Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Jamiyat: turli talqinlar


Download 1.69 Mb.
bet25/38
Sana11.12.2020
Hajmi1.69 Mb.
#164968
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   38
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


2-§. Jamiyat: turli talqinlar
Jamiyat nimadan iborat degan masala ko‘p asrlardan beri faylasuflarni qiynab kelmoqda. Dastlab javob aniq ko‘rinib turgandek tuyuladi: jamiyat – bu odamlarning majmuasi. Biroq bu javob, olimlarni anchadan buyon qoniqtirmay qo‘ygan. Axir, uyni oladigan bo‘lsak, bu shunchaki g‘ishtlarning yig‘indisi emas-ku. Bunda nima hammadan muhimroq? Tarqoq elementlarni birbutun qilib birlashtiruvchi bog‘lanishlar va o‘zaro ta'sirlar muhimdir.

G.A.Sorokinning fikricha, «jamiyat mavjud bo‘lishi uchun hyech bo‘lmasa ikki kishi bo‘lishi va ular bir-birlari bilan o‘zaro ta'sir bog‘lanishida bog‘langan bo‘lishi kerak. Bu eng oddiy jamiyatning ko‘rinishidir...»360.

Shuni aniq aytish mumkinki, ijtimoiy aloqalarning mohiyatini aniqlash va tushuntirib berish – jamiyat falsafasining asosiy vazifasidir. Aflotunning fikricha, jamiyat odamlarning ehtiyojidan paydo bo‘ladi. Arastu uni «tabiatning hosilasi», o‘rta asr falsafasi – Alloh yaratgan degan fikrni olg‘a suradi. Forobiy jamiyatning paydo bo‘lishini teleologiya oldindan belgilangan maqsadga muvofiq nuqtai nazardan tushuntiradi – jamiyat odamlarning komillikka erishishi uchun zarur, deb hisoblaydi.

Yangi davrda «hammaning hammaga qarshi» urushining oldini olish maqsadida ijtimoiy shartnoma nazariyasi (T.Gobbs, J.Lokk,B.Spinoza, J.-J.Russo va b.) rivojlandi. Ularning fikricha, odamlar bitim tuzib, o‘zini-o‘zi saqlab qolish uchun qonunlarga bo‘ysuna boshladilar. Yangi davr mutafakkirlari kishilarning jamoa bo‘lib birlashishlarining asosi haqida so‘z yuritib, shunday variantlarni ilgari surdilarki, ular jamoa tasavvurlarining umumiyligi (E.Dyurkgeym), ijtimoiy ta'sirlar (Veber), me'yor va qadriyatlar umumiyligi (T.Parsons, R.Merton), ijtimoiy institutlar va tashkilotlar (T.Bottomor; S.Lipset) va boshqalardan iborat. Quyida biz jamiyatga oid turlicha talqinlar: diniy, idealistik, materialistik, talqinlarni ko‘rib chiqamiz



Har qanday diniy ta'limot jamiyat, uning paydo bo‘lishi, rivojlanishi, faoliyat ko‘rsatishi to‘g‘risidagi o‘z talqinini berishga harakat qiladi.

Buddaviylik ijtimoiy hayotning har qanday ko‘rinishlaridan voz kechishni, uzlatga chekinib, nirvanaga cho‘mishga (maxsus holatga kirishga) da'vat qiladi. Lekin bunday xulosa faqat budda matnlari tahlil etilganda chiqadi. Buddizm bilan yaqindan tanishish shuni ko‘rsatadiki, buddizm tarafdorlari uchun nirvanaga intilish «boylik, yuqori martaba va ijtimoiy kelishuv istagi bilan »361 muvaffaqiyatli tarzda uyg‘unlashib ketadi.

Konfutsiylik tarafdorlarining fikricha, yerdagi dunyo osmon obrazi va unga o‘xshatib yaratilgan bo‘lib, unga hyech qanday qo‘shimcha va o‘zgarishlar kiritilishi kerak emas. Ijtimoiy hayotning asosiy prinsiplari (Konfutsiy fikri bo‘yicha): a) davlat boshlig‘iga sodiqlik; b) yuqoridagilarga hurmat; v) burchga sodiqlik va boshqalar. Konfutsiylik, bir tomondan inson va jamiyatni turli to‘qnashuvlardan himoya qilishga, ikkinchi tomondan, insonni aniq, konkret ijtimoiy ideallarga erishishga yullovchi an'analar, urf-odatlarni saqlab qolishni tashviqot qiladi. Konfutsiylikning ijtimoiy rivojlanishdagi asosiy qoida (postulat)laridan biri – zo‘ravonlik qilmaslik bo‘lib, bunda qadimgi Xitoy madaniyatining va buddaviylikning mafkuraviy ta'siri ko‘rinib turadi.

Hinduviylik ijtimoiy tasavvurlarida o‘rnatilgan tartibning ierarxiyaga asoslanganligi va mustahkamligi g‘oyasi ustun turadi: jamiyatning hammasi kastalarga bo‘linganligi, ular o‘rtasidagi chegaralar qattiq saqlanishi darkor. Amalda bu narsa kastalar o‘rtasidagi ziddiyatlar va dushmanliklarga, «past» kastalarning kamsitilishiga, qadimiy ijtimoiy voqyeliklarning saqlanib qolishiga olib keladi. Hinduviylik ijtimoiy va shaxsiy hayot sohasidagi ta'qiqlar va cheklashlarning buzilishiga qarshi turadi. Uning uchun taraqqiyot g‘oyasi yotdir. Hindistonning ko‘pgina ko‘zga ko‘ringan mutafakkirlari (ayniqsa M. Gandi, R.Tagor) eng avvalo hinduviylikni uning inson va jamiyat to‘g‘risidagi tasavvurlarini isloh qilish maqsadida ko‘p kuch sarfladilar.

Iudaizmdagi ijtimoiy muammoning o‘ziga xosligi yahudiylarga ko‘p asrlar davomida boshqa sotsium jamoalaridan alohida ajratilgan holatda yashashga to‘g‘ri kelganligi bilan belgilanadi. Shuning uchun ham iudaizmning ijtimoiy muammosi oila va jamoa doirasi bilan chegaralangandir. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ko‘plab ijtimoiy qadriyatlar o‘zgarib ketadi. Masalan, kambag‘allarga yordam berish (filantropik) ahamiyatga ega bo‘lib, jamoaning gullab-yashnashi uchun xizmat qilish esa keng ijtimoiy faoliyat sifatida qo‘llab-quvvatlanadi. Iudeylar atrofdagi olamni, butun jamiyatni dushman deb qabul qilishdan voz kechishdi. «Yo bor urf-odatlar kuchiga qarshi turish va o‘zi uchun yangi, yanada kengroq dunyoni kashf qilish, yoki an'anaviy, traditsion haqiqat va odatlarga xavf soluvchi omil deb qaraladigan zamonaviy yangi g‘oyalarga qarshi turish kerak»362,- degan muammo yuzaga kelganda ko‘pchilik yahudiylar kelishish yo‘lini afzal ko‘ra boshladilar.

Zardushtiylik dinida jamiyatga oid qarashlar yetarli darajada qiziqarli ifodalangan. Taniqli olimlardan M.M. Xayrullaev va M.A.Usmonov ta'kidlashicha, «Zardushtiylik faqatgina din bo‘lmay, hukmron mafkuradir. Unda jamiyatning nafaqat ijtimoiy-siyosiy tuzumi, balki jamiyatning urf-odatlari va axloqi ham, xalq og‘zaki ijodi ham, adabiy ijodi ham»363 aks etgandir. Zardo‘sht ta'limoti markaziy osiyolik hukmronlarga davlat quroli bo‘lib xizmat qildiki, bunda nafaqat siyosiy-huquqiy tamoyillar, balki diniy-axloqiy tamoyillar va me'yorlar ham asosiy tartibga soluvchi vosita bo‘lishi kerak edi. Zardo‘shtiylikka asoslangan ideal jamiyat konfutsiylik buddaviylik, iudaizm, platonizm va boshqalarning belgilarini o‘z ichiga oldi»364.

Ijtimoiy muammolarga islomiy qarashlarda esa ilohiy ta'limotlarga asoslaniladi. Islomda taqdirga bo‘ysunish, sabr-toqatli bo‘lishga da'vat etildi. Islomning geografik jihatdan keng tarqalishi uning hududlarga xos bo‘lgan ko‘rinishlari paydo bo‘lishiga olib kelib, bu hududlarda ijtimoiy masalalar u yoki bu holatlarga bog‘liq holda talqin etildi. Islom faqat o‘ziga xos turmush tarzi, «inson borlig‘ining hamma tomonlariga chuqur ta'sir qiluvchi»365 din sifatida maydonga chiqadi. Islom ta'limotida musulmonning ijtimoiy va shaxsiy hayotining hamma tomonlari aniq ko‘rsatib berilgan. Shuning uchun ham an'anaviy islom bilan zamoniylashgan islom o‘rtasida ziddiyatlar mavjud. Bu muammolar hamma boshqa dinlarda ham mavjud bo‘lib, islomda esa, keskin tus olgan.



Xristianlikda ham ijtimoiy-falsafiy muammolarning rivojlanishi jiddiy tus olgan. Bunga Avliyo Avgustinning «Ilohiy shahar haqida» deb nomlangan asari sabab bo‘lib, unda u kishilik jamiyatining rivojlanishi to‘g‘risida o‘z konsepsiyasini shakllantirdi va rivojlantirdi. Bu asarda u gunohkorlikka, boylikka asoslangan jamiyatni diniy soflikka asoslangan jamiyatni qarama-qarshi qo‘yadi, xuddi shu jamiyatni «ilohiy shahar» - Boj'iy grad, deb ataydi. Tarixda xristianlikning katolitsizm, pravoslav, protestantizm kabi oqimlari mavjuddir. Ularning har biri o‘zining konfessional xususiyatlaridan tashqari, maxsus falsafiy tomonlariga ega bo‘lib, jamiyatning rivojlanishini turlicha ifoda etadi. Katolik dini o‘zini birqancha bosqichlarga ega bo‘lgan, jamiyatdan yuqori turuvchi, uni boshqaruvchi va o‘z huqmini hamma odamlarga o‘tkazuvchi tashkilot deb hisoblaydi.

Pravoslav dini esa, o‘zini odamlarning odatiy, maishiy ishlari bilan bog‘liq, deb hisoblaydi. Ularda hyech qachon yagona markazning bo‘lmaganligi ham shunga olib kelgan. Katoliklarga Rim va Papa ega bo‘lgan holda, barcha pravoslav cherkovlari mustaqil bo‘lganlar. Hatto, Konstantinopol patriarxi ham tenglarning ichida birinchilardan bo‘lgan.

Protestantizmga kelsak, u katoliklitsizmning hamma ishlarga haddan tashqari aralashuviga javob sifatida vujudga keldi. Protestantizm ko‘proq oddiy hayot tarzi bilan bog‘liq.

Hozirgi davrda ijtimoiy-falsafiy masalalar neotomizm ta'limotida o‘z ifodasini topib, u katolitsizmning rasmiy doktrinasi hisoblanadi. Bu ta'limotning mohiyati shundaki, unda jamiyat ilohiy talqin etiladi: kishilar o‘rtasidagi bog‘lanishlar, munosabatlari aniq maqsadni amalga oshirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Neotomistlarning fikricha, inson real ijtimoiy munosabatlar, Xudo bilan yaqinlashish jarayonida o‘z mohiyatini namoyon qiladi. Neotomizm jamiyatning rivojlanishini, an'anaviy diniy qarashlarni zamonaviy muammolar bilan birlashtirishga harakat qiladi.

Jamiyat rivojlanishini idealizm nuqtai nazaridan tushuntirib berish antik davrga – Fukidid va Geradot yashagan davr (mil. avv. V asr) ga to‘g‘ri keladi. Aflotun («Davlat», «Qonunlar» va boshqa asarlarida) jamiyat to‘g‘risidagi idealistik ta'limotni keng rivojlantirgan. Etatik an'ana undan boshlanib, unga asosan jamiyat bilan davlatni aynan bir deb tushuntirishga harakat qilingan. Aflotun o‘zining uch ijtimoiy sinfdan iborat ideal davlatning modelini ishlab chiqqan: «faylasuflar» («donishmandlar») davlatni boshqaradilar; «lashkarlar» («qo‘riqchilar») qo‘riqlaydilar, ozod mehnatkashlar (dehqonlar, hunarmandlar), shuning-dek qullar (ular jamiyat va uning tizimdan tashqaridalar) mehnat qiladilar. Aflotun ijtimoiy taraqqiyotning antik idealistik talqiniga asos soldi. Uning fikricha, ijtimoiy taraqqiyot jamiyat «g‘oyasini»ning kengayuvi bo‘lib, jamiyat to‘g‘risidagi fikrlar u paydo bo‘lmasdan avvalroq mavjud bo‘lgan. Aflotun «izdoshlari» ham davlat va jamiyat tushunchalarini bir-biridan farq qilmaydilar. Aflotunning fikricha, davlatning tuzilishi alohida olingan individ ruhining tuzilishi bilan bir xildir.

Jamiyat rivojlanishining idealistik talqini keyinchalik Arastu asarlarida o‘z aksini topdi («Siyosat», «Etika» va b.). U ijtimoiy tuzumning uch bosqichini ko‘rsatib berdi: a) oila; b) jamoa; v) davlat. Ularning hammasi bir-biri bilan ierarxik munosabatdadir. Jamoa – oilalar majmuasi; davlat esa jamoalar yig‘indisidan iboratdir. Shaxs jamiyat qonunlariga (oila, jamoa, davlatga) buysunishi, o‘z-o‘zini tarbiyalashi va yaxshilik qilishi jamiyatning qaror topib rivojlanishiga xizmat qilishi kerak. Davlatga (umuman jamiyatga ham) antik idealistik yondashuvning mohiyati shundaki, u alohida individga nisbatan birlamchi qaraladi.

Jamiyatning bunday an'anaviy talqiniga Sharq mutafakkirlari ham o‘z hissalarini qo‘shganlar. Bunga Forobiyning «Fozil odamlar shahri», Beruniyning «O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar», Yusuf Xos Xojibning «Qutadg‘u bilig», Navoiyning «Payg‘ambarlar va donishmandlar tarixi», Amir Temurning «Tuzuklari», A.Jomiyning «Iskandarning donishmandlik kitobi» va boshqa asarlarni misol qilib keltirishning o‘zi kifoya qiladi. Bundan sharq mutafakkirlarining antik davr falsafasi vorislari ekanliklari ko‘rinib turibdi. Masalan, Ibn Sinoning fikricha, jamiyat uch sinfga bo‘linishi kerak: boshqaruvchilar, lashkar (harbiy), ishlab chiqaruvchilar. Bu esa, Aflotunning qarashlarini tasdiqlaydi. O‘z navbatida Forobiyning jamiyatga oid qarashlari, g‘oyalari Arastuning fikri bilan bog‘lanib, Sharqdagi o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy sharoitiga moslashtirilgani, rivojlantirilgani ko‘rinib turibdi. Sharq mutafakkirlaridan Al-Buxoriy («Shoh uchun foydali xabarlar to‘g‘risida kitob»), Bedil («Bilish»), Mashrab («Devoni Mashrab»), Ahmad Donish («Kamyob hodisalar») ham o‘z asarlarida jamiyat, davlat, ularni boshqarish va shaxsning o‘rni to‘g‘risida o‘z fikrlarini yozib qoldirganlar366.

Jamiyat haqidagi idealistik talqin rivojiga T.Gobbs va J.Lokk (ijtimoiy kelishuv shartnomasi nazariyasi), J.Viko («millat harakati to‘g‘risida»gi ta'limot), Volter (hamma insonlarning boshdanoq siyosiy tengligi to‘g‘risidagi g‘oya), I.Kant («abadiy dunyo» to‘g‘risidagi ta'limot) o‘z hissalarini qo‘shdilar. Jamiyatning tugallangan idealistik talqinini Xegel falsafasida o‘zining to‘liq aksini topdi. Uning «Huquq falsafasi», «Tarix falsafasidan ma'ruzalar», «Estetikadan ma'ruzalar», «Falsafa tarixidan ma'ruzalar» asarlari deyarli to‘laliigicha ijtimoiy muammolarga bag‘ishlangan. Xegel ularda «jamiyat» tushunchasining «davlat» tushunchasidan kengligini aniq va tushunarli shaklda bayon etib berdi. Fuqarolik jamiyati, ya'ni bevosita davlat boshqarmaydigan sotsium to‘g‘risidagi g‘oya aynan Xegel tomonidan ilgari surilgan. Ijtimoiy rivojlanishning mohiyati, Xegel fikricha, butun olamni, shu jumladan, jamiyatni ham o‘z ichiga oluvchi «mutloq g‘oya»ning o‘z-o‘zidan yoyilishidir. Uning fikricha, «mutloq g‘oya» mantiq (yoki sof tafakkur) doirasida, keyinroq esa tabiat sifatida rivojlanadi. Lekin bunda tabiat mohiyatan emas, balki faqat tashqi hodisa sifatida yuzaga chiqadi. «Mutloq ruh»ning uchinchi yuqori rivojlanish bosqichi tarix ya'ni inson faolligining hamma turlaridan (ong, faoliyat va b.) iborat. Xegel ijtimoiy rivojlanish qonunlarini tafakkur (mantiq) qonunlari bilan aynan bir deb biladi. Bu esa jamiyatni tushuntirishdagi mutloq idealizmning namoyon bo‘lishidir.

XX asrga kelib neoxegelchilar (R.Kollingvud, B.Kroche, G.Glokner va b.) Xegel falsafasini yangi zamonaviy ijtimoiy jarayonlarga moslashtirib qo‘llashga harakat qildilar. Masalan, ingliz neoxegelchi B.Bozanket Xegelning «mutloq ruh» to‘g‘risidagi g‘oyasi hamma ijtimoiy institutlarning (davlat, din, huquq, axloq va b.) eng yuqori individuallashgan shaklining namoyon bo‘lishidan boshqa narsa emas, deb e'tirof etadi. Jamiyatga neoxegelcha yondashishning xarakterli xususiyati ijtimoiy borliq va tafakkurni aynan, deb tan olishdan iboratdir.

Jamiyat idealistik talqini rivojiga ekzistensializm, «hayot falsafasi», neokantchilik, neopozitivizm, neofreydizm va boshqa oqimlar ham o‘z hissalarini qo‘shdilar.

XIX asrgacha bo‘lgan davrda jamiyatga oid qarashlarda diniy va idealistik qarashlar chambarchas holda hukmron bo‘lishiga qaramasdan, Levkipp va Demokritdan tortib to L. Feyerbax va N.G.Chernishevskiygacha bo‘lgan, yirik mutafakkirlari qarashlarida ayrim materialistik g‘oyalar mavjud edi. Masalan, Demokrit ta'kidlashicha, insonning «qo‘li, aqli va idroki» insonning ehtiyojlari ta'siri ostida ijtimoiy qadriyatlarni yaratdi. Lukretsiy Kar jamiyat ham tabiat ham xudolarning irodasi bilan paydo bo‘lmaydi va ular orqali boshqarilmaydi degan fikrni ma'qullaydi.

Sharq mutafakkirlarining qarashlarida ham jamiyatni materialistik talqin etishning ayrim elementlari bor. Masalan, Forobiy jamiyat paydo bo‘lishining tabiiy sabablarini topishga intiladi. U «moddiy ehtiyojlarni birinchi darajaga olib chiqadi va bu bilan jamiyatning paydo bo‘lishi muammosini ko‘taradi»367.

Yangi davrda tabiiy fanlarning va mexanik-materialistik g‘oyalarning rivojlanishi ham ijtimoiy taraqqiyotni materialistik asosda tushuntirish to‘g‘risidagi bilimlarning shakllanishiga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Bu jarayonga XVIII asr fransuz materialistlari katta hissa qo‘shdilar. Bu esa, a) jamiyatni idealistik-teologik tushunishni inkor qilish; b) determinizm konsepsiyasini (ijtimoiy hodisalarning paydo bo‘lishining sababiyligini) belgilash; v) jamiyatning insonlarning o‘zaro munosabatlari va o‘zaro ta'sirlari asosida qurilishi; g) rivojlanishning asosi deb amaliy tajriba va qarashlarga ahamiyat berish kerakligini ta'kidlash. Masalan, L.Feyerbax o‘zining naturalistik konsepsiyasini jamiyatni diniy va idealistik talqin etishga qarshi qo‘yadi. Uning asosida ijtimoiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida inson sezgilari ekanligi ta'kidlanadi. Umuman olganda, L.Feyerbax materializmi antropologik xarakterga ega.

Ijtimoiy rivojlanishning materialistik talqini K.Marks va F.Engelslarning «Kapital», «Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi», «Nemis mafkurasi», «Falsafa qashshoqligi», «Muqaddas oila» asarlarida keng yoritilgan. Ular «ijtimoiy borliq», «ijtimoiy ong» kabi falsafiy tushunchalarini asoslab berib, birinchisini ikkinchisiga nisbatan birlamchi ekanligini ta'kidladilar. Ijtimoiy rivojlanishning asosini ijtimoiy ishlab chiqarish tashkil qilishi tushuntirib berildi. Jamiyat rivojlanishining tarixiy bosqichlarida ma'lum bir moddiy ishlab chiqarish usuli yotishi, bu esa ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya sifatida ifodalanib, insoniyat jamiyati tarixi esa formatsiyalarning ketma-ket almashinuvidan iboratdir.

Ijtimoiy rivojlanishni tushuntirishga oid hozirgi zamonaviy materialistik talqinlar yetarli darajada ko‘p va rang-barangdir. Eng avvalo, «dialektik-gumanistik» oqim nuqtai nazaridan jamiyatni ko‘proq «insoniylashtirish», gumanizatsiyalashtirish kerak. Shu maqsadda falsafaning quyidagi turli maktablari va yo‘nalishlarining g‘oyalarini materialistik g‘oyalar bilan birlashtirishga harakat qilinadi: neoxegelchilik (Frankfurt maktabi – T. Adorno, T. Maruze, Yu. Xabermas va b.); freydizm (freydomarksizm – V.Rayx, E.Fromm va b.; ekzistensializm (J.-P. Sartr, A. Lefevr, M. Merlo-Ponti va b.); fenomenologiya (E. Pachi, P.Pikone va b.), «Hayot falsafasi» (E.Blox) va boshqalar. Masalan, J.-P.Sartr to‘g‘ridan-to‘g‘ri «ijtimoiy materiya»ning mavjudligi to‘g‘risida gapirsa, «frankfurtchilar» esa jamiyatning iqtisodiy tuzilmasi tahliliga o‘z e'tiborlarini qaratadilar.

XX asr ijtimoiy falsafasining rivojiga venger faylasufi Derd Lukach (1886-1971), jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Uning g‘oyalari nafaqat Vengriyada (A.Xeller. F.Fexer, A.Xegedush), balki boshqa davlatlarda – Yugoslaviya (G.Petrovich, M.Markovich, S.Stoyanovich), Fransiyada (L.Goldman) ham ko‘pgina mutafakkirlarning falsafiy qarashlari shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Lukach va uning izdoshlari falsafa bus-butunicha jamiyatga yo‘naltirilgan, tabiat esa insonning unga nisbatan aqliy-amaliy munosabati orkali qaralishi kerak, deb taxmin qiladilar.

Jamiyat rivojlanishi to‘g‘risidagi zamonaviy qarashlar rivojining yana bir yo‘nalishi «ssientizm» yo‘nalishidir. Ular materializmni «tarixdan», «empirizmdan», «mafkuradan» tozalash yo‘li bilan «ilmiylashtirish», «yaxshilash» orqali takomillashtirish kerak, deb uqtiradilar. Bu oqimning namoyondalaridan biri fransuz faylasufi Lui Altyusserdir. Aynan u nazariyani empirik, ideologik, sub'ektiv qatlamlardan «tozalab», ilmiy ijtimoiy falsafani yaratish vazifasini ilgari surdi. Altyusserning fikricha, falsafadagi asosiy tushuncha «amaliyot»dir. Amaliyotni iqtisodiy jihatdan tor ma'noda tushunishni bartaraf etish uchun Altyusser amaliyotning uch xil turiga ( iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy) oid tushunchani kiritadi. Faylasufning fikricha, «ular bir-birlari bilan o‘zaro ta'sirda bo‘lgan holda shakllanish va rivojlanishning o‘z mantig‘iga ega, shu sababli iqtisodiyot siyosat va mafkuraga ta'sir ko‘rsatadi va o‘z navbatida ular ham iqtisodiyotga ta'sir o‘tkazishi mumkin». Altyusserning qarashlari Fransiyada (E. Balibar, D.Lekur, P.Reymon, N. Pulantsas), Buyuk Britaniyada (B.Xindess, P.Xerst), Italiyada (G.Della Volpe va b.), AQSh da (Dj. Eleter, Dj. Remer i b.) keng tarqalgan.
3-bob. JAMIYaT: TUShUNChASI, TUZILIShI, ASOSIY SOHALARI
1-§. Jamiyat tushunchasi va uning tuzilishi

Jamiyat nima degan savol intuitiv jihatdan hamma uchun tushunarli bo‘lsa ham, lekin yana jamiyat nima o‘zi degan savol tug‘iladi?

Etimologik nuqtai nazardan bu tushuncha turlicha hodisalarning birligini ifodalaydi:


  1. Moddiy dunyoning bir qismi bo‘lib, odamlarning birligini va shakllarining tarixan rivojlanayotgan barcha usullari majmuidir.

  1. Odamlarning tarixiy jihatdan o‘zaro ta'sir usuli va birligi shaklining har biri.

  1. Yashash vaqti va yashash joyi bir bo‘lgan odamlarning (mintaqa, mamlakat va b.) majmui.

  1. Odamlarning ma'lum maqsad yo‘lida birlashishi.

  1. O‘z vaqtini birgalikda o‘tkazuvchi odamlar guruhi va boshqalar.

Jamiyat tushunchasining mohiyatini turli falsafiy maktab va yo‘nalishlar shuningdek alohida mutafakkirlar ham turli yo‘llar bilan tushuntirishga harakat qilganlar. Shu jumlada jamiyat tug‘risidagi yuqorida ko‘rsatilgan avvalgi ikkita tushunchani o‘z ichiga olgan «sotsium» tushunchasi paydo bo‘ldi.

Fransuz faylasufi va sotsiologi Emil Dyurkgeym (1858 -1917)ning fikricha, «jamiyat – bu individlarning oddiy yig‘indisidan iborat bo‘lmay, maxsus xususiyatlarga ega bo‘lgan, ularning birlashmasidan tashkil topgan tizim bo‘lib, reallikni o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan «sui generis» aks ettiradi». Nemis faylasufi Maks Veber (1864-1920) fikricha, jamiyat insonlarning o‘zaro ta'siridan, ya'ni ijtimoiy xatti-harakatlardan tashkil topgan tizim bo‘lib, boshqa odamlarning xatti-harakatiga qarshi javob tariqasida yo‘naltirilgandir. M.Veber jamiyat rivojining asosini ijtimoiy faoliyatda, deb hisoblaydi. Amerika sotsiologi va ijtimoiy falsafa bo‘yicha mutaxassis – faylasuf Tolkott Parsons (1902-1979) fikricha, jamiyat qadriyatlar va me'yorlar bilan bog‘langan odamlarning munosabatiga asolangan tizimdir. Inson shularga asoslanib o‘z ijtimoiy faoliyatini amalga oshiradi. T.Parsonsni ma'lum ma'noda M.Veberning g‘oyaviy merosxo‘ri deyish mumkin.

Hozirgi davrning taniqli faylasuflari R.Aron, D.Bell, P.Blau, A.Giddens, R.Darendorf, G.Zimmel, F. Znanetskiy, T.Kun, K.Levi-Stross, K. Manngeym, R. Merton, X.Ortega-i-Gasset, K.Popper, P.A. Sorokin, E.Fromm, K.Yaspers va boshqalar jamiyat to‘g‘risidagi o‘ziga xos fikrlarini bildirganlar. Ko‘pchilik mutafakkirlar jamiyatning mohiyati bir yoki bir nechta asosiy prinsip orqali tushuntiradilar. Masalan, O.Shpannda bu prinsip – birbutunlik, O.Tofflerda – plyuralizm, U.Rostouda – bosqichma-bosqichlik, K.Popperda – ochiqlik, R.Mertonda – universallik. Lekin masalaga jiddiy qarovchi faylasuflar hatto o‘zlarining prinsiplarini ham mutlaqlashtirmaydilar. Masalan, K.Popper ochiqlik prinsipi to‘g‘risida shunday deb yozadi: «Ochiq jamiyatlar... hali mukammallikdan yiroqda..., balki avlodlarimiz bir necha yuz yillardan so‘ng axloqiy jihatdan bizdan ancha o‘tib ketsalar kerak. Bularning barchasi ro‘y berishi mumkin deb hisoblasam-da, shunga qaramay, yana qaytaraman: hozirgi davrda biz yashab turgan ochiq jamiyatlar – qachonlardir mavjud bo‘lgan jamiyatlarning eng yaxshisi, eng erkin va adolatlisi, o‘z-o‘zini tanqid qiluvchi va islohotlarni eng tez qabul qiluvchilardir»368.

«Jamiyat» tushunchasini bir ma'noda ta'rif qilinganda bir qancha nazariy, metodologik va etimologik murakkabliklarga duch kelinadi. Birinchidan, bu tushuncha hajmi va mazmuni jihatdan juda keng. Ikkinchidan, bu tushuncha mavhum, ya'ni falsafiy kategoriyadir. Uchinchidan, bu tushuncha dinamik, ya'ni rivojlanuvchandir. To‘rtinchidan, jamiyat faqat falsafa fanining predmeti bo‘lmasdan, hamma ijtimoiy fanlar majmuining predmetidir. Beshinchidan, «jamiyat» atamasi turli ma'nolarda ishlatilishi mumkin.

Taniqli rossiyalik tadqiqotchi E.V.Tadevosyan o‘zining jamiyatga berilgan ta'rifida uning barqarorlik, birbutunlik, o‘zini-o‘zi boshqarish, o‘ziga to‘qlik, o‘zini-o‘zi rivojlantirish, odamlarning ma'lum aloqadorligi va o‘zaro ta'sirda bo‘lishi, muayyan ijtimoiy me'yorlar va qadriyatlarning mavjudligi kabi xususiyatlarni ajratib ko‘rsatdi369.

«Jamiyat» tushunchasi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ma'nolardan tashqari yana: a) biologik tizimlarning eng rivojlangan bosqichi; b) konkret aniq sotsium; v) ijtimoiy aloqalar va o‘zaro ta'sirlar shakli va b. Jamiyat to‘g‘risida gap ketganda, u keng, falsafiy nuqtai nazardan tushuniladi. Eng keng ma'noda, jamiyat – bu odamlar birlashuvining hamma shakllari va ularning o‘zaro aloqalari va o‘zaro ta'sirlarining hamma usullari majmuidir.

Jamiyat har qanday murakkab bir butun hodisa va tizim sifatida o‘z tuzilishi, strukturasiga ega. Bu struktura qanday degan savolga faylasuflarning bir emas bir qancha avlodlari javob topishga harakat qilishgan. Qadimgi sharq faylasuflari fikricha, jamiyat birbutun bo‘lgani bilan bir turdagi ob'ekt emas. Miloddan avval IV asrda yashagan xitoy faylasufi Chjuan-szi ta'kidlashicha, «nimaiki turli-tumanlikdan mahrum bo‘lsa, turli-tumanlik bo‘lgan joyda paydo bo‘ladi».

Antik davrda jamiyat strukturasi muammosiga ikki xil yondashuv shakllangan edi. Birinchi yondashuvga asosan, jamiyat – tegishli ichki strukturaga ega bo‘lgan tabiiy tuzilmadir. Ikkinchi qarashga asosan, jamiyat yashash va boshqarish oson bo‘lishi uchun sun'iy ravishda tizimga solingan. Birinchi nuqtai nazarni Arastu, Seneka, ikkinchisini – Aflotun, Epikur, Lukretsiy Kar qo‘llab quvvatlaganlar.

O‘rta asr Sharqida Arastuning qarashlari keng tarqalib, jamiyat strukturasining tabiiyligi tan olingan. Yangi davrda «ijtimoiy shartnoma» (bitim) nazariyasiga asoslangan ikkinchi nuqtai nazar keng tarqalgan. Unga ko‘ra odamlar «tabiiy holat»da mutlaq teng, ozod, o‘ziga to‘q bo‘lib, jamiyatning o‘zi esa, hyech qanday strukturaga ega emas. Faqat ijtimoiy bitim tuzilgandan keyingina jamiyat strukturaga ega bo‘ladi. Bu holat J.–J. Russo (1712-1779) tomonidan yaqqol ko‘rsatib berilib, uning fikricha oliy hokimiyat – jamiyatning «boshi», qonun va urf-odatlar – «miyasi», savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi esa – hazm qilish tizimi, moliya esa – «qoni»dir va boshqalar370.

Ilmiy sotsiologiyaning asoschilaridan biri ingliz faylasufi Gerbert Spenser (1820-1903) har qanday jamiyatning asosida yotadigan uchta asosiy tizimni ajratgan: a) tartibga soluvchi; b) yashash vositalarini ishlab chiqaruvchi; v) bo‘lib beruvchi. Sotsium qancha rivojlangan bo‘lsa, uning tuzilishi shuncha murakkab bo‘ladi. «Bir xillikdan ko‘p xillikka o‘tish bir butun sivilizatsiya taraqqiyotida ham, har bir qabila taraqqiyotida ham kuzatiladi»371.

Turli falsafiy, sotsiologik maktablar va yo‘nalishlar jamiyat strukturasi to‘g‘risida o‘z variantlarini tavsiya etganlar. Ijtimoiy birbutunlikka kiruvchi mustaqil tizim va kichik tizim sifatida madaniyat (I.Gerder, O.Shpengler, K.Yaspers), san'at (G.Lessing, I.Ten, J.M.Gyuyo), iqtisodiyot (N.Smelser, U.Mur, T.Veblen), din (E.Dyurkgeym, M.Veber, T.Lukman), shuningdek, fan, texnika, huquq, til, ekologiya, ommaviy axborot vositalari va boshqalar tavsiya qilingan edi.

Hozirgi zamon jamiyat falsafasida ijtimoiy struktura konsepsiyalari yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ulardan L.Altyusserning strukturalizmini, E.Giozdensning strukturatsiya nazariyasini, P.A. Sorokinning stratifikatsiya konsepsiyasini, K.Levi-Strossning genetik antropologiyasini, Goldmanning irsiy strukturalizmini, R.Mertonning tuzilmali funksionalizmini aytib o‘tish mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan jamiyat tuzilmasida to‘rtta asosiy sohalar ajralib chiqdi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma'naviy sohalar. Shuni ta'kidlash kerakki, «ijtimoiy hayot sohasi» tushunchasi o‘rniga «ijtimoiy struktura» yoki «siyosiy hayot» kabi tushunchalar ishlatiladi. Ularni sinonim tushunchalar desa ham bo‘ladi. Lekin fanda ko‘proq «soha» tushunchasi qo‘llaniladi.


Download 1.69 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling