Bilmasboy quyosh shahrida
Download 352.1 Kb.
|
Bilmasboy quyosh shahrida
Uchinchi bob
BILMASVOYNING RASSOM BO'LGANI Bo'yoqvoy juda yaxshi rassom edi. U nuqul «balaxon» degan uzun keng ko'ylak kiyib yurardi. Bo'yoqvoyning balaxon ko'ylagini kiyib, uzun sochini orqaga tushirib, qo’liga bo'yoq soladigan quticha ushlab, bo'z qoplangan chorcho'p qarshisida turganini ko'rsangiz havasingiz kelardi. Uni ko'rganlarning hammasi mana bu chinakam rassom, derdi. Musiqasini hech kim eshitmagandan keyin, Bilmasvoy rassom bo'lishga ahd qildi. U Bo'yoqvoyning oldiga kelib: — Menga qara, Bo'yoqvoy, men ham rassom bo'lmoqchiman, birorta mo'yqalam bilan bo'yoqlaringdan berib tur, — dedi. Bo'yoqvoy unchalik qizg'anchiq emasdi, eski bo'yoq va mo'yqalamini Bilmasvoyga sovg'a qildi. Bir payt Bilmasvoyning oldiga do'sti Dumbulvoy kelib qoldi. Bilmasvoy unga: — O'tir, Dumbulvoy, hozir sening suratingni chizaman, — dedi. Dumbulvoy sevinib ketganidan darrov kursiga o'tirdi. Bilmasvoy uning suratini chizishga kirishdi, u Dumbulvoyni chiroyliroq qilib chizmoqchi bo'lib, burnini qizil, qulog'ini yashil, labini havorang va ko'zini novvotrangga bo'yadi. Dumbulvoy o'z suratini ko'rishga oshiqardi. U sabri chidamaganidan kursichada o'tirolmay, hadeb qimirlardi. — Qimirlamay o'tir, qimirlamay o'tir, — dedi unga Bilmasvoy, — bo'lmasa o'xshamay qolasan. — Hozir o'xshayaptimi o'zi? — deb so'radi Dumbulvoy. — Xuddi o'zing, — deb javob berdi Bilmasvoy va labiga gunafsharang bo'yoqni surkab mo'ylov ishlab qo'ydi. Bilmasvoy rasmni chizib bo’lgandan keyin Dumbulvoy: — Qani, ko'rsatginchi, qanaqa chiqqan ekan! — dedi. Bilmasvoy ko'rsatdi. — Voy, men shunaqa ekanmanmi? — deb cho'chib ketganidan baqirib yubordi Dumbulvoy. — Albatta, shunaqasanda, bo'lmasa qanaqa eding? — Nega mo'ylov chizding? Axir mening mo'ylovim yo'q-ku! — Yo'q bo'lsa nima qipti, bir kunmas bir kun chiqadi. — Burnim nega qizil bo'lmasa? — Chiroyliroq bo'lsin dedimda. — Nega sochim havorang? Mening sochim havorang ekanmi? — Agar havorang yoqmasa, — dedi Bilmasvoy, — unda yashilga bo'yashim mumkin. — Yo'q, yomon chizibsan, — dedi Dumbulvoy, — buyoqqa ol, yirtib tashlayman. — Nima uchun san'at asarini yirtib tashlar ekansan? — dedi Bilmasvoy. Dumbulvoy undan suratni tortib olmoqchi bo'lgan edi, Bilmasvoy uning yoqasiga yopishdi. Bu shovqinni eshitib Bilag'on, doktor Dorijon va boshqa mittilar chopib kelishdi. — Nega yoqalashyapsizlar? — deb so'rashdi ular. Mana buni ko'ringlar! — deb baqirdi Dumbulvoy, — o'zlaring ajrim qilinglar. Qani, aytinglarchi, bu kimning surati? Bu men emasman-a, to'g'rimi? — Albatta, sen emassan! — deyishdi mittivoylar. — Bu ekinzordagi allaqanday qo'riqchining surati-ku. — Buning tagiga kimligi yozib qo'yilmagani uchun sizlar topolmadinglarda. Hozir yozib qo'ysam, hammasi aniq bo'ladi-qoladi, — dedi Bilmasvoy. U qalamini olib suratning tagiga bosma harflar bilan “Dumbulvoy” deb yozdida, keyin devorga osib qo'ydi. — Shu yerda osig'liq tursin. Hamma tomosha qilaverishi mumkin, ko'rish hech kimga man qilinmaydi, — dedi. — Bari bir, — dedi Dumbulvoy, — sen uxlaganingda kelib uni yirtib tashlayman. — Kechasi uxlamasdan qo'riqlab chiqaman, — deb javob berdi Bilmasvoy. Dumbulvoyga alam qilib, uyiga ketib qoldi. Bilmasvoy rostdan ham kechasi uxlamadi. Hamma uyquga ketganda u bo'yoqlarini olib, barcha mittilarning rasmini chiza boshladi. Bo'g'irsoq degan bolani shunaqangi semiz qilib chizdiki, hatto u chorcho'pga ham sig'may ketdi. Shoshqaloqni bo'lsa, ingichka oyoqli qilib chizdi, orqa tarafiga nima uchundir it dumini chizib qo'ydi. Ovchi O'qtoyni esa Ko'ktoy degan itiga minib ketayotgan qilib tasvirladi. Doktor Dorijonning burni o'rniga harorat o'lchagichni ishladi. Nima uchundir Bilag'onning qulog'ini eshakning qulog'iga o'xshatib chizdi. Qisqasi, barchaning rasmini shunaqa g'alati qilib soldi. Erta bilan hamma suratlarni devorga osib, kim ekanligini tagiga yozib ham qo'ydi. Qarabsizki, butun bir ko'rgazma tayyor bo'libdi. Doktor Dorijon hammadan ilgari uyg'ondi. U devordagi suratlarga ko'zi tushib, toza kula boshladi. Bular unga rosayam ma'qul bo'ldi, keyin ko'zoynagini taqib suratlarni juda diqqat bilan tomosha qildi. U har bir suratning oldiga kelib, qotib-qotib kular edi. — Yashavor, Bilmasvoy! — dedi doktor Dorijon. — Hech qachon bunchalik kulmagan edim. Nihoyat, o'z suratining oldiga kelib: — Bu kim ekan? Nahotki, shu men bo'lsam? — deb jiddiy qiyofada g'udrandi. — Yo'q, bu men emasman, bu judayam yomon rasm. Yaxshisi, sen uni olib tashla. — Nega olib tashlayman? Osig'liq tura bersin, — dedi Bilmasvoy. Doktor Dorijon xafa bo'lib: — Sen, Bilmasvoy, kasalsan, ko'rinib turibdi. Ko'zingga bir balo bo'lganga o'xshaydi. Burnim o'rnida harorat o'lchagich shisha bo'lganini qachon ko'rgan eding? Kechqurun senga surgl dori berishga to'g'ri keladi. Bilmasvoy surgi dorini juda yomon ko'rardi, cho'chib ketdi: — Yo'q, yo'q! Surat yaramasligini endi o'zim ham ko'rib turibman, — dedi. U devordan Dorijonning suratini olib yirtib tashladi. Doktor Dorijonning ketidan O'qtoy uyg'ondi. Unga ham suratlar yoqib tushdi. U portretlarni birma-bir tomosha qilib kulaverganidan yorilib ketay dedi. Ammo O'qtoyni ko'zi o'z suratiga tushgan zahotiyoq ta'bi tirriq bo'lib ketdi. — Bu yaramas rasm, — dedi u, — menga o'xshamaydi. Hoziroq uni yirtib tashla, bo'lmasa seni ovga olib bormayman. O'qtoyning suratini ham devordan olib tashlashga to'g'ri keldi. Oxiri hamma suratlar bir-bir olib tashlandi. Mittivoylarga boshqalarning surati ma'qul bo'lardi-yu, o'zlariniki esa yoqmasdi. Odatdagidek, hammadan keyin Bo'yoqvoy uyg'ondi. U juda uyquchi edi. Bo'yoqvoy devorda o'z suratini ko'rib qolib, qattiq jahli chiqdi, bu badiiy surat emas, balki san'atga xilof bema'ni chizma-chizarlikdir, — dedi. Keyin devordan suratni yulib, Bilmasvoyning bo'yoq va mo'yqalamlarini ham tortib oldi. Devorda yolg'iz Dumbulvoyning surati qoldi. Bilmasvoy uni yulib oldida, oshnasinikiga jo'nay boshladi. — Dumbulvoy, senga o'z suratingni sovg'a qilayinmi? Keyin men bilan yarashasan, — deb taklif qildi Bilmasvoy. Dumbulvoy rasmni olib, parcha-parcha qilib tashladi. — Mayli, yarashdik. Ikkinchi marta shunaqa rasmimni soladigan bo'lsang-chi, sirayam yarashmayman, — dedi Dumbulvoy. — Men endi sirayam rasm chizmayman, — deb javob berdi Bilmasvoy. — Ming chizganing bilan senga hech kim rahmat ham demaydi, hammasi urishgani urishgan. Endi rassom bo'lgim kelmay qoldi. Download 352.1 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling