Birinchi bo‘lim umumiy qoidalar I bob. Asosiy qoidalar 1-modda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari


Download 0.59 Mb.
bet45/46
Sana19.11.2020
Hajmi0.59 Mb.
#147374
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46
Bog'liq
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY JAVOBGARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSI


3248-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining ko‘chirma nusxasini yuborish (topshirish)

Kassatsiya instansiyasi sudi qarorining ko‘chirma nusxasi chiqarilganidan keyin uch sutkagacha bo‘lgan muddatda o‘ziga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror chiqarilgan shaxsga, ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan organga, shuningdek jabrlanuvchiga uning so‘roviga binoan topshiriladi yoki yuboriladi.

Sudning ma’muriy qamoqqa olish yoki ma’muriy tartibda chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan chiqarilgan qaror qabul qilingan kuni u qarorni ijro etuvchi organning, mansabdor shaxsning, shuningdek o‘ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsning va jabrlanuvchining e’tiboriga yetkaziladi.

2-§. Nazorat instansiyasi sudida ish yuritish

3249-modda. Nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan sud hujjatlari

Kassatsiya instansiyasi sudlarining qarorlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ishni nazorat tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan chiqarilgan qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va ularning o‘rinbosarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin.

32410-modda. Ishni nazorat tartibida ko‘radigan sud

Nazorat tartibidagi ishlar:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan — kassatsiya instansiyasi sudining sud hujjatlari ustidan;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ishni nazorat tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan chiqargan qarori ustidan ko‘riladi.



32411-modda. Ishlarni talab qilib olish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun asoslar mavjudligi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun ishni tegishli ma’muriy suddan talab qilib olishga haqli.



32412-modda. Nazorat shikoyati berish (protesti keltirish) tartibi va muddati

Nazorat shikoyati (protesti) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.

Ushbu Kodeksning 3249-moddasida ko‘rsatilgan sud hujjatlari ustidan nazorat shikoyati (protesti) ular chiqarilgan kundan e’tiboran olti oy ichida berilishi mumkin.

32413-modda. Nazorat shikoyatining (protestining) mazmuni

Nazorat shikoyatida (protestida) quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

1) nazorat shikoyati (protesti) berilayotgan sudning nomi;

2) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), uning turgan joyi (pochta manzili) yoki yashash joyi va ishdagi protsessual holati;

3) ishni birinchi, kassatsiya instansiyasi bo‘yicha ko‘rgan ma’muriy sudlar va ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning mazmuni;

4) ustidan shikoyat qilinayotgan (protest keltirilayotgan) sud hujjati;

5) sud hujjatini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar bunday asoslarning mavjudligi to‘g‘risida guvohlik beruvchi vajlarni keltirgan holda;

6) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosi.

Nazorat shikoyati shikoyat berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanishi kerak. Vakil tomonidan berilgan shikoyatga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi. Protest O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va ularning o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.

Nazorat shikoyatiga (protestiga) ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining ko‘chirma nusxalari va shikoyatning (protestning) ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalil ilova qilinadi.



32414-modda. Nazorat shikoyatini o‘rganish

Nazorat shikoyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan o‘rganiladi.

Sudya nazorat shikoyatini shikoyatga ilova qilingan materiallar bo‘yicha yoki talab qilib olingan ish materiallari bo‘yicha o‘rganadi.

Nazorat shikoyatini o‘rganish natijalari bo‘yicha sudya shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay, ish talab qilib olingan taqdirda esa ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay:

1) nazorat shikoyatini ushbu Kodeks 32415-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra qaytarish to‘g‘risida;

2) nazorat shikoyatini qabul qilishni ushbu Kodeks 32416-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra rad etish haqida;

3) agar sud hujjatlarini nazorat tartibida tekshirish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa, nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Bunda nazorat shikoyati, shuningdek ustidan shikoyat qilingan sud hujjatlarining ko‘chirma nusxalari nazorat instansiyasi sudida qoladi;

4) nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun ish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Ajrimning ko‘chirma nusxasi nazorat shikoyatini bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi ma’lum qilingan buyurtma xat orqali ajrim chiqarilgan kundan keyingi kundan kechiktirmay yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi.

32415-modda. Nazorat shikoyatini qaytarish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi nazorat shikoyatini quyidagi hollarda qaytaradi, agar:

1) nazorat shikoyati ushbu Kodeksning 32413-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob bermasa;

2) nazorat shikoyatini qaytarish to‘g‘risida ariza kelib tushgan bo‘lsa.

Shikoyat bergan shaxs ushbu modda birinchi qismining 1-bandida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng yangidan umumiy tartibda murojaat qilishga haqli.

32416-modda. Nazorat shikoyatini qabul qilishni rad etish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi nazorat shikoyatini qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:

1) nazorat shikoyati nazorat instansiyasi sudiga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan bo‘lsa;

2) nazorat shikoyati belgilangan muddat o‘tganidan keyin berilgan bo‘lsa;

3) nazorat shikoyati qonunga muvofiq nazorat tartibida shikoyat qilinishi mumkin bo‘lmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;

4) nazorat shikoyati kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilmagan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa;

5) nazorat shikoyati nazorat tartibida ko‘rib chiqilgan sud hujjati ustidan berilgan bo‘lsa.

32417-modda. Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrim

Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ajrim chiqarilgan sana va joy;

2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;

3) nazorat shikoyatini bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;

5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;

6) nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etishning qisqacha sabablari.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimiga qo‘shilmaslikka hamda nazorat shikoyatini bergan shaxsning arizasi asosida uni bekor qilish va nazorat shikoyatini ish bilan birga ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida ajrim chiqarishga haqli.

Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilish haqidagi ariza sud hujjati ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish uchun belgilangan muddat doirasida berilishi mumkin.



32418-modda. Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim

Nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ajrim chiqarilgan sana va joy;

2) ajrim chiqargan sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi;

3) nazorat shikoyatini bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

4) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlari;

5) sud hujjatlari qabul qilingan ish mazmunining qisqacha bayoni;

6) nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish asoslarining bayoni;

7) ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladigan joy va sana.

Sudya nazorat shikoyatini ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish bilan bir vaqtda nizolashilayotgan sud hujjatining ijrosini shikoyat bergan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra nazorat tartibida ish yuritish tugaguniga qadar to‘xtatib turishga haqli.

Sudya nazorat shikoyatini va ishni o‘zi chiqargan ajrim bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining va ular o‘rinbosarlarining protestini ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimida protest yuzasidan ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqish joyi va sanasi ko‘rsatiladi.



32419-modda. Ishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tomonidan nazorat tartibida ko‘rib chiqish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki ular o‘rinbosarlarining protesti bo‘yicha ish ushbu Kodeksning 32421-moddasida nazarda tutilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining kotibi protestni ish bilan birga olganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida xabar qiladi.

32420-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilish

Nazorat shikoyati (protest) bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida ushbu Kodeksning 3245-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinadi.

Ish muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.

Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatida nazorat tartibida ko‘rib chiqilayotganda ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlar berish uchun chaqirtirilishi mumkin. Bu holda ularga ushbu Kodeksning 3245-moddasida nazarda tutilgan tartibda nazorat instansiyasi sudi majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Ularning kelmaganligi ishni ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmaydi.



32421-modda. Ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqish muddatlari va tartibi

Ish nazorat shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida sudning ajrimi chiqarilgan yoki protest O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining kotibiyatiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay nazorat tartibida ko‘riladi.

Ish nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida, nazorat shikoyatini bergan shaxs, shuningdek ishda ishtirok etuvchi shaxslar va (yoki) ularning vakillari ishtirok etishi mumkin bo‘lgan sud majlisida nazorat tartibida ko‘riladi.

Ish nazorat tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining ma’ruzasi bo‘yicha ko‘riladi, sudya ish holatlarini, ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlarining mazmunini, nazorat shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni bayon etadi.

Sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish bo‘yicha tushuntirishlar berishga haqli. Nazorat shikoyatini bergan shaxs birinchi bo‘lib tushuntirish beradi, agar ish prokurorning protesti bo‘yicha ko‘rilayotgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib prokuror so‘zga chiqadi.

Ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan nazorat tartibida ko‘rilayotganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari ishtirok etib, ish bo‘yicha o‘z fikrini bayon qiladi.

Ish nazorat tartibida ko‘rilayotganda barcha masalalar ishni ko‘rib chiqishda ishtirok etayotgan sudyalarning ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi.

Ishni nazorat tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Qarorning ko‘chirma nusxalari nazorat shikoyatini (protestini) bergan shaxsga va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 3248-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

32422-modda. Nazorat shikoyatini (protestini) to‘ldirish, o‘zgartirish, shikoyatdan voz kechish va protestni chaqirib olish

Nazorat shikoyatini bergan shaxs sud majlisi boshlanguniga qadar uni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga haqli.

Protest keltirgan mansabdor shaxs sud majlisi boshlanguniga qadar protestni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki chaqirib olishga haqli.

Nazorat shikoyatidan voz kechish qabul qilinganligi to‘g‘risida va protest chaqirib olinganda, agar sud hujjati ustidan boshqa shaxslar tomonidan shikoyat qilinmagan bo‘lsa, nazorat instansiyasi sudi nazorat ishini yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.



32423-modda. Nazorat instansiyasi sudining vakolatlari

Nazorat instansiyasi sudi ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqqach quyidagilarga haqli:

1) sud hujjatini o‘zgarishsiz, nazorat shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;

2) ushbu Kodeksning 32424-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda sud hujjatini to‘liq yoki qisman bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;

3) sud hujjatini o‘zgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;

Oldingi tahrirga qarang.

4) sud hujjatini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;



(32423-moddaning 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)

5) jazo chorasini kuchaytirmagan holda uni ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatida nazarda tutilgan doirada o‘zgartirishga;

6) ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga.

32424-modda. Sud qarorini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar

Sud hujjatining noqonuniyligi yoki asoslantirilmaganligi sud hujjatini nazorat tartibida o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladi.

Sudning mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan hujjati faqat birgina yuzaki asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin emas.

32425-modda. Nazorat instansiyasi sudining qarori

Nazorat instansiyasi sudining qarorida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) qaror qabul qilgan sudning nomi va tarkibi;

2) qaror qabul qilingan sana va joy;

3) qaror qabul qilingan ish;

4) nazorat shikoyatini (protestini) bergan shaxsning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);

5) ustidan shikoyat qilinayotgan sud hujjatlarining mazmuni;

6) nazorat shikoyatini (protestini) ko‘rish natijalari bo‘yicha sud xulosalari;

7) nazorat instansiyasi sudi qaysi sabablarga ko‘ra o‘z xulosalariga kelgan bo‘lsa, o‘sha sabablar va o‘zi amal qilgan qonunlarga hamda boshqa qonun hujjatlariga havola.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining qarori sudning butun tarkibi tomonidan imzolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarori Rayosat majlisida raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

Nazorat instansiyasi sudining qarori u qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.



32426-modda. Nazorat instansiyasi sudi ko‘rsatmalarining majburiyligi

Nazorat instansiyasi sudining sud hujjatini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorida bayon etilgan ko‘rsatmalari mazkur ishni yangidan ko‘rayotgan sud uchun majburiydir.

Nazorat instansiyasi sudi qarorda aniqlanmagan yoki rad etilgan holatlarni aniqlashga yoxud isbotlangan deb hisoblashga, u yoki bu dalilning to‘g‘riligi yoki noto‘g‘riligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi, ishni yangidan ko‘rishda qaysi sud hujjati qabul qilinishi kerakligi to‘g‘risidagi masalalarni oldindan hal etishga haqli emas.

3-§. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish yuzasidan ish yuritish

32427-modda. Sudning qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish huquqi

Ma’muriy sud o‘zi chiqargan hamda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini ushbu paragrafda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra va tartibda yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishi mumkin.



32428-modda. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘radigan sudlar

Birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan, qonuniy kuchga kirgan qaror yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ushbu qarorni chiqargan ma’muriy sud tomonidan ko‘riladi.

Yangi ochilgan holatlar bo‘yicha kassatsiya yoki nazorat instansiyasi sudining qaysi qarorlari bilan sud hujjati o‘zgartirilgan yoki yangi sud hujjati qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha qarorlarni qayta ko‘rish sud hujjati o‘zgartirilgan yoki yangi qaror qabul qilingan instansiyada amalga oshiriladi.

32429-modda. Sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish asoslari

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish asoslari quyidagilardan iborat:

1) sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, ish uchun muhim holatlar;

2) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan va mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof yoki asoslantirilmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi, bila turib yolg‘on tarjima qilinganligi;

3) sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan holatlar, ya’ni ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining yoxud sudyaning mazkur ishni ko‘rish chog‘ida sodir etilgan jinoiy qilmishlari;

4) ma’muriy sudning yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning yoxud iqtisodiy sudning mazkur ish bo‘yicha sud hujjatini qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan hujjati yoki boshqa organning qarori yoxud boshqa huquqiy hujjati bekor qilinganligi.



32430-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani berish tartibi va muddati

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza ushbu sud hujjatini qabul qilgan sudga sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ishda ishtirok etuvchi shaxslar yoki prokuror tomonidan beriladi.

Arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlar arizaga ilova qilinadi.

Ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddati ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va sud muddatni o‘tkazib yuborish sabablarini uzrli deb tan olsa, sud tomonidan tiklanishi mumkin.

Sud hujjatlari chiqarilgan paytdan e’tiboran bir yil o‘tgach berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

32431-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizaning shakli va mazmuni

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi ariza sudga yozma shaklda beriladi. Ariza uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizada quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning turgan joyi (pochta manzili) yoki yashash joyi;

3) arizachi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni talab qilayotgan sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi; ishning raqami, sud hujjati qabul qilingan sana;

4) arizachining hujjatlarga havola qilingan fikriga ko‘ra qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladigan yangi ochilgan holat;

5) ariza berayotgan shaxsning talabi;

6) ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.

Arizaga quyidagilar ilova qilingan bo‘lishi kerak:

1) yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari;

2) arizachi qayta ko‘rib chiqishni talab qilayotgan sud hujjatining ko‘chirma nusxasi;

3) ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uni imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat.

32432-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ish yuritishga qabul qilish

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizaning shakli va mazmuniga nisbatan ushbu Kodeksda qo‘yilayotgan talablarga rioya etilgan holda berilgan ariza tegishli sudning ish yurituviga qabul qilinadi.

Arizani sudning ish yurituviga qabul qilish to‘g‘risidagi masala u sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi.

Arizani ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risida sud ajrim chiqaradi.

Ajrimning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 3248-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.

32433-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qaytarish

Sud qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizani, agar uni ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal qilishda quyidagilarni aniqlasa, qaytaradi:

1) ariza ushbu Kodeksning 32430 va 32431-moddalarida belgilangan qoidalar buzilgan holda berilganligini;

2) ariza belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng berilganligini va uni tiklash to‘g‘risida iltimosnoma mavjud emasligini;

3) muddatni o‘tkazib yuborish sabablari uzrsiz ekanligini, shunga ko‘ra ariza berish uchun o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashga asos mavjud emasligini.

Arizani qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Sudning arizani qaytarish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng ariza bergan shaxs ariza bilan sudga yangidan murojaat qilishga haqli.



32434-modda. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi va muddati

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza u sudga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan oshmagan muddatda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar xabardor qilingan holda ko‘rib chiqiladi.

Tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.


Download 0.59 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   46




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling