Bir chimdim baxt


Download 21.01 Kb.
Sana30.10.2023
Hajmi21.01 Kb.
#1734024
Bog'liq
Bir chimdim baxt


Bir chimdim baxt
Har kungi mashg‘ulot avvalida shu yerda ishlaydigan opa bilan ko‘rishamiz. Farzandi qatori yoshlarga ham birinchi bo‘lib salom beradi. Kulib hol-ahvol so‘raydi. Biroz xijolat bo‘laman. So‘zlari samimiy, ajoyib inson. Bugun ham ketish oldidan biroz suhbatlashdik.
– Farzandlardan qancha opa?
– Bir o‘g‘il, bir qizim bor.
– Xo‘jayiningiz nima ish qiladi?
– Vafot etgan...
Biz, ayollarda bir odat bor. Bunday vaziyatda beixtiyor sababi bilan qiziqamiz. Nega shunday, tushunmayman.
– Betobmidilar?
– Yo‘q. Ertalab uyg‘otganimda, turmadi. Oyog‘iga ko‘rpa yopib, choy tayyorlagani chiqdim. Keyin kelib yana uyg‘otishga harakat qildim, qimir etmadi. Tez yordam keldi. Ikki soat bo‘lgan ekan... Hammamiz qiy-chuv qilib qoldik. Uch yil bo‘ldi o‘tganlariga.
Savol berganimga pushaymon bo‘ldim. Ayol to‘lib turgan ekan. Bir boshidan gapirib ketdi.
– Sal avval onam o‘tdilar. Xo‘jaynimdan keyin singlim bizni tashlab ketdi. Bir kelsa qo‘shalashib kelar ekan.
– Singlimning ikkinchi turmushi edi. Birinchi turmushidan besh farzandi nobud bo‘ldi. Kuyovi bilan qon guruhi mos kelmabdi. Ikkinchi turmushidan ikki qiz farzand ko‘rdi. Rossiyaga ishlash uchun ketgandi. Buyragini shamollatibdi. Qaytishda su’niy nafas moslamasida olib kelishdi. Bechoraning ikki qizi onasiz qoldi. To‘ng‘ichini opam olib ketdi. Kenchaji o‘gay ona qo‘lida qolgan.
– O‘zingiz qiynalmayapsizmi?
– Yo‘q. Xudoga shukur, ishlab yuribman. Davlat uy berdi. Ichida hamma jihozlari bilan. Bolalarimning insofini bersa, qolgan hammasi joyida.
Opa shuncha gapni bir necha daqiqada aytib berdi. Yuzi kulib tursa-da, diydasi dard bilan qotib qolgan ekan. Hatto yuz ifodasi o‘zgarmadi ham.
Uyga qaytar ekanman, bir kun oldin bolalarimni aylanishga olib bormagan xo‘jayinimdan ranjib, bir og‘iz xayrlashmay uydan chiqqanim yodimga tushdi. Ba’zan sabr kosam to‘ladi. Endi o‘ylab ko‘rsam, mendagi sabr emas, noshukurlik ekan.
Bir chimdim baxt – hammasidan afzal.


Santalatxon AKBARXON qizi.

Yorug‘ kunlar sababchisi
Bolalik xotiralarimda onamning mashaqqatga to‘la hayoti aks etib turadi. O‘qishdan bo‘sh vaqtim, onam bilan bozorga chiqib, non sotardik.Tirikchiligimiz shundan edi.
Erta tong qorong‘uda xamir qorilib, jizzillagan tandirda non yopilardi. Keyin sotish uchun bozorga olib ketilardi. Darslarim tugagach, onamning oldiga chopqillab borardim. Bir-ikki so‘m pul qilgach, uyga bozorlik qilib qaytardik.
Yeganimiz ko‘pincha bir burda non va tuxum edi. Qora qozonni har kuni qaynatishga sharoitimiz ko‘tarmasdi. Onam o‘ziga qarab kiyinmaganiga ancha bo‘lgandi.Usti yupun, oyog‘ida juldur kalish. Ro‘zg‘ordan pul orttira olganini eslolmayman.
Bir kuni oyimni tobi qochib, yiqildi. Shifoxonaga olib bordim. Doktorlar zudlik bilan davolash kerakligini aytishdi. Afsuski, pulimiz yo‘qligi uchun operatsiya qilishmadi. Ikki kun o‘tgach oyim uyga qaytib keldi.
Hamshiralar ko‘proq dam olishlari va og‘ir mehnat qilmaslikni aytishdi.
– Siz yotib damingizni oling, bugundan boshlab barcha uy yumishlarni o‘zim bajaraman, – dedim.
–Yo‘q sen o‘qishing kerak. Axir maktabdan qolib ketasan, bolam.
Onam rozi bo‘lmadi. Ertalab nonushtasini tayyorlab, dorilarini stol ustiga qo‘yib ketdim. Maktabdan qaytsam, darvozamiz yonida tumonat odam yig‘ilgan. Nima bo‘layotganini tushunmadim. Onamning oldiga qarab yugurdim...
Axir dorilarini oldiga qo‘yib ketgandim-ku, qanaqa qilib... Keyin bilsam ularga qo‘li yetmay, qiynalib joni uzulibdi.
Tunlari tushimga onam kirardi. Hech qachon o‘zimni kechirolmadim. Ham otamdan, ham onamdan ajralib qolgandim. O’shanda o'n uch yoshda edim. Meni buvijonim katta qildi.
Hozir esa alp yigit yoshdaman. Ko‘p yutuqlarga erishyapman. Bu zafarlarimni onam ko‘rganida xursand bo‘lardi. Hayotda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim, lekin taslim bo‘lmadim. Bu yutuqlarga erishishimga onam sababchi.
Jasurbek HASANOV,
,,Jurnalistlar maktabi" tinglovchisi.
Download 21.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling