Ayollarda ginekologik kasalliklar fayzullayeva gulmira baxodir qizi


Bob. HAYZ FAOLIYATINING BUZILISHI VA PREDMENSTRUAL SINDROM


Download 239.88 Kb.
bet5/36
Sana06.10.2023
Hajmi239.88 Kb.
#1693389
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36
Bog'liq
Fayzullayeva Gulmira AYOLLARGA GINEKOLOGIK KASALLIKLAR

2. Bob. HAYZ FAOLIYATINING BUZILISHI VA PREDMENSTRUAL SINDROM
Balog‘atga yetgan, bo‘yida bo‘lmagan ayol organizmida navbat bilan takrorlanuvchi murakkab o‘zgarishlar ro‘y beradi, bu o‘zgarishlar ayol organizmini homiladorlikka tayyorlaydi. Normal hayz ko‘rish sikli har 21–28, 30–35 kunda takrorlanib turadi. Hayz faoliyatining buzilishiga: asab-ruhiy kasalliklar, ginekologik kasalliklar, tashqi muhit, hayotning umumiy moddiy-maishiy sharoiti, ovqatlanish buzilganligi, yuqumli kasalliklar, tuxumdonda jinsiy gormon ishlab chiqish siklining o‘zgarishi sabab bo‘lishi mumkin. Balog‘atga yetgan, ammo bo‘yida bo‘lmagan ayol organizmida to‘g‘ri, navbat bilan takrorlanuvchi murakkab o‘zgarishlar ro‘y beradi, bu o‘zgarishlar ayol organizmini homiladorlikka tayyorlaydi. Biologik nuqtayi nazaridan muhim rol o‘ynaydigan, ritmik ravishda takrorlanadigan bu o‘zgarishlar hayz ko‘rish sikli deb ataladi. Hayz ko‘rish siklining davom etish muddati har xil bo‘ladi. Aksariyat ayollarda sikl 28 kun (4 hafta) davom etadi, ba’zi bir ayollarda 21 kun (3 haftacha), ba’zilarda aksincha 30–35 kungacha davom etishi mumkin. Davomiyligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar har safar ritmik ravishda bir vaqtda keladigan hayz sikli fiziologik hisoblanadi.
Umumiy organizmdagi davriy o‘zgarishlar. Tuxumdonlar bilan bachadondagi siklik o‘zgarishlar markaziy nerv tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu ta’sir refleks (nerv) yo‘li bilangina kifoyalanmaydi. Nerv tizimining funksiyasiga tuxumdon gormonlari ham ta’sir etadi. Hayz ko‘rish siklining turli fazalarida tuxumdon gormonlarining qondagi miqdori o‘zgarib turadi. Nerv tizimining faoliyatidagi davriy o‘zgarishlarga yarasha ko‘p ayollar hayz ko‘rishdan oldin tez asabiylashadigan, tez charchaydigan va uyquchan bo‘lib qoladilar, hayz tugagach, o‘zlarini tetik his qilib, kuchlariga kuch qo‘shilgandek sezadilar. Hayz ko‘rishdan oldin pay reflekslari ham kuchayadi, terlash va boshqa hodisalar kuzatiladi, bu o‘zgarishlar hayz ko‘rishdan keyin yo‘qolib ketadi. Hayz ko‘rish vaqtida bosh miya po‘stlog‘idagi qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari tez almashinadi, bu almashinish pirovardida tormozlanish jarayonining kengroq tarqalishi bilan tugaydi. Normal hayz ko‘rish siklida nerv tizimidagi o‘zgarishlar fiziologik doirada bo‘lib, ayolning mehnat qobiliyatini pasaytirmaydi. Bosh miya po‘stlog‘ining zo‘r berib ishlashini talab qiladigan murakkab mehnat jarayonlarini ayollar hayz ko‘rish vaqtida muvaffaqiyatli ravishda ado etaveradilar.Hayz ko‘rish siklida giðofizning oldingi bo‘lagi, ayniqsa, muhim rol o‘ynaydi. Gipofizning oldingi bo‘lagida bir qancha gormonlar, shu jumladan tuxumdonlar funksiyasini kuchaytiradigan gormonlar hosil bo‘ladi. Giðofiz oldingi bo‘lagining gormonlari tuxumdon funksiyalarini kuchaytirgani uchun gonadotrop gormonlar (gonadotropinlar) deb ataladi.
Gipofizda tuxumdonga ta’sir etadigan uchta gormon ishlanib chiqadi: 1) follikulani qo‘zg‘atuvchi gormon, tuxumdondagi follikulaning o‘sishi va yetilishini, shuningdek, follikulyar (estrogen) gormon hosil bo‘lishini ta’minlovchi follikula stimullovchi gormon (FSG), 2) tuxumdonda sariq tananing rivojlanishi va yetilishini kuchaytiradigan lyuteinlovchi gormon (LG), 3) sariq tana gormoni – progesteron hosil bo‘lishini kuchaytiradigan lyuteotrop gormon (LTG). Lyuteinlovchi gormon sariq tanadan gormon ishlanib chiqishini kuchaytiradi deb taxmin qilinadi. Gonadotrop gormonlar jinsiy sistema funksiyalarini idora etib turadigan miyaning giðotalamus qismida hosil bo‘luvchi relizing-faktorlar ta’siri ostida ishlanib chiqadi.
Hayz siklining birinchi yarmida, asosan, follikulalarni stimullovchi gormon (FSG), ikkinchi yarmida esa lyuteinlovchi gormon (LG) va lyuteotrop gormonlar (LTG) ishlab chiqariladi. Tuxumdon sikli. Gipofizda ishlab chiqiladigan gonadotrop gormonlar ta’sirida tuxumdonda davriy takrorlanuvchi o‘zgarishlar ro‘y beradi, bu o‘zgarishlar uch fazaga bo‘linadi: a) follikulaning yetilishi – follikulyar faza, b) yetilgan follikulaning yorilishi – ovulatsiya fazasi, d) sariq tananing rivojlanishi – lyutein fazasi. Follikulaning yetilish jarayoni hayz ko‘rish siklining birinchi yarmi, ya’ni 28 kunlik siklda 14 kunni, 21 kunlik siklda 10–11 kunni tashkil etadi. Follikulaning yetilish jarayonida uning tarkibidagi hamma bo‘laklar: tuxumhujayra, donador parda, qo‘shuvchi to‘qima pardasi katta o‘zgarishlarga uchraydi. Tuxumhujayra 5–6 baravar kattalashadi, uning yuzasida shishasimon parda (zona pellucida) hosil bo‘ladi, protoplazmasida murakkab o‘zgarishlar ro‘y beradi. Tuxumhujayra ikki karra bo‘lingandan keyin uzil-kesil yetiladi. Yetilish davridagi birinchi bo‘linishda katta-kichik ikki hujayra vujudga keladi. Asosiy, katta hujayra o‘z o‘rnida qoladi (kichkinasi uloqtirib tashlanadi) va hademay ikkinchi marta bo‘linadi, ayni vaqtda tuxumhujayradan xro-mosomalarning yarmi uloqtirib yuboriladi. Reduksion bo‘linish deb ataladigan ikkinchi bo‘linishdan keyin tuxumhujayra yetilib, urug‘lanishga yaroqli bo‘ladi. Follikulyar epiteliy (donador parda) yetilish jarayonida proliferatsiyalanadi (hujayralar ko‘payadi), bir qavatli epiteliydan ko‘p qavatli epiteliyga aylanadi, follikulaning donador pardasi (membrana granulosa folliculi) hosil bo‘ladi. Donador pardaning hujayralari dastlab tuxumhujayra bilan qo‘shuvchi to‘qima pardasi o‘rtasidagi jami kamgakni to‘ldiradi. So‘ngra hujayralar to‘plamining markazida suyuqlik bilan to‘la bo‘shliqlar hosil bo‘ladi; bora-bora bo‘shliqlar qo‘shilib bitta bo‘ladi, bu yagona bo‘shliq follikulyar suyuqlik (liquor folliculi) degan tiniq suyuqlik bilan to‘ladi.
Follikulyar suyuqlik to‘plangan sayin donador parda hujayralari tuxumhujayraga va follikula devoriga surilaveradi. Donador pardaning tuxumhujayrani o‘rab turgan hujayralari nurafshon toj (corona radiata) deb ataladi. Nurafshon toj bilan o‘ralgan tuxumhujayra donador pardaning devori yoqalab yotgan hujayralar to‘plami ustida turadi. Bu hujayralar to‘plami tuxumli do‘mboqcha (cumulusovigerus) deb ataladi.
Yetilgan tuxumhujayra follikulaning yetilish paytigacha tuxumli do‘mboqchadan uzoqlashib, follikulyar suyuqlik ichida turadi. Follikulada estrogen (follikulyar) gormoni hosil bo‘ladi. Bu gormon organizmga har tomonlama murakkab ta’sir ko‘rsatadi. Follikula yetilgan sayin uning qo‘shuvchi to‘qima pardasi taraqqiy etadi. Bitta qo‘shuvchi to‘qima pardasi o‘rniga ikkita parda hosil bo‘ladi: ichki parda (theca interna) hujayra elementlariga va kapillarlarga boy tashqi parda (theca externa) tolali bo‘lib, yirikroq tomirlari bor. Yetilayotgan follikula kattalashadi, qutbi tuxumdon yuzasi ustida do‘ppayib chiqa boshlaydi. Tuxumdon to‘qimasining shu joyi yupqa tortadi. Ovulatsiya fazasi. Yetilgan follikulaning yorilishi va uning bo‘shlig‘idan yetilgan, urug‘lanishga yaroqli tuxumhujayraning chiqishi ovulatsiya deb ataladi. Nurafshon toj bilan o‘ralgan tuxumhujayra follikulyar suyuqliq bilan birgalikda qorin bo‘shlig‘iga tushadi, keyinchalik esa bachadon naylarining shokilalari harakati yordamida bachadon nayiga kiradi. Ovulatsiya 28 kunlik siklda hayz ko‘rish siklining birinchi kunidan hisob qilganda 14—15-kuni (21 kunlik siklda — 10–11-kuni) ro‘y beradi. Bu vaqt bo‘yida bo‘lish uchun eng qulay hisoblanadi. Sariq tananing rivojlanish davri (lyutein fazasi). Yorilgan follikula o‘rnida yangi, juda muhim ichki sekretsiya bezi — sariq tana (corpus luteum) hosil bo‘ladi, undan progesteron3 gormoni ishlanib chiqadi. Sariq tana 28 kunlik siklda 14 kun (21 kunlik siklda— kamroq) taraqqiy etadi, bu jarayon hayz ko‘rish siklining ikkinchi yarmini — ovulatsiyadan navbatdagi hayz ko‘rishgacha o‘tadigan vaqtni egallaydi. Yorilgan follikula o‘rnida sariq tana taraqqiy etadi. Sariq tana eng ko‘p rivojlangan fazasida o‘rmon yong‘og‘iday katta bo‘lib, bir qutbi tuxumdon yuzasi ustidan do‘ppayib turadi. Follikuladan chiqqan tuxumhujayra urug‘lansa, homiladorlikning dastlabki oylari mobaynida sariq tana o‘sib, yashnab boradi va ishlab turadi. Bu homiladorlikning sariq tanasi (corpus luteum graviditatis) deb ataladi. Ayolning bo‘yida bo‘lmasa, hayz ko‘rish siklining 28-kunidan (uch haftalik siklda 21-kunidan) sariq tana so‘na boshlaydi. Ayni vaqtda, lyutein hujayralar nobud bo‘ladi, tomirlarpuchayib qoladi va qo‘shuvchi to‘qima o‘sib qotadi; natijada sariq tana o‘rni yamoq bo‘lib qoladi, bu yamoq keyinchalik yo‘qolib ketadi. Har bir hayz ko‘rish siklida sariq tana hosil bo‘ladi, bordi-yu, ayolning bo‘yida bo‘lmasa, bu sariq tana hayz ko‘rishning sariq tanasi (corpus luteum menstrationis) deb ataladi. Sariq tana gormoni organizmga har tomonlama ta’sir ko‘rsatadi. Sariq tana so‘na boshlagan paytdan boshlab progesteron ishlab chiqilmaydi. Tuxumdonda yangi follikula yetiladi, yana ovulatsiya ro‘y berib, sariq tana hosil bo‘ladi. Bachadon sikli. Follikulada va sariq tanada hosil bo‘ladigan tuxumdon gormonlari ta’sirida bachadon tonusi, qo‘zg‘aluvchanligi va qon bilan ta’minlanishi siklik ravishda o‘zgaradi. Ammo endometriyning funksional qavati eng muhim siklik o‘zgarishlarga uchraydi. Bu siklik o‘zgarishlarning mohiyati shundan iboratki, proliferatsiya jarayoni navbat bilan takrorlanadi, endometriyning funksional qavati shundan keyin sifat jihatidan o‘zgarib, ko‘chib tushadi va o‘rniga yangisi hosil bo‘ladi. Tuxumdon sikli kabi, bachadon sikli ham 28 kun (ba’zan 21 yoki 30—35 kun) davom etadi. Bachadon sikli quyidagi fazalarga bo‘linadi: a) deskvamatsiya, b) regeneratsiya, d) proliferatsiya va e) sekretsiya fazalari. a) Deskvamatsiya fazasida hayz qoni keladi, odatda 3–5 kun qon ketadi; hayz ko‘rish aslida shuning o‘zidan iborat. Bu fazada bachadon shilliq pardasining funksional qavati parchalanib ko‘chadi, bachadon bezlarining sekreti va yorilgan tomirlardan chiqqan qon bilan aralashib tashqariga chiqadi. Endometriyning deskvamatsiya fazasi tuxumdonda sariq tananing nobud bo‘la boshlashi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.
b) Shilliq pardaning regeneratsiya (tiklanish) fazasi deskvamatsiya fazasidayoq boshlanib, hayz ko‘rish boshlangach 5—6- kunga borib tugaydi. Bazal qavatdagi bez qoldiqlari epiteliysining o‘sishi va o‘sha qavatdagi boshqa elementlar (stroma, tomirlar, nervlar) proliferasiyasi hisobiga shilliq pardaning funksional qavati tiklanadi (regeneratsiya).
d) Endometriyning proliferatsiya fazasi tuxumdonda follikulaning yetilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi va siklning 14-kunigacha (21 kunlik siklda 10—11-kungacha) davom etadi. Estrogen (follikulyar) gormonlar ta’sirida shilliq parda stromasi va bezlari o‘sadi (proli-feratsiya). Bezlar bo‘yiga cho‘ziladi, so‘ngra pixga o‘xshash buralib buralib qoladi, ammo sekret chiqarmaydi. Bu davrda bachadon shilliq pardasi 4—5 baravar qalin tortadi.
e) Sekretsiya fazasi tuxumdonda sariq tana taraqqiy etishi va yashashi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi, siklning 14–15-kunidan 28-kunigacha (ya’ni oxirigacha) davom etadi. Shundan keyin butun organizm, tuxumdon va bachadonda siklik o‘zgarishlar yangidan boshlanadi (16-rasm). Yana tuxumdonda follikula yetiladi, ovulatsiya ro‘y beradi va sariq tana taraqqiy etadi, bachadon shilliq pardasida tegishli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bachadon bo‘ynida, qinda va jinsiy apparatning boshqa bo‘limlarida siklik o‘zgarishlar kuzatiladi, lekin bu o‘zgarishlar tuxumdonlar bilan endometriydagi o‘zgarishlarga nisbatan kamroq seziladi. Yuqorida aytilgan siklik o‘zgarishlar ayolning yetuklik (balog‘at) davrida navbat bilan takrorlanib turadi. Homiladorlik va emizish kabi fiziologik jarayonlar munosabati bilan siklik o‘zgarishlar to‘xtaydi. Patologik sharoitda (og‘ir kasalliklar, ruhiy kechinmalar, sifatsiz ovqatlanish va shunga o‘xshashlar ta’sirida) ham hayz ko‘rish sikllari buziladi.
Normal hayz ko‘rish 3—5 kun davom etadi, ammo 7 kundan oshmaydi. Har bir hayz ko‘rishda 50—150 ml qon ketadi. Hayz qoniga bachadon bezlarining sekreti va endometriy funksional qavatining parchalangan zarralari aralashadi. Hayz qoni odatda ivimaydi (buning sababi shuki, unda fermentlar bor), tomirlarda oqib turgan qonga nisbatan to‘q rangli bo‘ladi. Hayz ko‘rish normal hodisa hisoblanadi, ammo bu davrda organizmda kuzatiladigan o‘zgarishlar gigiyena qoidalariga sinchiklab rioya qilishni talab etadi. Hayz ko‘rish vaqtida ayol odatdagi ishini ado etaversa bo‘ladi, ammo u ortiqcha charchamasligi, jismonan zo‘riqmasligi, badanini sovutib yoki qizitib yubormasligi kerak. Hayz ko‘rishdan oldin va hayz ko‘rish kunlarida ichki a’zolarga, chanoq a’zolariga qon ko‘p kelmasligi uchun o‘tkir, dorivorli ovqat va spirtli ichimliklar iste’mol qilmaslik kerak. Hayz ko‘rish vaqtida jinsiy a’zolarga qon kelishi ko‘p qon ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hayz ko‘rish vaqtida endometriyning funksional qavati ko‘chganligidan bachadonda «jarohat yuzasi» vujudga keladi. Patogen mikroorganizmlarning bu jarohatga kirib ko‘payishi natijasida bachadon naylari, tuxumdonlar va chanoqning qorin pardasi yallig‘lanishi mumkin. Modomiki shunday ekan, butun badanni va ayniqsa tashqi jinsiy a’zolarni pokiza tutish kerak .Hayz qoni maxsus gigiyenik paxta-doka boylamga bemalol oqib tushib shimiladigan bo‘lishi lozim. Tashqi jinsiy a’zolarni qaynatilgan iliq suv bilan kuniga 2—3 marta yuvib turish zarur. Hayz ko‘rish vaqtida jinsiy aloqa qilish va qin chayish yaramaydi, chunki bunda bachadonning jarohat yuzasiga patogen mikroblar kirib yallig‘lantirishi mumkin. Hayz ko‘rish kunlarida dushga tushish tavsiya etiladi, ammo vannaga tushish maslahat berilmaydi, chunki ifloslangan suv vannadan qinga kirishi mumkin. Korxonalarda gigiyenik muolajalarni ado etish uchun moslashtirilgan maxsus xonalar bo‘lishi lozim, bu muolajalar hayz ko‘rish davrida, ayniqsa muhimdir.

Download 239.88 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling