Bir qancha jinoyat sodir etganligi uchun jazo tainlash Mundarija: I. Kirish II. Asosiy qism
Bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlash tartibi va shartlari
Download 40.42 Kb.
|
Bir qancha jinoyat sodir etganligi uchun jazo tainlash
1.3. Bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlash tartibi va shartlari
O’zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligi asosida va misollar vositasida bir necha jinoyatlar sodir etilganlik holatida jazo tayinlash tartibi, shartlari, jazolarni qo’shish va qoplash, asosiy va qo’shimcha jazolar tayinlash masalalarini ko’rib chiqsak. Jinoyat kodeksi 59-moddasida bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlashning uchta usuli nazarda tutilgan: yengilroq jazoni og’irrog’i bilan qoplash, jazolarni to’la qo’shish va jazolarni qisman qo’shish. Sudning ushbu usullardan qay birini tanlashi esa, sodir etilgan qilmishning xususiyatlariga, ijtimoiy xavflilik va og’irlik darajasiga bog’liq. Yengilroq jazoning og’irrog’i bilan qoplanishi deganda, sud hukmda jinoyatlar majmui uchun qat’iy jazo tayinlashda ushbu jinoyatlarning eng og’iri uchun tayinlanadigan jazo miqdori va muddatidan kelib chiqadi. E’tibor berish lozimki, sodir etilgan jinoyatlar majmui katta ijtimoiy xavf tug’dirmasa yoki uncha og’ir bo’lmagan hollarda jazoni og’irrog’i bilan qoplash prinsipi qo’llaniladi. Qolgan hollarda to’la yoki qisman qo’shish prinsipi qo’llaniladi. Jinoyatning og’irlik darajasini aniqlashda, Jinoyat kodeksining 15-moddasida ko’rsatilgan jinoyatlar klassifikatsiyasiga tayaniladi. Jazolarni to’la qo’shish deganda, jinoyatlar majmuidagi har bir jinoyat uchun tayinlangan alohida jazolarni to’liq qo’shish tushuniladi. Jazolarning qisman qo’shish deganda, ikki yoki undan ortiq jinoyatlar jami bo’yicha jazo belgilashda sud muayyan jinoyat uchun tayinlangan jazolarni loaqal qisman qo’shishga majburligi to’g’risidagi qoida nazarda tutiladi. Bunda jazo turlarining yengil-og’irligi darajasi Jinoyat kodeksi 43-moddasining 1-qismida ko’rsatilgan ketma-ketlik bilan belgilanishini e’tiborga olinishi lozim. Jazolarni qoplashda uzil-kesil tayinlangan jazo, agar jinoyatlar jamini faqat ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan va uncha og’ir bo’lmagan jinoyatlar tashkil etsa, unda tayinlangan yengilroq jazoni og’irrog’i bilan qoplab, sodir etilgan jinoyatlardan eng og’iri uchun nazarda tutilgan eng ko’p jazo muddatidan yoki miqdoridan ortiq bo’lmasligi kerak. 29 Jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tuman sudida fuqaro F. ga nisbatan JK 123-moddasi va JK 140-moddasi birinchi qismi bilan qo’zg’atilgan jinoyat ishlari ko’rib chiqildi. Sud F. ga nisbatan JK 123-moddasi bo’yicha ish haqining 15 %ini ushlab qolgani holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi, JK 140-moddasi bo’yicha ish haqining 15%ini ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlagan. JK 59- moddasi birinchi qismiga asosan, (JK 15-moddasiga binoan, ikkala jinoyat ham ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyatlar hisoblanadi) tayinlangan yengilroq jazoni og’irrog’i bilan qoplash qoidasini qo’llab, uzil-kesil ish haqining 15%ini ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Sud ushbu o’rinda JK 59-moddasi qoidalaridan kelib chiqib jazolarni to’la yoki qisman qo’shish qoidalarini qo’llasa ham bo’lardi. Ammo bu holatda sud tomonidan ish holatlaridan kelib chiqqan holda qoplash usuli tanlangan. Yuridik adabiyotlarda bir necha jinoyat yuzasidan jinoyatlar jami tariqasida jazo tayinlashda qaysi hollarda jazo to’la, qaysi hollarda qisman qo’shish kerakligi to’g’risida fikrlar juda ko’p. Xususan, Muqumova Z.M. o’z ilmiy ishida ushbu masalaga to’xtalib, JK 59-moddasini quyidagi alohida qism bilan to’ldirishni taklif qilgan: “Аgar jinoyatlar jamini tashkil etuvchi og’ir yoki o’ta og’ir jinoyatlar uchun 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan bo’lsa, jazolar to’liq qo’shiladi. Uzil-kesil tayinlanishi mumkin bo’lgan jazo muddati Kodeksning Umumiy qismida shu jazo turi uchun belgilangan doiradan oshib ketsa, qisman qo’shish qoidasi tadbiq etiladi”. Bizning fikrimizcha, ushbu taklif jinoyat qonunchiligini liberallashtirish siyosati mazmuniga unchalik ham mos kelmaydi. Bundan tashqari, sudlar mustaqilligi, ularning ish holatlariga qarab, har bir vaziyatga individual yondashib hukm chiqarish imkoniyatlariga qandaydir darajada cheklashlar kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Sud tomonidan N. JK 127-moddasi birinchi qismi va JK 131-moddasi 2- qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan JK 127-moddasi birinchi qismi bo’yicha ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, JK 131-moddasi 2- 30 qismi bo’yicha to’rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, JK 59-moddasiga muvofiq, jazolarni qisman qo’shish qoidasini qo’llab, uzil-kesil besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan1 . E’tibor bersak, ushbu misolda jinoyatlar majmuiga kiruvchi jinoyatlar bittasi ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan, ikkinchisi uncha og’ir bo’lmagan jinoyatlar turkumiga kiradi. Sud esa, JK 59-moddasi ikkinchi qismi talablariga to’liq rioya qilgan va jazolarni qisman qo’shish qoidasini qo’llab jazo tayinlagan. Bunda tayinlangan uzil-kesil jazo sodir etilgan jinoyatlardan eng og’iri uchun belgilangan eng ko’p jazo muddatidan ortiq bo’lmasligi qoidasiga amal qilingan. Chunki, JK 131-moddasi ikkinchi qismi uchun eng ko’p jazo muddati sifatida besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Ushbu holatda sud tomonidan qonun talablari to’g’ri bajarilgan. Fuqaro S. JK 135-moddasi ikkinchi qismi “z” bandi va JK 110-moddasi birinchi qismidagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topiladi. Sud tomonidan unga JK 135-moddasi ikkinchi qismi bo’yicha yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi, JK 110-moddasi birinchi qismi bo’yicha esa, ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. JK 59-moddasi uchinchi qismiga asosan, jazolarni qisman qo’shish yo’li bilan uzilkesil sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sud tomonidan qonun talablariga rioya qilingan. Chunki, ushbu misolda jinoyatlar jamini tashkil qiluvchi jinoyatlardan biri og’ir jinoyat, ikkinchisi esa, ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyat hisoblanadi. Shu sababli, sud jazolarni qoplash usulini qo’llay olmaydi, JK 59-moddasi uchinchi qismi bo’yicha ozodlikdan mahrum qilishning eng ko’p muddati (JK 50-modda) ya’ni yigirma yil muddat doirasida to’la yoki qisman qo’shish usuli qo’llanilishi mumkin. Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda yengilroq turdagi jazoni umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi. Sodir etilgan jinoyatlardan bittasi uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganda jazolarni to’la yoki qisman qo’shish yoxud yengilroq jazoni og’irrog’i bilan qoplash orqali jazo uzil-kesil tayinlanadi. Yuqoridagi qoidalarning jinoyat qonunchiligi normalarida aks etganligi mamlakatimizda jinoyat qonunining odillik va insonparvarlik prinsiplarini ro’yobga chiqarishda muhim qadam bo’ldi. Jazolarni to’la yoki qisman qo’shish qoidasi alohida jinoyatlar uchun har xil turdagi jazolar tayinlanganda ham qo’llaniladi. Bunda Jinoyat kodeksi 61- moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazolarni qo’shib hisoblash qoidalariga amal qilinadi. Unga ko’ra, har xil turdagi asosiy jazolarni qo’shganda ozodlikdan mahrum qilishning bir kuni: a) qamoq, ozodlikni cheklash yoki intizomiy qismga jo’natishning bir kuniga; b) axloq tuzatish ishlari yoki xizmat bo’yicha cheklashning uch kuniga to’g’ri keladi. Jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo’natish, qamoq, ozodlikni cheklash, xizmat bo’yicha cheklash, axloq tuzatish ishlari jazolari bilan qo’shilganda har qaysisi alohida ijro etiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorida tushuntirish berilishicha, ikki yoki undan ortiq jinoyatlar majmui bo’yicha qo’shimcha jazo belgilashda, agar alohida jinoyatlar uchun tayinlangan jazo bir turga mansub bo’lsa, sud ushbu qo’shimcha jazo turi uchun belgilangan maksimal muddat doirasida ularning yengilrog’ini og’irrog’i bilan qoplash yoki ularni to’la yoki qisman qo’shish qoidasi bo’yicha uzil-kesil jazo tayinlaydi. Аgar jinoyatlar yoki hukmlar majmuiga kiruvchi jinoyatlar uchun tayinlangan qo’shimcha jazo turlicha bo’lsa, ular alohida ijro etiladi. Shunga e’tibor qaratish joizki, qo’shimcha jazolarni qoplash qoidasini qo’llash imkoniyati qonunda jinoyatning og’irligi bilan cheklanmagan. 32 O’zbekiston jinoyat qonunchiligida jinoyatlarning real majmui va ideal majmui tushunchalari qonun nuqtayi nazaridan ajratib berilmaganligini 1.1 paragarfda ta’kidlagan edik. Ko’plab olimlarning bu boradagi fikrlarini qo’llabquvvatlagan holda, ushbu tushunchalarni alohida ajratib belgilashni va jazo tayinlashda buni e’tiborga olish lozim deb o’ylaymiz. Chunki, jinoyatlar ideal jamining jinoyatlar real jamiga nisbatan ijtimoiy xavflilik darajasi kamroq. V.P. Malkov jinoyatlar ideal jami uchun jazo tayinlashda jazoning yengilrog’ini og’irrog’i bilan qoplash prinsipiga, jinoyatlar real jami uchun jazo tayinlashda esa, jazonig yengilrog’ini og’irrog’i bilan qoplash, jazolarni to’la yoki qisman qo’shish usullarini qoplash zarurligini ta’kidlagan1 . Ushbu fikrga Muqumova M.Z. va Jiyanov M.M. lar ham qo’shilgan holda Jinoyat kodeksiga jinoyatlar ideal jami va real jami tushunchalarini kiritishni taklif qilgan. Muqumova esa, ular uchun jazo tayinlashning alohida tartibini, ya’ni jinoyatlar ideal jami uchun jazolarning yengilini og’iri bilan qoplash, jazolarni to’la yoki qisman qo’shish orqali uzil-kesil jazo tayinlanishi2 ni belgilab JK 59- moddasini yangi tahrirda qabul qilishni ilgari surgan. O’zbekiston Respublikasi jinoyat qonunchiligining insonparvarlik jihatlaridan yana biri shuki, unda voyaga yetmaganlar uchun jazo va uni tayinlashning alohida tartibi belgilanganligidir. Voyaga yetmay turib jinoyat sodir etgan shaxsga jinoyatlar majmui yuzasidan uzil-kesil jazo tayinlashda uning miqdori: jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq tariqasidagi jazolar — JK 82—84- moddalarida nazarda tutilgan muddat va miqdorlardan, ya’ni eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima, bir oydan bir yilgacha muddatga axloq tuzatish ishlari, bir oydan uch oygacha muddatga qamoq; ozodlikni cheklash tariqasidagi jazo – JK 841 -moddasida nazarda tutilgan muddatda, ya’ni olti oydan ikki yilgacha; ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo — JK 86-moddasining ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatlardan, ya’ni o’n uch yoshdan o’n olti yoshgacha bo’lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida jazo tayinlanganda ozodlikdan mahrum qilishning eng ko’p muddati o’n yilgacha, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi o’ta og’ir jinoyat bo’lsa, o’n ikki yilgacha; o’n olti yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoyatlar majmui tariqasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi — o’n ikki yilgacha muddatga, agar sodir etgan jinoyatlarining bittasi o’ta og’ir jinoyat bo’lsa, o’n besh yilgacha muddatdan ortiq bo’lishi mumkin emas. Shaxs tomonidan bir necha jinoyat sodir etilib, ulardan ayrimlari voyaga yetmagan, qolganlari voyaga yetgan davrda sodir etilgan bo’lsa, sud jinoyatlar majmui bo’yicha jazo tayinlayotganida avval JK 82—86-moddalari talablariga rioya etgan holda o’n sakkiz yoshgacha sodir etilgan jinoyatlar uchun, keyin esa, voyaga yetgandan so’ng sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlab, so’ngra JK 59-moddasiga asosan uzil-kesil jazo tayinlaydi. Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo’yicha axloq tuzatish ishlari tayinlanayotganda, jazo muddati va ish haqidan chegirma miqdori har bir modda bo’yicha alohida, so’ngra esa, ularning majmui bo’yicha belgilanadi. Bunda jazoning uzil-kesil muddati va chegirma miqdori JK 46-moddasida belgilangan chegaradan oshishi mumkin emas. Ma’lumki, Jinoyat kodeksi JK 50-moddasining to’rtinchi qismiga muvofiq, ayollarga, shuningdek 60 yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo muddati Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi maksimal muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo’lishi mumkin emas. Bu qoida jinoyatlar majmui bo’yicha jazo tayinlanayotgan hollarga amal qiladi. Аgar sud bir yoki bir necha jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qo’llash lozimligi haqida xulosaga kelsa, bunday qaror har bir jinoyat uchun 34 alohida emas, balki jinoyatlar majmui bo’yicha uzil-kesil jazo tayinlash paytida qabul qilinadi. Agar shaxs jinoyat qonunining turli moddalarida (moddasi qismlarida) ko’zda tutilgan bir necha jinoyat sodir etganlik uchun sudlanayotgan bo’lsa, JK 57- moddasi, ya’ni qonunda belgilanganidan ham yengilroq jazo qo’llash qoidasi jinoyatlar jami bo’yicha tayinlangan jazodan keyin emas, balki alohida jinoyatlar uchun jazo tayinlash paytida qo’llaniladi. Shu bilan birga aytish kerakki, qonun sanksiyasida nazarda tutilganidan ham yengilroq asosiy jazoning tayinlanishi aybdorning harakatlari kvalifikatsiya qilinayotgan qonun sanksiyasida nazarda tutilgan qo’shimcha jazolarni tayinlash imkoniyatini istisno qilmaydi. Аgar jinoyatlar majmuiga kiruvchi ikki va undan ko’p jinoyat uchun aynan bir turdagi qo’shimcha jazo tayinlangan bo’lsa, uning uzil-kesil miqdori ko’proq qo’shimcha jazo muddatini ko’zda tutuvchi modda sanksiyasi doirasida ularni to’la yoki qisman qo’shish orqali, jinoyat qonuni moddasida muddat belgilanmagan yoki qo’shimcha jazo JK 45-moddasi asosida qo’llanilgan bo’lsa, ushbu jazo turi uchun belgilangan maksimal muddat doirasida belgilanadi. Jinoyat kodeksining 59-moddasi sakkizinchi qismiga muvofiq, agar ish bo’yicha hukm chiqarilganidan keyin mahkumning ana shu ish bo’yicha chiqarilgan hukmga qadar sodir etilgan yana boshqa jinoyatda aybli ekanligi aniqlansa ham jazo o’sha tartibda, ya’ni alohida-alohida tayinlanib, keyin uzil-kesil jazo tayinlanadi. Bunday holda jinoyatlar majmui bo’yicha sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning o’talgan qismi qo’shiladi. Misol. N. 2014-yilning noyabr oyida JK 169-moddasi ikkinchi qismi bilan aybdor deb topilib, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan. Keyinchalik aniqlanishicha, N. 2014-yilning sentabr oyida JK 164- moddasi birinchi qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etgan. Bu paytda N. o’ziga tayinlangan jazoning bir yil muddatini o’tab bo’lgan edi. Sud N. ni JK 164- moddasi birinchi qismi uchun besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga 35 hukm qiladi. JK 59-moddasiga asosan, jazolarni qisman qo’shish qoidasini qo’llab, uzil-kesil olti yil olti oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlaydi. Bunda N. yana besh yil olti oy jazo muddatini o’tashi zarur bo’ladi. Chunki, u birinchi hukm bo’yicha bir yil jazo muddatini o’tab bo’lgan. Аgar ish bo’yicha mahkum boshqa jinoyatlarda ham aybdor ekanligi aniqlanib, ulardan ayrimlari birinchi hukm chiqarilgunga, boshqalari esa, hukm chiqarilgandan so’ng sodir etilgan bo’lsa, ikkinchi hukm bo’yicha jazo avval birinchi hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar majmui bo’yicha, keyin JK 59-moddasi sakkizinchi qismi qoidasiga ko’ra, so’ngra birinchi hukm chiqarilganidan keyin sodir etilgan jinoyatlar majmui bo’yicha va oxirida bir necha hukm yuzasidan (JK 60-moddasi) uzil-kesil tayinlanadi. Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyotida qonunni qo’llash bilan bog’liq ba’zi muammo va xatoliklar yuzaga kelayotganligi sababli 2014-yil 14-may kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan “Oliy sud Plenumining ayrim qarorlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risi”da qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to’g’risida” gi qarorga ayrim o’zgartish va qo’shimchalar kiritildi. Bunda bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlash masalalari bilan bog’liq jihatlar ham o’z ifodasini topdi. Xususan, bir necha jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanganda koloniya turini belgilash masalasi muammoligicha qolmoqda edi. Qarorda bu haqda tushuntirish berildi: ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o’tash koloniyasining turi jinoyatlar majmui bo’yicha jazo tayinlangandan so’ng belgilanadi. Muqaddam ozodlikdan mahrum qilish jazosini o’tamagan shaxsga jazoni o’tash koloniya turini belgilashda, faqat qaysi jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganligini inobatga olish lozim. Masalan, agar shaxs qasddan og’ir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazoga, ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan yoki uncha og’ir bo’lmagan jinoyati uchun esa ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlanayotgan 36 bo’lsa, unga uzil-kesil tayinlangan jazoni manzil koloniyalarda o’tashi belgilanishi lozim. Biroq, agar og’ir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazoga sudlangan, jazoni o’tashdan bo’yin tovlagan shaxsga, sud tomonidan tayinlangan jazo ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirilsa, jazoni o’tash koloniya turi Jinoyat-ijroiya kodeksining 47 va 116-moddalarida nazarda tutilgan tartibda tayinlanadi. Shuningdek, jinoyatlar majmui uchun JK 59-moddasining sakkizinchi qismi bo’yicha jazo tayinlanganda, uzil-kesil jazo, qoida tariqasida, Jinoyat kodeksining Umumiy qismida belgilangan tartib va miqdorda tayinlanib, birinchi hukm bo’yicha tayinlangan jazodan kam bo’lishi mumkin emasligi va bunday hollarda birinchi hukm bo’yicha tayinlangan jazoning o’talmagan qismidan emas, balki uning to’liq miqdoridan kelib chiqish shartligi to’g’risidagi tushuntirish berildi. Bundan tashqari, JK 59-moddasining 8-qismiga muvofiq, jinoyatlar majmui bilan tayinlangan qamoq yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosining o’tash muddatining boshlanishi birinchi hukmga ko’ra qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanishi to’g’risida ko’rsatma belgilandi. Muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlash bo’yicha esa, agar jinoyatlar majmui bilan jazo tayinlashda muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi jinoyatlarning biri bilan asosiy jazo sifatida, boshqa jinoyat bilan qo’shimcha jazo sifatida tayinlangan bo’lsa, ular asosiy jazo uchun belgilangan muddat doirasida to’liq yoki qisman qo’shilishi lozim. Bunda uzil-kesil tayinlangan jazo asosiy jazo deb hisoblanadi va ayblovning har bir moddasi bilan mahrum qilingan huquqlarning barcha turlari nazarda tutilishi lozimligi xususidagi tushuntirish berildi. XULOSА
Jinoiy-huquqiy liberallashtirish jarayonida jazo tayinlash, xususan, bir necha jinoyatlar sodir etganlik holatida jazo tayinlash to’g’risidagi qonun normalari yuzasidan ham bir qancha islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga aytish kerakki, inson va fuqaro huquqlarini ta’minlash, odillik va insonparvarlik prinsiplarini ro’yobga chiqarishda jazo tayinlash amaliyotida, umuman jinoyat qonunchiligida yetarlicha kamchilik va muammolar borligi tadqiqotimiz davomida ko’rib chiqildi. Bir necha jinoyatlar uchun jazo tayinlash tartibini yanada takomillashtirish, uning samarali mexanizmini ishlab chiqish, ushbu holatda javobgarlikni belgilovchi normalari va asoslarni aniqlashtirishni bugun davr talab qilmoqda. Bir necha jinoyat uchun jazo tayinlashda odillik prinsipi mavzusida olib borgan tadqiqotimiz natijasida quyidagi xulosalarga keldik va quyidagi takliflarni ilgari suramiz: 1. Bir qancha jinoyat sodir etish shakli sifatida takroran jinoyat sodir etishni Jinoyat kodeksidan chiqarish va jinoyatlar majmui va retsidiv jinoyatni qoldirish. Shuningdek, Jinoyat kodeksi Maxsus qisminig 47 ta moddasidan takroran jinoyat sodir etishni kvalifikatsiyalovchi belgi sifatida chiqarish. 2. Jinoyat kodeksi 59-moddasi birinchi qismini quyidagi tahrirda yangidan qabul qilish maqsadga muvofiq bo’lar edi: “59-modda. Bir qancha jinoyat sodir etganik uchun jazo tayinlash Shaxs Jinoyat kodeksi Maxsus qismining turli moddasida yoki bir moddasida yoki bir moddasining bitta qismida yoki turli qismlarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq jinoyatni turli vaqtlarda sodir etsa yoxud bir qilmishi bilan Maxsus qism turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki undan ortiq jinoyatni sodir etsa, ulardan birortasi uchun ham sudlangan bo’lmasa, sud ushbu Kodeksning 54-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq har qaysi qilmish uchun jazo tayinlab, so’ngra tayinlangan yengilroq jazoni og’irrog’i bilan qoplash yoxud tayinlangan jazolarni to’la yoki qisman qo’shish yo’li bilan jinoyatlar majmui bo’yicha jazo tayinlaydi.” 62 3. JK 59-moddasi sakkizinchi qismini quyidagi tahrirda bayon qilishni taklif qilamiz: “Bunday holda har ikkala hukm bo’yicha tayinlangan jazolarni qisman yoki to’la qo’shish orqali yagona jazo tayinlanadi. Birinchi hukm bo’yicha tayinlangan jazoning o’talgan qismi uzil-kesil tayinlangan jazoning o’talgan qismi deb hisoblanadi”. 4. Jinoyatlar ideal jami va jinoyatlar real jami uchun jazo tayinlashning alohida tartiblarini, shuningdek, retsidiv jinoyat uchun ham alohida tartibni ishlab chiqish. 5. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan yangi qaror qabul qilinib, unda: - bir necha jinoyat uchun axloq tuzatish jazosi tayinlanayotganda ularning ish haqidan ushlab qolish foizlari har xil bo’lsa, eng past foizni uzil-kesil jazo uchun tayinlash to’g’risida qoida kiritilishi maqsadga muvofiq bo’lar edi; - bir necha jinoyat uchun jarima jazosi tayinlanayotganda alohida-alohida jazo tayinlash vaqtida har bir jinoyat sodir qilingan vaqtdagi eng kam oylik ish haqlari miqdoridan kelib chiqqan holda jarimaning summasini belgilab olib, uzilkesil jazo tayinlashda summalarni qo’shish to’g’risida tushuntirish berilishi kerak. Yoxud uzil-kesil jazo tayinlashda alohida-alohida tayinlangan jazolardan qancha miqdordan olinganligini ko’rsatib, shu miqdorlar bo’yicha tegishli eng kam oylik ish haqidan kelib chiqib, uzil-kesil jazo tayinlash to’g’risida ko’rsatma berilsa maqsadga muvofiq bo’lar edi; - shuningdek, “agar bir necha jinoyatlar uchun qo’shimcha jazolar tariqasida muayyan huquqdan mahrum qilish tayinlansa va ular turli xil huquqlarni nazarda tutsa, ular alohida tayinlanadi” tarzida qoida belgilab qo’yishni maqsadga muvofiq deb o’ylaymiz. Download 40.42 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling