Bilim sohasi: 100000 Gumanitar soha Ta’lim sohasi: 110000 Pedagogika Ta’lim yo‘nalishi
– mavzu: Jamiyat falsafasi. Hozirgi zamon jamiyatining global muammolari va jamiyatni rivojlantirish istiqbollari
Download 3.86 Mb.
|
portal.guldu.uz-Falsafadan ma`ruza matni
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so’zlar
5 – mavzu: Jamiyat falsafasi. Hozirgi zamon jamiyatining global muammolari va jamiyatni rivojlantirish istiqbollari.
Reja 1. Jamiyat tushunchasining mohiyati va mazmuni. 2. Jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi turli nazariyalar. 3. Taraqqiyotning o’zbek modeli. Tayanch so’zlar Jamiyat, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy uyushma, davlat, tsivilizatsiya, taraqqiyot, milliy davlatchilik, taraqqiyotning o’zbek modeli, jamiyat tarkibi, fuqarolik jamiyati, oila. Jamiyat nima? Insoniyat azal-azaldan jamoa bo’lib yashaydi. Er sayyorasi uning abadiy makoni, umumiy Vatanidir. Quyosh tizimidagi ana shu mitti sayyorada yashayotgan odamlar oilasini jamiyat deb atash odat tusiga kirgan. Demak, umumbashariy ma’noda jamiyat odamzodning umri, hayoti o’tgan hamma davri, joy va hududi bilan bog’liq barcha o’zgarish va jarayonlarni ifoda etadi. Shu bilan birga, biror davlat hududidagi odamlar hayoti, tsivilizatsiyaning muayyan davrlaridagi turmushga nisbatan ham ushbu tushuncha qo’llanadi. Har qanday holda ham, u umumiy tushuncha bo’lib, ayrim odam va alohida shaxs jamiyat a’zosi deb ataladi. Jamiyat — tabiatning bir qismi, ya’ni ijtimoiy borliq bo’lib, odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o’rtasida amal qiladigan juda ko’plab munosabatlar yig’indisi, degan turlicha ta’riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda rivojlanuvchi, takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keladi. Milliy mustaqillik tufayli jamiyat mohiyatini yangicha idrok etish ehtiyoji paydo bo’ldi. Prezident Islom Karimovning qator asarlarida jamiyat mohiyatini yangicha tushunishning uslubiy asoslari yaratildi. Jamiyat moddiy va ma’naviy omillar birligidan iborat. Hozirga qadar adabiyotlarda moddiy va ma’naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar edi. Moddiy hayot tadqiqiga ko’proq e’tibor berilar. Holbuki, jamiyatning tub mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy bog’liq. Xuddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo’lmagani singari, jamiyatning moddiy va ma’naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini ikkinchisidan ustun qo’yish mantiqqa ziddir. Prezident Islom Karimov asarlarida jamiyatning moddiy va ma’naviy manfaatlarini uyg’unlashtirish ijtimoiy taraqqiyot asosi ekani ta’kidlangan. Inson ma’naviyatini yuksaltirish orqaligina iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkin. Shuning uchun ham hozirgi davrda aholi ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy g’oya va mafkura asoslarini shakllantirishga katta e’tibor berilyapti. Zero, kishilar iqtisodiy jihatdan qashshoq bo’lgani uchun ilmsiz bo’lmaydi, balki, aksincha — ilmsiz bo’lgani uchun qashshoq bo’ladi. Shuning uchun yurtimizda xalq ma’naviyatini yuksaltirish orqali iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga katta e’tibor berilyapti. Jamiyatning vujudga kelishi. Kishilarni oila bo’lib, jamoa bo’lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug’ mutafakkirlar e’tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish — uni ilohiy kuch, xudo bilan bog’lab izohlashdir. Dunyoviy qarashlarga ko’ra, odamlar o’zlarining moddiy va ma’naviy extiyojlarini qondirish uchun birgalikda yashashga, jamoa bo’lib birlashishga ko’nikkan. Kishilar hayotiy tajriba, aql va tafakkur tufayli jamiyat bo’lib yashashning qulay, afzal va zarurligini tushungan. Bu jarayonda o’zaro munosabatlarga kirishgan kishilar ana shu munosabatlarni takomillashtirish, yanada rivojlantirish orqali ma’naviy kamolotga erishgan. Bu kishilarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini bergan. Ijtimoiy munosabatlarning amal qilish jarayonida odamlarni uyushtirishning tarixiy shakllari — oila, davlat, jamoa (qishloq, shahar) vujudga kelgan. Odamlar o’rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, mafkuraviy kabi munosabatlarning barchasi bir so’z bilan ijtimoiy munosabatlar deyiladi. Ijtimoiy uyushmalar kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qoldirishga yordam beradi. Ular mohiyatan inson va jamiyat mavjudligining zarur sharti hisoblanadi. Masalan, oila, davlat, ta’lim-tarbiya, mahalla, Vatan kabi qadriyatlarsiz inson va jamiyat o’z mohiyatini yo’qotadi. Insonning moddiy ehtiyojlari oziq-ovqatlar, kiyim-kechak, uy-joy, transport vositalari, o’zini himoyalash, zurriyot qoldirish kabilardan iboratdir. Ma’naviy ehtiyojlarga olamni bilish, o’zlikni anglash, dunyoqarash, donishmandlikka intilish, bilim, san’at, g’oya, mafkura go’zallik bilan, ma’naviy kamolot yo’lidagi intilishlar kiradi. Insonning asl mohiyati moddiy ehtiyojlarni madaniy shakllarda qondirilishida yaqqol namoyon bo’ladi. Inson aqlli mavjudot sifatida moddiy ehtiyojlarini madaniy shakllarda qondirish uchun tabiat va jamiyat mohiyatini bilishga, moddiy va ma’naviy olamni uyg’unlashtirishga, tabiat va jamiyatni o’z maqsadlariga mos ravishda o’zgartirishga harakat qiladi. Ilm-fan va texnika insonning ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish quroli, muhim vosita bo’lib xizmat qiladi. Inson yuksak ma’naviyat tufayligina o’z ehtiyojlarini madaniy shakllarda oqilona va to’laroq qoldirish imkoniga ega bo’ladi. Mamlakatimizda ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berilayotganining sababi ham ana shunda. Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayoti kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari bilan uzviy bog’liq holda vujudga keldi. Jamiyatning moddiy hayotiga quyidagilar kiradi: - kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo’lgan iqtisodiy shart-sharoitlar; - oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg’i, kommunikatsiya vositalari; - moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish; - ishlab chiqarish jarayonida kishilar o’rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui; - moddiy boyliklar, tabiiy zaxiralar. Jamiyatning ma’naviy hayotiga olamni tushunish, jamiyat va inson to’g’risidagi qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar, g’oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, ta’lim-tarbiya, axborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari va boshqalar kiradi. Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayotini boshqarish, kishilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o’rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-huquqiy jihatlari ham muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o’zlashtirilishi jamiyatning barqaror yashashi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyat rivoji, kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari qondirilishida mehnat, mulk va mehnatning ijtimoiy taqsimlanishi beqiyos ahamiyatga ega. Mehnatning kishilarning qobiliyatiga qarab ijtimoiy taqsimlanishi natijasida muayyan kasb-kor bilan shug’ullanadigan toifalar, guruh, qatlam va sinflar vujudga keladi va ular jamiyat strukturasida o’ziga xos o’rin egalaydi, jamiyat taraqqiyotiga muayyan hissa qo’shadi. Jamiyat taraqqiyoti to’g’risidagi nazariyalar. Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Hegel jamiyatning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog’lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Frantsuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan. K. Marks jamiyatning rivojlanish sabablarini sinfiy kurash va inqilobiy o’zgarishlar bilan bog’lagan, barcha ijtimoiy hodisa va jarayonlarni sinfiy nuqtai nazardan tushuntirgan. Ijtimoiy ziddiyatlarni sun’iy ravishda mutlaqlashtirgan va ziddiyatlarni hal etishning asosiy usuli sifatida ijtimoiy inqilobni amalga oshirishni, mulkdorlar sinfini tugatishni taklif etgan. Ijtimoiy amaliyot bunday nazariyaning bir yoqlama va xato ekanini ko’rsatdi. Jamiyat taraqqiyoti ko’p bosqichli jarayon ekani to’g’risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko’ra jamiyatlar taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti borasida tsivilizatsiyali yondashuv g’oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko’ra har bir xalq o’zining betakror, noyob, o’ziga xos va o’ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o’ziga xos modelini yaratadi. Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo’lgani kabi, jamiyat ham o’z oldiga qo’ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi. Barqarorlik – jamiyat taraqqiyotining tadrijiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko’rsatish imkoniyatidir. U turg’unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg’unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy tizimning tanazzuli alomatidir. Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan almashib turishi ham mumkin. Jamiyatning ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach, ijtimoiy imkoniyatlar ruyobga chiqarilib bo’lgach, uning bundan keyingi taraqqiyoti yo’lida yangi muammolar tug’iladi va ularni hal etish vazifasi paydo bo’ladi. Jamiyat a’zolarining ma’naviy salohiyati, milliy psixologiyasi, tabiiy ravishda mavjud siyosiy tuzum kishilarni boshqarishning o’ziga xos usullarini hayotga tadbiq etadi. Insoniyat hayoti tarixida jamiyat barqarorligini ta’minlashning monarxiyaga asoslangan, aristokratik, totalitar va demokratik usullari tajribadan o’tgan. Beqarorlik ichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o’tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishi kishilar psixologiyasidagi salbiy o’zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo’qolishida, g’oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo’lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o’z ifodasini topadi. Jahon tajribasi har bir mamlakat va xalqning o’z taraqqiyot yo’lini tanlash huquqiga ega bo’lishi umumiy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash garovi ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan keyin o’z milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, o’ziga xos va mos taraqqiyot yo’lini tanlash, rivojlanishning o’zbek modelini yaratish imkoniga ega bo’ldi. Taraqqiyotning o’zbek modeli – jamiyatning tadrijiy rivojlanish kontseptsiyasi sifatida. Ijtimoiy rivojlanishning o’zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg’or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va xalqimiz mentalitetiga tayanadi. Ijtimoiy rivojlanish borasida xalqlar odatda ikki yo’ldan — inqilobiy va tadrijiy yo’ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o’zgarishlar yo’li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy (evalyutsion) taraqqiyoti barqaror — tabiiy rivojlanish yo’li ekanini ko’rsatdi. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov ijtimoiy taraqqiyotning tadrijiy yo’li mohiyatini shunday izohlaydi: «Soxta inqilobiy sakrashlarsiz, evalyutsion yo’l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o’tish tanlab olingan yo’lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Bozor iqtisodi sari buyuk sakrashlar, inqilobiy o’zgarishlar yo’li bilan emas, balki sobitqadamlik va izchilik bilan — bosqichma-bosqich harakat qilish kerak. Har bir bosqichning qancha davom etishi hal qilishi lozim bo’lgan muammolar doirasiga, tashqi omillar qanchalik qulay bo’lishiga, aholining mehnat faoliyatiga bog’liqdir»18. O’zbek modelning asosiy tamoyillari quydagilardir: - iqtisodning siyosatdan ustuvorligi; - davlatning bosh islohotchi ekanligi; - qonun ustuvorligi; - kuchli ijtimoiy himoyalash; - bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo’l bilan o’tish. O’zbek modelining o’ziga xos xususiyatlari davlatchilik asoslarining, milliy qadriyatlarning qayta tiklanishi, o’zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga xos xususiyatlarining tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi va inson huquqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o’z ifodasini topmoqda. O’zbek modelining hayotiyligi jahon jamoatchiligi tamonidan e’tirof qilindi. O’zbekiston tajribasi qator mamlakatlar uchun namuna bo’lib xizmat qilmoqda va uni o’rganishga bo’lgan qiziqish ortib bormoqda. O’zbekona taraqqiyot yo’li ma’naviy hayot va iqtisodiy rivojlanishi bir-biri bilan uzviy bog’liqlikda amalga oshirishda, ma’naviyat, ma’rifat, madaniyatga bo’lgan e’tiborning kuchayishida yaqqol ko’zga tashlanadi. Ma’naviy salohiyatning kuchayishi, inson intelektual va axloqiy qobiliyatlarining rivojlanishi iqtisodiy rivojlanish uchun puxta zamin yaratadi. Kishilarda yangicha iqtisodiy tafakkur, tadbirkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishda zamonaviy ilm-fan, texnika va texnologiya asoslarini egallash muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyat va oila. Jamiyat va oila mohiyatan bir-biri bilan uzviy bog’liq. Oilada jamiyatning tub mohiyati o’z aksini topadi. Shu ma’noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir jamiyat a’zosi oila bag’rida voyaga etadi, ijtimoiy munosabatlarni o’zlashtiradi va insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga, mehnatga tayyorlash oilaning muqaddas vazifasidir. Oilani mustahkamlash jamiyat barqarorligi va qudratining muhim shartidir. Shu boisdan ham davlat oilani o’z himoyasiga oladi. Jamiyatdagi ma’naviy-axloqiy muhitning sog’lomligi ko’p jihatdan oilaviy madaniyatga bog’liq. Oila qanday bo’lsa, jamiyat ham shunday bo’ladi. Oilada er va xotining mavqei, oilaviy munosabatlar xarakteri turli xalqlarda turlichadir. Mamlakatimizda milliy mustaqillik yillarida ma’naviyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, oila qadriyatlarini, eng ilg’or an’analarni tiklashga qaratilgandir. Ona va ayol muqaddasligi o’zbekona qadriyatdir. Hadisi sharifda ona va ayolning muqaddasligi to’g’risidagi g’oyalar oilaviy munosabatlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Ulug’ mutafakkirlar jamiyatning madaniy darajasi ayolning jamiyat va oiladagi ahvoli, mavqei bilan belgilanishini alohida ta’kidlaganlar. Sog’lom, barkamol avlod tarbiyasi ko’p jihatdan ayolning ma’naviy salohiyati, bilimi, uddaburonligi va erkinligiga bog’liqdir. Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan qator tadbirlar ayolning oila va jamiyatdagi mavqei va rolini kuchaytirishga qaratilgandir. Oila muammolarini ilmiy asosda o’rganilganligi va ularni oqilona hal etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazining tashkil etilganligi ham davlatimizning oilaviy munosabatlarini takomillashtirishga alohida e’tibor berayotganidan dalolat beradi. Mustaqillik yillarida o’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz xususiyatlariga mos bo’lgan yangi alifboga o’tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bu esa, o’z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Davlatning jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyati. Davlat – jamiyatni boshqarish, tartibga solish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan alohida bir muassasadir. Davlat umuminsoniy qadriyat, insoniyat ma’naviy taraqqiyotining muhim yutug’idir. Jamiyat ma’naviy salohiyatining yuksalib borishi bilan siyosiy boshqarish shakllari va usullari ham takomillashib boradi.O’zgargan tarixiy sharoitda davlatning mohiyati, mazmuni va vazifalariga yangicha yondashish zarurati vujudga keladi. Mustaqillik yillarida milliy davlatchilik an’analarining tiklanishi bilan davlatning tashkilotchilik, bosh islohotchilik faoliyati yangicha mazmun va ahamiyat kasb etdi. Prezident I.A. Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning o’zbek modeli kontseptsiyasining amalga oshirilishida davlat hal qiluvchi o’rin tutadi. Mamlakatimizning siyosiy, huquqiy hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar siyosiy boshqaruvni yanada takomillashtirishga, yurtimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etishga, kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o’tishga qaratilgandir. Jamiyat hayotida turli jamoalar, tashkilot va uyushmalar ham faoliyat ko’rsatadi. Ularni shartli ravishda davlat va nodavlat tashkilotlariga ajratish mumkin. Ularga siyosiy partiyalar, siyosiy harakatlar, kasaba uyushmalari, yoshlar uyushmalari, turli jamg’armalar, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar uyushmasi, mahalla qo’mitalari va boshqalar kiradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson salohiyatini yanada yuksaltirishga, yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgandir. Fuqarolik jamiyatini barpo etish — O’zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi. Fuqarolik jamiyati kishilarning yuksak axloqiy-siyosiy va huquqiy madaniyatiga asoslanadigan demokratik jamiyat taraqqiyotining yuqori bosqichidir. Bunday jamiyat erkin uyushmalarning ko’pqirrali aloqasi bo’lib, davlat qonunlarini hurmat qilib bajaruvchi jamiyat tarkibiga kiruvchi elementlarning nisbiy mustaqilligiga asoslanuvchi, turli ziddiyat va ixtiloflarni qonun doirasida o’zaro kelishuv, sabr-toqat va muzokaralar orqali hal etishga asoslanuvchi jamiyatdir. Fuqarolik jamiyati umuminsoniy tamoyillar, milliy davlatchilik xususiyatlari, o’ziga xos turmush tarzi va hayot falsafasi negizida qaror topadi. O’zbekiston milliy mustaqilligining dastlabki yillaridanoq yurtimizda fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. Fuqarolik jamiyatida davlatning qator vazifalari fuqarolarning o’z-o’zini boshqarish organlari qo’liga o’ta boshlaydi, mahalliy hokimiyat organlarining vakolati kengayadi. Fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish kishilarning yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy faolligiga tayanadi. Mamlakatimizda mahalla hokimiyat organlarining tashkil etilishi, ular vakolatining kuchaytirilishi xalqimizning o’z-o’zini boshqarish, idora etish madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla kishilarda yaxshi insoniy fazilatlarini kamol toptirish, o’z-o’zini boshqarish, demokratik qadriyatlarni ro’yobga chiqarish maktabidir. Yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi. O’z navbatida, ma’naviy etuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shadi. Shunday etuk kishilarni tarbiyalashda jamiyat to’g’risidagi falsafiy bilim va qarashlarni o’zlashtirish va hayotga tatbiq etish alohida ahamiyatga egadir. Download 3.86 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling