Aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti tabiiy fanlar kafedrasi


Download 186.05 Kb.
bet38/68
Sana15.06.2023
Hajmi186.05 Kb.
#1476784
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   68
11-MAVZU: UY XO‘JALIKLARI MOLIYASI


1. Moliya munosabatlarining umumiy tizimida uy o‘jaliklari moliyasi
2. Uy xo‘jaliklarida moliyaviy qarorlar qabul qilishning o‘ziga xos xususiyatlari


1. Moliya munosabatlarining umumiy tizimida uy o‘jaliklari moliyasi
Uy-xo‘jaliklari moliyasi har bir davlat moliya tizimining ajralmas tarkibiy qismi (elementi) hisoblanadi. Bozor munosabatlari tizimida uy xo‘jaliklarining moliyaviy ahamiyati uning iqtisodiy jihatdan nimaga mo‘ljallanganligi bilan belgilanadi. Bir tomondan, uy xo‘jaliklari ishlab chiqarish omillarining (mehnat, er, kapital, tadbirkorlik qobiliyati va boshqalarning) xususiy egalari hisoblanadi va xuddi shu asosda o‘zlarining daromadlar manbalari va moliyaviy tushilmalarini shakllantiradi. Boshqa bir tomondan esa, uy xo‘jaliklari iqtisodiyotda tovarlar va xizmatlarni iste’mol qiluvchilar sifatida maydonga chiqadi va demak, bozor talabini belgilab (aniqlab) beradi. Bir vaqtning o‘zida, uy xo‘jaliklari jamiyat yalpi daromadining bir qismini jamg‘aradi, real va moliyaviy aktivlarni sotib olish orqali moliyaviy rezervlarni yaratishda ishtirok etadi, soliq to‘lovlari orqali esa davlatning markazlashtirilgan moliyaviy fondlarini shakllantirishda katta (muhim) rol o‘ynaydi.
Uy xo‘jaliklarining tashqi moliyaviy munosabatlari ularning boshqa iqtisodiy sub’ektlar bilan bo‘lgan o‘zaro aloqalari orqali namoyon bo‘ladi. Korxonalar va tashkilotlar moliyasi bilan uy xo‘jaliklari bevosita o‘zaro bog‘langan: firmalarga iqtisodiy resurslarni taqdim etib (berib), ularning egalari sifatida uy xo‘jaliklari yaratilgan mahsulotning qiymatidan o‘z hissalarini (ulushlarini) oladilar va demak, ular shu bilan yalpi mahsulotni birlamchi taqsimlashda ishtirok etadilar. Bu munosabatlar o‘zining yana bir muhim iqtisodiy tomoniga ega: ular iqtisodiyotda aholi daromadlarining boshlang‘ich darajasini belgilab beradiki, bu narsa, o‘z navbatida, iste’molning shakllanishi, ko‘lami va tarkibiy tuzilmasiga, to‘lovga layoqatli talabning shakllanishiga va nihoyat, uy xo‘jaliklari tomonidan jamg‘arish funksiyasining amalga oshirilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Davlat va uy xo‘jaliklari o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) va qaytarma (yana orqaga qaytariluvchi) aloqalar asosida quriladi (vujudga keladi) va ular byudjet hamda nobyudjet fondlarni shakllantirish va ulardan foydalanishdagi munosabatlarni ifodalaydi. Uy xo‘jaliklarining daromadlari va mol-mulklari soliqqa tortilish ob’ekti sifatida maydonga chiqadi va demak, byudjet tizimi daromadlar bazasining tuzilmaviy elementi hisoblanadi. Bir vaqtning o‘zida soliqlar, pensiya tizimi, sotsial transfertlar orqali davlat moliyaviy oqimlarni uy xo‘jaliklarining turli guruhlari o‘rtasida qayta taqsimlaydi. Uy xo‘jaliklari va davlat o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni amalga oshirish jarayonida milliy daromadning ikkilamchi qayta taqsimlanishi sodir bo‘ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat uy xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan daromadning taqsimlanish jarayoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilish instrumentlariga ega emas. Moliyaviy munosabatlarning bu sohasi davlat tomonidan eng kam darajada reglamentatsiya qilinadi. Buning sababi shundaki, uy xo‘jaliklari pul fondlarini shakllantirishning zarurligi, usuli va maqsadi to‘g‘risida, ularni sarflashning o‘lchami va vaqti xususida qarorlar qabul qilishda mustaqildir. SHu bilan birgalikda davlat uy xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan daromad va yakuniy (oxirgi) iste’molning o‘lchamiga (ko‘lamiga) ta’sir qilishga qodir. Bu narsa, jumladan, quyidagilar orqali amalga oshirilishi mumkin:

  • soliqli tartibga solish (tartiblash);

  • mehnat haqini to‘lash stavkalarini o‘rnatish (belgilash);

  • birinchi darajali zaruriy mahsulotlar baholarini tartibga solish (tartiblash);

  • imtiyozlar tizimi;

  • sog‘liqni saqlash va maorifni byudjetdan moliyalashtirish orqali sotsial ta’minotni rivojlantirish;

  • va boshqalar1.

Uy xo‘jaliklarining o‘zlari o‘rtasidagi (uy xo‘jaliklariaro) moliyaviy munosabatlar uy xo‘jaliklari sektorining ichida moliyaviy resurslarning harakatlanishi jarayonida vujudga keladigan munosabatlar sifatida qaraladi. Bu erda ushbu jarayon hamma vaqt ham oydinlashmagan va kuchsiz tartibga solinuvchi hisoblanadi. Moliyaning bu sohasiga, jumladan, quyidagilarni kiritish mumkin:

  • fermer xo‘jaliklarining hamkorlikdagi maqsadli fondlari;

  • iste’mol kooperatsiyasiga xizmat ko‘rsatuvchi fondlar;

  • uy xo‘jaliklari o‘rtasidagi norasmiy kredit munosabatlari;

  • uy xo‘jaliklari sektori doirasida (chegarasida) hamkorlikdagi pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish xususidagi boshqa munosabatlar.

Uy xo‘jaliklarining moliyaviy institutlar bilan o‘zaro aloqalari moliyaviy munosabatlarning alohida guruhini ifodalaydi. Ularning kredit muassasalari bilan munosabatlari uy xo‘jaligi byudjeti defitsitini to‘ldirish (iste’mol krediti vositasida, yordamida), bo‘sh turgan pul mablag‘larini bank hisob varaqlarida joylashtirish yoki ularni saqlash va jamg‘arish maqsadida boshqa moliyaviy aktivlarga qo‘yish orqali namoyon bo‘ladi. Uy xo‘jaliklarining sug‘urta kompaniyalari bilan bo‘ladigan munosabatlari esa turli ko‘rinishdagi sug‘urta fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonida gavdalanadi.
Moliyaning mohiyati uning funksiyalari orqali namoyon bo‘lganligi uchun uy xo‘jaliklari moliyasining mohiyati ham uning funksiyalari yordamida ifodalanadi2. Uy xo‘jaliklari moliyasining funksiyalari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin3:

  • taqsimlash;

  • takror ishlab chiqarish;

  • nazorat;

  • tartibga solish (tartiblash);

  • rag‘batlantirish;

  • sotsial.

Uy xo‘jaliklari moliyasining bu funksiyalari o‘zaro bog‘langan va bir-birini doimiy ravishda to‘ldirib turadi. Bir vaqtning o‘zida, ma’lum ma’noda va ma’lum darajada ular o‘zlarining namoyon bo‘lishiga qarab moliyaning umumiy funksiyalaridan biroz farqlanishi ham mumkin.
Ma’lumki, uy xo‘jaliklarining moliyasi taqsimlash jarayonini oxirgi bosqichgacha, ya’ni aniq individgacha yoki uy xo‘jaligining har bir a’zosigacha etkazadi. Uy xo‘jaliklari moliyasi taqsimlash funksiyasining amalga oshirilishi aholi hayotiy mablag‘lari fondini shakllantirishni taqoza etadi, insonni takror ishlab chiqarish uchun iqtisodiy (moliyaviy) asos yaratadi.
Ma’lumki, uy xo‘jaliklarining ishtirokchilari qatoriga balog‘at yoshiga etmaganlar yoki etgan bo‘lsa-da, turli sabablarga ko‘ra ishlamayotgan oila a’zolari ham kiradi. Uy xo‘jaliklarining hissasiga to‘g‘ri kelgan milliy daromadning bir qismi uy xo‘jaliklari moliyasining taqsimlash funksiyasi doirasida uning barcha ishtirokchilari o‘rtasida u yoki bu nisbatlarda (proporsiyalarda) taqsimlanadi. Uy xo‘jaliklarining moliyasi taqsimlash funksiyasini bajara borib, har bir shaxsni (kishini) uning hayotiyligi uchun kerak bo‘lgan resurslar bilan ta’minlab, oxir oqibatda, ishchi kuchi takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi. Bu o‘rinda taqsimlash funksiyasining ta’sir ob’ekti uy xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan (uy xo‘jaligi egalik qilayotgan) daromad hisoblanadi. Taqsimlash jarayonining sub’ektlari sifatida esa uy xo‘jaliklarining barcha ishtirokchilari maydonga chiqadi.



Download 186.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   68




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling