47-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning sog‘lig‘ini saqlash
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning sog‘lig‘ini saqlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
maqbul o‘quv yuklamasini belgilash;
sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini targ‘ib qilish, shakllantirish va o‘rgatish;
sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
kun tartibiga rioya etish;
sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish;
jismoniy faollik uchun shart-sharoitlar yaratish.
Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga tibbiy yordam maktabgacha ta’lim tashkilotlarining yoki tegishli sog‘liqni saqlash muassasalarining tibbiy xodimlari tomonidan ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari maktabgacha ta’lim organlari bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyenik normativlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Sog‘liqni saqlash organlari maktabgacha ta’lim organlari bilan birgalikda har yili bolalarning bepul tibbiy ko‘rigini, ularning sog‘lig‘i holati monitoringini va tuzatilishini (korreksiyalanishini) ta’minlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tibbiy xodimlari sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyenik normativlarga rioya etilishi, shuningdek maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davolash-profilaktika chora-tadbirlari o‘tkazilishi uchun javobgar bo‘ladi.
9-bob. Maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi
48-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarishni quyidagilar amalga oshiradi:
pedagogik kengash;
kuzatuv kengashi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish tartibi uning ta’sis hujjatlarida belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |