Alisher Navoiyning hayoti va ijodi. Reja
Download 474.89 Kb.
|
Marosim folklori-fayllar.org
Qissai Sayfulmulk”
Majlisiy “Qissai Sayfulmulk”ning muqaddimasida dostonining yozilish tarixi va uning manbalari haqida ba’zi ma’lumotlar beradi. Shu ma’lumotlarga ko’ra, shoir dostonini yigitlik ayyomida, badiiy ijodda ma’lum tajriba to’plagan davrida yaratgan. Majlisiy bilan Bobur o’rtasida sodir bo’lgan voqeani ko’zda tutib, “Qissai Sayfulmulk”ni XVI asr boshlarida yozilgan va XV asrning to’rtinchi choragida tug’ilgan deb faraz qilish mumkin. Majlisiy “Qissai Sayfulmulk”ni o’z boshiga qandaydir kulfatlar tushgan, do’stlaridan yiroqlashib musofirlik mashaqqatlarini chekkan sharoitda bunyodga keltirganini dostonning muqaddimasida ta’kidlab o’tadi. O’tmish adabiyotda badiiy asarning ijod qilinishiga “tush”ni, “yor”ning, “pir”ning yoki “nuroniy mo’ysafid”ning “topshirig’i”ni sabab qilib ko’rsatish bir adabiy usul sifatida qo’llanilgan. Majlisiy ham “Shoirning so’zga kirgoni” bobida shu usuldan foydalanadi: ...Tushumda kavkabi tole’tulu’i, Bo’lib paydo manga bo’ldi ruju’i. ...Qi nogoh bir kuni jonon yo’luqti, Bu miskin bandaga sulton yo’luqti. Ko’rishti jon kelib bu jism birla, Ki so’rdi bandani bu ism birla... Yigitlik vaqti erdi, so’z manda, Bor erdi bir “Gulu Navro’z” manda... Tuta berdim, ochib ko’rdi ani yor, O’qidi-yu ochildi bog’-gulzor... Chiqardi qo’ynidan bir dostone, Na doston bo’lg’ay ul bir bo’stone... Vale ul forsiyu nasr erdi, Taqi bu dahrda ham qasr erdi. Dedikim: “Majlisiy bekor turma, Ki men shoirdurman deb lof urma. Agar bordur hunar ilgingda ko’rsat, Ki bu daftarni turkiy tilga tuzat”. Buyurdikim: “Gulu Navro’z” nazmin, Anga mezon qilibon nazm qilg’in... Bu so’zning hurmatin barjoy qildim, Yurokim shavq tig’i birla tildim... Demak, Majlisiy o’z dostonida fors-tojik tilidagi “Qissai Sayfulmulk”ning nasriy variantidan manba sifatida foydalandi hamda mashhur o’zbek klassik shoiri Lutfiyning “Gul va Navro’z” dostonidan ilhomlandi va o’rgandi. Shu bilan birga, Majlisiyning “Qissai Sayfulmulk” dostoni o’zbek klassik adabiyotining yangi va original bir dostoni sifatida vujudga keldi. Shoirning o’zi ham buni ta’kidlab: Bag’ir qonini ham yerga tomuzub, Qalam chashmasidin suvlar oquzub. Quqruq yerda guliston sabz qildim, Ki oshiqlarg’a bo’ston sabz qildim.- degan edi. “Qissai Sayfulmulk” xalqqa manzur bo’lgan, uning sevikli asari sifatida “Xalq kitoblari” qatoridan o’rin olgan dostonlardan biridir. Majlisiy “Qissai Sayfulmulk”ni yaratishda “Ming bir kecha”dan, xalq og’zaki ijodidan keng foydalandi va ayni zamonda xalq shoirlari ham majlisiy dostoni asosida “Qissai Sayfulmulk” ning folklor variantlarini yaratib, kuylab keldilar. “Qissai Sayfulmulk” o’zbek xalqi orasida keng shuhrat topgani kabi, tatar, turkman, qozoq va boshqa xalqlar orasida ham shuhrat qozongan. “Qissai Sayfulmulk” qo’lyozma va bosma nusxalarda kitobxonlar orasida keng tarqalgan. U birinchi marta 1883 yilda Qozon shahrida nashr etiladi. Kitobga ehtiyoj ko’p bo’lganidan bo’lsa kerak, u 15 yildan keyin,1898 yilda yana o’sha yerda ikkinchi marta nashr qilinadi. 1916 yilda esa doston “Qissai shahzoda Sayfulmulk hikoyati” nomi ostida “Layli va Majnun”, “Shahzoda Karam va Aslxon” asarlari bilan birga Toshkentda Portsev bosmaxonasida nashr qilinadi. “Qissai Sayfulmulk” ning mukammalroq nashri 1883 yilgi Qozon nashri bo’lib, uning umumiy hajmi 4000 misradan ortiqroqdir. 1916 yilgi Toshkent nashrida dostonning teksti bir muncha qisqartirib yuborilgan va ko’pgina epizodlar nasriy bayon tarzida berilgan. Dostonning qo’lyozma nusxalari esa turli davrlarda ko’chirilgan bo’lib, ular hajmi jihatidan ham, teksti ham bir-biridan ko’p farq qiladi. “Qissai Sayfulmulk” ishqiy-sarguzasht dostondir. Dostonning yetakchi temasi bo’lgan sevgi qahramonlarining murakkab sarguzashtlarida mujassamlashadi, vafo va sadoqat, do’stlik va ahillik, mardlik va qahramonlik kabi fazilatlar bilan birga kamol topadi. Shoir yarim hayotiy, yarim afsonaviy voqealar bayonida sof va samimiy sevgini, sevguchilarning olijanob fazilatlarini kuylaydi. Sevguvchilar dahshatli kurash va og’ir sinovlarni boshdan kechiradilar, hayot yo’llarida uchragan har qanday to’siq va qiyinchiliklarga qarshi kurashadilar, kishilarning baxti-shodligiga chang solgan yovuz kuchlarni yengadilar. Dostonning bosh qahramoni Sayfulmulkdir. U samimiy va sadoqatli oshiq, jasoratli va fidokor qahramon. Sayfulmulk ishq yo’lida baxt-saodatga erishish uchun kurashga va g’alabaga shaylangan oddiy bir inson sifatida gavdalanadi. Chunki: Kishiga ishq agar hamroh bo’lsa, Gadodir ul agarchi shoh bo’lsa. Ki bo’lmas ishqda ne kufru imon, Ne sabr anda, ne kofir, ne musulmon... Sayfulmulk sevgining “muazzam daryosi”da javlon urgan er yigitdir: ...Vale oshiq kerakkim bo’lsa sodiq, Shahanshohdek muhabbat birla oshiq. Firoq og’usi anga shahdu sharbat, G’amu qayg’usi anga ayshu ishrat. Erur chun ishq daryoyi muazzam, Kira olmas anga har qaysi odam. Muhabbat bahri oshiqning yoeridur, Anga kirgan taqi erning eridur. Sayfulmulk maqsad yo’lida jonini ham fido qilishga tayyor. Hech qanday to’siq va dahshat uning irodasini bukolmaydi. U qat’iyat bilan: Agar yuz ming balo chiqsa ilakdin, Yuz o’gurman taqi ushbu tilakdin,- deydi. U dengizning halokatli to’lqiniga, azim tog’larga va bepoyon biyobonlarga, vahshiylarning qahr-g’azabiga, maymunlar tuzog’iga, yo’lbars hamlasiga, ajdar damiga, devning sehrli manzili va zindoniga duch keladi. Biroq bulaprning hech qaysisi Sayfulmulkni mahv etolmaydi. Iroda, mardlik, jasorat, aql va tadbir unga madad beradi, halokatlardan qutqarib qoladi. Sayfulmulkning chekkan mehnat va mashaqqatlari zoyyo ketmaydi, u yorining visoliga erishadi, orzulari ushaladi. Shoir Sayfulmulk sarguzashtlarini optimistik ruhda tugallar ekan, lirik xotimada bunday deydi: Na xush kundur o’shal kun g’am tugona, Jafokashlar vafo ko’rib quvona. Buyursin ko’zi, ko’ksi dilbarining, Bori ko’rsin vafosin dilbarining. Nechukkim shoh ko’rdi yor vafosin, Vale chekti ajoyib ko’p jafosin. Jafo chekmay kishiga rohat o’lmas, Agar kuymas o’tung’a jo’sh bo’lmas. Chu dehqon chekmasa jabru jafosin, Emishlarning kishi ko’rmas vafosin. Jahonda jabrlar oshiq uchundir, Vale bilgil alar loyiq uchundir. Saodatdur muvofiq yori sodiq, Munosib bo’lsa xushdur ikki oshiq. Sayfulmulk oshiq va qahramongina bo’lib qolmay, balki u ayni zamonda odobli farzand va mushfiq inson, sadoqatli do’st va jasoratli najotkordir. Sayfulmulk ota-onasini samimiyat bilan hurmat qiladi, ularga aziyat yetkazmaslikka intiladi, og’ir damlarida ham, baxtiyorlik kunlarida ham ularni unutmaydi. Shu bilan birga, u boshqalarning ota-onalariga ham odob bilan munosabatda bo’ladi, ularga bir farzanddek xizmat qiladi. Sayfulkmulk do’sti va ko’kaldoshi Soidni chin qalbidan sevadi, uning xizmatlarini unutmaydi, firoqida g’am-alam yutadi. Sayfulmulk Soidni topadi. Bu uning quvonchiga quvonch, baxtiga baxt qo’shadi. Ko’kaldoshlar birgalikda Misrning davlat ishlari boshqara boshlaydilar. Ezgu niyatli Sayfulmulk dengizda uni qutqarib olgan qushning bolalarini ajdarning hamlasidan saqlab qoladi. U bir necha yil devning sehrli maskanida bandi bo’lib yotgan Rabialmulkni ozod qiladi, unga aka tutinadi va aka-singillik ahdlarini halollik va sodiqlik bilan amalga oshiradi. Soid sadoqatli do’st, shu bilan birga, jasoratli qahramondir. Sayfulmulk va Soid sarguzashtlari deyarli bir-biriga yaqindir. Sayfulmulk qanday fazilatlarga ega bo’lsa, Soid ham shunday fazilatlarga ega. Dostonda Misr shohi Osim, Yaman shohi Badeulasr, Fatina shohi Shahbol va Sarandil shohi obrazlari berilgan. Bularning barchasi har biri dostondagi voqealarning rivoji va yechimida o’ziga xos o’rin tutadi, o’z xatti-harakati va xislatlari bilan namoyon bo’ladi. Download 474.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling