Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


Download 1.79 Mb.
bet121/205
Sana18.06.2023
Hajmi1.79 Mb.
#1560209
1   ...   117   118   119   120   121   122   123   124   ...   205
Bog'liq
Falsafa Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar

2-§. Amaliyot va bilish
Dunyoni bilish – bu nafaqat nazariy, balki hayotiy, amaliy jarayondir. Falsafiy nuqtai nazardan qaraganda, insoniyatning amaliyoti – bu insoniyatning tabiatni ongli ravishda va maqsadga muvofiq tarzda o‘zgartirishga qaratilgan faoliyatidir, bu insoniyatning ijtimoiy-tarixiy sharoitlar bilan birga qaralgan mehnat jarayonidir. Amaliyot hamisha ijtimoiy harakterda bo‘ladi, kishilar o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarsiz amaliyot bo‘lishi mumkin emas. Amaliyot tarixiydir, u qurshab turgan tabiatni ham, insonning o‘zini ham, kishilarning turmush sharoitini ham o‘zgartirishdan iborat.
Gnoseologik kategoriya sifatida amaliyot sub'ekt bilan ob'ekt o‘rtasidagi shunday munosabatni ifodalaydiki, bunda sub'ekt ob'ektni biron-bir jihatdan o‘zgartirish maqsadida unga ongli ravishda ta'sir ko‘rsatadi. Amaliy faoliyat jarayonida, ob'ektning o‘zgarishi ta'siri ostida sub'ekt ham o‘zgaradi, uning amaliy qobiliyati va malakasi chuqurlashadi, fikrlash doirasi kengayadi, ongi va xotirasi boyiydi, dunyoqarashi o‘zgaradi.
Bilish jarayoni ijtimoiy-tarixiy amaliyot natijasida va vositasida sodir bo‘ladi. Kishilarning amaliy faoliyati o‘zi o‘zgartirishga qaratilgan ob'ektga va o‘zi erishmoqchi bo‘lgan maqsadga bog‘liq holda turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Eng keng, falsafiy ma'noda, amaliy faoliyatdagi kishilarning ob'ektga nisbatan konkret-tarixiy birligi bo‘lgan jamiyat amaliyot sub'ekti bo‘lib chiqadi. Bunda ob'ektiv reallikning odamlar ta'sir o‘tkazadigan tomoni esa amaliyot ob'ekti bo‘ladi. Moddiy ishlab chiqarish va jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning o‘zgarishi amaliyotning eng muhim shakllaridir.
Amaliyot nazariy bilimdan yuqori turadi. U nafaqat umumiylik, balki bevosita voqyelik hislatiga ega. Amaliyotda asosiy qarama-qarshiliklar – ideal qarama-qarshilik (sub'ektiv reallik sifatida) va moddiy qarama-qarshilik (ob'ektiv reallik sifatida) – birga qo‘shilishadi. Amaliyot – bu voqyelikni insoniyat oldida turgan maqsadlarga muvofiq tarzda uzluksiz o‘zgartirish jarayonidir. Agar jamiyatda biron-bir amaliy ehtiyoj paydo bo‘lsa, bu bilish jarayoniga o‘nlab universitetlarga qaraganda ko‘proq asos bo‘ladi, chunki amaliyot ehtiyojlari ilmiy bilishning o‘zini olg‘a siljitadi.
Amaliyot bilish jarayoniga boshidan oxirigacha «amaliyot – nazariya, yana amaliyot – yana nazariya» tarzidagi formula bo‘yicha kirib borib uni boyitadi. Amaliyotdan ajralgan bilish bo‘lishi mumkin emas. Faqat amaliyotgina u yoki bu nazariyaning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini ko‘rsatib beradi. Amaliyot o‘zgarmas emas, fan yutuqlari tufayli u doimo takomillashib, boyib va rivojlanib boradi. Bilish va amaliyot bir-biridan ajralmasdir. Amaliyot bilish haqiqatligining asosiy nuqtasi, harakatlantiruvchi kuchi, maqsadi va mezonidir.
VII Bo‘lim. FAN FALSAFASI
1-bob. FAN MOHIYaTI VA SISTeMASI
Fanni dunyo to‘g‘risidagi, shu jumladan odamning o‘zi to‘g‘risidagi, ob'ektiv bilimlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yuksak darajada tashkil etilgan va ixtisoslashtirilgan faoliyatdir, deb ta'riflash qabul qilingan. Sharqda bilim hamisha yuksak darajada qadrlangan. XII asrda yashab ijod etgan shoir va mutafakkir olim Ahmad Yugnakiy fan va bilim haqida bunday degan: « … Olim odamlarga yaqinroq bo‘l. Bilim senga keng yo‘l ochib beradi. Bilimlarga intil, baxt yo‘lini izla. …Endi o‘zing sinab ko‘r: hisoblab, o‘ylab ko‘r, bilimlardan ham foydaliroq bo‘lgan biron bir narsa bormi. Bilishlik olimni ko‘klarga ko‘taradi, bilmaslik odamni yerga uradi»320.
XVII asrda tajribaga asoslangan fanning rivojlanishi insonning turmush tarzini tubdan o‘zgartirib yubordi. B.Rassel ta'kidlaganidek, «Yangi dunyoni ancha avvalgi asrlardan farqlantiradigan narsalarning deyarli barchasiga XVII asrda ajoyib yutuqlarga erishgan fan sabab bo‘lgan»321. Fanning hozirgi taraqqiyoti odamlarning faoliyatini yanada tubdan o‘zgartirib yubormoqda. Uning texnika va eng yangi texnologiyalarning rivojlanishiga ta'siri, fan-texnika taraqqiyotining (FTT) esa kishilar hayotiga ta'siri ayniqsa sezilarlidir. Fan kishilar hayotiga yangi muhit yaratib bermoqda. K.Yaspers yozganidek, «qisman odamning o‘zi tomonidan yaratilgan muhit odam mohiyatining belgisidir»322.
Fanning birinchi boshlang‘ich «bo‘linishi» uning tuzilmasidan fundamental va amaliy fanlarning ajralib chiqishidir. Ma'lumki, texnika va texnolo-giyadagi hozirgi o‘zgarishlar fundamental fanlardagi ulkan o‘zgarishlar tufayli mumkin bo‘ldi. Fanning fundamental sohalaridagi muvaffaqiyatlar zaminida ko‘pgina amaliy tadqiqotlar va injenerlik ishlanmalari gurkirab rivojlanmoqda. Fanning, uning fundamental yo‘nalishlarining ildamlik bilan rivojlanishi FTTning yanada muvaffaqiyatliroq avj olishi uchun zarur shart-sharoit hisoblanadi.
Fanning quyidagi asosiy funksiyalarini alohida ko‘rsatish mumkin: a) ishlab chiqaruvchi kuchlarni takomillashtirish uchun ilmiy bilimlardan foydalanish (fanning texnologik funksiyasi); b) ilmiy bilimlardan fanning o‘zini rivojlantirish uchun foydalanish; v) ilmiy bilimlarni shaxsning har tomonlama kamol topishiga (ijtimoiy progressga) imkon yaratish maqsadida insonni rivojlantirish uchun qo‘llash; g) fandan turli tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni boshqarish vositasi sifatida foydalanish. Ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyotning asosiy manbalaridan biri bo‘lgan fanning roli, uning tashkiliy tuzilishining murakkabligi, ilmiy faoliyat jarayonida foydalaniladigan resurslarning turli tumanligi fan taraqqiyotini prognozlash zaruriyatini keltirib chiqaradi.
Ijtimoiy hayot dinamikasi bilimlarning rivojlanish jarayonlariga muhim ta'sir qilib, fanni tuzilmaviy va gnoseologik-metodologik jihatdan ancha ilgari siljitadi. Bu – fanning asosan oddiyroq tizimlarni (eng avvalo fizik va injenerlik tizimlarni) o‘rganishdan murakkab va o‘ta murakkab tizimlarni (ekologik, biologik, iqtisodiy, ijtimoiy tizimlarni) tadqiq qilishga o‘tishidir.
Fan qonunlari ob'ektiv voqyelik qonunlarining inson tafakkuridagi in'ikosidir. Fan ta'riflab beradigan qonunlar muayyan sharoitdagi ob'ektiv, umumiy, zarur va muhim aloqalarning in'ikosidir. Biroq ob'ektiv mavjud bo‘lgan qonuniyatli aloqa ta'riflab berilgan qonunga qaraganda ancha keng qamrovlidir, chunki bu qonun bilish jarayonida yangi faktlarga ega bo‘lib borilgan sari doimo aniqlanib boradi.
Ob'ektiv jarayonlar, aloqalar va munosabatlar fan qonunlarida qanchalik to‘la va har tomonlama aks ettirilsa, bu qonunlar shunchalik chuqurroq va mazmundorroq bo‘ladi. Shu bilan birga «qonun» tushunchasida ifodalanadigan aloqalarning barqarorligi va takrorlanuvchanligi nisbiy xarakterga ekanligini aytib o‘tmoq kerak. Barqarorlik, takrorlanuvchanlik absolyut xarakterda bo‘lishi mumkin emas, chunki har qanday hodisa rivojlanish va o‘zgarish holatida bo‘ladi va shu sababli barqaror aloqalar nobarqaror aloqalarga, nobarqaror aloqalar barqaror aloqalarga aylanishi mumkin.
Xo‘sh, qonuniyatli aloqalarning muhim belgilari va asosiy xususiyatlari qanday? Qonun, bu – muhim xarakterga ega bo‘lgan aloqadir. Qonun va mohiyat tushunchalari bir xil toifadagi tushunchalardir. Qonuniyatli aloqalarning muhimlik va zarurlik xossalari ularning yana bir xususiyatini – umumiyligini keltirib chiqaradi. Umumiylik qonunning tegishli sharoit bo‘lgan hamma yerda amal qilishini bildiradi. Qonunlar kamroq umumiy bo‘lib, faqat moddiy jarayonlarning cheklangan sohalaridagina amal qilishi, ayrim konkret fanlar tomonidangina o‘rganilishi (masalan, energiyaning saqlanishi va aylanishi qonuni) mumkin; shuningdek qonunlar falsafa tomonidan o‘rganiladigan umumiy, universal bo‘lishi mumkin (dialektika qonunlari).
Qonunlar o‘zining ifodalash shakllari bo‘yicha bir-biridan farq qiladi. Bir xil qonunlar hodisalar o‘rtasidagi qat'iy miqdoriy bog‘liqlikni aks ettiradi va fanda matematik formulalar bilan qayd etiladi (masalan, butun jahon tortilish qonuni). Boshqa xil qonunlarni esa qat'iy matematik formulalar bilan ifodalab bo‘lmaydi (masalan, tabiiy tanlanish qonuni). Qonunlarni sinflarga bo‘lish g‘oyat muhim ahamiyatga ega: dinamik qonunlar (qattiq determinatsiya), statistik (ehtimoliy) qonunlar, simmetrik qonunlar, boshqaruv qonunlari. Qonunlarning turli sinflari mavjudligi dunyoda sifat jihatdan turli tuman muhim aloqalar mavjudligini aks ettiradi, bu esa ilmiy bilim tuzilmasida, uning tuzilish mantiqida o‘z ifodasini topadi.

Download 1.79 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   117   118   119   120   121   122   123   124   ...   205




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling