Yetishti bir ufunatliq nasimi,
Ki qilg‘ay atri jannatni jahimi.
Ko‘p el ul atrdin es tarki qildi,
Cherikning ko‘pragi otdin yiqildi.
Qilib Farhod berk o‘z bag‘rig‘a tish,
O‘zin solmay chu tushmish boshig‘a ish.
Xalq og‘zaki ijodi namunalarida, ertak va afsonalarda ajdaho xalqni notinch qilib, osuda hayotiga xalal berishi, ammo odamlar undan qutulish chorasini topa olmay uzoq vaqt azob-uqubat chekishi va afsonaviy botir tashrifidan keyin ajdaho zulmidan xalos bo‘lishlari ko‘p uchraydi. Ajdaho xilqatidagi ochofatlik, yuholik va yeb to‘ymaslik nafs tabiati bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi:
Tutun yanglig‘ dami abri kasofat,
Shararlar anda har bir barqi ofat.
Tani ranju baloning ko‘hsori,
Va lekin og‘zi ul ko‘hsor g‘ori.
O‘tu pechida dud ul g‘or ichinda,
Aningdekkim, o‘zi ko‘hsor ichinda.
Uzolg‘on tog‘dek andomi aning,
Vale yo‘q sayldek oromi aning.
Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, nafsdan poklanishni amalga oshirish odam hayotida katta evrilish yuz berganini anglatadi. Ammo bu evrilishga faqat dard vositasida erishiladi. To‘rt qasr tasviri talqinida aql nafsga tobe bo‘lib, uning hamma istak-xohishini bajarish bilan band bo‘lsa, ishq dard qobig‘idan chiqishiga qodir bo‘lmasligini ko‘rib o‘tgan edik. Dard va aql o‘zaro birikib, nafs – ajdahoga qarshi chiqib, uni mahv etish orqali maqsadga erishadi. Farhodning shu tariqa nafsu hirsdan poklangani botiniy musaffolikka erisha boshlaganini anglatadi. Ajdahoni mahv etgandan keyin Farhod g‘orga kirib qo‘lga kiritgan katta xazina, qoratosh, yasatilgan taxt, ismi a’zam yozilgan qilich va qalqonning har biri o‘ziga xos ramziy ma’no kasb etib, Farhodda ma’naviy quvvat hosil bo‘lganini anglatadi.
Farhod nafsoniy poklikni amalga oshirib, “ikki tuhfa” – qilich va qalqon yordamida, ya’ni ma’naviy quvvatga ega bo‘lganidan keyin, Ahraman dev bilan kurashga otlanadi. Ahraman dev qalb olamini poklash va tozalash yo‘lidagi jiddiy to‘siq, g‘ov. Dostonda ajdaho ochko‘zlik, ochofatlik va yeb to‘ymaslik timsoli bo‘lsa, Ahraman dev qalbni egallab olgan yovuzlik va qabohat timsoli sifatida ifodalangan:
Do'stlaringiz bilan baham: |