Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


Download 1.76 Mb.
bet18/62
Sana24.02.2023
Hajmi1.76 Mb.
#1226415
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   62
Bog'liq
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

Yovrupo ahli, siz quloq solingiz,
Biz hunarlar yozib tonushtiramiz.
Kelturing zanburak, qurol ne xil,
Bizni sopqon bilan otushtiramiz.
Aftomobil, arobangiz qayda,
Ho‘qand arba bilan chopushtiramiz.
Biz bilurmiz, siz to‘g‘ri so‘zni quli,
Lek biz yalg‘onlar qotushtiramiz.
Do‘stni dushman edub, solib ig‘vo,
Gap toshub o‘rtaga choqushtiramiz.
Qo‘lda bid’at maromnomasi bor,
Kim yaqin kelsa, biz yopushtiramiz...
Yana bir ma’rifatparvarlik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakili Muhammad Hodi madaniyat va tamaddun (sivilizatsiya)ni jamiyatning umum hayoti, ya’ni ham iqtisodiy, ham ma’naviy hayoti shaklida tushunadi, va XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda «Tamaddundan asar yo‘q, zillatu (zalolat deyilmoqda - G‘.S.) vahshat farovondur», deb baho beradi.
Turkiston jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqalar Ismoil Gasprinskiyning madaniyat to‘g‘risidagi maqola va ijtimoiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi asarlaridagi fikrlaridan ta’sirlanib jamiyatning umum ma’naviy hayotini kishilarning ong-tafakkuri va ilm-ma’rifatga egaligini, ularning turmush-kechmishlarini umumiy tarzda madaniyat tushunchasi bilan ifodalaydi. Masalan, Fitrat o‘zining 1912 yilda Istambul (Turkiya)da nashr ettirgan «Hind sayyohi bayonoti» asarida, musulmonchilik tartiblari, ya’ni musulmonlar odob-axloqi, imon-e’tiqodi va haq-huquqlari asosi hisoblanuvchi shariatni hamda butun Sharq va G‘arbga ma’lum bilr davrda ta’sir ko‘rsatgan va hukmronlik qilgan ilm-fan, siyosiy, huquqiy va axloqiy ong-tafakkurni madaniyat, deb ataydi. O‘sha davr Buxoro amirligining siyosiy ijtimoiy hayotini esa madaniy muhit, deb talqin qiladi.
Jadidchilik harakati vakillari o‘z davrida O‘rta Osiyo xalqlarining ilm egallashlari, dunyoning ilg‘or fan va texnikasidan xabardor bo‘lishlari hamda Yevropadagi eng yuqori madaniyatga erishgan mamalakatlar darajasiga ko‘tarilishini madaniyatlilik tarzida talqin qiladilar. Masalan, Abdurauf Fitrat dunyo ilm-fani taraqqiyotiga o‘zining ta’sirini ko‘rsata olgan, buyuk mutafakkirlar, ulamolar va ijod ahlini o‘z bag‘riga olgan, dunyo ilmiy tafakkuri rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalar yurti - qadimgi Buxoroni «madaniyat quyoshining osmoni», deb ta’riflaydi.
U o‘zining «Hind sayyohi bayonoti» asarida Buxoroning madaniy taraqqiyotda, ayniqsa, O‘rta Osiyo ijtimoiy-madaniy hayotida beqiyos katta o‘ringa egaligini ta’riflab, Chor Rossiyasi bosqini arafasida nochor ahvolga tushib qolganligini, jaholat, ya’ni zamonaviy ilm-ma’rifat dushmani, xor-zorlik zanjiriga bandi bo‘lib qolgan makonga aylanganligini kuyunib ta’riflaydi.
Ma’rifatparvar jadidchilar ma’naviyatsizlik va johillikdan qutilishning birdan-bir yo‘li ilm-fanni egallashda deb tushunadilar. Ular madaniyatlilikni ilmu-fanni egallashda deb biladilar. Ilm egallagan xalqlarning madaniy taraqqiyotga erishganliklarini, farovonlikda, o‘zaro ahllikda yashayotganlikda deb hisoblaydilar. Masalan, Abdulla Avloniy bu xususda o‘zining «Maishatimizdan bir manzara» she’rida shunday deb yozadi.
«... Bobolar qilmishlar ilma shitob,
Yozmishlar qancha hisob-kitob,
Solmishlar maktab, madrasa, mehrob,
Bizlar yotarmiz o‘qimayin uxlab.
Ey millat, uxlama, ilm olur chog‘i,
Har millat ilm oldi - yondi chirog‘i.


... O‘zgalar ittifoq, bizda xiyonat,
O‘zgada ilm olmoq, bizda jaholat,
O‘zgalarda g‘ayrat, bizda atolat, (mutassiblik),
O‘zgada iqtisod, bizda safohat, (nodonlik)
Ey millat, uxlama, ilm olur chog‘i,
Har millat ilm oldi - yondi chirog‘i...»
A.Avloniy o‘zining «Madaniyat to‘lqinlari» maqolasida madaniyatni ilm-ma’rifat, insoniylik va odamiylik, insonning baxtli va farovon yashashi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni nazarda tutadi va uni dengizning o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlariga o‘xshatadi.
Abdulla Avloniy «madaniyat» deganda ilm-fan, ma’rifatlilik texnik taraqqiyot, davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar, kishilar turmush shart-sharoitlarini nazarda tutadi.
A.Avloniy XX asr boshlaridagi umumijtimoiy-madaniy jarayonni tez-tez o‘zgarib turuvchi dengiz to‘lqinlariga qiyoslaydi. Bu to‘lqinlar ayrim xalqlarning ijtimoiy-madaniy hayotini yuksaklikka (madaniy rivojlanishga) olib chiqsa, ayrimlarinikini halokat (vahshiylik) sari o‘z domiga tortadi. U madaniy-maishiy hayotdagi tanazzulning sababini muayyan millat (xalq)dagi «ijtihod va g‘ayratning ozayuvi, ittifoq va adolatning yo‘qoluvi, xalqning umumma’rifatdan uzoqlashib, buzuq ishlarga mayl va rag‘batlarining ortuvi»da, deb biladi.
U umumbashariyat ijtimoiy-madaniy jarayoni (to‘lqini)dan chetda qolgan xalqning taqdiri ayanchli ekanligini ko‘rsatib o‘tadi.
Abdulla Avloniy umuminsoniy madaniy taraqqiyot tarixiga nazar tashlar ekan, ijtimoiy-madaniy jarayon nafaqat turli qit’alar, balki turli xalqlar hayoti va turmushida turlicha rol o‘ynaganligini ta’kidlab, madaniyat to‘lqinlaridan qo‘rqmay u bilan birga suzgan xalq ijtimoiy-madaniy taraqqiyotning yuksak cho‘qqilariga chiqqanligini ko‘rsatib o‘tadi. «Oltinchi asrda dini mubiyn Islom ila barobar madaniyat dengizlari harakat qildi. Va bu qit’ada yashamish arablar o‘zlari borgan mamlakat va qit’alarga madaniyat suvlarini surib bordilar. Oradan bir asr o‘tar-o‘tmas madaniyat to‘lqinlari Osiyodan ko‘chib, Ovrupo qit’asini bosdi. Ovrupolilar hozirgi yigirmanchi asrgacha madaniyat to‘lqinlari ichra yashadilar va bu cholishqon ovrupolilar madaniyat to‘lqinlaridan qo‘rqmadilar, qochmadilar, harakat qildilar, asbob va mashinalar hozirladilar. Va bu madaniyat to‘lqinlarini o‘zlariga asiru musaxxar qilib oldilar».1
Shundan so‘ng A.Avloniy ruslar bilan Turkistonga Yevropaning ilg‘or madaniyati kirib kelganligi va xalqimiz turmushiga singib ketishga harakat qilganligi, lekin bu jarayonga ko‘nikmagan xalqimiz uni qabul qila olmayotganligi, va madaniy-ma’naviy jarayonning mohiyatini to‘g‘ri anglab yetmagan millatimizning ayrim yoshlari ko‘proq Yevropacha hayotga ko‘r-ko‘rona taqlid qilayotganligini bayon etadi: «Hozir yarim asrdurki madaniyat bizni orqamizdan quviyur. Biz qirdan-qirga qochurmiz, qarshimizda maishat mashaqqatlari chiqub hujum qilur, o‘ngimizdan bilimsizlik va jaholat kelub, jonlarimizni siqur, so‘limizdan musriflik, faqirlik va bid’atlar chiqub yo‘limizni to‘sur ... Bizim fikrimizcha, qochmoqning imkoni yo‘q, qutulmaku xalos bo‘lmakning faqat birgina chorasi bordirku,, madaniyatni qabul qilmak va madaniyatga kirishmakdir.
Ba’zi yoshlarimizga o‘xshash usti yaltiragan, ichi qaltiragan bo‘lib, boshlariga, ovrupo qalpog‘ini kiyub «Madaniyat!», «Madaniyat!» deb og‘izlarini ko‘pirtirub, oz-moz musulmoncha, chala-yarim ruscha so‘ylashub kulgu bo‘lib yurmak madaniyat bo‘lmay, masxarabozlikning bir shu’basidur».1
Abdulla Avloniy o‘z asarlarida madaniyatni ilm-fan, maishiy hayot va axloqiy fazilatlar kabi turlarga bo‘lib ko‘rsatadi.
U o‘z maqolasining so‘nggida yoshlarni madaniyatli qilib tarbiyalash, ya’ni yoshlarga diniy va dunyoviy bilimlar berish, ta’lim-tarbiya muassasalarini ochish zarurligini ta’kidlab o‘tadi.
Jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy ham o‘zining asosiy e’tiborini ilm-ma’rifatga, milliy tilimiz sofligiga, milliy davlatchilikni qayta tiklash, erk va ozodlikka alohida e’tibor beradi. Dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar qatoriga ko‘tarilish uchun ma’rifatga ega bo‘lish, o‘qish-o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi. O‘z davrining ilg‘or fikrli kishilaridan biri sifatida madaniyat masalasiga alohida e’tibor beradi. O‘zining «Kitobi muntahabi jug‘rofiyai umumiy» asarda madaniyat (jamiyat) masalasiga to‘xtalib, ularni quyidagi uch guruhga bo‘ladi:

  1. Vahshoniyat jamiyati;

  2. Badaviyat jamoasi;

  3. Madaniyatli jamiyat.

Mahmudxo‘ja Behbudiy madaniyat to‘g‘risida to‘xtalib avvalo jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan ilm-fan va kasb-hunar egallash, insofli-diyonatli bo‘lish masalalarini ko‘rsatib o‘tadi.
U insoniyat va jamiyat hayotini tahlil qilib, vahshiylik, badaviylik va madaniylik bosqichlarini bosib o‘tganligini ta’kidlaydi.
Vahshiy hayot kechiradiganlar (Vahshoniyat)da na aqliy yetuklik, na ilm-ma’rifat, na dinu-diyonat, din va diyonatdan bebahra bo‘lib, hayvonlarga o‘xshab umr kechiradilar, deb ta’kidlaydi.
Behbudiy badaviy (ko‘chmanchi, sahroi) odamlar deganda, vahshiylik va madaniy hayot o‘rtasida kun kechiruvchi turli elat va xalqlarni nazarda tutadi. «»Bularni makonlari sahro va cho‘llarda, tog‘u-toshlar orasida chodir ichida yo tufroq yerto‘la ichlarinda va aksar ko‘chub yurguvchi ilmu hunardin bebahra xalqdur. Bu toifani umrlari mol boqmoq, yemoq, yotmoq, ila sarf bo‘lib, jamiyati bashariyaga keragicha yordamlari yetmaydur. Chunki ilmlari kamdur. «Ko‘chmanchi», «badaviy», «sahroyi», «bodyanishin» atalurlarki, har birining arosida yana farq ko‘pdur. Madaniylarga yoqmayturg‘on fe’llar bularda kamilmlilik va tarbiyasizliklaridan ko‘broq voqe’ bo‘ladur. Alarni ichida madaniylarni(ng) isiqomati qariyb mumkin yo‘qdur».
Behbudiy uchinchi toifa kishilarni «madaniyatli»lar deb ataydi. Uning nazarida madaniylar shaharlarda yashab ilmu-hunarlarni egallangan fozil kishilardir. U «madaniylar»ga quyidagicha ta’rif beradi. «Bularni aksar ishlari tartib va tajriba, ilm va fan va qoida bo‘yicha bo‘ladur. Maktab, madrasa, masjid, mahkama, ruhoniy-ulamo, ibodatxona, amir, hukmron, podshohlari bordur. Bovujud shul madaniylar ichida vahshiy yo badaviyg‘a o‘xshash insonlar, fe’lu odatlar ko‘pdur. Hanuz yer yuzida bir shahar yo‘qki, barcha odamlari insoni komil hisoblangan, bu uch xilni har biri yana nim madaniy, nim vahshiy degan qismlarga bo‘linadurlar».
Xulosa qilib aytganda, jadidchilik harakati vakillari o‘sha davr Turkiston o‘lkasi ijtimoiy-siyosiy va falsafiy tafakkuri uchun yangi va o‘ta muhim hisoblangan g‘oyalarni, ayniqsa, milliy madaniyatni qayta tiklash, uni yanada rivojlantirish g‘oyalarini ilgari surganlar.



Download 1.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   62




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling