7) Shokli, Bardin va Bratteyn. 1956-yilgi Nobel mukofoti. Yarimo‘tkazgichlar va tranzistor effektini kashf qilganliklari uchun.
Yuqorida familiyasi qayd qilingan uch olim 1947-yilda elektr signallarini boshqarishning ajoyib usulini ishlab chiqishgan. Ular, o‘zi deyarli elektr energiyasini iste'mol qilmaydigan, lekin, elektr signalini juda yaxshi boshqaradigan yarimo‘tkazgich komponenti - biqutbiy tranzistorni yasashgan edi.
Iqtisodiy jihatdan juda arzon, tuzilishi juda ixcham tranzistorlar radiotexnika va umuman elektronika sohasida ulkan inqilob yasadi. Bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylangan kompyuterlarning paydo bo‘lishida hal qiluvchi qadam ham aynan ushbu kashfiyot bo‘lgan. Jon Bardin keyinchalik fizika bo‘yicha yana bir bora Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Ikkinchi marta Nobelni u o‘ta o‘tkazuvchanlik nazariyasini barpo qilgani uchun olgan.
8) Frensis Krik, Moris Uilkins va Jeyms Uotson. 1962-yilgi Nobel mukofoti. DNK strukturasini muvaffaqiyatli modellashtirganliklari uchun.
Irsiy axborotni avloddan-avlodga o‘tkazish vazifasini bajaruvchi DNK makromolekulalari ustida ilmiy tekshiruv ishlari XIX-asr boshlaridayoq yo‘lga qo‘yilgan edi. lekin DNKning asl vazifalarini olimlar XX-asrning 40-50 yillariga kelibgina tushunib yeta boshlashdi. 1953-yilda esa, nomi yuqorida zikr etilgan olimlar DNK molekulasi tuzilishining qo‘shaloq spiralsimon modelini kashf qilishdi. Bu esa, klonlashtirish va gen muhandisligi sohalarining paydo bo‘lishiga katta yo‘l ochib berdi. Hozirda, ushbu kashfiyotning amaliy samarasi o‘laroq, odam irsiyatidagi avloddan-avlodga o‘tuvchi salbiy jihatlar, kasallik va nuqsonlarni oldini olish imkoni mavjud. Qolaversa, chorva hayvonlari va boshqa jonzotlarni klonlashtirish orqali, odamzot uchun yanada ko‘proq foyda keltiradigan zotdor nasllarni keltirib chiqarish mumkin.
o‘rni kelganda aytish kerakki, 1953-yilgi Nobel laureatlaridan biri Jeyms Uotson keyinchalik ilmiy davralarda va ayniqsa jamiyat orasida o‘zining olim va shaxs sifatidagi obro‘sini butunlay yo‘qotdi. Uning ilmiy zehnini hurmat qilgan holda aytamizki, Uotson o‘zining DNK-modeli kashfiyotidan haddan ziyod manmansiragan va xudbinlashib ketgan. U o‘zining ilmiy ishlariga suyangan holda, mukofotdan keyin ko‘p bora irqchilik mazmunidagi bo‘lmag‘ur ilmiy g‘oyalarni ilgari surgan. Masalan, u "oq irqli odamlarning intellektual salohiyati har doim yuqori bo‘ladi, qora tanlilar esa DNK-darajasida bunday imkoniyatga ega emas, ular faqat jismoniy mehnatga yaraydi" qabilidagi fikrlarni bayon qilgan. Nima ham derdik, olim bo‘lgani bilan, odam bo‘lmasa qiyin...
Do'stlaringiz bilan baham: |