Ayolga ehtirom deganda, bir qator muhim tatbiqiy odoblar nazarda tutiladi


Download 9.91 Kb.
Sana27.10.2023
Hajmi9.91 Kb.
#1727257
Bog'liq
Ayolga ehtirom



Ayolga ehtirom deganda, bir qator muhim tatbiqiy odoblar nazarda tutiladi.
Avvalo, ayolga ehtirom inson zotiga ehtiromdir. Unga ozor berilmaydi, xorlanmaydi, huquqlari poymol qilinmaydi. Zotan, ayolni ham Alloh taolo yaratgan, binobarin, uning qadr-qiymati va fazilatini U zotning O'zi belgilab qo'ygan. SHuning uchun ham u hurmatga loyiq. SHunday ekan, bu masalaga beparvo qaragan er haddidan oshgan va o'ziga zulm qilgan bo'ladi.
Ayolga ehtirom – uning qalbidagi iymonga ehtirom. CHunki har bir mo'minning boshqa mo'min zimmasida ma'lum haqlari bor. Mo'mina ayolning haqqi o'z eriga yaqin bo'lgani hamda o'rtalarida kelishuv borligi uchun ham yanada ko'proqdir. Agar ayol soliha va taqvodor bo'lsa, uning hurmati yana ham ko'proq va qadri yuksakroq bo'ladi. Mabodo johila, yomon xulqli va odobsiz bo'lsa, uni to'g'rilikka da'vat qilish lozim. Oqibatni eslatish shart. Ta'lim berish kerak.
Ayolga ehtirom – uning Alloh taolo belgilab qo'ygan haq-huquqlarini hurmat qilishdir. Ularni bekam-ko'st, hatto kamoliga etkazib ado etishdir. Zero, Alloh taolo ayolning haq-huquqlarini unga e'tiborsiz yondashish, beparvo qarash uchun emas, balki to'liq ado etish, amalda tatbiq qilish uchun tayin qilgan.
Ayolga ehtirom – uning omonatini ado etish, moliyaviy haqlarini amalga oshirish, uning o'ziga tegishli bo'lgan ishlarda undan izn olish, uning shaxsiyatini, shuningdek, modomiki shariat talabiga javob berar ekan, xohish-istaklarini hurmat qilish, o'ziga tegishli ishlardagi tanlovini va hayot tarzini munosib baholashdir. Uning qo'lidan tutib, Allohning roziligi tomon etaklashdir.
A yolga ehtirom – uning kichik yoshdagi bolalariga tegishli ishlar va shaxsiyatlariga munosabat yuzasidan tanlov huquqini hurmat qilish. Uning fikriga e'tiborsiz bo'lmaslikdir. Zero, farzandlarni u otadan ko'ra yaxshiroq idrok qiladi, ko'p hollarda ular nima xohlayotganlarini yaxshiroq biladi. Ota farzand tarbiyasi borasida faqat o'zining gapini o'tkazadigan bo'lmasligi kerak.
Ayolga ehtirom – uning uydagi qadr-qimmatini, uy ishlari va ro'zg'or yumushlari yuzasidan tanlovini hurmat qilishdir. Zero, uy ishlari ayolning zimmasida bo'lib, u xonadonning chirog'idir. Uy – ayolning kichik vatani.

Ayolga ehtirom – uning shaxsiyatini, his-tuyg'ularini, tabiatini hurmat qilish, uni baxtli va rozi qilishga intilishdir.


Ayolga ehtirom borasida biz aytib o'tgan odob namunalari quyidagi ijobiy natijalarga olib keladi:
— o'g'illarda onaga hurmat hissini paydo qiladi. Zero, er o'g'illar oldida masxaralab, kamsitib turadigan ona odatda kichik yoshli o'g'illar tarafidan ham xuddi shunday tahqirlashlarga duchor bo'ladi. O'g'il ulg'aygani sari bu ishlar ham davomiylashib, izchillashib boraverdi;
— o'g'illarning dilida hurmat qilinadigan zot sifatida ayolning qadriyatini mustahkamlab qo'yadi. Natijada o'g'illar ayolning qadrini biladigan, hurmatini joyiga qo'yadigan, hozirgi va kelajak hayotda uni qadrlaydigan shaxslar bo'lib etishadi;
— ona o'g'illariga beradigan ko'rsatmalarning qiymatini oshiradi. Ularning odob-axloqini tartibga solish, egrilikka og'ishishning oldini olishda onaga yordam beradi;
— ota uyda bo'lmagan paytlar ona xuddi tarbiyachi, yo'nalish beruvchi va muallimdek ish yuritadi. Demak, ayolga ehtirom uning o'z vazifasini muvaffaqiyat bilan ado etishida kuchli omil bo'ladi;
— er o'z ayolini hurmat qilishi uning o'z odob-axloqini ham to'g'rilab turadi, go'zal fazilatlar paydo qiladi, yuksak ma'naviy axloq bilan bezaydi;
— ayolni o'z oilasida ham, odamlar oldida ham mukarram zot qilib qo'yadi. SHaxsiyatini kuchli qiladi. O'ziga ishonchini mustahkamlaydi. Qiyin vaziyatlarda aql va sabr-bardosh bilan ish tutishni, og'riqli damlarda bosiq va vazmin bo'lishni o'rgatadi;
— xonadon Payg'ambar alayhissalomning yuksak, olijanob va ma'naviy axloqlari bo'lmish islom odobi bilan ziynatlanadi. CHunki u zot o'z ayollariga eng shirin gaplarni saralab aytar, uyning zarur ishlari masalasida ular bilan maslahat qilar edilar.
SHulardan xulosa qilib aytadigan bo'lsak, ayolga ehtirom ko'rsatilmasa, uydagi baxtiyorlik, sokinlik, go'zal tarbiya haqida gap ham bo'lishi mumkin emas. O'z o'rni bo'lmagan va qadr topmagan xonadonda hayot kechirayotgan ayol dil va tanasi bilan azob, hasrat chekib yashaydi. Ota uyini tark qilib, turmush qurganiga afsus-nadomatlar qiladi. Ayolga o'zining dindoshi, onasi, opa-singlisi, bir umrlik jufti haloli sifatida qaramagan erkak xalqning oldida ham, Haqning oldida ham malomatga mahkumdir. CHunki ayol ham Alloh taoloning latofatli bandasidir.

Download 9.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling