Baqlajon – tomatdoshlar (ituzumgullilar oilasi)ga mansub bir yillik o‘simlik, sabzavot ekini. Yovvoyi holda Janubiy Osiyo (Hindiston, Myanma)da o‘sadi. Bu yerlarda juda qadimdan madaniylashtirilgan. Baqlajon tropik, subtropik va mo‘tadil iqlimli juda ko‘p mamlakatlarda ekiladi.
Issiqsevar va namsevar o‘simlik, unumdor tuproqlarda yaxshi hosil beradi. Bo‘yi 50–100 sm. Sershox, guli yakka yoki to‘pgul, ikki jinsli, chetdan yoki o‘zidan changlanadi. Bargi tuxumsimon, uzunligi 7–15 sm. Mevasi cho‘ziq (15–30 sm), och sariq, to‘q binafsha, och qizil va qora rangda, silliq, yaltiroq. Urug‘ining sirti mayda cho‘tir, sarg‘ish, 1000 donasi 3,8–4,4 g.
Ekilgan urug‘i tuproq harorati 13–14℃ bo‘lganda 20–25 kunda, 20–25℃ bo‘lganda 8–12 kunda unib chiqadi. Baqlajon urug‘i maxsus parniklarda sepilib, ko‘chati 50–60 kun ichida dalaga o‘tqazish uchun tayyor bo‘ladi. Urug‘i unib chiqqandan birinchi mevasi yetilgunga qadar ertapishar navlarda 110–120 kun, kechpisharlarida 140 va undan ko‘p kun talab qiladi.
Ko‘chati dalaga 70×30,70×45,60×60,70×70 sm sxemalarda ekiladi, qator oralari har galgi sug‘orishdan so‘ng yumshatiladi. Baqlajon mevasi nim qorayib dumbul bo‘lganda uziladi, o‘rta hisobda 200–450 s/ga hosil olinadi. Parvarishi yaxshi bo‘lganda 800 s/ga gacha hosil olish mumkin. Mevasi qovurib, pishirib, konserva holida iste’mol qilinadi. Uning tarkibida kaltsiy, temir, fosfor tuzlari, V1, V2, S, R vitaminlari, oshlovchi moddalar, qand (2,7–4%), oqsil (0,6–1,4%) va boshqalar bor.
O‘zbekistonda o‘rtapishar navlardan Bolgar 87 (mevasi uzun noksimon, qizg‘ish binafsha), Donskoy 14 (mevasi noksimon), Uzun binafsharang 239, Ispolin 63 (mevasi silindrsimon), kech-pisharlaridan Qorago‘zal (mevasi juda yirik, noksimon) va boshqalar ekiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |