Inson yangi davr falsafasida
Yangi davr falsafasi insonning mohiyati va o‘z-o‘zini anglashi muammolariga qaytishi bilan ajralib turadi.
Tomas Gobbs, mexanik materializm tarafdori o‘laroq, insonning ruhiy dunyosi mexanik kuch-g‘ayrat va harakatlar majmuasidan boshqa narsa emas, deb hisobladi. Uning fikricha, inson faqatgina murakkab tuzilgan mexanizmdir xolos, u mexanika qonunlariga bo‘ysunadi. Gobbs ruhning alohida substansiya sifatida mavjudligini inkor etdi.
Rene Dekart insonning dualistik konsepsiyasini ishlab chiqdi. U inson o‘lik mexanizm (tana) bilan irodaga va fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan substansiya (ruh)ning qo‘shiluvidan tashkil topgan, deb hisobladi.
Benedikt Spinoza o‘zining inson haqidagi ta'limotini insonning tabiatning bir qismi ekanligi, tana va ruhning birligi asosida yaratdi. Insonning butun ruhiy hayoti idrok va affektlar (quvonch, g‘am, lazzat)dan iborat. Insonni harakatiga keltiruvchi kuch - o‘zini saqlash va manfaatga intilishdir.
XVIII asr fransuz materialistlari J.O.Lametri, K.A.Gelvetsiy, P.A. Golbax, D.Didro va boshqalar inson haqidagi ta'limotini ishlab chiqishga katta xissa qo‘shdilar. Buni hatto ularning asarlarining nomlari ham tasdiqlab turadi: Lametrining «Inson-mashina», Gelvetsiyning «Inson haqida» va hokazo.
Lametri ijtimoiy rivojlanishning asosiy sabablari ulug‘ shaxslarning faoliyati va ma'rifatdir, deb hisoblar edi. Didro insonni oliy qadriyat, koinotning idrok markazi, butun madaniyatning yaratuvchisi deb hisobladi. Golbaxning nazarida esa, inson tabiatning bir qismi, u tabiat qonunlariga bo‘ysunadi. Gelvetsiyning fikriga ko‘ra, insonning shakllanishida atrof muhit asosiy rol o‘ynaydi. U barcha odamlar o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlariga ko‘ra tabiat tomonidan teng qilib yaratilgan, ularning qanday bo‘lishi faqat tarbiyaga bog‘liq deb hisobladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |