Anatomiyadan amaliy


Son sohasi (reg. femoralis)


Download 0.82 Mb.
bet28/123
Sana20.06.2023
Hajmi0.82 Mb.
#1633266
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   123
Bog'liq
Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

Son sohasi (reg. femoralis). Son sohasining yuqorigi chegarasini oldindan chov boylami, orqadan esa dumba burmasi orqali o’tadi. Pastki chegarasini tizza qapqog‘ining asosidan (basis patellae) 3-4 sm yuqorida o’tkazilgan aylanma chizziq tashkil etadi. Son suyagining medial va lateral g‘adir – budur tepachalari (epycondylus medialis et lateralis) orqali o’tkazilgan vertikal chiziqlar orqali son sohasi oldingi va orqa son sohalariga bo‘linadi.
Sonning oldingi sohasi (reg. femoris anterior). Sohaning yuqorigi chegarasi – chov boylami, pastki chegarasini- tizza qapqog‘ining asosidan 3 - 4 sm yuqorida o’tkazilgan ko‘ndalang chiziq tashkil etadi. Uning ichkari chegarasini - son suyagining medial g‘adir - budur tepachasidan simfizga tushadi va tashqari chegarasini- shu suyakning lateral g‘adir- budur tepachasidan katta ko‘stgacha o’tkazilgan chiziqlar tashkil etadi. Sohaning skletini son suyagi bilan chanoq suyagining bir qismi tashkil etadi.
Oldingi sohaning tashqi belgilaridan yuqoridan chov boylami (iig.inguinalis) ustidagi teri burmasini, yonbosh suyagi qirrasining, old tomonidagi yuqorigi o‘siqni, yonbosh – qov do‘ngligini va qov do‘mbog‘ini (tuberculum pubicum), pastdan – tizza qopqog‘i bilan son suyagining medial va lateral tepachalarini sanab o’tish mumkin.
Sonning oldingi yuzasidagi teri yupqa va harakatchan bo‘lib, uning yuqori oldingi sohalarini tanosil – son nervining son tarmog‘i (r. femoralis n. genitofemoralis) innervatsiya qiladi. Qolgan sohalarini esa, son nervidan chiqvchi oldingi teri tarmoqlari (r.r.cutenus anterior) innervatsiya qiladi. Oldingi sohaning tashqi tomonlari bel chigalidan chiquvchi sonning lateral teri nervi bilan, ichki sohasining pastki yuzalari yopqich nervining teri tarmog‘i (r.cutenus nervi obturatorii) bilan innervatsiya qilinadi.
Teri osti yog‘ to‘qimasi odatda yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Yuzaki fastsiya bu уerda ikki varaqni hosil qilib, varaqlar orasidan sonning katta teri osti venasi (v.saphena magna) va teri nervlari o’tadi. Oldingi teri nervlari mashinachilar mushagi (m.sartorius) bo‘ylab o’tadi. Lateral teri nervi bo‘lsa, yonbosh suyagi qirrasining oldingi tamonidagi yuqori o‘siqning pastki va ichki tomonidan 4 - 5 sm pastroqda, yog‘ to‘qimasiga kirib keladi. Yopqich nervning teri tarmog‘i son ichki sohasining o‘rtasida joylashadi. Son katta teri osti venasi, avvalo sonning pastki medial yuzasida joylashib, keyinchalik yuqoriga ko’tariladi va uning oldingi yuzasiga o’tgach chov boylamidan 3 - 4 sm pastroqda son venasiga (v.femoralis) kelib quyiladi. Ayrim vaqtlarda bu venaning 2 - 3 tarmoqlari bo‘lib, ular son venasiga ochilish oldidan o‘zaro qo‘shilishadi.
Chov boylamidan pastda, katta teri osti venasi bo‘ylab yog‘ to‘qima qavatida juda ko‘p yuzaki limfa tugunlari (nodi lymphatici inguinales superficialis) joylashadi. Bu tugunlarga oyoqning yuzaki limfa yo‘llaridan, qorin sohasining yuzaki limfa yo‘llaridan (kindikdan pastki soha), tashqi jinsiy a'zolarining yuzaki limfa yo‘llaridan, oraliqdan va tashqi chiqaruv teshigi sohalaridan limfa tomirlari kelib ochiladi.
O‘z navbatida yuzaki limfa tugunlaridan limfa suyuqliklari, son venasi bo‘ylab joylashgan, chuqur chov limfa tugunlariga (nodi lymfatici ingunales profundi) qarab oqadi.
Teri osti yog‘ to‘qimasida, chov boylamidan pastroqda, son arteriyalarining yuzaki tarmoqlari: qorinning tepasidagi yuza arteriya (a. epigastrica superficialis), yonbosh suyagini o‘rab o’tuvchi yuza arteriya (a. circumflexa ilium superficialis) va tashqi uyatli arteriyalar (a.a. pudendae externae) shu nomli venalari bilan joylashadi.
Sonning xususiy serbar fastsiyasi (fascia lata) son mushaklarini yopib, o‘zidan son suyagiga borib yopishadigan uchta mushaklararo: lateral (septum intermusculare femoris lateralis), medial (septum intermusculare femoris medialis) va orqa (septum intermusculare femoris posterior) to‘siqlarini beradi.
Bularning birinchisi son suyagi tashqi g‘adir – budur chizig‘ining tashqi labiga (labium laterale), ikkinchisi va uchinchisi shu chiziqning medial labiga (labium mediale) birikadi. Shunday qilib, son serbar fastsiyasining ostida uchta: oldingi, ichki va orqa mushaklar joylashadigan fassial g‘iloflar hosil bo‘ladi.
Bundan tashqari, serbar fastsiya qon tomir va ayrim mushaklarga ham qin hosil qilishda ishtirok etadi. Masalan, u serbar fastsiyani taranglovchi mushakka (m.tensor fasciae latae) qin hosil qiladi. Bu mushak yonbosh suyagi qirrasining oldingi yuqori qismidan boshlanib, pastga yo‘naladi va o‘zining pay qismi bilan serbar fastsiyaga qo‘shilib ketadi. Natijada bularning qo‘shilgan joyida sonning tashqi tomonida qalinlashgan pay yo‘li (tr. iliotibialis) hosil bo‘ladi. Plastik operatsiyalarda shu yo‘ldan yamoqlar olish mumkin.
Sonning serbar fastsiyasi yana bitta yuzaki joylashgan mushakka – mashinachilar mushagi (m.sartorius) ga qin hosil qiladi. Bu mushak yonbosh suyagining oldingi qirrasidan boshlanib tashqaridan ichkariga va yuqoridan pastga qiyshiq holda yo‘naladi hamda katta boldir suyagining oldingi do‘mbog‘iga (tuberositas tibiae) birikadi.
Sonning oldingi sohasida ikki guruh mushaklar joylashadi. Bularning biinchisiga – oldingi fassial g‘ilofda joylashuvchi boldirni yozuvchi mushaklar, ikkinchisiga – ichki g‘ilofda jolashuvchi, sonni yaqinlashtiruvchi mushaklar kiradi.
Oldingi guruxdagi mushakka sonning to‘rt boshli mushagi (m.quadriceps femoris) kirsada, bu mushakning har qaysi bo‘lagini mustaqil mushak deyish mumkin. Bularning eng yuzaki joylashgani – sonning to‘g‘ri mushagi (m.rectus femoris) dir. U yonbosh suyagi qirrasining oldingi tamonidagi pastki o’tkir o‘sig‘i (spina iliaca anterior inferior) dan boshlanadi. To‘g‘ri mushakning ichki va tashqi tomonlarida sonning medial va lateral serbar mushaklari (mm.vastus medialis et lateralis) va uning orqasida – sonning o‘rtasidagi serbar mushagi (m.vastus intermedialis) joy olib, ularning hammasi son suyagidan boshlanadi. Sonning pastki sohasida mushaklar o‘zaro birlashib, qalin pay qismini hosil qilgach, tizza qapqog‘i ustidan o‘rab o’tib, tizza qapqog‘ining xususiy boylami (lig. patellae) sifatida katta boldir suyagining oldingi yuzasidagi g‘adir- budur do‘mbog‘i (tuberositas tibia) ga birikadi.
Ichki fassial g‘ilofda taroqsimon mushak (m.pectineus), undan ichkarida – sonni yaqinlashtiruvchi uzun mushak (m.fdductor longus), yana ham ichkari va yuzaroqda – nozik mushak (m. gracilis), orqada va yuqorida – sonni yaqinlashtiruvchi kalta mushak (m.addictor brevis), yana ham orqaroqda – sonni yaqinlashtiruvchi katta mushak (m.addictor magnus) lar joylashadi. Taroqsimon mushak qov suyagi yuqori butog‘ining yuqori o’tkir qirrasidan (pecten ossis pubis) boshlanib, son suyagining taroqsimon chizig‘iga birikadi. Sonni yaqinlashtiruvchi barcha mushaklar esa, qov suyagining butoqlaridan va quymich suyaklaridan boshlanib, son suyagi g‘adir-budur qirrasining medial labiga (uzuni – o‘rta uchligiga, kaltasi – yuqori uchligiga, kattasi – butun bo‘yiga) birikadi. Nozik mushak bo‘lsa, simfiz bilan katta boldir suyagini oldingi do‘mbog‘i orasida joylashadi.
Son oldingi sohasining yuqori uchligida, son yoki Skarp uchburchagi (trigonum femoralis s. Scapri) joylashgan. U yuqorida – chov boylami (lig. inguinalis) bilan, tashqi tomondan – tikuvchilar (m. sartorius) mushagi bilan va ichki tomondan – sonni yaqinlashtiruvchi uzun mushak (m. addistor longus) lar bilan chegaralanadi. Uchburchakning tubini yonbosh-bel va taroqsimon mushaklar hosil qiladi. Bu uchburchakning amaliy ahamiyati shundan iboratki, uning tubidagi yonbosh-taroq chuqurligida (fossa iliopectinea) sonning qon tomirlari ancha yuzaki o’tganligi sababli ularni o‘sha joyda topib, bog‘lash ancha qulay va osondir.
Sonning asosiy qon tomir va nerv tutamlari son arteriyasi, venasi va nervidan tashkil topib, ular chanoq sohasidan son uchburchagiga (17-rasm) chov boylami ostidan o’tadi. Uchburchakning yuqori qismida chov boylami bilan chanoq suyaklari orasida bo‘shliq bo‘lib, bunga chov boylami osti bo‘shlig‘i deyiladi. Bu bo‘shliq (kovak) chov boylamidan eminerta iliopectinea ga tortilgan arcus iliopectineus vositasi bilan ikkita kovakka, ya'ni tashqi – mushak kovagiga (lacuna musculorum) va ichki – qon tomirlar kovagiga (lacuna vasorum) bo‘linadi.
Mushak kovagi oldindan – chov boylami, ichkaridan – yonbosh – qirra boylami, pastdan va orqadan – chanoq suyagi bilan chegaralanib, tashqi tomondan yonbosh suyagi qirrasining ustki o’tkir o‘sig‘igacha davom etadi. Uning ichidan yonbosh – bel mushagi bilan son nervi o’tadi.
Yonbosh – bel mushagi ikki mushakdan, ya'ni yonbosh suyagi qanotining ichki yuzasidan boshlanadigan yonbosh mushagidan va oxirgi ko‘krak va bel umurtqalarining tanasi hamda bel umurtqalarining ko‘ndalang o‘simtalaridan boshlanadigan – katta bel mushagi (m. psoas major) dan tashkil topgan.
Bu mushaklar mushak kovagidan o’ta turib, son suyagining kichik ko‘stiga birikadi. Uni o‘rab turgan fastsiyasi ham shu joygacha уetib keladi. Bel umurtqalarining sil kasalligida hosil bo‘lgan yiring shu mushak fastsiyasi orqali sonning oldingi sohasigacha oqib tushishi mumkin (sovuq absess, oqmadan hosil bo‘lgan shish). Qon tomirlar kavagi oldindan va yuqoridan chov boylami bilan, tashqaridan- yonbosh – qirra boylami bilan, ichkaridan – lakunar (Jimbernat) boylami (lig. lacunare Gimbernati) va orqadan hamda pastdan qov suyagining yuqori butog‘ini yopib turuvchi taroqsimon boylam yoki Kuper boylami (lig. pectineali Cooperi) bilan chegaralanadi. Qon tomirlar kavagidan son arteriyasi bilan venasi o’tadi. Bunda arteriya tashqarida, vena arteriyaga nisbatan ichkarida joylashadi. Ammo arteriya bilan vena qon tomirlar kavagining uchdan ikki qismini to‘ldirib turadi. Qolgan uchdan bir qismi, ya'ni son venasining medial devori bilan lakunar boylam orasidagi masofa ochiq qolib, bu joy qorin bo‘shlig‘i tomonidan ko‘ndalang qorin fasciyasi bilan, son tomondan esa, katta limfa tugun (Rozenmyuller – Pirogov limfa tuguni) bilan yopilib turadi. Shunday qilib, son uchburchagining yuqori qismida son qon tomir va nerv tutamlari quyidagicha joylashadi (tashqaridan ichkariga qarab): son nervi, arteriyasi va venasi.
Son nervi chov boylami tagidan o’tgach, ko‘p sonli tarmoqlarga bo‘linib ketadi. Bular to‘rt boshli, tikuvchilar va taroqsimon mushaklarni hamda terini innervatsiya qilishda qatnashadi. Bu tolalarning eng uzuni- teri osti nervi (n. saphenus) bo‘lib, u son arteriyasi va venasi bilan birga pastga yo‘naladi.
Son arteriyasi chanoq suyagi ustidan o’tganligi tufayli uni yonbosh - qov do‘ngligidan ichkaridagi suyakka bosib qon ketishini to‘xtatish mumkin. Son arteriyasining tashqi tasviri chov boylamining o‘rtasidan son suyagining medial g‘adir –budur tepachasigacha o’tkazilgan chiziqqa to‘g‘ri keladi (Ken chizig’i). U chov boylamidan 2 - 5 sm pastda o‘zining chuqur arteriyasini (a. profunda femori) beradi. Sonning chuqur arteriyasi keyinchalik ikkita katta tarmoqlarga, ya'ni son suyagini o‘rab turuvchi medial va lateral arteriyalarga (a.a. circumflexaуe femoris medialis et lateralis) bo‘lingach pastga yo‘nalib 3 dan 5 tagacha teshib o’tuvchi arteriyalarga (a. perforantes) bo‘linadi. Ular esa o‘z navbatida sonning katta yaqinlashtiruvchi mushagini teshib o’tib, orqa guruh mushaklarini qon bilan ta'minlaydi.
Son arteriyasi chov boylamidan pastda bog‘lansa, oyoqning yonlama qon aylanishi sonning chuqur arteriyasi tarmoqlari bilan ichki yonbosh arteriyasining tarmoqlari orasidagi anastomozlar hisobiga tiklanadi. Bunda son suyagini o‘rab turuvchi lateral arteriya bilan yuqori dumba arteriyasi va son suyagini o‘rab turuvchi medial arteriya bilan, pastgi dumba, yopqich va ichki jinsiy arteriyalari o‘rtasidagi anastomozlar asosiy vazifani bajaradi. Bulardan tashqari, sonning yuzaki arteriyalari bilan tashqi yonbosh arteriyasining tarmoqlari (yonbosh suyagini o‘rab turuvchi yuzaki va chuqur arteriyalar hamda yuzaki va pastki qorin pastki arteriyalari) orasidagi bog‘lanishlar hisobiga ham qon aylanishi tiklanishi mumkin.
Agar, son arteriyasi, uning chuqur arteriyasi chiqqan joydan pastdan bog’lansa, oyoqning qon bilan ta'minlanishi chuqur arteriyaning tarmoqlari hisobiga tiklanadi.
Sonning o‘rta qismida uning qon tomir va nerv tutumlari, sonning yaqinlashtiruvchi uzun mushagi bilan medial tomonidagi serbar mushaklari o‘rtasidagi oraliqda (sulcus femoralis) o’tadi. Uning ustidan esa, moshinachilar mushagi yopib turadi. Sonning shu sohasida teri osti nervi tashqari hamda yuzaroqda, son arteriyasi nervdan chuqurroqda va medial tomonda, son venasi esa arteriyaning orqasida joylashadi.
Sonning pastki uchligida son egati sonni yaqinlashtiruvchi katta mushagi bilan, uning medial tomonidagi serbar mushaklari orasidagi egatga qarab davom etadi. Yuqoridagi mushaklar orasida aponevrozli parda hosil bo‘lib, ikkala mushak ustki yuzalarini ko‘prikdek qoplab turadi. Natijada tashqaridan – sonning medial tomonidagi serbar mushagi, ichkaridan – uning yaqinlashtiruvchi katta mushagi va ularning ustidagi aponevrozli parda orasida kanal (canalis addictorius, sei canalis femoropopliteus Hunteri) Gunter kanali hosil bo‘ladi. Kanalning devorlarini orqadan va ichkaridan – sonni yaqinlashtiruvchi katta mushak, oldindan va tashqaridan – sonning medial serbar mushagi, ichkari va oldindan – serbar yaqinlashtiruvchi parda (lamina vastoadductoria) lar chegaralab turadi. Kanalning kirish teshigi devorlari ham shular bilan chegaralangan bo‘lib, u orqali kanalga qon tomir va nerv tutumlari kiradi. Uning chiqish teshigi ikkita. Bittasi uning oldingi devori lamina vastoadductoria da bo‘lib, unga kanalning oldingi teshigi deyiladi. Bu teshik orqali songa teri ostining nervi bilan tizza bo‘g‘imiga boradigan tizzaning pastga tushuvchi arteriyasi (a.genus dessendens) chiqadi. Ikkinchi chiqish teshigi, uning pastki tomonidan sonning katta yaqinlashtiruvchi mushagi aponevrozi yorig‘ida hosil bo‘lib, unga (hiatus tendineus addictorius) deyiladi. U orqali son arteriyasi tizza osti chuqurchasiga o’tib, son venasi yuqoriga ko’tariladi. Kanalning uzunligi 5 - 6 sm keladi. Sonning asosiy qon tomir va nerv tutamlarining tashqi tasviri chov boylamining o‘rtasidan son suyagining medial do‘mbog‘iga o’tkazilgan chiziqqa to‘g‘ri keladi.

Download 0.82 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   24   25   26   27   28   29   30   31   ...   123




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling