Aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti tabiiy fanlar kafedrasi


Moliyaviy boshqaruv organlari va ularning vazifalari


Download 324.93 Kb.
bet18/67
Sana16.11.2023
Hajmi324.93 Kb.
#1778778
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   67
Bog'liq
Aniq-tabiiy fanlar va jismoniy madaniyat fakulteti tabiiy fanlar-fayllar.org

2. Moliyaviy boshqaruv organlari va ularning vazifalari
Moliya tizimini umumiy boshqarish mamlakatning oliy hokimiyat va boshqaruv organlari tomonidan amalga oshiriladi. Umumdavlat miqyosida moliyaviy boshqaruv tizimi quyidagi boshqaruv organlaridan tashkil topishi mumkin:

• Prezident va Prezident devoni;


• Oliy Majlis va moliya, byudjet, soliq va bank masalalari bo‘yicha Oliy Majlis har ikki palatasining tegishli qo‘mitalari;
• Vazirlar Mahkamasi;
• Hisob palatasi;
• Moliya vazirligi va uning quyi (joylardagi), jumladan, Xazinachilik tizimi organlari;
Markaziy bank;
• Davlat soliq qo‘mitasi;
• Davlat bojxona qo‘mitasi;
• Davlat mulk qo‘mitasi;
• Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiya;
• Nobyudjet fondlarning ijroiya direksiyalari
• va boshqalar.
Mamlakat Prezidenti (Prezident devoni) moliya tizimining faoliyatini reglamentatsiya qiladi (tartibga soladi), mamlakat byudjetini imzolaydi, Parlament tomonidan qabul qilingan moliyaviy qonunlarga “veto” qo‘yish huquqiga ega.
Ikki palatadan (Senat va Qonunchilik) iborat bo‘lgan Oliy majlis soliqlar, yig‘imlar, nosoliqli to‘lovlarni belgilaydi (o‘rnatadi), Davlat byudjetini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek, Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ham tasdiqlaydi, moliyaviy qonunlarni (masalan, Soliq kodeksi va boshqalar) qabul qiladi. Bir vaqtning o‘zida davlat ichki va tashqi qarzining tegishli (chegaraviy) darajasini belgilash (o‘rnatish) ham Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladi.
Moliyaviy boshqaruvning umumiy boshqaruv organi sifatida Vazirlar Mahkamasi Davlat byudjetini ko‘rib chiqadi, moliyaviy boshqaruvning yagona umumiy markazi sifatida maydonda gavdalanadi.
Davlat moliyaviy nazorat organi sifatida Hisob palatasi moliyaviy boshqaruvga oid quyidagi vazifalarni bajaradi:
• hajmi va maqsadga mo‘ljallanganligi bo‘yicha Davlat byudjeti va nobyudjet fondlari daromadlar va xarajatlarining o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni tashkil qilish va amalga oshirish;
• davlat mablag‘larining sarflanish va davlat mulkidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi va samaradorligini aniqlash;
• Davlat byudjeti va nobyudjet fondlarni shakllantirish va ulardan foydalanishga ta’sir ko‘rsatadigan yoki xarajatlarning Davlat byudjeti hisobidan qoplanishini ko‘zda tutayotgan davlat hokimiyatining qonunlari va normativ-huquqiy aktlarini moliyaviy ekspertiza qilish;
• Davlat byudjetining ijrosi va amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlarining natijalari to‘g‘risida Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga doimiy ravishda ma’lumotlarni taqdim etish;
• va boshqalar.
Moliyaviy boshqaruvning markaziy organi Moliya vazirligi va uning joylardagi organlari hisoblanadi. U mamlakat miqyosida yagona moliyaviy, byudjet, soliq va valyuta siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi. Moliya vazirligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• yagona davlat moliya siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
• Davlat byudjetining loyihasini tuzish va uning ijrosini ta’minlash;
• byudjet mablag‘lari va nobyudjet fondlar mablag‘larining oqilona va maqsadli ishlatilishi ustidan moliyaviy nazoratni amalga oshirish;
• davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash va moliyaviy bozorni rivojlantirishga oid chora-tadbirlarni ko‘rish;
• mamlakatning byudjet tizimini takomillashtirish, bu borada tegishli takliflarni ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish choralarini ko‘rish;
• mamlakat sotsial-iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga moliyaviy resurslarni konsentratsiya qilish (to‘plash);
• Davlat byudjeti va jamlanma (konsolidatsiyalashtirilgan) byudjetning ijrosi haqida hisobotni tayyorlash;
• davlat tomonidan qarzlarni olish dasturini ishlab chiqish va davlatning ichki va tashqi qarzlarini boshqarish;
• uzoq, o‘rta va qisqa muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mamlakat taraqqiyotining sotsial-iqtisodiy bashoratlarini ishlab chiqishga ishtirok etish;
• iqtisodiyotni moliyaviy sog‘lomlashtirish va uni tarkibiy jihatdan qayta qurish, mamlakatdagi tovar ishlab chiqaruvchilar, ishlar va xizmatlarni bajaruvchilarning manfaatlarini himoya qiluvchi va qo‘llab-quvvatlovchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda qatnashish;
• mamlakatdagi pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari, iqtisodiyotdagi hisob-kitoblar va to‘lovlarning ahvolini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etish;
• faol investitsion siyosatni shakllantirish va uni amalga oshirishga yo‘naltirilgan choralarni ishlab chiqish, davlat investitsiya dasturlari va mamlakat Taraqqiyot byudjetini ishlab chiqish va moliyalashtirishga qatnashish;
• moliyaviy rejalashtirish va milliy xo‘jalikni moliyalashtirish sohalarida metodik (uslubiy) rahbarlikni amalga oshirish;
• mamlakat moliyaviy resurslar balansini ishlab chiqishda (Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda) faol ishtirok etish;
• moliyaviy intizom buzilganda moliyalashtirishni cheklash yoki umuman to‘xtatib qo‘yish;
• va boshqalar.
Hozirgi paytda Moliya vazirligining markaziy apparatida quyidagi departamentlar bo‘lishi mumkin:
• byudjet siyosati departamenti – byudjet tizimining daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida siyosatni ishlab chiqadi, Davlat byudjetining loyihasini tayyorlaydi va byudjetning ijrosini tashkil qiladi;
• tarmoqlarni moliyalashtirish departamenti - tugatilgan sanoat, agrosanoat kompleksi, investiyalar va transport tizimlari va aloqa departamentlari bazasida (asosida) tashkil qilingan;
• byudjetlararo munosabatlar departamenti - respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadi;
• davlat ichki va tashqi qarzlarini boshqarish departamenti - davlat ichki zayomlarini chiqarish, ular bo‘yicha foizlarni to‘lash va ularni qaytarish, tashqi zayomlarni chiqarish va ularga xizmat qilish ishlarini bajaradi;
• mudofaa kompleksi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni moliyalashtirish departamenti;
• va boshqalar.
Moliya vazirligining muhim bo‘linmasi Xazinachilik tizimi bo‘lib, u davlat byudjetining kassa ijrosini ta’minlashda mas’uldir. Moliyaviy boshqaruvga bevosita daxldor bo‘lgan Xazinachilik tizimining asosiy vazifalari tarkibiga quyidagilar kiradi:
• mamlakat byudjetining ijrosini tashkil qilish, amalga oshirish va nazorat qilish;
• kassaning yagonaligi prinsipidan kelib chiqib, Xazinachilikning bankdagi hisob varaqlarida bo‘lgan byudjet daromadlari va xarajatlarini boshqarish;
• davlat nobyudjet fondlarining moliyaviy ijrosini ta’minlash;
• davlat moliyaviy resurslarining hajmlarini qisqa muddatli bashoratlash va ularni operativ boshqarish;
• Markaziy bank bilan birgalikda davlatning ichki va tashqi qarzlarini boshqarish va unga xizmat qilish (ko‘rsatish);
• byudjet bo‘yicha hukumatning moliyaviy operatsiyalari to‘g‘risida va shuningdek, mamlakat byudjet tizimining ahvoli to‘g‘risida qonunchilik va ijroiya organlariga hisobotni taqdim etish;
• va boshqalar.
Mamlakatning Markaziy banki moliyaviy siyosat va uning tarkibiy qismi bo‘lgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda muhim rol o‘ynab, u Xazinachilik tizimi organlari bilan birgalikda byudjetning kassa ijrosini ta’minlaydi va boshqa kredit institutlarining faoliyatini nazorat qiladi.
Moliyaviy boshqaruv tizimida Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari ham muhim rol o‘ynab, ular yordamida soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, ularning tegishli byudjet fondlariga to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishi ustidan nazorat amalga oshiriladi. SHunga muvofiq ravishda moliyaviy boshqaruvga oid Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari quyidagi vazifalarni bajaradi:
• byudjetga va nobyudjet fondlarga soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishi masalalari bo‘yicha moliyaviy qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini nazorat qilish;
• soliq to‘lovchilarni hisobga olish va ularni tekshirish;
• moliya organlariga va xazinachilikka soliqlar va boshqa to‘lovlarning haqiqatdagi tushumlari to‘g‘risida har oyda ma’lumot taqdim etish;
• ortiqcha to‘langan soliq summalarini va soliq to‘lovchilardan noto‘g‘ri undirilgan jarima va penyalarni egalariga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirish;
• va boshqalar.
Davlat bojxona qo‘mitasi va uning tegishli organlari moliyaviy boshqaruv tizimida o‘ziga xos bo‘lgan o‘ringa ega. Ular bojxona bojlarining o‘z vaqtida tushishi uchun mas’ul hisoblanadi va bu borada quyidagi asosiy vazifalar ularning zimmasiga yuklatilgan:
• bojxona organlari tomonidan undiriladigan soliqlar bo‘yicha soliq tekshiruvlarini amalga oshirish;
• bojxona organlari tomonidan undiriladigan soliqlarni hisoblash vato‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni tekshirish;
• soliq qonunchiligini buzganligi yoki unga to‘liq rioya qilmaganligi uchun soliq to‘lovchilarning bankdagi operatsiyalarini to‘xtatib turish;
• soliq qonunchiligida ko‘zda tutilgan jarima va boqimandalarni undirish;
• va boshqalar.
O‘z navbatida, Davlat mulki qo‘mitasi moliyaviy boshqaruvga oid nosoliqli xarakterga ega bo‘lgan daromadlarni (ijara haqi, davlat mulkini sotishdan keladigan daromadlar va boshqalarni) olish maqsadida davlat mulkini boshqarishni tashkil qiladi.
Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiya fond bozori ishtirokchilarining faoliyatini nazorat qilib, byudjet fondiga tushuvchi tushumlarning ortishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.



Download 324.93 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   67




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling