Bir og'iz shirin so'Z


Download 27.89 Kb.
bet1/2
Sana18.06.2023
Hajmi27.89 Kb.
#1593062
  1   2
Bog'liq
BIR OG\'IZ SHIRIN SO\'Z


BIR OG'IZ SHIRIN SO'Z
Alloh insonlarga so‘zlash ne’matini ato etgan. Ulug‘ zotlar bunday deyishgan: "Inson molu dunyosi bilan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, boyligi bir kunda tugab qolishi mumkin. Ammo insonda bir xazina bor, qancha sarflagani bilan tugamaydi. U shirin so‘zdir".
Hadisi sharifda: "Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi", deyilgan.
Biz har bir aytgan so‘zimiz uchun mas’ulmiz. Boyazid Bistomiy Allohni zikr etishdan avval "dunyo so‘zlarini so‘zlagan edim", deya og‘izlarini uch bora yuvar ekanlar.
Odamlar zohiran gurung shaklidagi g‘iybatlarning botiniy olamda nomai a’moliga gunoh bo‘lib bitilayotganidan g‘ofildirlar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlar: "Jim turmoqdan suhbatlashish yaxshi, yomon suhbatdoshdan yolg‘izlik yaxshi".
Oilada yoki insonlar orasidagi noxushliklar ko‘pincha qo‘pol so‘z oqibatida sodir bo‘ladi. Buning aksicha, ko‘pgina muvaffaqiyatlarning omili shirin so‘zdir. Shuning uchun har bir inson shirinso‘z, muloyim bo‘lishga intilmog‘i lozim. Alloh taolo: "Bandalarimga ayting, (shirk ahliga) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur" (Isro, 53), deb ogohlantirgan.
Mana shu oyatda Alloh taolo musulmonlarni o‘zaro munosabatlarida, suhbatlarida shirin so‘zli bo‘lishga buyuradi. Agar ular buyruqqa itoat etmay, yomon so‘zlarni ixtiyor qilsalar, albatta shayton oralarini buzadi.
Til insonning jisman eng kichik, ammo mas’uliyat va vazifasi jihatidan katta e’tiborga loyiq a’zosidir. Uni faqat xayrli, yaxshi muomalada ishlatish va yomon, dilozor so‘zlarni aytishdan saqlash lozim. Muhammad (alayhissalom) tilni nojo‘ya so‘zlardan asrashga, imkon qadar sukut saqlashga buyurib: "Kim Alloh taologa va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, faqat yaxshi narsalarni gapirsin yoki jim tursin", deya marhamat qiladilar.
Islom dinida tilga bu qadar katta e’tibor berilishining boisi, tilning qalbga yaqinligidir. Qaysi bir insonning qalbi pok va sof bo‘lsa, uning tilidan bol tomib, shirin gaplar chiqadi. Bunday kishilarning do‘sti ham ko‘p bo‘ladi.
Til va qalb o‘rtasidagi uzviy bog‘lanish haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: "Bandaning imoni to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning qalbi to‘g‘ri bo‘lmaguncha, shuningdek, qalbi to‘g‘ri bo‘lmaydi, toki uning tili to‘g‘ri bo‘lmaguncha".
Ma’lumki, til orqali sodir qilinishi mumkin bo‘lgan g‘iybat, chaqimchilik, tuhmat va yolg‘on guvohlik berish kabilar bilan insonlar o‘rtasidagi mehr-muhabbat poydevori darz ketishi, yemirilishi mumkin.
Inson odob-axloqini go‘zal va yoqimli qiladigan omillardan yana biri yaxshilar bilan hamsuhbat bo‘lishdir. Bunday suhbatlar kishi qalbini ibratli xulq-atvor bilan boyitadi va uni yaxshi ishlarni amalga oshirishga undaydi.
Yaxshi muomala barcha insonlarning ko‘rki va ziynatini oshiradi. Qaerda husni muomala bo‘lmasa, o‘sha yerda albatta xato va kamchiliklar sodir bo‘ladi. Shuni ta’kidlashni istardik, inson boshqalarga beradigan nasihatiga avvalo o‘zi amal etishi lozim. Quyida mazhabboshimiz Imom A’zam (rahmatullohi alayh) bilan bo‘lgan voqeani hikoya qilamiz.
"Bir qul Imom A’zam hazratlariga dedi:
– Keyingi jumada qul ozod qilishning fazilatlaridan gapirsangiz. Zora, xojamiz bizni ozod qilib yuborsa.
Imom A’zam rozi bo‘ldilar. Ammo oradan ikki juma o‘tgach, uchinchi juma va’zida qul ozod qilish haqida so‘zladilar. Shu kuni o‘sha qulni xojasi ozod qilganini aytdi. So‘ngra qul kelib, Imom A’zam hazratlariga dedi:
– Hazrat, xojam va’zingizni tinglab qaytgach, meni ozod qildi. Ammo nega ikki hafta keyin bu haqda gapirdingiz?
Imomi A’zam aytdilar:
– Sen menga iltimos qilgan vaqtingda pulim yo‘q edi. Shundan keyin ikki hafta pul yig‘ib, qul sotib oldim va uni ozod qildim. Qul ozod qilish gashtini surib, o‘zim his etganimdan keyin gapirdim. Agar o‘zim qilmagan ishni so‘zlasam, uning ta’siri bo‘lmas; xojangiz ham sizni ozod qilmagan bo‘lur edi".
Demak, insonning so‘zi bilan amali bir bo‘lishi lozim ekan.
Farzandni komil inson qilib tarbiyalashning muhim jihati unda so‘zlashish odobini shakllantirishdir. Til xohlagan tarafga burilaveradi. Til tufayli ne bir qalblar oromu huzur topib, quvonchga to‘lsa, aksincha, ne bir ko‘ngillarni til vayron qilishi mumkin.
Til sohibining qalb kechinmalarini yuzaga chiqaradi. Agar til egasi fasohatu nafosatli, gapirganida dur misoli so‘zlaridan nuru ziyo taralib turadigan, ezgu qalbli inson bo‘lsa, uning so‘zlari har qanday dardu musibatga davo, yaralangan qalblarga malham, o‘ksik dillarga yupanch bo‘ladi. Bordi-yu, so‘z sohibi buning tamoman aksi bo‘lsa, uning so‘zi masrur qalbni g‘amli, tik boshni egik, xush kayfiyatni tushkun etuvchi og‘uga aylanadi. Bu fikrlar isboti o‘laroq ushbu hikmatli hikoyaga e’tibor qarataylik:
Bir podshoh tush ko‘ribdi, tushida bor tishlari to‘kilib ketganmish. Uyqudan uyg‘ongach, ikki vazirini huzuriga chorlabdi. Ko‘rgan tushini bayon qilib: "Bu tushning ta’biri nima? Agar ta’birini topsangiz, faqat rostini so‘ylang", deya ularga murojaat qildi. Vazirlardan biri so‘z boshladi: "Podshohim, bu yaxshilik alomati emas, barcha qarindosh-urug‘laringiz barvaqt vafot etib ketishadi, siz o‘zingiz yolg‘iz qolasiz". Podshoh bu javobdan nihoyatda darg‘azab bo‘lib, vazirni zindonga tashlashni buyurdi. So‘ngra ikkinchi vazir: "Shohim, bu tushingiz ko‘p yaxshilik va quvonch alomatidir. Alloh taoloning inoyati ila, siz muhtaram janobi oliylariga barcha qavmu qarindoshlaringiz ichra uzoq umr ato etilur. Bu qutlug‘ ne’mat muborak bo‘lsin!" deya ehtirom bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi. Yaxshi ta’bir va qutlovdan xursand bo‘lgan podshoh bu vaziriga mukofotlar in’om etishni buyuribdi.
Bir xil ma’nodagi ikki xil ta’birni bergan vazirlardan biri fahmu farosatdan uzoqda, so‘zlash va ehtirom odobidan bebahra bo‘lib, ta’birni o‘zining sifatiga muvofiq shu darajada qo‘pol bayon qildi, natijada g‘azabga yo‘liqdi. Zakiy va dono, teran aql va nazokatli so‘z sohibi bo‘lgan ikkinchi vazir esa, tush ta’birini o‘z fazilatiga munosib tarz­da bayon qilib, olqish va mukofotga sazovor bo‘ldi. Demak, aziz farzandlarning kishilar bilan so‘zlashishi, o‘zaro muomalasi, gapirgan so‘zlari hikmat kasb etishi uchun murabbiy va munisa murabbiyalarning qalblari ushbu oliysifat odoblar bilan to‘lib toshgan bo‘lishi kerak. Shundagina, farzandlari ulg‘ayib, balog‘at yoshiga yetganida, ko‘rgan ko‘zlar quvonadigan, suhbatlashgan insonlar yana bir bora diydorlashsam deydigan, komil va shomil inson bo‘ladilar. Bunday o‘g‘il-qizlarni ulg‘aytirish har bir ota-onaning eng oliy orzusidir.
Tilining fasohati va shirinso‘zlik inson ziynati. Ali ibn Husayn (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yuzlandilar. Ul zotning ustilarida ikkita kiyim bor edi. Ibn Abbosning kiftida esa ikki o‘ram soch bo‘lib, oppoq edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amakilariga qarab turib, tabassum qildilar.
Shunda Ibn Abbos: "Yo Allohning Rasuli, sizni kuldirgan narsa nima?" dedi. Payg‘ambar (alayhissalom): "Payg‘ambarning amakisining jamoli meni ajablantirdi", dedilar. "Jamoli nima?" dedi Ibn Abbos. "Fasohatli til", dedilar (Hokim rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, sahobalar: "Yo Allohning Rasuli, nega bizning fikrimiz siznikidek fasohatli emas?" dedilar. Nabiy (alayhissalom): "Alloh taolo meni qo‘pol gapiruvchi qilib yaratmadi. Menga so‘zlarning yaxshisini ixtiyor etdi: u esa O‘zining Qur’on kitobidir", dedilar (Sheroziy va Daylamiy rivoyati).
Kishi og‘ir-bosiqlik bilan shoshmasdan, dona-dona qilib, eshitayotganlarni zeriktirib qo‘ymasdan, imkon qadar chiroyli so‘zlar bilan gaplashishi lozim.
Fasohatli so‘zlash Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlaridir. Go‘zal va ravon so‘zlagan hazrat Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambardan (alayhissalom) maqtov olgan ekanlar.
Hozirgi zamon misolida atrofimizga nazar solsak, achinarli voqealarga duch kelamiz. Xususan, ayrim yoshlarimiz o‘rtasida "ota, ona" kabi ulug‘ so‘zlarni turli bachkana so‘zlarga almashtirib aytish, afsus, uchrab turibdi. Ba’zi kattalar bunga beparvo. Zamonamiz olimlaridan biri Fozil qori Sobirov (Alloh rahmat qilsin) mav’izalarida bunday deganlar: «Ko‘rinishi tuppa-tuzuk, yoshi o‘rta, masjidga janoza xabarini aytish uchun kelgan bir kishidan so‘radim:
– Kimingiz qazo qildi?
– Kampirni berib qo‘ydik, – dedi.
– Qaysi kampir? Kim bo‘ladi sizga?
– Onam.
– Ey nomard, meni dunyoga keltirgan, duolari ijobat, poyi qadamlari ostida jannat bo‘lgan, uyimning gavhari, mehribonim, oyijonim o‘tdilar, deb ko‘zyoshi qilgin, – dedim va: "Bir parcha go‘shtdan voyaga yetkazgan, qip-qizil qonidan oppoq sutini mehr bilan ajratib bergan, necha-necha tunlarni bedor o‘tkazib, ming bir mashaqqatlarni chekkan onang endi "kampir" bo‘lib qoldimi, suf sendaqa farzandga", deb koyigim keldi».

Ba’zi yoshlarimizning salomlariga qanday javob berishni bilmaysan kishi. "Assalomu alaykum" so‘zining ma’nosini buzib, nima deyayotganlarini o‘zlari ham bilmaydilar. Nahot, "Assalomu alaykum" deya to‘liq, ochiq va ravshan qilib salom berishning iloji bo‘lmasa?! Nahotki, ota-onalar farzandlarining berayotgan salomiga e’tibor qilmaydilar? Har bir farzand ertalab ota-ona huzuriga salom bilan kirib keladi-ku, axir! "Bola boshidan" deganlaridek, endigina tili chiqib kelayotgan farzandlarga to‘g‘ri, chiroyli va kerakli so‘zlarni gapirish o‘rgatilsa, bu o‘rganganlari unga umrbod hurmat, baxt-omad keltiradi.




Download 27.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling