Axborot va murabbiylik soati


Buyuk davlat arbobi, sohibqiron


Download 29.12 Kb.
bet3/4
Sana19.04.2023
Hajmi29.12 Kb.
#1366898
1   2   3   4
Bog'liq
29 xafta (3)

Buyuk davlat arbobi, sohibqiron
Amir Temur hayot yoʻli (1336-1405)

Amir Temur — 1336-yil 7-aprelda Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilgʻor qishlogʻi (hozirgi Yakkabogʻ tumani)da tugʻiladi. Uning toʻliq ismi Amir Temur ibn Amir Taragʻay ibn Amir Barqul.


Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Taragʻay esa barlos urugʻining oqsoqollaridan hamda Chigʻatoy ulusining eʼtiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi Amir Taragʻay ham yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u Sharafiddin Ali Yazdiyning taʼkidlashiga koʻra, “ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...”. Taragʻaybek piri Shamsiddin Kulolga ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri boʻlgan.
Amir Temurning yoshligi Keshda oʻtdi. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. U tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va b.) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar boʻlishib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilganlar.
Amir Temur oʻzining ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aql-u zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi Amir Taragʻay Amir Temurni avval 1355-yilda amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar.
XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan nihoyatda ogʻir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni taqozo qilmoqda edi. Amir Husayndan koʻra Amir Temur zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham oʻz faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo ichki gʻanimlaridan boshlaydi.
1370-yil bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi yoʻlga chiqadi. Qoʻshin Termiz yaqinidagi Biyo qishlogʻiga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta
nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzeyida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning xohish va ixtiyori bilan, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng, 1370-yilning 10-aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur “koʻragon”, yaʼni “xonning kuyovi” unvonini oldi.
1370-yilning 11-aprelida Balxda Chigʻatoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorugʻalari hamda Termizning sayyidlari, shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga boʻlgan quroldosh doʻstlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida oʻtkazilgan qurultoyda anʼanaga koʻra chingiziylardan Suyurgʻatmishxon mamlakat hukmdori deb eʼlon qilingan boʻlsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur oʻzi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni oʻgʻillari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, oʻsha yilning yozida shahar devori va qalʼasi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.
Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeyini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1370-yil iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.
El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U “amir” va “amir ul-umaro” kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi.
Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng avvalo soliq tizimini tartibga soldi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, va soliq yigʻuvchilarni raiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raiyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-tarojlardan saqlagan.
Amir Temur Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qadimiy mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat hokimlari Amir Temur hokimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shimoliy hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram shaharlariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talon-taroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi.
Amudaryo bilan Sirdaryo oraligʻi, shuningdek, Fargʻona va Shosh viloyatlarini birlashtirib oʻziga boʻysundirgandan keyin Amir Temur boshqa mamlakatlarga harbiy yurishlarga kirishdi.
Amir Temur saltanati Oʻrta Osiyoda 35 yil (1370-1405) hukm surdi. U Markaziy Osiyo hududlarini yagona markazlashgan davlatga birlashtirdi, Hind va Gangadan to Sirdaryo va Zarafshongacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan imperiya barpo etdi.
Amir Temur harbiy yurishlarining bilvosita oqibatlari ulkan ahamiyatga ega: u Xitoyda Min sulolasi davlat boshiga kelganda moʻgʻullarning Xitoyga solayotgan xavfining oldini oldi; Oltin Oʻrdani yengib Moskva Rusi uchun ham xuddi shunday yordam koʻrsatdi. 1402-yilda usmonlilar sultoni Boyazid ustidan Yevropa uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan gʻalabani qozonib, usmonlilarning Konstantinopolni istilo etishlarini yarim asrga surib yubordi. Fransuz tarixchisi R.Grusse XX asr boshlarida “Amir Temurning Boyazid ustidan gʻalabasi xristian olamini asrab qoldi”, deb yozgan edi.
Tarix Amir Temurni makedoniyalik Iskandar, Doro 1, Yuliy Sezar kabi yirik sarkardalar bilan bir qatorga qoʻyadi. Amir Temur mingta jang oʻtkazib birontasida ham yengilmagan mashhuri zamon sarkarda sifatida, davlat tuzilishi ishlariga, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan siyosiy arbob sifatida tarixga kirdi.
Sharqqa qilgan yurishi paytida Amir Temur 1405-yil 18-fevral kuni Oʻtror shahrida vafot etdi. Uning jasadi Samarqandga olib kelinib, 23-fevral kuni Goʻri Amirda, nabirasi Muhammad Sulton daxmasida dafn qilindi.

Download 29.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling