Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida
Download 1.55 Mb.
|
Falsafa (AXMЕDOVA M.A.). doc
- Bu sahifa navigatsiya:
- Shaxs va jamiyat
- JAMIYaT FALSAFASI 1-bob. TABIAT VA JAMIYaT 1-§. Tabiat va uning jamiyat taraqqiyotidagi roli
- 2-§. Tabiiylik va ijtimoiylik Insonni o‘rab turgan borliqni shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin. Ulardan biri («Birinchi tabiat»
- . Noosfera konsepsiyasi
- JAMIYaT FALSAFIY TAHLIL OBeKTI SIFATIDA 1-§. Ijtimoiy bilishning o‘ziga xosligi
Shaxs Shaxs tushunchasi falsafada va umuman insonni o‘rganuvchi fanlar majmuasida eng murakkab tushunchadir. Inson shaxsi rivojlanishining eng muhim biologik omili inson miyasidir. Ammo shaxs mohiyati - bu ijtimoiy xususiyatga molik hodisa. Miya esa moddiy organ bo‘lib, u orqali shaxs o‘z-o‘zini namoyon etadi. Inson mazkur sotsiumga xos bo‘lgan me'yorlar, bilimlar, qadriyatlarning muayyan tizimini o‘zlashtiradi. Muayyan jamiyatning real shart-sharoitlari shaxsning ijtimoiy mohiyatini belgilaydi. Shaxsning shakllanishi jarayoni sotsializatsiya deb ataladi. Falsafada shaxs muammosi - bu eng avvalo insonning mohiyati, uning dunyodagi, tarixdagi va jamiyatdagi o‘rni muammosidir. Muayyan ijtimoiy munosabatlar muayyan tarixiy tipdagi shaxsning shakllanish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Antik davr odami uchun eng asosiy deb yaxshi firklar, intilishlar, istaklar hisoblangan va ular ijtimoiy amaliyotda qanchalik ro‘yobga chiqishiga umuman olganda katta ahamiyat berilmagan: «Insonni faqat uning ishlariga qarab emas, intilishlariga qarab ham baholash lozim» (Demokrit), «Inson qanday fikrlasa, u hayotda shundaydir» (Sitseron), «Bizning hayotimiz biz u haqda nima o‘ylasak ana shudir» (Mark Avreliy), «Axloqiy fazilatlar niyatlar bilan bog‘liqlikda ko‘zga tashlanadi» (Arastu). Antik davr mutafakkirlari nazarida chinakam shaxs deb shunday odamni aytish mumkinki, birinchidan, u axloqli, ikkinchidan, aql-idrok egasi, uchinchidan, boshqalar bilan muloqotga kirishadigan, to‘rtinchidan siyosiy va davlat mavjudotidir. O‘rta asrlar bizga shaxsning boshqacha tipini ko‘rsatadi. Mazkur davr uchun jamiyatning tabaqalanganligi, kastalarga bo‘linishi va qat'iy korporativlik xosdir. Shu sabali muayyan tabaqaga, kastaga, sexga, gildiyaga mansublik, uning qonunlariga, odatlariga, an'analariga bo‘ysunish shaxsning individual sifatlarining namoyon bo‘lishidan ko‘ra muhimroq va kuchliroq edi. Faqat yangi davrga kelib ayrim olingan inson shaxsining qimmati, avtonomligi, o‘ziga xosligi qaror topadi. Bu ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy fikr uchun xosdir. Ijtimoiy faollik, tadbirkorlik, ongli va foydali faoliyat, mustaqillik, individualizm, shaxsiy mas'uliyat, o‘z qadr-qimmatini bilish tuyg‘usi - mana bular shaxsning g‘arb, yevropa-amerika konsepsiyalari yuksak qadrlanadigan sifatlari hisoblanadi. Shaxsning sharq modeli esa boshqachadir. Shaxsning sharqqa xos modelining bir nechta modifikatsiyalarini ajratib ko‘rsatish mumkin (islom, budda, konfutsiy va hokazo). Shunday bo‘lsa-da, ular o‘rtasida ularni shaxsning g‘arb modelidan ajratib turuvchi muayyan mushtarakliklar mavjud. Shaxsning sharq tipiga xos asosiy xususiyatlar quyidagilardir: mas'uliyat va majburiyatlarning inson huquqlari oldida ustuvorligi, xulq-atvordagi traditsionalizm, hulq-atvorning, jamoaviy modellarining individual me'yorlardan ustunligi, sotsiumga ko‘proq qaramlik, ijtimoiy muhit bilan aloqaning ko‘pligi. Shuni esda tutish lozimki, shaxs tipi ijtimoiy munosabatlarning real tizimining in'ikosidir. Shaxsning shakllanishi va rivojlanishining muhim omili sifatida uning ijtimoiy faoliyati, sotsium hayotida muayyan rolni bajarishi namoyon bo‘ladi. Individ shaxs sifatida faqat turli tuman ijtimoiy munosabatlardagina o‘z-o‘zini namoyon etishi mumkin. O‘z vaqtida Arastu «insonning vazifasi uning ongli faoliyatidan iborat» deb hisoblagan edi. A.Jomiy «Qo‘llaring baquvvat ekan, mavjud ekan kundalik mehnatga ko‘ngil qo‘y» deya da'vat etgan bo‘lsa, Ibn Sino «Bekorchilik va ishyoqmaslik faqat nodonlikka sabab bo‘libgina qolmay, ayni paytda kasalliklarga ham sabab bo‘ladi» deb ogohlantirgan edi. Shaxs - bu muayyan ijtimoiylashuv jarayonining natijasigina emas, bu uzluksiz o‘sib boruvchi jarayon. Agar doimiy rivojlanish, kamolotga intilish, olg‘a harakat bo‘lmasa, u holda shaxs buzilishi, degradatsiyaga duchor bo‘lishi mumkin. Shaxs va jamiyat Faollik va doimiy kamolotga intilish bilan bir qatorda shaxsning muhim xususiyatlaridan biri uning erkinligidir. Erkinlikning yo‘qligi turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin: qullik, krepostnoylik, qamoq, ma'naviy qullik va hokazo. Erkinlikning yo‘qligi shaxsiy mas'uliyatning yo‘qligini anglatadiki, u siz shaxs haqida so‘z ham yuritish mumkin emas. Bunda shuni esda tutish kerakki, erkinlik bu anarxiya emas, zero «jamiyatda yashab undan ozod bo‘lish mumkin emas». Erkinlik va mas'uliyat ikkita o‘zaro dialektik bog‘langan qarama-qarshilikni tashkil etadi. Inson o‘zining ijtimoiy majburiyatlarini, jamiyat oldidagi burchini, o‘z mas'uliyatini tabiiy bir hol, o‘z erkinligi va ijtimoiy faolligining uzviy bir qismi sifatida qabul qilgandagina chinakam shaxsga aylanadi. Insonning hayotiy faolligi uning shaxsining shakllanishining asosiy omili sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur jarayon davomida faqat tabiiy va ijtimoiy dunyoga moslashish yuz berib qolmasdan balki inson uni o‘z xohishiga mos ravishda o‘zgartiradi. Bunda chinakam insoniy, shaxsiy, ijtimoiy taqozo etilgan olam shakllantiriladi. Jamiyatning o‘zi, uning tizimi va tuzilishi, undagi munosabatlarni tashkil etuvchi unsurlar - bularning hammasi shaxsning bunyodkorlik faoliyatining, uning dunyoni o‘zgartiruvchi ijodiy faoliyatining natijasi. Ushbu o‘zgarish jarayoni cheksizdir, chunki faoliyat, faollik inson shaxsining mohiyatini tashkil etuvchi kuchlarning namoyon bo‘lishi, ochilishi va rivojlanishi demakdir. Dunyoni o‘zgartirar ekan, faol shaxs ayni paytda o‘z qobiliyatlari, mahorati, ko‘nikma va bilimlarini uzluksiz ravishda takomillashtirib borgan holda o‘z-o‘zini yaratadi. Faol hayoti va ishi davomida shaxs doimiy ravishda sotsium ichidagi o‘z aloqalarini kengaytiradi. Bunda insoniy ehtiyojlar doirasi kengayib boradi va shu bilan bir paytda mazkur ehtiyojlarni qondirish vositalarining sifat va son jihatdan o‘sishi yuz beradi. Individ ijtimoiy fazilatlar va sifatlar majmuasini kasb etish butun insoniy sivilizatsiya, jamiyatning butun tarixi tomonidan to‘plangan tajribani uzluksiz va har tomonlama o‘zlashtirish orqali shaxsga aylanadi. Shaxsning jamiyatdagi o‘rni va rolini Kantning quyidagi so‘zlari bilan tavsiflash mumkin: «Inson faqat vosita sifatida emas, balki maqsad sifatida ham o‘z-o‘zicha mavjud bo‘ladi..., o‘zining barcha xatti-harakatlarida u maqsad sifatida ham qaralishi zarur».343 Inson shaxsi – sotsium markazi. Jamiyatning rivojlanish tarixi shaxsning, ayrim olingan insonning o‘rni va ahamiyatining oshib borishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Agar biz «tabiat tushunchasini» tor ma'noda, ya'ni borliq, butun dunyo ma'nosida emas balki inson va jamiyatni o‘rab turgan tabiiy geografik hodisa sifatida talqin qilsak unda bu tushuncha butunlay boshqa ma'no kasb etadi. Bu holda tabiat deganda inson yashashi uchun yaratilgan jamiyatdan tashqari mavjud butun moddiy dunyo tushuniladi344. Bu tabiiy sharoitlar o‘ziga quyidagi komponentlarni oladi: 1) iqlim; 2) joyning tuzilishi; 3) yerning hosildorlik darajasi; 4) o‘simlik va hayvonlar; 5) foydali qazilmalar va boshqa xom ashyo manbalarining mavjudligi; 6) suv resurslari va boshqalar. Ijtimoiy taraqqiyotda jamiyatni o‘rab turgan tabiiy borliqning ahamiyati va mohiyatining muhimligi faylasuflar tomonidan allaqachon isbotlab berilgan. Jamiyat hayotida tabiatning roli haqida Lao-szы, Konfutsiy, Demokrit, Gippokrat, Platon, Aristotel, Farabi, Ibn Sina, Ibn Xaldun, Jan Boden va boshqa faylasuflar juda ko‘p gapirganlar va yozganlar. Lao-szы yozgan edi: «Inson uchun namuna – yerdir. yer uchun namuna – osmondir. Osmon uchun namuna – yo‘ldir (Dao)». Yo‘l uchun (Dao) namuna o‘z-o‘zidan ro‘y beruvchi tabiiylik»345 Jan Boden ta'kidlashicha, xususan, jamiyat inson xohishidan tashqarida tabiiy ravishda tabiat qonunlariga bo‘ysungan holda shakllanadi va rivojlanadi. Geografik diterminizmning nazariy asosi va bunyodga kelishi fransuz faylasufi Sharl Monteskyo (1689-1755) nomi bilan bog‘liq. U shunday deb yozgan edi: «iqlim xukumronligi barcha hukmronlikdan ustundir», «issiq iqlim xalqlari qariyalardek sust, sovuq xalqlari esa yoshlardek harakatchandir»346 va hokazo. Biroq u vaqt o‘tishi bilan ijtimoiy faktrlarning ham ta'siri kuchayishini ham inkor etmagan: «yovvoyilarni deyarli har doim tabiat va iqlim boshqaradi», lekin «odamlar mehnat va foydali qonunlar yordamida yerni yashash uchun yana ham yashash uchun qulay qilib olganlar»347. Geografik diterminizm K. Ritter i F. Ratsel, G. T.Bokl, E. Reklyu, L.m. Mechnikov va boshqa nemis tadiqotchilari izlanishlarida yanada rivojlantirildi. Masalan, T.G.Bokl (1821-1862) ning takidlashicha agar biz qaysi bir fizik detallar insoniyatga eng kuchli ta'sir ko‘rsatishini aniqlamoqchi bo‘lsak, ularni biz quyidagi to‘rt guruhga ajratishimiz qiyin emas, ya'ni: iqlim, ovqat, yer va tabiatning umumiy ko‘rinishlari348. L.Mechnikov o‘zining «Sivizilitsiyasi va buyuk tarixiy daryolar» nomli mashhur kitobida insoniyat tarixini uch turdagi sivilizatsiyaning almashinuvining natijasi deb isbotlagan: 1) daryolar sivilizatsiyasi ( Nil, Gang, Ind, Yanszы, Xuanxe, Tigr, yevfrat kabi daryo, basseynlarining shakllanishi bilan bog‘liq); 2) dengiz (avvalambor - O‘rta yer dengizi) sivilizatsiyasi; 3) okeanlar (global) sivilizatsiyasi. Fridrix Ratsel (1844-1904) «geopolitika» nomli nazariyaning asoschisidir. Uning mohiyati shundan iboratki, davlatlar «hayotiy borlig‘ini» kengaytirish uchun kurashuvchi tirik biologik organizmlar sifatida talqin etiladi. F. Ratselning fikrini K. Xausxofer va E.Obst (Germaniya), R. Chellen (Shvetsiya), X. Makkinder (Velikobritaniya), A. Mexen (AQSh) va boshqa tadqiqotchilar qo‘llab-quvatlaganlar va rivojlantirganlar. Geopolitika nazariyasi fashizm mafkurasi bo‘lganligi yana bir bor turli nazariyalarning yaratalishida intellektual o‘yinlarining xavfli ekanligini isbotlaydi. Bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil etmagan nazariyotchilar determilizm geopolitikani ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri targ‘ib qilmoqdalar. Lekin bu zamonaviy ijtimoiy falsafa jamiyat taraqqiyotida tabiatning rolini butunlay xas-po‘shlaydi degani emas. Unga faqat o‘ziga loyiq darajada o‘rin beriladi. 2-§. Tabiiylik va ijtimoiylik Insonni o‘rab turgan borliqni shartli ravishda ikki qismga ajratish mumkin. Ulardan biri («Birinchi tabiat») - o‘rab turgan tabiiy borliq. U o‘ziga biosfera (o‘simlik va hayvonlar), gidrosfera, atmosferaning pastki qatlami, litosferaning yuqori qatlami, ya'ni «geografik muhit»ga nisbatan tabiatning kattaroq qismini o‘z ichiga oladi. Geografik muhit deganda-tor ma'noda o‘ziga tabiatning jamiyat hayotiga, avvalam bor, ishlab chiqarish jarayoni amalga oshadigan qismini o‘zida mujassamlashtirgan muxit tushuniladi. O‘rab turgan muhitni kengroq ma'noda tushuntirish uchun xilma-xil tushunchalar taklif etilgan va etilmoqda: «biogeosfera», «geobiosfera», «vitasfera» (lotin tilida «vita» - hayot), «ekosfera», «landshaftnaya sfera» va boshqalar. Biz inson xohishi va ongiga bog‘liq bo‘lmagan obektiv ravishda mavjud bo‘ladigan va unga nisbatan birlamchi deb hisoblangan «birinchi tabiat» tushunchasini qo‘llaymiz. Shunga ko‘ra, «ikkinchi tabiat»ni yaratuvchi-inson o‘z qo‘li bilan yaratgan sun'iy muhit tashkil qiladi. «Ikkinchi tabiat» inson yaratgan barcha narsani o‘z ichiga oladi: mehnat qurollari, maishiy buyumlar, qurilishlar, sa'nat asarlari. So‘zsiz, «ikkinchi tabiat» «birinchi tabiat» bilan uzviy bog‘langan: insonnning mehnat jarayonida tabiiy boyliklar va ashyolar zarur narsalarga aylantiriladi, hayvonlar uy hayvoniga, o‘simliklar esa madaniy boylikka aylantiriladi va boshqalar. Inson o‘zining faol hayotiy jarayonida «ikkinchi tabiat»ni, ya'ni su'niy muxitning xajmini ko‘paytira boradi, bu esa xar doim xam «birinchi tabiat»ga, insonga va jamiyatga foydali bo‘lavermaydi. Sitseron o‘z vaqtida aytgan edi: «Tabiatning yaratuvchanligi san'at yaratuvchanligidan oliyroqdir». Inson tabiatni ibodat maskani deb emas balki omborxona deb qarab uning ichki turg‘unligini buzadi. Insoniyatga 370 ming xil o‘simlik turi ma'lum, undan 80 ming xilini iste'mol qilish mumkin, o‘zlashtirilgani esa 3 ming (1% dan kam), bulardan esa juda ko‘p qismi unchalik keng tarqalmagan. O‘simliklardan bor yo‘g‘i 12 turi (bug‘doy, guruch, makkajo‘xori va boshqalar)lar barcha xosilning 90%ini beradi. Xuddi shunday xolatni hayvonot olamida xam kuzatish mumkin. Bizga ma'lum 1mln. turdan 100 turigina (ya'ni 0,1%) uy hayvoniga aylantirilgan, ulardan faqat 10 turdagi hayvon esa (sigir, qo‘y, tovuq va boshqalar) maxsulot beradi. yer yuzida hayot degan fenomen paydo bo‘lgunga qadar rivojlanish hayot bilan bog‘liq bo‘lmagan abiotik faktorlar ta'siri ostidagina amalga oshgan: suvlar, gazlar (kislorod, azot va boshqalar), uglerodlar, menerallar va hokazolarning aylanishi. Tirik mavjudotning paydo bo‘lishi bilan biotik faktorlari xam faoliyat ko‘rsata boshladi. Natijada, tabiat aniq ravishda ikki qismga tirik va notirik tabiatga ajradi. Materiya taraqqiyotining ma'lum bir bosqichi sifatida tirik mavjudot tabiiy sharoitlarning ma'lum bir qonuniy o‘zgarishi natijasida o‘z-o‘zidan bunyotga kelgan moddiy shakldir. Darvin fikriga ko‘ra tirik mavjudotning shunday xarakterli tomonlari belgilanadi: bo‘y, o‘z-o‘zida ko‘payish, o‘zgaruvchanlik, merosxo‘rlik, tabiiy tanlash va yashash uchun kurash349. Zamonaviy ilmiy bilish taraqqiyoti darajasi tirik mavjudotni barcha xususiyatlariga ko‘ra ikki muhim guruhga ajratishga imkon beradi: a) tirik mavjudotning tashqi dunyo narsalarini o‘z manfaatiga moslagan holda o‘zgartirib o‘zlashtishi; b) tirik mavjudotning turli xususiyat va sifatlarni o‘zlashtirish va mustaxkamlash qobiliyati350. Insonning paydo bo‘lishi tabiatga ta'sir ko‘rsatishning yangi antropogen faktorining shakllanishiga olib keldi.Inson va jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida ularning ahamiyati va roli bir xil bo‘lavermadi. Jumladan, «inson paydo bo‘lishining dastlabki davrlarida o‘zini boshqa tirik mavjudotlardan alohida ajratmas edi. U o‘zini barcha boshqa organik dunyo bilan genetik va uzviy bog‘liq deb bilar edi»351. Inson rivojlangan sari uning madaniyati ham murakkablashib, ishlab chiqarishi tezlashib, yashash faoliyati jarayoni «sun'iylashib» bordi. U tabiatdan, tabiiy muxitdan borgan sari uzoqlashib bordi. Lekin bu bugungi taraqqiyot davrida tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqasi va ta'siri o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotdi degani emas. Bugungi kunda bu aloqalar faqat boshqacha tus olgan: inson tabiiy faktorlarga butunlay bog‘liq emas, aksincha, cheklangan, himoyalanmagan tabiat aql va ongga nisbatan kuch va qudrati ancha takomillashgan insonga ko‘p jixatdan qaramdir. Ilmiy texnika inqilobi asrida sotsioantropogen faktorlarining, yadro inergiyasi, kosmos va kompyuterlashtirishning tabiiy muxitga ta'siri o‘z mashtabiga ko‘ra tabiatning o‘zining tabiiy faktorlarining ta'siri bilan solishtirish mumkin: jamiyat yaratgan «texnomassa» xajmini tabiat yaratadigan biomassa hajmi bilan qiyoslash mumkin. Bulardan tashqari, sun'iy radiatsiya, «azon teshiklari», ko‘pgina tabiiy elementlar sonining butunlay o‘zgarishi, tabiatda ma'lum bo‘lmagan yangi narsalarni sintez qilish va boshqalarni ko‘zda tutish kerak. Shunday qilib, tabiiy tarix (tabiat tarixi) borgan sari jamiyat va inson taraqqiyoti tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib ketmoqda.
Bashqa so‘z bilan aytganda, insoniyat evolyusiyasi ma'lum bir vaqtgacha biosfera doirasida amalga oshadi. Lerua biosfera va noosferalarni xitoy devori bilan bir-biridan ajratmaydi: «ko‘pchilik xollarda ular bir –biriga aralashib ketadi, ikkinchisi birinchisining qayta yaralganidir»353. Lekin sekin-asta shunday xolat vujudga keladiki, insonning to‘xtovsiz o‘zgaruvchi rivojlanuvchi ongi chegarali va cheklangan biosferaga sig‘may qoladi. U «insoniy, tafakkur qiluvchi, o‘z mohiyatiga ko‘ra fikr» ning yangi bir holatini noosferani vujudga keltiradi354. Teyyar de Sharden noosfera ta'limotini yanada rivojlantirdi. Uni aytishicha taraqqiyot biosfera doirasi bilangina chegaralanmaydi. Sharden postulatlaridan biri shuki, dunyoda hamma narsa uzluksiz ravishda murakkablashadi va rivojlanadi. U dunyoning uzluksiz taraqqiyotining to‘rt bosqichini ishlab chiqdi: a) hayotdan avval; b) hayot; v) fikr; g) hayotdan oliylik355. «Fikr» stadiyasi inson paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi, u psixik va ruxiy energiyani quyuqlashtiradi, jamlaydi va noosferani yaratadi. Sharden konsepsiyasining hususiyati shundan iboratki, u ilmiy tafakkurni diniy e'tiqod bilan sintez qilishga harakat qilgan. Aynan shundan kelib chiqqan xolda to‘rtinchi stadiya («hayotdan oliylik») kelib chiqqan, unda inson ongidan oliyroq substansiya, ya'ni xudo tushunilgan. Yaratuvchi deb «Omega nuqtasi» - Xegelning absolyut haqiqat haqidagi g‘oyasiga yaqin bo‘lgan tushuncha e'lon qilinadi. Sharden fikricha, barcha narsalar shunchaki taraqqiy etmaydi, balki teleologik, ya'ni ma'lum bir maqsad, ideal tomon intilish orqali rivojlanadi. Shunday qilib, noosferaning teyyarcha konsepsiyasini to‘liq ravishda teleologik konsepsiya deyish mumkin. Noosfera ta'limoti rus faylasufi V.I.Vernadskiy (1863-1945) tadqiqotlarida yana ham rivojlantirildi va mukammallashtirildi. 1925 yilda (ya'ni E.Lerua va P.Teyyar de Shardenlarning tadqiqotlari nashr etilmasdan avval) «Insonning avtotrofligi» nomli maqolani e'lon qiladi. Vernadskiy konsepsiyasining asosiy g‘oyasi bisferada evolyusion taraqqiyotning mavjudligidir. Teyyar de Shardendan farqli ravishda Vernadskiy evolyusiya haqidagi g‘oyaning mifologik va diniy talqiniga bo‘lgan har qanday harakatlarni qat'iy ravishda inkor etadi. U bunda asosli ravishda tabiiy fanlar: fizika, ximiya, biologiya, Geologiya va boshqalarda mavdjud empirik ma'lumotlarga tayanadi. Vernadskiy uchun noosfera - bu faqat inson ongi, inson tafakkurigagina bog‘liq bo‘lmasdan, tabiiy jarayonlarning hayotda o‘z-o‘zidan va aniq ravishda ro‘y berishi bilan bog‘liqdir356, «bizning planetamizdagi yangi geologik hodisadir»357. Noosfera konsepsiyasi taraqqiyotining muhim ilmiy-falsafiy natijasi sifatida tabiat va jamiyatning ko-evolyusiya (hamkorlikda, paralel, o‘zarobog‘liqlikda rivojlanish) nazariyasining shakllanganini eslab o‘tish mumkin. Bu ikki yirik tizimning bir-biriga qarshi turishi va kurashi emas, balki ularning uzviy birligi insoniyatning keyingi taraqqiyotini ta'minlashi mumkin. 2 bob. JAMIYaT FALSAFIY TAHLIL OB'eKTI SIFATIDA 1-§. Ijtimoiy bilishning o‘ziga xosligi Sotsium murakkab, ko‘ptomonli, serqirra ob'ekt bo‘lgani uchun uni faqat birgina fanning predmeti sifatida ta'riflab bo‘lmaydi. Uning turli tomonlari turli fanlar yordamida o‘rganiladi. Shuning uchun ham ijtimoiy bilish to‘g‘risida so‘z yuritganimizda, uning jamiyat to‘g‘risidagi fanlarning majmui ekanligini hisobga olamiz. Bu majmuada ijtimoiy qonuniyatlar va institutlarni, ijtimoiy tuzilma va stratifikatsiyani, turli darajadagi ijtimoiy tizimlarning ijtimoiy aloqalari va o‘zaro munosabatlarini o‘rganuvchi sotsiologiya muhim o‘rin egallaydi. Eng zamonaviy ta'rif quyidagicha ifodalanadi: «sotsiologiya – jamiyatning vujudga kelish, faoliyat ko‘rsatish va rivojlanishining umumiy va o‘ziga xos ijtimoiy xususiyatlari hamda qonuniyatlari, ularning rivojlanishi, odamlarning hatti-harakatlarida, o‘zaro munosabatlarida, odamlar jamoalarida va umuman jamiyatda amalga oshirilish yo‘llari, shakllari va usullari to‘g‘risidagi fandir»358. Ijtimoiy bilish majmuasidagi muhim fanlardan yana biri psixologiya bo‘lib, u insonning ichki dunyosini, ruhiyatning shakllanish va faoliyat ko‘rsatish qonuniyatlarini o‘rganadi. Sotsiologiya va psixologiya fanlarining to‘qnashish nuqtasida yangi ilmiy fan – ijtimoiy psixologiya vujudga kelib, uning predmeti ijtimoiy-psixologik hodisalar, ijtimoiy kayfiyat, sezgilar, odatlar, an'analar, xatti-harakat normalari va boshqalarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi hamda transformatsiyasining umumiy va o‘ziga xos qonuniyatlaridan iboratdir. Ijtimoiy bilishda tarix fani yana bir muhim o‘rinni egallab, u umumiy ijtimoiy qonuniyatlarni alohida olingan faktlar tahlili orqali o‘rganadi. Tarix fani «ijtimoiy rivojlanishning qonuniyatlarini aniqlab, tarixdagi qaytarilish lahzalarini o‘rganish bilan birga har bir tarixiy voqyeaning, har bir tarixiy shaxsning o‘ziga xosligi va noyobligini ko‘rsatib beradi»359. Tarix fani ijtimoiy bilishning qismi bo‘lish bilan birga, uning o‘zi majmuiy fan hisoblanib, uning tarkibiga arxeologiya, manbashunoslik, san'at tarixi va boshqalar kiradi. Bu majmuada etnologiya (etnografiya) alohida o‘rinni egallab, bu fan turli bosqichdagi etnik guruhlarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va ahamiyatini o‘rganadi. Etnologik bilish ko‘pmillatli, polietnik sotsiumlarda yuz beradigan jarayonlarni tahlil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy bilish yuqorida ko‘rsatilgan fanlardan tashqari siyosatshunoslik (siyosiy institutlar va jarayonlar), etika (jamiyatning ahloqiy rivojlanishi to‘g‘risidagi fan), iqtisodiy nazariya, kulturologiya(madaniyatshunoslik), pedogogika, huquqshunoslik, san'atshunoslik, dinshunoslik va boshqa shu kabi fanlarni ham o‘z ichiga oladi. Ijtimoiy bilish (jamiyat to‘g‘risidagi fan majmui)da ijtimoiy falsafa yoki jamiyat falsafasi alohida o‘rin egallaydi. Ijtimoiy falsafa jamiyatni birbutun tizim sifatida, ya'ni uni tashkil qiluvchi elementlarning oddiy mexanik yig‘indisiga bog‘lab bo‘lmaydigan, integral tuzilma (hosila) sifatida tadqiq etadi.. Jamiyat to‘g‘risidagi fanlarning ichida ijtimoiy falsafa jamiyatni umumiy tarzda olamning alohida bir qismi sifatida o‘rganadi. Shuning uchun ham jamiyat eng yuqori darajada umumiylashtirilgan tushunchalar – falsafiy kategoriyalar yordamida talqin etiladi. Ijtimoiy falsafa umumfalsafiy qonunlarni, ya'ni (tabiat, jamiyat va tafakkur qonunlarini) ijtimoiy hodisalar va jarayonlar tahliliga tatbiq etishdan iboratdir. Ijtimoiy falsafa jamiyat to‘g‘risidagi eng umumiy nazariy bilimlar tizimidan iborat. U, jamiyat nima, u qanday faoliyat ko‘rsatadi va rivojlanadi; bu rivojlanishda insonning roli qanday, degan masalalarni ko‘rib chiqadi. Ijtimoiy falsafaning jamiyat haqidagi fanlar majmuidagi roli va ahamiyati shundan iboratki, u ijtimoiy bilishni to‘laligicha rivojlantirish uchun nazariy va metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Ma'lumki, har qanday ilmiy qonun va kategoriyalarni o‘rganish uchun dastlab eng umumiy qonun va kategoriyalarni bilish kerak bo‘ladi. Ijtimoiy falsafa esa, aynan, shunday bilimlarni beradi, chunki uning qonun va kategoriyalari kerakli darajadagi umumiylik xususiyatiga egadirlar. Jamiyat to‘g‘risidagi aniq, maxsus fanlar (sotsiologiya, siyosatshunoslik, madaniyatshunoslik va b.) ijtimoiy hayotning turli tomonlari va qirralarini tahlil qilish bilan birga, ijtimoiy falsafaning tushunchalari va predmeti mazmunini boyitishga yordam beradi. Shu tariqa, agar ijtimoiy falsafa jamiyat to‘g‘risidagi boshqa fanlarga nazariy-metodologik asos bo‘lsa, ular esa, o‘z navbatida ijtimoiy-falsafiy umumlashmalar uchun empirik asos bo‘ladi. Sotsiologiya, ayniqsa, umumnazariy sotsiologiya nazariy-metodologik asoslariga ko‘ra ijtimoiy falsafaga ko‘proq yaqindir. Ularning yaqinligi shu darajada aniqki, faylasuflar ham, sotsiologlar ham bir-biri bilan bunday yaqin, o‘zaro mustahkam bog‘liq bo‘lgan fanlarning alohida-alohida, mustaqil ravishda mavjud bo‘lishi maqsadga muvofiqligiga shubha bildiradilar. Lekin, shuni ta'kidlash kerakki, sotsiologiya (hatto nazariy bo‘lsa ham) har doim ijtimoiy falsafaga qaraganda umumiylik darajasi kamroq bo‘lgan qonun va kategoriyalar bilan ish ko‘radi. Zero, shu narsa aniqki, ijtimoiy borliq va ijtimoiy ong munosabatlari, ijtimoiy rivojlanish manbalari, ijtimoiy bilishning xususiyati, sivilizatsiyaning global muammolari kabi falsafaning asosiy fundamental muammolari sotsiologik tahlildan chetda qoladi. Shuning uchun ham sotsiologiyani ijtimoiy falsafaga qo‘shib yuborish maqsadga muvofiq bo‘lmaganidek, ijtimoiy falsafani ham nazariy sotsiologiyaga tenglashtirish mumkin emas. Ijtimoiy falsafa bilan yaqindan bog‘liq va o‘zaro ta'sir qilib turuvchi fanlarning yana biri tarixdir. Ularning talaygina umumiy tomonlari bor. Birinchidan, ijtimoiy falsafa ham, tarix ham sotsiumni faqat birtomonlama o‘rganish bilan cheklanmasdan, uni birbutunicha, yaxlit holda kompleks o‘rganadilar. Ikkinchidan, unisi ham, bunisi ham ijtimoiy hayotning barcha shakllari va sohalarini o‘rganadilar. Uchinchidan, ikkala fan ham o‘z diqqat-e'tiborini avvalo tarixiy jarayonning sub'ektiv, ya'ni faoliyat tomoniga qaratadilar. To‘rtinchidan, tarix va falsafa bir-biriga singib ketadi. Chunki falsafaning muhim elementi sifatida falsafiy g‘oya va ta'limotlarning tarixi yotadi. Ayni paytda, falsafa tarixi tarix fanining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa bilan tarix o‘rtasidagi tafovut quyidagilardan iborat. Birinchisi, tipik, umumiy, muhim tomonlarni o‘rganadi. Faylasufni sotsium rivojlanishining eng umumiy qonunlari, bu rivojlanishning manbalari va harakatlantiruvchi kuchlari, tarixiy jarayonning umumiy mazmuni va asosiy bosqichlari qiziqtiradi. Boshqa ijtimoiy fanlarga (siyosatshunoslik, psixologiya, iqtisodiy nazariya, huquqshunoslik va b.) kelsak, ularning predmeti bilan ijtimoiy falsafa predmetining farqi aniq: ularning hammasi ham falsafiy umumiylik va universallikni da'vo qilmaydi, jamiyat hayotining faqatgina konkret, alohida jihatlarini, sohasini o‘rganadi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling