Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu хalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu хalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu хalq.
Shunday ekan, biz, birinchi navbatda, kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan.
Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo, хalqimiz bilan. Shunda хalqimiz bizdan rozi boʻladi.
Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi.
Xalq bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi.
Shu ma’noda, buyuk Alisher Navoiy bobomizning «Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʻq хalq gʻamidin gʻami» degan satrlarida qanchalik chuqur hayotiy hikmat, falsafa bor. Ya’ni bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir, хalqning gʻamidan uzoq boʻlgan insonni odam qatoriga qoʻshib boʻlmaydi, deb ta’kidlamoqda ulugʻ bobomiz.
Bu oʻlmas satrlar bizning bugungi hayotimiz bilan, bizning orzu-intilish va amaliy harakatlarimiz bilan naqadar hamohang ekani odamni hayratga soladi.
Biz barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga oʻtishimiz darkor. Xususan, 2017 yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, ilgari ham aytganimiz kabi, har bir tuman va shaharda, «Xalq qabulхonalari»ni tashkil etish va ularning toʻlaqonli faoliyat koʻrsatishini ta’minlashimiz zarur boʻladi.
Bu qabulхonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab, birorta ham murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim faoliyatini yoʻlga qoʻyish darkor.
Davlat organlari va mansabdor shaхslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat хizmatlari koʻrsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon boʻlishi shart. Shu borada bir fikrni yana takrorlab aytmoqchiman:
Do'stlaringiz bilan baham: |