Biznes loyiha va startaplar tuzish
Download 20.5 Kb.
|
ismatov sarvar
Biznes loyiha va startaplar tuzish Prezidentimizning shu yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni navqiron avlod vakillarining biznes faoliyatini, ishbilarmonlikka intilishini har tomonlama ragʻbatlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga kerakli barcha sharoitlarni yaratib berish bugungi kunning muhim talablaridan biri hisoblanadi. Ularning intilishiga, gʻoyalarini amalga oshirishga yordam koʻrsatish orqali bunyodkorlik koʻlami va darajasi yana-da kengayadi. Shu asosida yangi ish oʻrinlari yaratiladi, yuzlab oilalarga baraka kiradi. Mazkur farmonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, tadbirkorlik gʻoya va tashabbuslarini ragʻbatlantirish, munosib daromad olishi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish koʻzda tutilgan. Oʻtgan yillar davomida poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da “Yosh tadbirkorlar” I va II forumlari tashkil etildi. Unda davlat dasturi orqali kredit mablagʻlari ajratilgan yuzga yaqin yosh tadbirkor hamda Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari oʻz zamonaviy texnologiyalari, shuningdek, ishlab chiqargan mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Forumlarda yosh tadbirkorlar chet ellik hamkorlar bilan 5,8 million AQSH dollariga, mahalliy tadbirkorlar bilan esa 3,4 milliard soʻmga teng shartnomalarni imzoladi. Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash, band boʻlmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar va biznes yuritish koʻnikmalariga oʻqitish, shuningdek, tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida qator tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator tizimli ishlar bajarilyapti. Jumladan, “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Tadbirkorlik sirlari”, “Biznes reja tuzish”, “Tadbirkorlik subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazish”, “Kredit va soliq siyosati” kabi mavzularda biznes seminarlar tashkil etilib, ikki yuz ming nafarga yaqin yoshlarning malakasi oshirildi. Mazkur farmonda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga kompyuter xaridi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratilishi belgilandi. Bu ilmiy-texnologik va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi raqobatbardosh ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va ularni aholi kundalik hayotiga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, yigit-qizlarni yangi axborot texnologiyalari hamda aholi hayotini yaxshilash va jamiyat taraqqiyotiga yordam beradigan innovatsion loyihalarni yaratadigan yetuk mutaxassis boʻlib yetishishga ruhlantiradi. Meʼyoriy-huquqiy hujjatda xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan hamda faoliyat boshlaganiga olti oydan oshmagan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning muayyan qismi mazkur xususiy korxona va tashkilotlarga davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinishi qayd etilgan. Bu ham bandlikni taʼminlab, yoshlar tadbirkorlik subyektlarining son va sifat jihatidan oshishiga zamin yaratadi. Farmonning ijrosini taʼminlash, yaʼni yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, bandligiga koʻmaklashish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida jamgʻarma tomonidan ham bir qancha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Biznes marafon” davom etmoqda. Respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan eng ilgʻor tadbirkorlar ishtirokidagi ushbu marafon oʻzaro tajriba almashish, biznes va tadbirkorlik faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni jalb etish, jahon bozoriga chiqish, yoshlarni biznes va tadbirkorlikka yana-da qiziqtirish uchun yoʻllanma vazifasini oʻtaydi. Shuningdek, jamgʻarma tomonidan motivatsion tadbirlar oʻtkazish, yosh tadbirkorlarning xalqaro forum va yarmarkalardagi ishtirokini taʼminlash, oliy taʼlim muassasalari bazasida biznes akseleratorlar tashkil etish, joylardagi ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish tashkilotlariga biznes sayohatlar uyushtirish rejalashtirilgan. Oltmish ming nafar yosh tadbirkorga huquqiy, buxgalteriya, marketing, brending, bank hamda sugʻurta kabi sohalarda konsalting xizmatlari koʻrsatish koʻzda tutilgan. Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash sohasida rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish hamda tatbiq etish jarayoniga 15 ming nafar yosh jalb etiladi. Onlayn platforma orqali esa 20 ming nafar yosh kasb-hunarga oʻqitiladi. Shu kabi koʻplab loyihalarni amalga oshirishda besh yuz ming nafardan ortiq yoshlarning ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Download 20.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling