Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


Download 1.43 Mb.
bet180/235
Sana05.01.2022
Hajmi1.43 Mb.
#216220
1   ...   176   177   178   179   180   181   182   183   ...   235
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org

3-§. Islom
Islom – (al-islom – «Allohga bo‘ysunmoq» «itoat qilmoq») – jahon dinlaridan biri. Zamonaviy islom – e'tiqod qiluvchilari soni jihatidan ikkinchi (xristianlikdan keyin) jahon dini. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, yer kurrasida musulmonlarning umumiy soni 1 mlrd. kishiga boradi (ulardan 90 foizga yaqini sunniylar), bundan uchdan ikki qismidan ortig‘i Osiyoda (qit'a aholisining 20% dan ziyodi), qariyb 30 foizi Afrikada (qit'a aholisining 49 foizi) yashaydi. Jahondagi musulmon jamoalari bo‘lgan 120 tadan ortiq mamlakatdan 35 tasida musulmonlar aholining ko‘pchiligini tashkil etadi. Osiyo va Afrikadagi 28 ta davlatda islom davlat dini (yoki rasmiy din) deb e'tirof etilgan406. Ayrim mamlakatlarda «islom» so‘zi ularning nomiga kiritilgan: Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Mavritaniya Islom Respublikasi va boshqalar.

Islom ijtimoiy-mafkuraviy hodisa sifatida Arabiston jamiyati taraqqiyotining tarixiy in'ikosi, butun Yaqin Sharq qadimgi zamondan o‘rta asrga o‘tishi davrida unga xos bo‘lgan umumiy jarayonlarning natijalaridan biri bo‘ldi. Sof diniy nuqtai nazardan uning paydo bo‘lishi o‘zidan oldingi dinlar – xristianlik, yahudiylik va zardushtiylikning ta'siri va rivoj topishi bilan ham, Arabiston aholisi diniy ongining tadrijiy yuksala borishi hamda sinkretik (qorishiq) yakka xudolikning arablarga xos shakllari bilan ham bog‘liq bo‘ldi.

«Al-islom» atamasi Qur'onda «al-imon» (ishonch, e'tiqod) va «ad-din» (diniy majburiyatlar majmui, din) so‘zlariga yaqin ma'noda sakkiz marta uchraydi. Ana shu tushunchalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishni islom ulamolari turlicha izohlaydilar. Sunniylar orasida tarqalgan nuqtai nazarlardan biriga ko‘ra, «ad-din» tushunchasi beshta arkonning yoki asosiy diniy qoidalarning majmui sifatida «al-islom»ni, Allohning va Muhammad payg‘ambar aytgan hamma narsaning chinligiga ishonch sifatida «al-imon»ni va ma'naviy fazilat sifatida «al-ehson»ni o‘zida mujassam etadi.

Islom diniy ta'limotining beshta arkoni (ustuni) to‘g‘risidagi tasavvur musulmon jamoasining vujudga kela boshlagan ilk davridayoq tarkib topgan. Bu beshta arkon (arkon shariat al-islom, arkon al-islom, al-arkon al-xamsa) quyidagilardir:




  1. ash-shahoda (kalimai shahodat) – islomning ikkita asosiy aqidasini, ya'ni Allohning yagonaligiga iqror bo‘lish (at-tauxid)ni va Muhammadning payg‘ambarlik vakolati e'tirof etilishi (an-nubuvva)ni o‘zida mujassam etgan dinga e'tiqod qilish; 2) as-salat (namoz o‘qish); 3) as-saum (ro‘za tutish); 4) az-zakot (faqiru bechoralarga berish, Alloh yo‘lidagi ishlarga sarflash uchun berilishi shart bo‘lgan xayr-ehson); 5) al-xadjj (muqaddas joylarga, xususan Makka shahriga ziyoratga borish). Islom diniy ta'limotining beshta arkonidan to‘rttasi ma'naviy-axloqiy va marosimga oid ko‘rsatmalarni o‘z ichiga oladi hamda shu asnoda islom asoschisining marosimlarga va diniy hayot qoidalariga ko‘proq e'tibor qaratganligini aks ettiradi. Bu holat keyinchalik aqidalarga qaraganda huquqning ustunlik bilan rivojlanishini ta'minladi. Shu bilan birga, ilk islomda aqidalar va odat-taomillar, din va huquq o‘rtasida aniq farq bo‘lmagan.

«To‘g‘ri e'tiqodlilik» va «adashganlik» muammosi musulmon ilohiyotchiligining bosh muammolaridan biriga aylangan. Turli maktablarga mansub sunniy ilohiyotchilar faqat sunniylar (ahli as-sunna va-l-jama’a) 73 ta islom jamoasi orasida «to‘g‘ri yo‘ldan» borayotgan yagona jamoa sifatida «najot topishi», jannatga tushajagi haqidagi, Muhammad payg‘ambarga nisbat berilgan hadisga asoslanib «to‘g‘ri e'tiqodlilik» tarafdorlari ekanliklarini qat'iyat bilan himoya qilganlar. G‘arb va mamlakatimiz islomshunosligida an'anaviy, sunniylik yo‘nalishidagi islomga ergashuvchilarni «e'tiqodi mustahkamlar» (ortodokslar) deb, ularning muxoliflarini – «bid'atchilar» (yeretiklar), «mazhabchilar» (sektantlar) deb ataydilar. Lekin xristianlikdagi «ortodoksiya», «eres», «sektantlik» tushunchalari islomning din sifatidagi mohiyati va o‘ziga xosligini ifodalay olmaydi. Islomda xristianlikdagi Dunyo xristianlarining yig‘ini singari aqidalarni qonunlashtirib qo‘yadigan institut (tuzilma) yo‘q; islomning teokratik oliy maqsadi davlat bilan bir qatorda diniy institutning (cherkovning) mavjud bo‘lishi g‘oyasiga zid edi. Islomda barcha mintaqalarda umumiy e'tirof etilgan diniy maktab bo‘lmagan. Diniy masalalarning turlicha sharhlanishi ehtimoli ana shundandir. Qarama-qarshi nuqtai nazarlarning tarafdorlari ayni birday yengillik bilan Qur'ondan va sunnadan o‘z fikrlari foydasiga va o‘z muholiflariga qarshi dalillar topganlar.

Islomga tarixiy voqyelik sifatida qarashda unga g‘oyalar va fikrlar kurashida shakllangan va hozirda ham amal qilib turgan mafkuraviy tizim sifatida yondashish noxolislik va bir tomonlamalikni bartaraf etishda yordam berishi mumkin. Islomdagi ana shu g‘oyalar va fikrlar xilma-xilligi, uning yangi g‘oyalarni o‘zlashtirib olishga va moslanuvchanlikka moyilligini, uning o‘zgarib borayotgan dunyo sharoitidagi yashovchanligini ta'minladi.

XIX asr boshlaridan to XX asrning ikkinchi yarmigacha bo‘lgan bir yarim asr islom tadrijiy rivojlanishida muhim burilish bosqichi bo‘ldi. Sharq mamlakatlarida ro‘y bergan ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalardagi o‘zgarishlar, yangi sinfning – milliy burjuaziyaning shakllanishi, milliy-ozodlik harakatining avj olishi – bularning hammasi qo‘shilib, islomning jamiyatdagi tutgan o‘rniga qarashlarda ham, ijtimoiy hayotning yangi voqyeliklarini islomning o‘zi tomonidan asoslashda ham o‘zgarishlarga olib kelmasligi mumkin emasdi.

Islom diniy-falsafiy va huquqiy me'yorlarining XIX asr o‘rtalarida boshlangan hamda hozirda ham davom etayotgan yangi tarixiy sharoitga moslashuv jarayonini ko‘pgina tadqiqotchilar, garchi u xristian reformatsiyasidan jiddiy farq qilsa ham, «musulmon reformatsiyasi» (isloh) atamasi bilan belgilamoqdalar. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish taqozosi musulmon islohiyotchilari va huquqshunoslari oldiga islomning bir qator an'anaviy qoidalarini yangicha mushohada qilish zaruriyatini qo‘ydi. Biroq ushbu jarayon juda og‘riqli va davomli bo‘ldi. Bu, masalan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini vujudga keltirish joizligi (yoki gunoh hisoblanishi) xususidagi bahsda aks etdi. Bahs, bir tomondan, qarz foizini undirish man etilishi (riba’) haqidagi qoida atrofida, ikkinchi tomondan esa – sarmoyaning ishlatmay tashlab qo‘yilishini shariat man etishi vajidan avj oldi.

Turmush tarzining qat'iy belgilab qo‘yilganligi islomning zamonaviy globallashuv voqyeliklariga moslashuviga to‘sqinlik qilmoqda va «g‘arblashtirishga» qarshi harakat kuchayishiga olib kelmoqda. Garchi o‘zining butun tarixi davomida islom siyosatdan chetda turmagan bo‘lsa-da islomga siyosiy ruh berilishi musulmon mamlakatlarida milliy-ozodlik kurashi kuchaygan va milliy o‘zlikni anglash o‘sgan sayin tobora ko‘proq namoyon bo‘la boshladi. XXI asr boshlarida xalqaro xavfsizlikka va jahondagi barqarorlikka eng ko‘p tahdid soluvchi turli radikal (ekstremistik) va terrorchilik kuchlari tomonidan «islom fundamentalizmi» shiorlaridan foydalanish hozirgi sharoitda islomga siyosiy ruh berilishining eng keskin ko‘rinishlariga aylanmoqda.


XI Bo‘lim. QADRIYaTLAR FALSAFASI (AKSIOLOGIYa)
1-bob. FALSAFADA QADRIYaTLAR MUAMMOSI

Download 1.43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   176   177   178   179   180   181   182   183   ...   235




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling