Alishеr navoiyning asarlarida ijtimoiy-falsafiy gʻoyalar
Download 19.22 Kb.
|
Falsafa
Odamiy ersang, demagil odami
Onikim, yoʻq halq gʻamidin gʻami [1: 256]. Alisher Navoiy nafsoniyatiga berilib ketgan insonlarni tanqid ostiga oladi. Bunday dardga chalingan insonlarni birovning tushgan kulfatga parvo qilmaydi, birovga yaxshilikni ravo koʻrmaydi, har doim yolgʻiz oʻzi haqida qaygʻuradi. Bunday odamlar “barchaga oʻzgadan oʻzi azizroq va oʻzgalar soʻzidan oʻz soʻzi azizroq” deb taqiqlaydi[1:149]. Navoiy odamlarni yomon xislatlardan holi koʻrishni xohlaydi. “Mahbub ul-qulub” asarida Alisher Navoiy odam va odamiylik haqida, chin insoniy fazilatlar toʻgʻrisida asrlar mobaynida xalq tajribasi va bilimi haqida yigʻilgan fikrlarni bayon etadi. Ushbu asarda shoir oʻzining ijtimoiy gʻoyalarini ilgari suradi, chuqurlashtiradi, yangi dalillar bilan isbotlaydi. Navoiy inson maʼnaviy dunyosini boyitish uchun, eng avvalo, oʻzini anglashi zarur deb hisoblaydi. Ushbu yoʻlda quyidagi amallarga boʻysinishi lozim: birinchidan, nafsiy quvvatlarni maʼnaviy quvvatlarga boʻysindirishi; ikkinchidan, ilm olishi va hunar egallashi; uchinchidan, ilm, hunar, mol-dunyosini ezgulikka yoʻnaltirishi; toʻrtinchidan, koʻnglini insondagi goʻzallik bilan boy ettirishi. Navoiy oʻz davrining mashhur davlat arbobi boʻlishi bilan bir vaqtda u buyuk mutafakkir ham edi. Shoir siyosat, davlat qonunlariga oid maxsus asarlar yozib, Turonda siyosiy-huquqiy taʼlimotlarning rivojlanishini yangi pogʻonaga koʻtargan shaxsdir. Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” (“Arab boʻlmagan shohlar tarixi”) asari oʻz davri nuqtai nazaridan ilmiy dalillarga asoslangan risola hisoblanadi. Asarda Eron va Turon mulkida hukmronlik qilgan toʻrt sulola: peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar tarixi batafsil hikoya qilinadi. Anʼanaga muvofiq tarix Odam Ato (a.s.) davriga bogʻliq ravishda talqin qilinadi. Alisher Navoiy mazkur asarda “Nizomu-t-tavorix”, “Jomeu-t-tavorixi Jaloliy”, “Nasihatu-l-muluk”, “Jovidon xirad”, “Odobu-l-arab va a-l-furus”, “Guzida”, “Muntahab”, “Devonu-n-nasab” kabi manbalardan foydalanadi va Banokatiy, imom Muhammad Gʻazzoliy, Tabariy, Ali Miskavayh, Qozi Barzoviy kabi tarixchi olimlarning nomlarini keltirib, maʼlumotlarni ularning asarlaridan olganini aytib oʻtadi. Shoirlardan Abulqosim Firdavsiy va uning “Shohnoma”siga koʻproq murojaat qiladi. Iskandar haqidagi qissada esa xamsanavislar Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviylarning qarashlarini keltirib oʻtadi. Alisher Navoiy masalaga nuktadon muarrix – tarixchi olim sifatida yondashar ekan, har bir maʼlumotning aniq va asosli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratadi. Alisher Navoiy peshdodiylar sulolasiga mansub 11, kayoniylar sulolasidan 9, ashkoniy sulolasidan 15, sosoniylar sulolasidan 28, jami toʻrt suloladan 63 hukmdorning nomlari, ularning tarjimai holi, hayoti va yuritgan siyosatiga doir maʼlumotlarni taqdim etadi. Kayumars birinchi shoh ekanligi, Hushang, Bahrom, Afrosiyob, Jamshid kabi shohlarning, Rustamdek harbiy sarkardalarning faoliyatlariga yuksak baho beradi. Alisher Navoiy mazkur asarida tarixga oid juda qiziqarli va ahamiyatli koʻplab maʼlumotlarni beradi. Balx, Bobil, Nishopur, Marv, Samarqand va yana oʻnlab shaharlarni bunyod qilgan shohlar, Navroʻz bayramining kelib chiqishi, roʻzaning paydo boʻlishi, butparastlikning sabablari bilan bogʻliq voqealar shular jumlasidandir. Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asari orqali tarix bilimdoni qiyofasida namoyon boʻladi. Asardagi yuzlab geografik nomlar, yuzlab shaxslarning ismi-sharifi hamda yuzlab voqealar muallifning kuchli xotirasidan ham darak beradi. Navoiyining dunyoqarashida kelajakda ideal davlat orzusi katta oʻrin olgan edi. Gap uning butun bir xayoliy davlati — “Saddi Iskandariy” dostonidagi Iskandar davlati haqida bormoqda. Mutafakkir siyosiy qarashlarida mavjud feodal davlatlarni tanqid qilib taraqqiyparvar ahamiyatga ega ishlarni amalga oshirish bilan cheklanmasdan yanada ilgarilab, Iskandar davlatidek ideal davlatni oʻz dostonida yaratdi. Unda shoir boʻlajak ideal davlatni siyosat, davlat, davlatni idora qilish shakli, davlatni boshqarishda fan va texnikaning ahamiyati, xalqaro huquqqa oid masalalar, urush va tinchlik kabi murakkab siyosiy vaziyatlarni taʼriflaydi. Ana shu qoʻyilgan masalalar boʻyicha oʻzining aniq pozitsiyasini belgilaydi. Eng muhimi, Alisher Navoiy jamiyatni davlatsiz, qonunsiz, shohsiz tasavvur qilolmaydi. U jamiyatda intizom qonun-qoida boʻlishini eʼtirof etadi. Navoiy katta siyosiy kurash yoʻlini bosib oʻtib, boy tajribaga ega boʻlganidan keyin uning ijtimoiy-siyosiy qarashlarida yanada ilgarilash yuz beradi. Mutafakkir feodal davlati va huquqining tor doiralarida cheklanib qolmasdan, oʻzining vatanida markazlashgan adolatli davlatni barpo etish gʻoyasida qolib ketmasdan, yanada ilgarilab, butun dunyoda yagona markazlashgan adolatli davlat boʻlishi, uning tepasida esa adolatli shoh turishi kerak, degan gʻoyagaga yetib boradi. Alisher Navoiyning merosi koʻp olimlar tadqiqotlarining katta va muhim obyekti boʻlib qoldi. Alisher Navoiyning olijanob gʻoyalari va ilhombaxsh asarlari tinchlik va insoniyat taraqqiyotida hamkorlikni mustahkamlashga yordam bermoqda. Navoiyning ijtimoiy-falsafiy gʻoyalari bugungi kun bilan hamohangligi hozirgi globallashuv zamonida maʼnaviy merosi madaniy transformatsiya jarayonini takomillashtirish, umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish uchun kuchli gumanistik ahamiyatga ega. Download 19.22 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling