Bobur aruzshunos
Download 47.8 Kb.
|
BOBUR
Yuzungning ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor.
Asar Boburning qalamiga mansubligiga yana bitta dalil – unda muallif o‘zi ishtirok etgan ayrim voqealar ham mavjudligi va ularning “Boburnoma”dagi bayon bilan deyarli bir xil ekanligidir. Taniqli boburshunos I.V.Steblevaning fikricha, aruzga bag‘ishlangan risolaning Bobur qalamiga mansubligini tasdiqlaydigan yana bitta muhim dalil mavjud. U ham bo‘lsa, Boburning Rampur (Hindiston) devonining oxirida nasrda yozilgan qismi bilan risolaning “Aruz itmomidin ikki-uch yil so‘ng Hinduston fathining so‘ngg‘i yil(i) Sanbal sarig‘a borur fursatta…” deb boshlanuvchi 16 satrdan iborat bo‘lakning mos kelishidir. Risolaning nomi mutaxassislar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Adabiyotlarda asarning nomi uch xil uchraydi. Risola qo‘lyozmasini Ko‘pruluzodadan keyin ko‘zdan kechirgan Rizo Nur asarning oxirrog‘idagi muxtasar so‘zini asarning nomi deb o‘ylagan: “Chun bu muxtasar safarda bayozg‘a bordi, ul munosabat bila musofir masoyilini bitildi.” Bu yerda muxtasar so‘zi asarning nomi emas. Ushbu o‘rinda uning ma’nosi qisqabo‘lib, gap bu yerda Boburning “Mubayyin” asaridagi 27 bayt (54 misra)dan iborat “Musofirona namozning bayoni” nomli bob haqida ketmoqda. Mazkur bayon aruz haqidagi asarda quyidagicha boshlanadi: Chun kishi qasdi mavziye qilsa, Maqsadining masofatin bilsa. Uch tunu kunluk o‘lsa ushbu vali, Der safar muddati shari’at eli. Risoladagi va “Mubayyin”dagi 54 misradan iborat parchani taqqoslaganda, ularning to‘liq mos kelishi ma’lum bo‘ladi. Risoladagi parchani transliteratsiya qilishda ayrim imlo xatolarga yo‘l qo‘yilganini ta’kidlab o‘tish kerak. Masalan, yuqorida keltirilgan parchaning 3-misrasidagi vali so‘zi aslida yo‘li bo‘lishi kerak, keyingi satrlarda uchraydigan tiyva so‘zi teva, muqtado esa muqtadiy bo‘lishi lozim va h.k. E.Bloshening 1933 yilda chop etilgan katalogida Boburning aruzga bag‘ishlangan risolasi Rizo Nurning ta’sirida Muxtasar fil aruz deb atalgan bo‘lsa ehtimol. S.Hasanovning ma’lumot berishicha, Boburning risolasi Hindistonda fors tiliga tarjima qilingan. Bu ishni Boburiylar xonadoniga mansub shoir, olim va tarjimon Azfariy (1760-1819) ham nasrda, ham nazmda o‘girgan. Tarjimaning ikkita qo‘lyozma nusxasi Hindistondagi fondlarda saqlanmoqda. Ushbu ma’lumotda biz uchun muhim nuqta shuki, Azfariy asarni Aruzi turkiy deb atagan. S.Hasanov Boburning risolasiga bag‘ishlangan kitobida asar nomini Aruz risolasi deb nomlanishi ma’qulroq bo‘ladi, degan fikr bildirgan. Asarning yana bir nomi Mufassal bo‘lib, N.Mallayevning “O‘zbek adabiyoti tarixi” (1963), V.I.Aslanovning maqolasi va O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi (2001, 2-j., 87)da shu nom ishlatilgan. Mufassal nomi “Boburnoma”ning kotib tomonidan qo‘shilgan qismidagi quyidagi jumladan olingan: “Va ul podshoh aruz va qofiyag‘a ham risolalari bor va ul jumladin, Mufassal degankim, ushbu fan sharhi bo‘lg‘ay, ko‘pdan-ko‘p yaxshi tasnif qilibturlar”. (Boburnoma, 2002, 267.) Bizning fikrimizcha, bu yerda “Mufassal”ni kichik harf bilan va qo‘shtirnoqsiz yozilsa, aruz haqida bitilgan asar ushbu fanning sharhi bo‘la oladigan darajada batafsil bitilgan, degan ma’no chiqadi, ya’ni mufassal ning ma’nosi batafsil yozgan deganidir. Asarning uchinchi nomi Risolayi aruzdir. Sobiq ittifoq davrida Bobur risolasini birinchi bo‘lib o‘rgangan va atroflicha sharhlab bergan taniqli turkshunos A.Sherbak shu nomni qo‘llagan. Lekin Stebleva uni tanqid qiladi va asarning nomini komil ishonch bilan bunday deb bo‘lmasligini ta’kidlaydi hamda Ko‘pruluzoda asarning ikkala nomini ham qabul qilmaganligi, keyingi maqolalarida uni Aruz risolasi deb ataganligi, hozircha mana shu nom ma’qul ekanligini qayd etadi. “Aruz”ning bitilgan vaqti to‘g‘risida ham har xil fikrlar mavjud. A.Sherbakning yozishicha, u hijriy 940 (1533-1534) yoki 945 (1538-1539) yillarda yozilgan. Stebleva qo‘lyozmaning oxirgi – 172b varaqda hijriy 940 yil ko‘rsatilganiga asoslanib, uni 1533 yilning iyul oyida yozilgan, deb hisoblaydi. Is’hoqov va Hasanov esa 1524-1525 yillarda yozilgan, degan fikrni bildirishgan. Boburning risolasi O‘zbekistonga birinchi marta 1968 yilda keltirilgan, degan fikr mavjud. S.Hasanov ushbu asarni uning trasliteratsiyasi, izoh va sharhlar hamda ko‘rsatkichlar bilan nashr ettirgan. Risolaning chop etilishi boburshunoslikda ulkan voqea bo‘ldi. Mazkur nashr bilan deyarli bir vaqtda I.V.Stebleva ham Moskvada shu risolani chop ettirdi. Unda so‘zboshi, ko‘rsatkichlar va asarning faksimilesi keltirilgan. Boburning mazkur risolasi yurtimizda bundan oldin ham ma’lum bo‘lganmi-yo‘qmi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Tarixga bir nazar tashlab ko‘raylik. 1949 yilda Izzat Sulton Alisher Navoiyning “Mezonul avzon” asarining tanqidiy matnini yaratgan. Shu tadqiqotida u Boburning ham aruz nazariyasiga oid risola bitgani, lekin bizning zamonamizgacha yetib kelmagani sababli bu ikki muallifning aruz haqidagi asarlarini taqqoslab, tegishli xulosa chiqarish imkoni yo‘qligini yozgan. Keyinroq N.Mallayev o‘zining “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobida Boburning aruz haqida Mufassalnomli risola yozgani va uning qo‘lyozmasi saqlanib qolmagani yoki hozircha topilmagani to‘g‘risida ma’lumot beradi. Shundan biroz vaqt o‘tgach, Maqsud Shayxzoda Moskvada kutubxonada Ko‘pruluzodaning asarini ko‘rayotib, Boburning aruz haqidagi risolasi tavsifini uchratib qoladi va bu to‘g‘rida o‘zining “Qo‘shiqlar haqida” nomli maqolasi (O‘zbekiston madaniyati, 1964 y. 4 iyul)da bunday deb yozadi: “Navoiydan keyin qo‘shiq va ashula navlari haqida eng mo‘’tabar ma’xaz Zahiriddin Muhammad Boburning “Risolayi aruz” asaridir. Hozirgacha nomi ma’lum bo‘lib, o‘zi adabiyotshunoslik olamida istifoda etilmagan bu asar yo‘qolgan, deb hasoblanar edi. Tasodifiy bir voqea bilan bu asarning hozir Fransiyada – Parij Milliy kutubxonasida 940 hijriy yilda Hoji Muhammad Samarqandiy tomonidan ko‘chirilgan nusxasi borligi ma’lum bo‘ldi”. M.Shayxzodaning maqolasidagi ma’lumotlar Ko‘pruluzodaning kitobidan keltirilgani ko‘rinib turibdi, biroq u Risolayi aruz degan nomni qayerdan olgani ma’lum emas. Shu o‘rinda bir taxminni o‘rtaga tashlash mumkin – ehtimol, Shayxzoda ham Fitrat kabi Bobur risolasining biron-bir qo‘lyozmasi bilan tanish bo‘lgandir. Abdurauf Fitratning “Aruz haqida” nomli asarini o‘rgangan va nashrga tayyorlagan H.Boltaboyev uning Navoiy va Boburning aruzga bag‘ishlangan asarlaridan yaxshi xabardor bo‘lgani hamda uning qo‘lida Bobur risolasining nusxalaridan biri bo‘lganini ta’kidlaydi. Fitratning bizga noma’lum bir qo‘lyozmadan foydalangani Parij Milliy kutubxonasidagi qo‘lyozmaning yagona nusxa emasligini, boshqa nusxalar ham mavjud ekanligini ko‘rsatadi. Risolaning boshqa nusxasi ham borligi yaqinda tasdiqlandi. Tehrondagi “Saltanat kutubxonasi”da “Kulliyot” saqlanayotganidan xabardor edik, lekin uning tafsiloti ma’lum emas edi. “Kulliyot”ga ko‘z tashlaganimizda, unda boshqa asarlar qatori aruzga doir risolaning ham borligini ko‘rdik. “Kulliyot” haqidagi kutubxona ma’lumotlarida uning ko‘chirilgan yili hijriy 935 (1528) yil, deb ko‘rsatilgan. Bu degan gap qo‘lyozma Bobur hayotlik davrida ko‘chirilgan, demak, Boburning nazaridan o‘tgan, ya’ni u avtograf (asl nusxa)ga deyarli teng degani edi, lekin qo‘lyozmani sinchiklab o‘rganganda, unday emasligi ma’lum bo‘ldi. “Kulliyot”ning oxirida “Volidiyya” asari keltirilgan, uning so‘nggi: “Bil, tugatganda bu so‘z bekam-u, besh, Yil to‘quz yuz edi o‘ttuz besh” baytidagi sanani kulliyotning yozilgan yili sifatida xato talqin qilingan. Mazkur nusxa Boburning yagona kulliyoti sifatida ahamiyatlidir. U ancha keyingi davrda ko‘chirilgan. Professor S.Hasanovning yozishicha, “Boburnoma” qo‘lyozmalarini Tehron nusxasi bilan solishtirish natijasida uning matni to‘la emasligi va ayrim nuqsonlari ham borligi ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, “Boburnoma”da Afg‘onistonga oid voqealar bayon qilingan matnning katta qismi bu nusxada yo‘q ekan. “Kulliyot” boburshunoslarimiz oldiga bir qator masalalarni qo‘yadi – undagi asarlar qaysi qo‘lyozmalardan ko‘chirilganini aniqlash, “Boburnoma”ning mavjud nusxasi, xususan, hozirgi kunda eng ishonchli deb hisoblanadigan Haydarobod (Hindiston) nusxasi va uning asosida yapon olimi E.Mano‘ tayyorlagan tanqidiy matnni Kulliyotdagisi bilan solishtirish, “Boburnoma”ning tadqiqidagi eng jumboqli masala – undagi kemtik joylarini aniqlash, Boburning aruzga doir risolasining hozir ilmiy iste’molda bo‘lgan Parij Milliy kutubxonasi nusxasi bilan qiyoslash, Parij nusxasining nuqsonli ekanligi, kotibning xatolari va boshqa masalalarga aniqlik kiritish va h.k. shular jumlasidandir. Risolaning Parij nusxasini Hoji Muhammad Samarqandiy ismli kotib ko‘chirgan, lekin mutaxassislarning fikriga qaraganda, u aruz ilmidan mutlaqo bexabar shaxs bo‘lgan. Qo‘lyozmadagi ko‘plab xatolar, tushib qolgan yerlari, qaytariqlar, ayniqsa, atamalardagi xatolar shunday deyishga asos beradi. Masalan: 4b varaqda aqs zihofi aql deb, majzumuzohifi yetti joyda majdu deb xato yozilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu yerda bir narsani ta’kidlab o‘tishni zarur deb hisoblaymiz: Boburning o‘zbek aruzi haqidagi risolasi yaratilgandan keyin XX asrning ikkinchi choragigacha o‘tgan to‘rt asrdan ortiqroq davr mobaynida (ya’ni Fitratning “Aruz haqida” asarigacha) o‘zbek aruzi bo‘yicha unga teng keladigan risola u yoqda tursin, biron e’tiborga loyiq asar ham yaratilmadi. Alisher Navoiy “Mezonul-avzon” da “birinchi bo‘lib o‘zbek nazmi vaznini tekshirib, o‘zbek aruzining asoschisi bo‘ldi va bu uning ulug‘ xizmatidir. Bobur esa aruz haqidagi risolasi bilan umuman aruz ilmining va xususan, o‘zbek aruzining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi”. Boburning asari bir qancha jihatlari bilan o‘ziga xosdir. Navoiyning “Mezon”i bilan solishtirilganda shu narsa aniq ko‘rinadiki, Boburning asari avvalo, aruz nazariyasi bayonining mukammalligi bilan, ikkinchidan, vaznlarni ko‘rsatish uchun keltirilgan misollarning nihoyatda mo‘lligi bilan ajralib turadi. Bobur asarida she’riy misollarni o‘zbek va fors tillarida keltiradi. Asarning faqat o‘zbekcha qismi (nasriy va she’riy) va faqatgina Boburning o‘z qalamiga mansub she’rlarda ishlatilgan so‘zlar, ularning qaytarilganini ham qo‘shib hisoblaganda, yigirma besh mingdan ziyod so‘z qo‘llangandir. Risolaning bunday hajmi uning nomi Muxtasar, ya’ni qisqabo‘lolmasligiga tag‘in bitta dalildir. “Aruz” ikkita yirik bobdan iborat. Birinchi bob rukn yasovchi hijolar va ularning navlari, ruknlar va zihoflar, bahrlar va doiralarga bag‘ishlangan bo‘lib, ikkinchi bobi vazn va taqti’ masalasiga bag‘ishlangan. “Adabiyot va san’at dunyosida eng teran qarash egasi bo‘lgan mashhur Bobur Mirzo” (A.Fitrat iborasi) aruz ilmidagi tadqiqotlarida katta muvaffaqiyatlarga erishdi, bir qancha yangiliklar yaratdi. Xususan, S.Hasanovning yozishicha, u aruzning yangi 248 vaznini aniqladi. A.Hojiahmedovning fikricha, Bobur she’riyatimizda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan 537 o‘lchovdan 400 ga yaqin mutlaqo yangi vaznlarni kashf qilgan. Bobur juzvlar haqida ham yangi fikrga keladi, fosila juzvining ruknlar yasashda hojati yo‘qligini isbotlab beradi. Juzvlarni ikkiga va ularning har birini uch navga ajratish kerak, degan xulosaga keladi. Bobur aruzda noma’lum zihoflarni izlab topadi va ularning sonini 44 taga yetkazadi. U taqti’ bobida o‘zbek tili fonetik me’yorlari asosida “Mezonul avzon”da ishlab chiqilgan o‘zbek aruzining qonun-qoidalarini bir tizimga solib, aruzni yanada takomillashtirish fikriga keladi. Bobur qo‘llagan doiralar ham “Mezon”dagidan farq qiladi. “Mezon”da 7 ta doira bo‘lsa, “Aruz”da ularning soni 9 tadir (Solishtiring: aruz ilmining asoschisi Xalil ibn Ahmadda ¬ 4 ta, Vohid Tabriziyda esa ¬ 6 ta doira keltirilgan). “Aruz” risolasining yana bitta xususiyati ¬ uning antologiya ham ekanidir. Shu jihatdan ham asarning ahamiyati nihoyatda kattadir. Bobur risolasini yaratishda qaysi manbalardan foydalangani hozircha ma’lum emas. Lekin “Boburnoma”da “Aruz” asari uchun Alisher Navoiyning devonlaridan g‘azallar tanlagani qayd etilgan: “Odina kuni, oyning yigirma uchida Alisherbekning to‘rt devonidan buhur avzon tartibi bila g‘azallar va abyotkim, intixob qililadur edi, itmomig‘a yetti”. “Aruz” da mumtoz fors adabiyotining yirik vakillari Rudakiy, Nizomiy, Attor, Xisrav Dehlaviy, Sa’diy, Salmon Savojiy, Hofiz, Jomiy va boshqalarning asarlaridan parchalar berilgan. Turkiydagi misollar Boburning o‘z qalamiga mansub she’rlaridan tashqari, Navoiy, Lutfiy, Haydar Xorazmiy, Sulton Husayn Mirzo va boshqalarning asarlaridan ham iqtiboslar olingan. Jami 70 ga yaqin shoirning qariyb 50 ta asaridan misollar keltirilgan. Boburning risoladagi ayrim she’rlari uning “Devon”idan ham o‘rin olgan. Ba’zi she’rlarni Bobur faqat she’r vaznini ko‘rsatish uchungina bitgan, shu sababli ular “Devon”ga kiritilmagan. Shunday bo‘lsa-da, risolada “Devon”ga kiritilmagan ayrim go‘zal misralar ham bor. Masalan, Bobur aruz va zarb mahzuf vaznini izohlayotganda quyidagi baytni keltiradi: Download 47.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling