Arxiv ishi nazariyasi va amaliyoti
Download 1.84 Mb.
|
qo\'llanma ARXIV ISHI NAZARIYASI 20.02.2019
3. Arxivlarning ahamiyati
Arxiv manbalari qadimgi zamonlardan beri turli sohalarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ularning asosida iqtisodiy masalalarni echish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, hatto siyosiy nizolarni bartaraf qilish mumkin. Zero, arxiv jamg‘armalarida saqlanuvchi hujjatlar aksari hollarda birlamchi manba bo‘lib hisoblanadi va qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichida mujassam etadi. Masalan, o‘tmishda arxivlar yordamida foydali qazilmalar joylashgan erlarni aniqlash, temir yo‘l qurilishlari loyihalari va suv qurilish inshootlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlash keng tarqalgan. XX asrning 30-yillarida arxiv ma’lumotlari asosida turli sohalar tarixini yoritish va sohaga tegishli ma’lumotlarni to‘plash ishlari yanada jadallashdi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari davrida arxivlar reja va xo‘jalik tashkilotlariga ularni faoliyatiga samarali yordam beruvchi qimmatli chizmalar, rejalarni topib, qidiruv ishlarida va sanoat ob’ektlarini qurilishi muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishda yordam ko‘rsatadilar. Arxiv hujjatlari urushdan keyingi davrda ham vayron bo‘lgan fabrikalar, zavodlar va boshqa xo‘jalik inshootlari, qadimiy tarixiy yodgorliklarni qayta tiklashda juda katta yordam bergan. Ko‘plab materiallardan yangi elektrostansiyalar qurishda Qozog‘iston va O‘zbekistondagi cho‘l hududlarini, jumladan Mirzacho‘l, Surxon, SHerobod voxasi, Qarshi cho‘lini o‘zlashtirishda foydalanilgan. SHuningdek, arxiv materiallaridan temir yo‘llar, avtomobil shosselari, ko‘priklar, sun’iy sug‘orish kanallari qurishda, chorvachilikni, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda va boshqa keng ko‘lamli ishlarda foydalanilgan. Insoniyat tarixi davomida arxiv hujjatlariga bo‘lgan katta e’tibor ularga bo‘lgan ehtiyoj, mazkur manbalarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati bilan belgilanadi. Arxiv manbalaridan: 1) siyosiy, 2) ijtimoiy-iqtisodiy, 3) ilmiy, 4) madaniy-ma’rifiy maqsadlarda keng foydalaniladi. Tarixga nazar solinsa, hukmdorlar o‘rtasida taxt uchun kurash, hududiy masalalarda kelishmovchilik yuzaga kelganda, aynan arxivlarda saqlanayotgan xon shajaralari, diplomatik bitimlar yordamida ularga yechim topish mumkin bo‘lgan. Turli tabaqalarga mansub aholi o‘rtasida er-suv, mol-mulk bilan bog‘liq nizolar kelib chiqqanda, bunga tegishli rasmiy hujjatlar, yorliq, hadya, oldi-sotti shartnomalari yordamida baxsli masalalarga oydinlik kiritilgan. Xalq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida erishilgan yutuqlar, to‘plangan tajribalar avloddan-avlodga uzatib kelingan va bunda turli xil ma’lumotlar aks ettirilgan hujjatlar mazkur jarayonlar bilan bog‘liq axborotni etkazib berishda muhim vosita vazifasini bajargan. Shu bois turli tarixiy davrlarda jamiyatda qimmatli ma’lumotlar aks etgan hujjatlarni avaylab-asrash, ularni maxsus joylarda saqlash va himoyalash, bebaho meros sifatida avlodlarga taqdim etish ishlari davom etib kelgan va bu masalaga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilgan. Hozirgi zamonda arxiv hujjatlariga bo‘lgan talab va qiziqish toboro ortib borayotgani kuzatiladi. Arxiv ma’lumotlari davlat hokimiyati tomonidan belgilanadigan vazifalarni bajarish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, aholining ijtimoiy so‘rovlariga javob qaytarish, mulkiy munosabatlarda vujudga keladigan muammolarni huquqiy jihatdan to‘g‘ri hal etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ishlarida manbaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Download 1.84 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling