Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda
Download 1.17 Mb.
|
Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning -fayllar.org
Sehrgarlik - magiya sinkretik hodisa bo‘lgani uchun unda totemizm, animizm, mifologiya, turli diniy urf-odatlar qorishib keladi.
Sehrgarlikni amalga oshirishda turli xil narsalar va predmetlar, masalan, tumor, suv, tuproq, oziq-ovqatlar va hakozolar orqali amalga oshirilgan, Shu tufayli kishilarda, ma’lum bir narsalar va predmetlarda sehr, jodu mavjud degan tasavvur shakllangan. Umuman, olganda ritual marosimlar qismlardan iborat bo‘lgan afsungarlik jamiyatning haqiqiy talablaridan kelib chiqqan holda hayotda amalga oshirilgan. Ilohiy kuchlar dunyosi bilan bunday bog‘lanish yo‘li hayotda noma’lum, oldindan bilib bo‘lmaydigan sharoitlardan kelib chiqqan. Lekin shu bilan birga afsungarlik odamlarning fikr yuritish, ongini mustahkamlashda katta rol o‘ynadi. Bu esa diniy ongni shakllanish jarayonida muhim o‘rin tutdi. Afsungarlik fikr yuritish rivojlangan sari odamga o‘z-o‘zidan bo‘ladigan, faqatgina maqsadli yo‘nalishdagi harakatlar natijasida olinadigan emas, balki ilohiy kuchlar afsuni bilan bog‘liq bo‘lgan sharoitlardan kelib chiqadigan ko‘rinish deb hisoblangan. Natijada ko‘pchilik aniq hodisalar, hattoki alohida buyumlar sehrli kuch egasi sifatida qabul qilina boshlandi. Sehrgarlik marosimlari yakka holda yoki jamoa bo‘lib amalga oshirilishi mumkin edi. Afsungarlik maqsadga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi: 1) Zarar keltiruvchi - yovuz afsungarlik. Uning maqsadi kimgadir zarar etkazishdan iborat; 2) Harbiy afsungarlik. Bu dushmanga qarshi ishlatiladi (masalan, qurol-aslahalarni sehrlash); 3) Sevgi afsungarligi. Undan «issiq» yoki «sovuq» qilish maqsadida ishlatiladi. 4) Tibbiy afsungarlik. Undan davolash maqsadida foydalanish. 5) Ob-havo afsungarligi. Bu sehrgarlik turidan yomg‘ir chaqirish yoki ob-havoni o‘zgartirish maqsadida foydalanilgan. Sehrgarlik hozirda ham zamonaviy dinlarda va turli xalqlar urf-odatlarida saqlanib qolgan. Shomonlik - («shomon» so‘zi tunguscha so‘z bo‘lib, “jazavali kishi” ma’nosini ifodalaydi.) Sehrgarlik (afsun, magiya) real natijalar olish uchun ilohiy kuchlarga ta’sir etish maqsadida amalga oshiriladigan ritual - urf-odatlar majmuasidir. U totemizm va animizm bilan bir vaqtda paydo bo‘lib, u orqali kishilar o‘z totemlari, ota-bobolarining ruhlari bilan xayolan bog‘lanishni amalga oshirib kelganlar. U qadim o‘tmishda paydo bo‘lib, minglab yillar davomida rivojlanishda davom etib, saqlanib kelgan. Odatda afsungarlik urf-odatlari bilan maxsus odamlar - shamanlar, afsungarlar shug‘ullanganlar. Ular orasida ayniqsa uzoq o‘tmishda ayollar ko‘p o‘rinni egallaganlar. Afsungarlar jazavali va asabiy kishilar bo‘lib, odamlar ularni ruhlar bilan muloqotda bo‘lish, ularga jamoaning umid va niyatlarini yetkazish, ularning irodasini talqin qilish qobiliyatiga ega ekanligiga chuqur ishonganlar. Shomonlik yoxud sehrgarlik («shaman» so‘zining tunguscha so‘z bo‘lib, “jazavali kishi” degan ma’noni ifodalaydi). Shamanlar, odatda, ma’lum ritual harakatlar orqali ovoz chiqarish, ashula aytish, raqsga tushish, sakrash yo‘li bilan nog‘oralar va qo‘ng‘iroqlar ovozlari ostida o‘zlarini jazavaga solib, o‘zini yo‘qotish, jazavaning yuqori nuqtasiga etkazish bilan afsungarlik qilishgan. Tomoshabinlar ham ba’zan o‘zini yo‘qotish darajasiga etib marosimlar ishtirokchilari bo‘lib qolishar edi. Odatda shaman marosim oxirida bir holatga kelib hech narsani eshitmay, ko‘rmay qolar edi. Shuning uchun uning ruhlar dunyosi bilan muloqoti xuddi shu holatda amalga oshadi deb hisoblanardi. 3.Dinning milliy madaniyatlarga ta’siri (an’analar, marosimlar, urf-odatlar, shuningdek milliy san’atga ta’sri.) badiiy madaniyatdagi o‘rni. Bugungi kunda davlatlarning diniy idoralar bilan hamkorligining kengayishi tufayli, fan, ilm, madaniyat bilan diniy qarashlarni uyg‘unlashtirish paydo bo‘lmoqda. Bu uyg‘unlashtirishning asosida ijtimoiy hayotni takomillashtirish va shaxs kamoloti masalalari yotishi kerak. Aks holda ilmparastlik kishi ma’naviy ruhiy olamining o‘ziga xos qonunlari mavjudligini hisobga olmaslikka, dinparastlik esa kishilarni hayotiy muammolarni hal etishda faol ishtirok qilishdan chalg‘itishga olib keladi. Sharq xalqlari e’tiqodiga aylangan konfutsiylik, daotsizm, buddaviylik, islom, hatto, nasroniylik ham dunyoni zo‘rlik bilan o‘zgartirish tarafdorlari emas. Ularda insonning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini mukammallashtirish orqali farovon hayot qurish g‘oyasi ilgari suriladi. Adolat yerdagi odamlarning koinot qonuniyatlari va tartib-qoidalariga muvofiq yashashi, nomukammalning mukammaldan ibrat olishi, unga ixlos qo‘yishi va e’tiqod qilishi bilan bog‘liqdir. (Qarang.Musaev F.Demokratikdavlat qurishning falsafiy-huquqiy asoslari. T., “O’zbekiston” NMIU, 2007. -39 b.) Agar insoniyat hayotining ibtidoiy davrdagi diniy tasavvurlariga e’tibor bilan qaralsa, ibtidoiy kishilarning diniy qarashlari madaniy boyliklar, shu jumladan ma’naviy madaniyat o‘rtasida ham mustahkam o‘zaro aloqadorlik mavjud bo‘lganligini anglab yetish qiyin emas. Ayniqsa, mazkur madaniy aloqadorlik, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ilk diniy tasavvurlar – totemizm, animizm, magiya, fetishizm va shomonizm kabi qadimiy diniy tasavvurlardan meros qolgan ayrim elementlarda hanuzgacha saqlanib kelinmoqda. Bir tomondan, bilim miqdorining nihoyatda kamligi va soddaligi, ikinchidan, tashqi dunyo voqea hamda hodisalarini asta-sekin o‘zlatira borish, uchinchidan, tabiatning sir-sinoatga to‘la hodisa va jarayonlaridan qo‘rquv hamda ularni asta-sekinlik bilan o‘rganish, to‘rtinchidan, amaliy tajribalarning uzluksiz ravishda oshib borishi, beshinchidan, tabiat kuchlarining iskanjasidan qutilishga intilish, oltinchidan, atrof-muhit injiqliklarini yengish yo‘llarini izlash insoniyat dunyoqarashi, bilimi va tajribasining mukammallashuviga, ya’ni ma’naviy madaniyatining ancha murakkab shakllarining vujudga kelishiga olib kelgan. Mehnat jarayoni moddiy madaniyatning (ov qilish, ozuqa izlash, qurol yasash, turar joyni yaratish, olovni saqlash va h.k.), dastlab to‘da, so‘ngra qabila va etnik birlikning murakkab shakllariga o‘ta borishiga, ijtimoiy munosabatlar, oilaviy urug‘doshlik aloqalari va boshqalarning, ya’ni ma’naviy madaniyatning eng dastlabki sodda ko‘rinishlari (insonning tug‘ilishi, voyaga yetgach, o‘zi mansub bo‘lgan jamoaning tartib-qoidalariga so‘zsiz bo‘ysunishi hamda turli xil marosimiy harakatlarning, rasm-rususm, urf-odat va an’analarga amal qilish)ning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, ushbu jamoaning homiylari deb qabul qilingan ayrim jonivorlar obrazini mutlaqlashtirish, ularning kichik terrakota haykalchalarini yasash, qoya toshlarga suratlarini chizish, ular to‘g‘risidagi turli rivoyatlar, afsonalar, keyinchalik esa ertaklarni to‘qish, g‘ayritabiiy kuchlar va voqelik o‘rtasidagi g‘ayri oddiy aloqalar ibtidoiy tasavvurlarning mustahkamlanib borishiga olib kelgan. Real hayot bilan bir qatorda, inson tasavvurida gavdalanadigan noma’lum, hamda ularni tark etishning qiyinligi, shuningdek, o‘zga dunyolar to‘g‘risidagi tasavvurlarning paydo bo‘la borishi, marhumlarning tiriklar hayotiga ta’sir eta olishi to‘g‘risidagi turli tuman rivoyat, afsona va ertaklarning ko‘payishi ma’naviy madaniyatning ancha murakkab shakllarining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Ikkinchi tomondan, bugungi kunimizgacha saqlanib qolgan quyidagi din shakllariga oid elementlar, masalan, ayrim rasm-rusum, irim-sirim va marosimiy harakatlarning, shuningdek, xalq og‘zaki ijodining rivoyatlar, afsonalar, ertaklar yoki jonivorlar bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim marosimiy qo‘shiqlarning mavjudligi ham din va madaniyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lib kelayotgaligini ko‘rsatmoqda. Uchinchi tomondan, bugungi milliy, va hatto jahon dinlarida ham ibtidoiy din shakllari bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim tasavvurlar hamda qadriyatlar saqlanib qolinganligini ko‘rsatmoqda. Agar jahon xaqlari e’tiqod qilib kelinayotgan milliy dinlar - zardushtiylik, daosiz, konfutsiychilik, sintoizm, hinduizm, iudaizm va boshqa milliy dinlar, shuningdek, jahon dinlari – islom, xristianlik va buddaviylik e’tiqodlariga e’tibor bilan qaralsa, ularda ham ibtidoiy diniy tasavvurlarning ayrim elementlari hanuzgacha saqlanib qolganligining guvohi bo‘lamiz. Agar Sharq xalqlarining eng dastlabki diniy qarashlariga e’tibor bilan qaralsa, o‘tmish ajdodlar ruhi oldidagi qarzdorlik, ularni asrab-avaylashga ko‘proq ahamiyat berilganligiga guvohi bo‘lamiz. Masalan, qadigi Xitoy xalqining dastlabki, lekin mukammallik darajasiga ko‘tarilgan diniy e’tiqodlari, daosizm va konfutsiylik diniy-axloqiy ta’limotlariga nazar tashlansa, mazkur xalqning diniy e’tiqodlari xitoyliklar madaniyatining asosiy elementlaridan biri sifatida qadim-qadimdan bugungi kungacha meros sifatida saqlanib qolinganligini ko‘ramiz. Mazkur diniy ta’limotlar madaniyat va dinning omuxtalashib kelishining yorqin misoli sifatida ko‘zga tashlanadi. Masalan, daosizm ta’limoti diniy mazmun kasb etibgina qolmay, ayni paytda u insonning hayot tarzi, usuli va tamoyillari yig‘indisi hamdir. Birgina, Lao szining quyidagi fikri, nafaqat uning diniy e’tiqod ekanligini, balki, insonning asl mohiyatini ifodalovchi madaniy-axloqiy manba ham ekanligini ko‘rsatadi. “Men qadrlanadigan uchta durdonaga egaman: birinchisi – insonparvarlik, ikkinchisi – tejamkorlik, uchinchisi esa shuki, men boshqalardan oldinga o‘tib olishga intilmayman”. Daosizm ruhoniylari shaxsning axloqiy o‘z-o‘zini takomillashtirish g‘oyasini targ‘ib qilib, kishilarning uzoq umr kechirishi uchun zarur bo‘lgan ayrim talablarni, masalan, parhez qilish, jismoniy mashqlarni bajarish kabilarni ham ta’kidlab o‘tishadi. Daosizm ta’limotining asosiy xususiyatlaridan biri, insonning xudo darajasiga ko‘tarilganligidir. Uning asoschisi Lao szi shunday deb ta’kidlaydi: “Xushxulq odam, badxulq odamning ustozi, badxulq odam xushxulq odamning mukofoti. Agar badxulq odam o‘z ustozini qadrlamasa, xushxulq o‘z mukofotini yoqtirmasa, aqlu-farosatiga qaramay, ular avval boshidan adashgan bo‘ladilar”. Xitoy xalqining qadim-qadimdan e’zoziga aylanib bo‘lgan ikkinchi diniy-axloqiy ta’limoti – konfutsiy (Kun szi) ta’limotiga e’tibor bilan qaralsa, mazkur ta’limot ham diniy-axloqiy ta’limot sifatida xitoy xalqining madaniy merosi ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Mazkur ta’limotning diniyligi shundaki, mazkur ta’limotda xitoyliklarning qadimiy an’analari, urug‘-qabilaviy marosimlarining mustahkam saqlanib kelinayotganligi bo‘lsa, uning milliy madaniy qadriyat sifatidagi ko‘rinishi esa, ijtimoiy-axloqiy masalaga alohida o‘rin berilganligidir. Mazkur ta’limotga ko‘ra, o‘g‘il ota-ona oldida quyidagi beshta vazifani bajarishi shart: 1.Har doim ota-onani to‘la hurmat qilish. 2.Ularga eng suyukli taomlarni keltirish. 3.Ota-ona betob bo‘lib qolganlarida chuqur qayg‘urish. 4.Ular vafot etganlarida yurak-yuarakdan achinish. 5.Ular xotirasiga tantanali ravishda qurbonliklar qilish. Yoki, Konfutsiy tomonidan ilgari surilgan quyidagi pand-nasihat: “Qadimdan joriy etilgan marosimlar saqlanmas, yoki ular bekor qilinar ekan, unda hamma narsa aralashib ketadi, izdan chiqadi. Nikoh marosimini yo‘q qilingchi, unda er-xotinlik bo‘lmaydi, bu bilan bog‘liq katta-katta jinoyatlarga yo‘l ochiladi yoki dafn etish va qurbonlik qilish marasimini yo‘q qilingchi, unda bolalar vafot etgan ota-onalari xotirasi to‘g‘risida o‘ylamay, tiriklarga esa xizmat qilmay qo‘yadilar”. Ma’lumki, hind xalqi madaniyatining rivojlanishi “Vedalar”da o‘z aksini topgan. Hind madaniyati va ijtimoiy hayotida mimansa, vedanta, sankxya, yoga, nyaya, vaysheshika kabi diniy falsafiy qarashlarning o‘rni benihoya katta. Sankxya buddaviylikning g‘oyaviy asosi hisoblanadi. Unda tasvirlanishicha, borliq - hayot ikki asos – moddiy va ma’naviy asosga ega. Moddiy asos og‘ir, barcha borliqning, shu jumladan insonning ham mavjudligini belgilab beradi. Inson boshqa mavjudotlardan farq qilib, u ma’naviy qiyofaga ham ega. Inson boshdan kechiradigan barcha azob-uqubatlarining sababi, uning aqli yetgan holda moddiylikka ko‘proq o‘chligida. (Inson azob-uqubatdan faqatgina o‘zidagi ma’naviy asosni moddiy asosdan qutqarganda-gina qutilishi mumkin. Bu dunyo qayta tug‘ilish va o‘lishdan iborat. Bu dunyo azob-uqubatlaridan, tananing moddiylikka bog‘liqligidan xalos etish orqaligina erishish mumkin. Budda ta’limotiga ko‘ra, yashash azob-uqubatlardan iborat. Tug‘ilish – azob, voyaga yetish – azob, kasallik – azob, qarish – azob, o‘lish – azob. Azob-uqubatlardan qutulish yo‘llari mavjud. U to‘g‘ri e’tiqod, to‘g‘ri qaror, to‘g‘ri so‘z, to‘g‘ri harakat, to‘g‘ri turmush, to‘g‘ri niyat, to‘g‘ri xotira, to‘g‘ri o‘z-o‘zini anglashdan iboratdir. Hayotning ikkinchi tomoni aysh-ishrat, rohat-farog‘at, past va badnafs niyatlardan iborat. Yetuk shaxs azob-uqubatlarga to‘la tomonga ham, aysh ishratga ham og‘ib ketmay ular o‘rtasida yashaydi. Buddaviylik so‘z san’ati, rivoyat va afsonalar, xalq poetikasi namunalari hamda urf-odatlar bilan qo‘shilib o‘ziga xos din sifatida shakllangan. Buddaviylik uslubidagi saroylar va ularni badiiy bezash usullari, haykaltaroshlik, axl amaliy san’ati, teatr vujudga kelgan. Islom ta’limotidagi ma’naviy-axloqiy qarashlarining asosiy tamoyillaridan biri – xususiy mulk to‘g‘risidagi fikrlarga e’tibor bilan qaralsa, xususiy mulkning musulmonni xudoga ishonishdan aynitmasaligi, uni islomdagi aqidalarni rad etmay, kibru havoga, dahriylikka, yulg‘ichlikka berilmay, topgan mulkni barcha bilan, shu jumladan Yaratgan bilan baham ko‘rib, mulksizlarga, ayniqsa yetim-yesir va beva-bechoralarga xayr-ehson berib yashashga ad’vat etishining o‘zi, din va madaniyatning o‘zaro chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, badiiy ijodiy jarayonning asosida, ijodkor o‘zini o‘rab turgan tashqi tabiatdan qandaydir ijodiy-ma’naviy kuch-qudrat berilishini kutadi, yoki barcha narslarni yaratguvchi xudoga e’tiqod qilishdan ko‘zlangan maqsad ham foniy dunyoda xotirjam yashashni orzu qilishdir. Yoki insoniy o‘zaro munosabatlar asosida ham muayyan manfaatlar yotishi hech kimga sir emas. Masalan kishilarning o‘zaro do‘stlashuvi, yoki ikki jinsning o‘zaro oila qurishi – bularning barchasining asosida albatta o‘zaro manfaatdorlik, ya’ni bir-birini qo‘llabb-quvvatlash, eng qiyin damlarida bir-biriga suyanishi maqsadi yotadi. Demak, diniy aqidalarga amal qilish ham, o‘zining ichki ruhiy kechinmalarida junbushga kelgan ma’naviy-ruhiy his-tuyg‘ularni jilovlash, boshqalar anglab yetmagan ichki ruhiy jarayonlarni yuzaga chiqarishdan kutiladigan maqsad ham, o‘zini tinch qo‘ymayotgan ruhiy kechinmalarni yuzaga chiqarishdan, ya’ni ma’naviy manfatdorlikdan boshqa narsa emas. Yoki, barcha ijtimoiy instiutlar, shu jumladan, davlat ham kishilarning ishonchiga asoslanadi, agar bu ishonch bo‘lmasa, bu muassasalar ichdan yemiriladi. Kishilar e’tiqodining har qanday ko‘rinishi, u diniy yoki dunyoviy bo‘ladimi, bundan qat’iy nazar ijobiy xarakterga ega deb talqin qilinadi. Shuning uchun ham diniy g‘oyalar ham, inson madaniyatliligining asosini tashkil qiluvchi dunyoviy e’tiqodlar ham ijobiylikka asoslanadi. Ana shu nuqtai nazardan olib qarasak, diniy amallar asosida ham, insoniyatni ezgulikka chorlovchi ijod mahsullari asosida ham ijobiylik yotadi. Bizningcha, diniy e’tiqodning ham, dunyoviy e’tiqodning ham asosiy maqsadi insonning botiniy mohiyatini yuzaga chiqarishdir. Insonning botiniy tabiati – bu faqat kishilarni ezgulikka chaqirishdir. Demak, madaniyat va din o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liq aynan ezgulikka xizmat qilish, ijtimoiy jarayonlarni mukammalashtirish-dan boshqa narsa emas. Hozirgi davrda insonning hayotga bo‘lgan qiziqishi insoniylik xususiyatini yo‘qotib bormoqda. U tabiatning go‘zalligini ham, boshqa insonlar kayfiyatini ham his qilmay qo‘ydi. Inson faqat aqli bilan yashar ekan, aql uni faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlashga undaydi. Natijada inson ezgulik o‘rniga faqat foyda axtaradi. (Yo‘ldoshev S. Va boshqalar. Yangi va eng yangi davr G‘arbiy Yevropa falsafasi. T., Sharq. 2002 yil, 261-bet.) Madaniyatning oldida turgan asosiy vazifalardan biri, insonni barcha narsalarga, ayniqsa, tabiatga va jamiyatga ishonchsizlik bilan qarashi o‘rnini kelajakka, jamiyat va o‘zgalarga ishonch munosabatda bo‘lishini yanada mustahkamlashdir. Qaysiki davrda kishilarda kelajakka va hayotga ishonchsizlik bilan qarash mavjud ekan, hech qaysi bir jamiyat insoniyatning azaliy orzu-armonlari, ya’ni baxtli hayot kechirishga qaratilgan oliy maqsadini yuzaga chiqara olmaydi. Natijada, mazkur vazifa dinning zimmasiga yuklashga harakat qilinadi. Din ma’naviy madaniyatga ikki tomonlama: bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Uning bevosita ta’siri o‘z ta’limotiga singdirilgan diniy g‘oyalar va aqidalarda, diniy talablarda, marosimiy harakatlarda mujassamlashtirlgan bo‘lsa, bilvosita ta’siri, diniy mavzularga bag‘ishlangan san’at asarlari va adabiyotlar va boshqalarda o‘z ifodasini topadi. Dinning madaniyat bilan o‘zaro aloqasi quyidagi uch shaklda, birinchidan, diniy ongni shakllantirishga qaratilgan diniy g‘oyalarda, ikkinchidan, diniy tashkilotlar, diniy jamoalar orqali, uchinchidan, diniy rasm-rusumlar, urf-odatlar, maishiy irim-sirimlar o‘rnatiladi. Download 1.17 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling