Alisher Navoiyning hayoti va ijodi. Reja
Download 474.89 Kb.
|
Marosim folklori-fayllar.org
Adabiy merosi. Nisoriy uning turkcha va forscha devon tartib qilganini xabar beradi. Biroq bu devonlar bizgacha yetib kelgan emas. Taqdiri noma'lum. Nisoriy keltirgan turkiy va forsiy baytlar, haqiqatan ham Xojaning iste'dodli shoirlardan bo'lganini ko'rsatadi. Xususan, bir g'azalini Zahiriddin Boburga yuborganini va she'r unga ma'qul bo'lib, maqtaganini qayd etib o'tadi. Mana o'sha she'r:
Kunduz avqotim1 sening hajringda nolon kechadur, Kecha ham zulfung kabi holim parishon kechadur. Anbarin zulfung xayolidin ko'zumga, ey pari, Yil-u, oy-u soat-u kun bori yakson kechadur. Ulki, jondin kechadur, sham'i visolingni ko'rub, Vah na xush vaqtu na xush soat na oson kechadur. Ravshan o'lg'ay davlati vaslida hijron oqshomi, Gar gunohimdin bilib, ul mohi tobon kechadur. Xoja yanglig' nola qil, zulfi g'amidin kechalar, Kim mahalli nolavu faryodu afg'on kechadur. 1 Avqot — vaqtlar. Darhaqiqat, she'r yuksak san'atkorlik bilan yozilgan. Shoir so'zlarning ma'no va ohang tovlanishlaridan juda ustalik bilan foydalangan. Masalan, g'azalda radif bo'lib kelayotgan „kechadur" ko'p o'rinlarda ikki ma'noda kelyapti. Uchinchi-to'rtinchi baytlarda bular yoniga „voz kechmoq", „gunohini kechmoq" ma'nolari ham qo'shilyapti. Bir so'z bilan aytganda, butun she'rni birgina so'z — „kechadur" har maqomga solib o'ynatmoqda. Bu juda nozik, yuksak mahorat talab qiladigan ishdir, Dastlabki baytlariga ko'z tashlaylik. She'rning har bir misrasi bir necha xil ma'no ifodalaydi. Jumladan, birinchi bayt birinchi misrasining birinchi ma'nosi: kunduzi vaqtim sening hajringda nola bilan o'ta (kecha)di. Ikkinchi ma'nosi: kunduz kunim sening hajring tufayli qora tun (kecha)dir. Shu baytning ikkinchi misrasining birinchi ma'nosi: holim kechasi ham yoyilgan sochlaringdek parishondir; ikkinchi ma'nosi: tun ham sochlaring singari hamma yoqni qoplab olgandir. Ikkinchi baytning birinchi ma'nosi: ey pari, anbar hidli qop-qora sochlaring xayolida yil, oy, soat, kunning hammasi ko'zimga bir xil (yakson), ya'ni qop-qora ko'rinadi. Ikkinchi ma'nosi: ey pari, anbar hidli qop-qora sochlaring xayolida yil, oy, soat, kunning hammasi ko'zimga bir xil (yakson), ya'ni qop-qora kechadir. Shu baytning uchinchi ma'nosi: „yakson" (bir xil) so'ziga „yil, oy, kun, soat birdek o’tadi", degan ma'no ham berish mumkin. Shunda birinchi aniqlovchi so'z „yil" bo'lganligi uchun hammasi birdek, ya'ni yildek o'tadi degan mazmun kelib chiqadi. Shu tariqa, g'azalning har bir baytidan qavat-qavat ma'nolarni uqish mumkin. Xojaning „Maqsad ul-atvor" nomli bir dostoni ham yetib kelgan. Doston 1514 — 1520- yillarda Jonibek sulton nomiga bitilgan bo'lib, Nizomiy Ganjaviy „Xamsa"sining birinchi dostoni „Maxzan ul-asror"ga nazira shaklida (ergashib) yozilgan. Xoja adabiyot tari-xida ko'proq hikoyalar muallifi sifatida qoldi. Uning bizgacha ikki hikoyalar to'plami — Temur Sultonga bag'ishlangan „Miftoh ul-adl" („Adolat kaliti"), Kistan Qaro Odilga bag'ishlangan „Gulzor" yetib kelgan. „Miftoh ul-adl" 1508-1510- yillarda, „Gulzor" 1538- yilda yozilgan. Har ikkisining birgalikda muqovalangan bir necha nusxasi saqlanib qolgan bo'lib, ular O'zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti Qo'lyozmalar fondida saqlanadi. 1962- yilda ulardan ayrim namunalar chop etilgan. „Miftoh ul-adl" katta-kichik mansabdorlarga, shariat ahli uchun o'ziga xos yo'riqnomadir. Kitob o'n besh bobdan iborat. Har bir bobda ma'lum bir ijtimoiy tabaqa yoxud masala tilga olinib, atroflicha tavsiflanadi, din-iymon nuqtai nazaridan ko'rib chiqiladi va ularga mos hikoyalar beriladi. Masalan, unda olimlar (1), sultonlar (2), zolim sultonlar (3), hukm qilmoq (6), da'vo qilmoq (7), ont ichmoq (8), o'g'rilik (9), zino (10), ov qilish (15) kabilar haqida maxsus boblar keltirilgan va har biriga hikoya ilova qilingan. Adib ko'targan masalalar hamda asarning tili haqida ma'lum tasavvur hosil qilish uchun „Miftoh ul-adl" kitobidagi hikoyalardan birini tola keltiramiz: Hikoyat Kunlardan bir kim bir podshoh bor edi. Bisyor odil erdi. Bir kun vazirina aydi: — Haj tavof qilmoqg'a borurman, san borurmusan? Vazir aydi: — Ey podshohim, taxtni bo'sh qo'yub, Ka'bag'a borsangiz, el-xaloyiq boshtoq1 bo'lmasmu?! — tedi. Podshoh aydi: — Boshtoq bo'lmas, yo'q ersa, manga haj qilg'on hojining savobin sotg'un olib bering, qiyomatda hojilar birla turgayman. Vazir „Podshoh uchun haj sotg'un olmoq kerak" deb istab yurur erdi, bir kimarsag'a yo'luqti. Ul kishi aydi: — Falon yerda bir zohid borturur. Yigirma qatla Ka'bag'a yayog' borib turur va taqi haj qilibturar va hech kishining oshin yemas, anga boring. Ul bir haj sotsa, podshoh uchun oling. Borib ul zohidni podshohg'a olib keldilar. Podshoh aydi: Ey zohid, bir yo’li qilg'on hajingning savobin bizga soturmisan? Zohid aydi: Nega2 olursiz? 1 Boshtoq — bebosh, egasiz.2 Nega — qanchaga, nimaga? Sulton aydi: Ming qizil tanga berayin. Zohid aydi: —Ming qizil tanga oz turur. Sulton aydi: Ey zohid, oz bo'lsa, o'n ming qizil tanga berayin. Zohid aydi: Oz turur. Sulton aydi: O'zing na tilasang tilagil. Zohid aydi: Ey podshohim, bir haj na bo'lg'ay, yigirma hajimning savobini sanga berayin, san bir soat adl qilg'oningning savobini manga bersang. Sulton aydi: — Ey zohid, bir soat adl qilg'onning savobi na bo'lur? Zohid aydi: — Bir soat adl qilg'onning savobi odamlarning va farisha talarning va hurlarning ibodatidin ortuq turur. Xoja shariat ahkomlariga suyangan holda adolatning maqomini shu qadar baland tutgan edi. Xo'sh, adolatning o'zi nima? Adolatni u to'g'rilik, so'z va ish birligi, qonunlarga qat'iy rioya etmoq tarzida tushungan. Hikoyalar, hajman ixcham, tili ham ancha sodda, tushunarli. To'g'ri, ular orasida hajman biroz katta, qurilishi murakkabroq bo'lganlari ham yo'q emas. Masalan, ont ichishga bog'liq bir hikoyaning mazmunini ko'rib chiqaylik: Bir talaba Sulton Mahmud G'aznaviyga bir qozi ustidan arz qilib boradi. Talaba tahsil uchun boshqa shaharga ketar ekan, otameros ming tilla pulini hamyonga solib, muhrlab qoziga omonat topshirib ketgan edi. Kelib, olib ko'rsa, hammasi mis tanga chiqadi. Hech yeri teshilmagan, muhri joyida. Qozidan so'rasa: „Bilmayman, muhri joyidami, bo'pti-da, nima deysan? Xohlasang, qasam ichaman", — deb javob qildi. Sulton o'ylanib qoladi va nega ont ichirmading, deb so'raydi. Shunda talaba, uning ontiga ishonib bo'ladimi, qozining qasami Laylakniki bilan birdek-ku, deb javob beradi. Sulton Laylak hikoyatini so'raydi. Talaba so'zlab beradi: bir kuni ilonlar to'planishib: „Kelinglar, bu — qismat. Наг daqiqada Laylakdan jon hovuchlab qochib yurganimizdan ко'га har kuni bittamiz navbat bilan boraylig-u qolganlarimiz xotirjam yashab turaylik", — deb gapni bir joyga qo'yib, bir ilonni elchi qilib yubordilar. Laylak rozi bo'ldi, har kuni bir ilondan ortiq yemaslikka ont ichdi. Biroz vaqt o'tib ilon bolaladi, laylak esa kichik bir ilonga to'ymas bo'ldi. Laylak uchib boraversa, ilonlar xotirjam suhbatda, yonlariga keldi-yu, ikkitasini tirnog'iga olib jo'nadi. Ilonlar yig'ilib, arzga bordilar, ichgan ontini o'rtaga soldilar. U: „Sizlar bilasizlarmi, men kimman?! Men minora ustida yashayman, masjidning tepasidaman, gunohdan qo'rqmayman, shunday odamning onti bo'ladimi?" — deb javob bergan ekan. Xuddi shu kabi xoin, poraxo'r qozining onti bo'ladimi, deb hikoyasini tugatadi talaba. Hikoya Sultonga ma'qul keladi. Talabaning mis tanga solingan hamyonini olib qolib, o'ziga javob beradi. O'yladi: talabaning so'zi bilan qozini o'ldirsam, pul uchun qildi deb malomat etishlari aniq, otim yomonga chiqadi. Yo'lini topish kerak. Sulton xayoliga birdan shunday fikr keldi. Hamyon qayta tiktirilib, tillasi almashtirib qo'yilmaganmikan. Ertasiga yotgan shohona to'shagining o'rtasidan pichoq tortib ovga ketdi. Farrosh yig'ishtirishga kirsa, to'shak bir ahvolda. Uni vahima bosadi. Tezlikda shahardagi eng usta tikuvchini qidirib topadilar. Bir-ikki kun o'tkazib ovdan qaytgan podsho to'shakning tilingan joyini topa olmaydi. Farroshni tergaydi. Haqiqat ma'lum bo'ladi: qoziga hamyonini shu usta tikib bergan ekan. So'ng sulton pulchilarni qidirib topadi. Ulardan qozi uchun mis tanga yasaganligini aniqlaydi. Nihoyat, sulton qozi bilan talabani huzuriga chaqiradi. Talaba arz qiladi, qozi da'voni rad etadi. Qozi o'z gaplarining to'g'riligiga ont ichadi. Sulton qozini tikuvchi usta va pulchiga yuzma- yuz qiladi. Qozi dorga osilib, talaba uning o'rniga qo'yiladigan bo'ladi. Biroq talaba sultonning taklifini rad etadi va fikrini dalillash uchun bir qator hikoyalar keltiradi. Ulardan birida aytilishicha, bir kuni amiral mo'minin hazrati Alining yonlariga bir guruh odamlar ekin ekiladigan yerdan shikoyat qilib keldilar, — boshlaydi hikoyasini talaba. Ayniqsa bittasi: „Yo Ali, uch yil bo'ldi hosil ekaman, bu yer hech narsa bermaydi",— deb kuyinadi. „Qog'oz, qalam keltiringlar", — deb buyuradi Ali va xat yozib dehqonning qo'liga tutqazadi hamda hosilsiz yerning o'rtasiga ko'mishni buyuradi. Kelasi yil bu yer shunday hosil beradiki, hamma hang-u mang bo'lib qoladi. Sekin o'sha xatni yerning o'rtasidan qidirib topadilar va o'qiydilar. Unda shunday yozilgan ekan: „Ey yer! Bu yil ham hosil bermasang, qozining o'ligini sening bag'ringa ko'mdiraman". It har tunda aytar emish: „Alloh taologa shukrlar bo’lsinki, meni qozi qilmasdan it qilib yaratgan". Bulardan ko'rinadiki, Xoja adolat masalasiga juda jiddiy qaragan. Qozilarning adolatli bo'lishiga juda qattiq turgan. Aksar qozilarning xiyonatga moyilliklarini, poraga o'chliklarini din va shariat nuqtayi nazaridan ayovsiz fosh etgan. „Gulzor" ham hikoyalar to'plami. U ko'p jihatlari bilan Sa'diy Sheroziyning „Guliston", Abdurahmon Jomiyning „Bahoriston" asarlariga o'xshab ketadi. Ayniqsa, „Guliston"ning ta'siri juda kuchli. Oldingi hikoyalar to'plami — „Miftoh ul-adl"da Shayboniy-xonning o'g'li Temur Sultonga pand-nasihat, yo'1-yo'riq ko'r-satish maqsadi ko'zda tutilgan bo'lsa, bu asar Kistan Qaro uchun dasturulmulk (mamlakatni boshqarish dasturi) vazifasini bajarishi lozim edi. Haqiqatan, undagi hikoyatlar ham juda ibratli, ikkinchidan, bu hikoyatlarning aksariyati xalq og'zaki ijodidan olinib, qayta ishlangan. Yo bo'lmasa, adib mashhur xamsanavislar Nizomiy, Navoiylarning hikoyalarini olib, ularni zamon ruhiga moslaydi. Masalan, Iskandar va darvesh bilan bog'liq hikoya Navoiyning „Saddi Iskandariy" dostonidan olingan. Iskandar bir viloyatga borib, uning hokimini so'ratadi. Podshoh o'lgan, shahzoda esa darveshlik maqomini tutib, go'ristonda yashar ekan. Xalq devona deb atarkan, o'shani chaqiradilar. U taxtni rad etadi va jahongir chorloviga kelmaydi. Iskandar majburlab olib kelishlarini amr qiladi. Devona ikki kalla suyagini ko'tarib keladi va ularni shoh qo'liga berib, ularning biri shohniki, ikkinchisi gadoniki ekanligini aytadi va farqlab berishini talab qiladi. Iskandar, tabiiyki, farqi yo'qligini ma'lum qiladi. Devona u holda podshohlikdan hech bir murod yo'q ekanligini ta'kidlaydi. Iskandar uning devona emas oqil kishi ekanligini aytib, yana taxtni taklif etadi. Devona yana rad etadi. Oxiri u: „Mayli, quyidagi to'rt shartimni bajarsang, podshohlikni qabul qilaman", — deydi va shartlarini aytadi: 1. So'ngida o'limi bolmagan tiriklik. 2. So'ngida qariligi bo'lmagan yigitlik. 3. So'ngida faqirligi bo'lmagan boylik. 4. So'ngida g'ami bo'lmagan shodlik. Iskandar javobda lol qoldi. Ko'rinadiki, bu hazrati Navoiyning „Saddi Iskandariy" dostonidan olinib, nasriy yo'sinda qayta hikoyalangan. Lekin muallif unda imkon qadar har bir personajning o'ziga xos tabiatini ifodalashga harakat qilgan. Sulaymon alayhissalom bilan bogiiq hikoya esa, xalq og'zaki ijodidan olingan. Sulaymon payg'ambarga bir kishi ozgina obi hayot keltiradi. Sulaymon barchani maslahatga chorlaydi. Lekin Butimor degan qush kelmaydi. Uni bir amallab keltiradilar va u shunday maslahat beradi: agar bu suv barcha qarindoshlaring va yon atrofdagilaringga yetsa, ichsang bo'ladi. Agar bir o'zing ichsang, yakka-yolg'iz qolasan, ularsiz sening tirikligingdan nima foyda, pushaymon bo'lasan. Sulaymonga bu so'z ma'qul bo'ladi va suvni ichmaydi. Hikoyalardan biri Xorun ar-Rashid va shayx Bahlul haqida. Xorun ar-Rashid — o'rta asr Sharqining mashhur donishmand hukmdorlaridan. Shayx Bahlul — latifanamo, afandisifat ishlari bilan mashhur kishi. Bir kuni shayx Bahlul podshoh ziyoratiga borsa, xalifa qayoqqadir chiqqan bo'lsa kerak, taxt bo'm-bo'sh turgan bo'ladi. Uyoq-buyoqqa qarab, yugurib borib, taxtga chiqibdi. Nogoh, bundan yasovullar xabar, topib qolibdilar. Shayxni tanishmas ekan, shosha-pisha qo'1-oyoqlaridan tortib, taxtdan tushirishga kirishibdilar. Hech siljimas emish. Kaltaklashga tushibdilar. Boshlari yorilib, qon oqsa hamki, kulib turaveribdi. Shu vaziyatda Xorun ar-Rashid kirib qolibdi. Xalifa shayxning qoshiga kelib, odob-tavoze' bilan: „Ha, shayx, sizga nima bo'ldi va nega bunday kulasiz?" deb so'rabdi. Shayx debdi: „Man bir soat saning taxtingda o'lturdum ersa urub boshimni yordilar. Sankim, yillardurki, bu taxtning ustida o'lturubsan, saning holing ne bo'lg'ay, deb kularman". Shu tariqa podsholik ishlari, qozilik mashmashalari, umr va uning mazmuni haqidagi falsafiy mushohadalar va eng muhimi, adolat va zulm, xiyonat va sadoqat kabi azaliy va abadiy mavzular Xoja ijodining tub mazmun-mohiyatini tashkil etgan. Muallif bu masallarni goh jiddiy, goh hazil-mutoyiba, goh xalqona chandish shakllaridan samarali foydalangan holda tasvirlagan. Ular janr nuqtai nazaridan o'zbek mumtoz hikoyachiligining eng sara namunalaridan edi. Shu jihatdan, u o'zbek mumtoz adabiyotidagi nasr an'analarini, ayniqsa, Rabg'uziy hikoyachiligini rivojlantirdi va yangi bosqichga olib chiqdi. Ayniqsa, hikoyatlardagi aksariyat timsollarning o'ziga xos fe'l va tabiatga ega qilib tasvirlangani diqqatga molikdir. Ko'pchilik mutaxassislarda o'zbek adabiyotida hikoya janri yigirmanchi asrdan keyin paydo bo'ldi degan qarash bor. Xojaning asarlari bu fikrlarning unchalik to'g'ri emasligini ko'rsatishi jihatidan ham katta ahamiyatga ega. Zamonaviy o'zbek hikoyalari faqat Ovro'podan o'rganishning oqibati emas, balki o'z milliy ildiziga ega bo'lgan estetik hodisadir. Download 474.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling