O’n birinchi hadis.
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan qaytargan narsamdan chetlaninglar. Buyurgan narsamni qodir bo‘lganingizcha bajaringlar. Chunki sizlardan avvalgilar ko‘p so‘rash va payg‘ambarlariga ixtilof qilish sababli halok bo‘lishdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
O’n ikkinchi hadis.
Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning rasuli, meni bir amalga yo‘llab ko‘yingki, u amal bilan meni Alloh yaxshi ko‘rsin va insonlar ham yaxshi ko‘rsin», deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyoda zohid bo‘l, Alloh seni yaxshi ko‘radi. Insonlar huzuridagi narsadan behojat bo‘l, insonlar seni yaxshi ko‘radi», dedilar. Ibn Moja rivoyatlari.
O’n uchinchi hadis.
Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohdan boshqa iloh yo‘q va mening Allohning rasuli ekanimga guvohlik bergan musulmon kishining qoni halol emas, faqat uch narsaning birida haloldir (ya’ni, o‘ldirish joiz): ular oilali zinokor bo‘lsa. Nafs nafs bilan, ya’ni qasos. Jamoatdan ajrab, dinini tark qiluvchi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
O'n to‘rtinchi hadis.
Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishilar «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deyishmagunicha, namozni qoim qilishmagunicha, zakotni berishmagunicha ular bilan urushmokqa buyurildim. Agar mana shularni qilishsa, qonlari-yu mollari mendan omonda bo‘ladi. Faqat Islom haqida unday emas (ya’ni, hadlarda). Va ularning hisobi Alloh taologadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
O’n beshinchi hadis.
Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Islom beshta narsa ustiga qurilgandir. Ular «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh» kalimasini aytish, namozni qoim qilish, zakotni berish, haj va ramazon ro‘zasidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |