Axborot tizimlarida o‘quv jarayoni monitoringini yuritish


Download 387.1 Kb.
Sana23.04.2023
Hajmi387.1 Kb.
#1392630

Axborot tizimlarida o‘quv jarayoni monitoringini yuritish.

O‘qituvchi darsga kiradi. Salomalikdan so‘ng jurnalni ochadi-da, yo‘qlamani boshlaydi. Uch-to‘rtta guruh yig‘ilgan dars bo‘lsa, kamida yigirma daqiqa davomatni belgilashga ketadi, deyavering. Endi mavzuni tushuntira boshladim, deganida, “Bugun kim yo‘q?”, deb dekanat vakili eshik qoqadi. O‘qituvchi mavzuni to‘liq tushuntirib ulgurmasidan qo‘ng‘iroq chalinadi! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqdash to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan maqsad va rejalar orqali oliy ta’lim tizimidagi ko‘pgina muammolar o‘z yechimini topishi kutilmoqda. Shulardan biri, talabalar davomatini nazorat qilishning elektron tizimi — FingerPrint texnologiyasi orqali endi o‘qituvchi va talabalarning vaqti ancha tejaladigan bo‘ldi.

FingerPrint — yangi texnologiya

2018-yil oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “SMART universitet” elementlarini joriy etishga qaratilgan loyiha amalga oshirila boshlangan edi. O‘tgan davr mobaynida universitetda ta’lim jarayoniga SMART elementlarini joriy qilish bo‘yicha qator ishlar qilindi.

— “E-universitet” axborot tizimi­ning 15 komponentdan iborat tarkibiy tuzilmasi ishlab chiqilib, bugungi kunda ­uning boshlang‘ich 8 komponenti dasturiy platforma ko‘rinishida ta’lim jarayoniga joriy etildi, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Dilshod Ergashev.

Biz so‘z yuritayotgan FingerPrint texnologiyasi “E-universitet” axborot tizimining komponentlaridan biridir. Bunda o‘qituvchi va talabalar darsga kirishdan oldin maxsus qurilmaga barmog‘ini bosadi. Qurilma barmoq izla­ri­ni skanerlash asosida talabalar davomatini aniqlaydi va markaziy serverda qayd etib boradi. Bu qurilma yordamida mashg‘ulotlarda qatnashmayotgan, semestr davomida ko‘p dars qoldirgan talabalar to‘g‘risidagi hisobot guruh, fakultet kesimida shakllantiriladi.

— Ushbu yo‘nalishda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Daniya va Rossiya kabi davlatlarning tajribasi o‘rganildi, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining AKT boshqarmasi boshlig‘i Alisher Abdullayev. — Axborotlashti­rishning asosiy maqsadi, birinchi navbatda, ta’lim sifatini oshirishga, keyingi o‘rinda jarayonlarni avtomatlashtirish orqali oliy ta’lim muassasasi xodimlari va professor-o‘qituvchilari faoliyatida ko‘p takrorlanadigan vazifalar uchun sarflanadigan vaqtni tejashga qaratilgan. “E-universitet” platformasidan foydalanish va ma’lumotlarni saqlash uchun oliy ta’lim muassasasida zamonaviy IT-infratuzilma tashkil etish hamda har bir audi­toriyani zamonaviy IT-vositalar bilan jihozlash talab etiladi...

“E-universitet” vazifalari

“E-universitet”ning asosiy vazifalari quyidagilar:

— oliy ta’lim muassasasi tashkiliy tuzilmasi doirasida talabalar, xodimlar va o‘qituvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini saqlash hamda muassasa kontingenti haqidagi axborotlarni ro‘yxatga olish;

— shaxsiy, guruh va kompleks o‘quv rejalarini shakllantirish, o‘qituvchilar­ning o‘quv yuklamalarini rejalashtirish va yuritish, auditoriya fondlarining bandli­gini rejalashtirish va nazorat qilish;

— oraliq va yakuniy baholash jara­yonlarini tashkil etish;

— talabalarning o‘quv va ilmiy faoliyatini nazorat qilish, o‘quv jarayonida ularning tayyorgarligini nazorat qilib borish va ilmiy loyihalarga jalb etish, talabalarning muassasa bilan moliyaviy aloqalarini nazorat qilish, o‘qishdan tashqari tadbirlarga jalb etish;

— bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va bandlik monitoringini yuritish;

— har xil tur(toifa)dagi tahliliy ma’lumotlarni yaratish va zarur hisobotlarni shakllantirish.

Platformaning asosiy foydalanuvchilari esa ma’muriyat, o‘qituvchilar va xo­dimlar, talabalar va ularning ota-onalari­dir. Quyidagi rasmda “E-universitet”ning asosiy komponentlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin (1-rasm). Rasmda ko‘rib turganingizdek, platforma quyidagi asosiy axborot tizimlarini o‘z ichiga oladi:

“Ma’muriy boshqaruv” axborot tizimi (MBAT).

“O‘quv jarayoni” axborot tizimi (O‘JAT).

“Ilmiy faoliyat” axborot tizimi (IFAT).

“Moliyaviy boshqaruv va statistika” axborot tizimi (MBSAT).

“E-minbar”da kim minbarga chiqadi?

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot ins­titutida joriy etilgan axborot tizimlari tajriba sifatida o‘rganilib, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Smart-auditoriya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. U o‘zida FingerPrint, Smart-minbar, multimedia proyektori kabi zamonaviy axborot texnologiyalarini jamlagan tizim bo‘lib, unda ta’lim bilan bog‘liq barcha jarayonni onlayn boshqarish imkoniyati mavjud. “E-minbar” dars metariallarini mavzu bayonidan chalg‘imasdan turib tushun­tirishda qo‘l keladigan yangi texnologiyadir. Talaba uchun kerakli material va uskunalar bilan jihozlangan. Darsni bir vaqtda vebinar ko‘rinishda olib borishga mo‘ljallangan konferens-aloqa platformasi turli sabablarga ko‘ra darsda qatnasholmayotgan talabalarga mashg‘ulotni onlayn kuzatish imkoniyatini yaratadi.

Smart-minbar dasturiy platformasi esa professor-o‘qituvchiga o‘zining virtual kabinetidagi ishni tashkil qilish, joriy sana uchun dars jadvali, taqvim-mavzuli (kalendar-tematik) reja, yangi mavzu va darsga oid boshqa ma’lumotlar bilan ta­nishish, mashg‘ulot davomida talabalarga yanada ko‘proq ma’lumot berishda qulay vosita hisoblanadi. Bunda pedagog o‘z kabinetidan mavzuga oid test savollarini ekranga chiqaradi. Talabalar esa planshet yordamida unga javob berishadi.

Blended learning — aralash ta’limda talabalarga universitetlarning elektron ta’lim tizimidan va o‘quv-uslubiy maj­mualardan foydalanishga to‘liq ruxsat beriladi. Bu tizimda onlayn kutub­xona va manbalar mavjud bo‘ladi. Bunda talabalarning bir qismi nazorat ishlarini onlayn tizimda topshiradi. Shuningdek, tizimda guruhli muloqotlar uyushtiriladi va turli loyihalar amalga oshiriladi.

Qog‘ozdan butunlay voz kechiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirli­gining AKT boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “E-universitet” yagona platformasi kelajakda katta natijalarni beradi. Xususan:

— oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonini boshqarish butunlay qaytadan tashkil qilinishi, faoliyatning barcha sohalarida axborot texnologiyalarini joriy etgan holda asosiy jarayonlarni amalga oshirish sifati obyektiv baholanadi;

— real vaqtda tezkor va mukammal ma’lumotlar olishni tashkil qilish va ularni qayta ishlash uchun axborot tizimlarini o‘rnatish hamda boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayoni optimallashadi;

— ta’lim xizmatlarini tashkil etish uchun hujjat aylanish tizimi va boshqaruv funksiyalari unifikatsiya qilinadi;

— turli hisobotlar va ma’lumotlarni belgilangan shakllar bo‘yicha tayyorlashda qog‘oz ko‘rinishidan butunlay voz kechiladi;

— ta’lim jarayonining har bir bosqichini tezkor va batafsil nazorat qilish hisobiga ta’lim sifati oshadi;

— oliy ta’lim muassasalari faoliyatining muhim jarayonlari avtomatlashtiriladi;

— o‘quv jarayonini tashkil etishda axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ta’lim xizmatlari ko‘rsatishning yangi sifatiga erishiladi;

— har bir talabaning o‘quv grafigini bajarishi monitoring qilinib, baholar va imtihon natijalari ustidan nazorat o‘rnatiladi;

— ma’lumotlar bazalari asosida shakllangan tahliliy ma’lumotlar orqali rivojlanish tendensiyalarini o‘z vaqtida aniqlash va ular asosida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishga shart-sha­roitlar yaratiladi;

— oliy ta’lim muassasalari faoliyatining moliyaviy hisobi axborot tizimlari bilan mukammal integratsiya qilingan holda tashkil etiladi.

Xulosa

Yoshlar zamonaviy texnika vositalarini katta avlod vakillaridan ko‘ra tezroq o‘zlashtirishadi. Bu — inkor qilib bo‘lmaydigan fakt. Ammo texnikalardan foydalanish madaniyati-chi? Bizningcha, bu asosiy masalalardan biri. Hukumat ta’lim sifatini oshirish uchun shuncha imkoniyatlar yaratsa-yu, biz ulardan oqilona foydalana olmasak, shuncha hara­kat va xarajat havoga uchadi. Aziz talabalar, yo‘lga qo‘yilayotgan za­monaviy ta’lim vositalari orqali vaqtingiz tejaladi, ilm olishingiz osonlashadi. Ular­ni o‘rinli va maqsadli ishlating. Boshqa texnika vositalari kabi bular ham xo‘jako‘rsinga xizmat qilib qolmasin...
Download 387.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling