalar targ’ib qilinishi talab etiladi. Adabiy asar hayotni keng va chuqur, barcha tomonlari bilan tasvirlar ekan, unda asosiy tema va yordamchi temalar bo’lishini taqoza etadi. Jumladan, “O’tgan kunlar” romanining asosiy temasi XIX asrning ikkinchi yarmidagi hayot ko’rinishlarini tasvirlash bo’lsa, aynan ana shu mavzuning turli qirralarini ochuvchi yordamchi temalar ham ko’p: Otabek va homid o’rtasidagi (yangilik va eskilikning)kurashi, Kumush va Zaynab orasidagi kundoshlik, ota-ona va o’g’il orzulari orasidagi qarama-qarshilik, qipchoqlar va qora- chopon(o’zbek)lar o’rtasidagi qirg’in va h. Bularning hammasi bosh temaning mohiyatini isbotlashga, bo’rttirishga, ta’sirchanligini ta’minlashga, birgina so’z bilan aytganda, bosh temani yoritishga bevosita va bilvosita xizmat qiladilar. Badiiy asar muyyan bir mavzuni tasvirlar ekan, bevosita shu mavzuning haqiqatini kashf qilish bilan ko’pning diqqatini e’tibordan chetda qolayotgan muammoga qaratadi (Masalan, “O’tgan kunlar”da birinchi bor kundoshlikning fojiasi yaqqol va bo’rttirib gavdalantirilgach, kundoshlikni qoralovchilar va “oladigan xotiningiz sizga muvofiq bo’lishi barobarida er ham xotung’a muvofiquttab’ (tabga mos, munosib) bo’lsin” talabini yoqlovchilar keskin ko’payib ketgan). Demak, yozuvchi doimo aniq maqsadni ko’zlab, “odilona hayotning yoqlovchisi, sudyasi bo’lib ish ko’radi. Yozuvchining maqsadi, orzusi, haqiqati, adolati... hammavaqt asar qahramonlariga taqsimlanadi, ular qalbiga joylashtiriladi. Va qahramonlarning o’zaro munosabatlaridan, harakatlaridan, qalb tug’yonlari tasviridan jonlanadi, jilolanadi, yaxlitlashadi va birbutun go’zalligi (mukammalligi) bilan kitobxonni harakatga soladi. Bu badiiy asar “hujayralari”dan sizib chiquvchi qon, qon tufayli faoliyat ko’rsatayotgan jon, jon tufayli tirik bo’lgan ruh - badiiy g’oyadir. Demak, g’oya ijodkorning qalamga olinayotgan voqyelikka munosabatidir. Mavzu esa aks ettirilayotgan voqea-hodisalarning umumlashmasi, yig’indisi, ya’ni badiiy asar uchun tayanch bo’lgan asosiy fikr va maqsad ob’ektidir. Yana bir mulohaza. “Gap roman yoki qissa mavzuining nechog’li muhimligi yoki dolzarbligida emas, balki shu muhim va dolzarb mavzuni yoritishda yozuvchining badiiy salohiyati, mahoratida ekan-da?..” degan ritorik tushuncha ko’p gapiriladi. Lekin shu salohiyat, mahorat qanday qilib voqye bo’lishi yechilmaydi. Aslida, chiroqning shishasini – mavzu desak, shu mavzuni kerakli narsaga aylantirayotgan, uning ardog’ida yonayotgan pilikka – uning yorug’lik nuriga, shu nurning toza yolqiniga bog’liq. Pilik notekis bo’lsa, zaruriy ishlov berilmagan bo’lsa – uning yonishidan shisha darrov qorayadi, natijada yorug’lik nurining ta’sir doirasi kamayadi, yorug’lik darajasi xiralashadi. Xuddi shunday, mavzu g’oyani asraganidek, uning yonishiga imkon tug’dirganidek, g’oya mavzuni yorqin qilib (xiralashtirmasdan) yoritishi lozim. Ana shundagina, ya’ni ular bir-biriga jon berib va jon olib, birlashib, yaxlit bir mazmunni ifoda qilganlaridagina – poetik ahamiyat kasb etadilar; jonlanadilar, muhitni va odamlarni kerakli nur bilan yoritadilar. Ana shu holatni bunyod etish – salohiyatdir, badiiy mahoratdir.
Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling