Bobur bog‘larining barpo etilishi an’anasi


Download 35.5 Kb.
Sana21.02.2023
Hajmi35.5 Kb.
#1219019
Bog'liq
D.Olimjonov Maqola Bobur bog\'lari l


BOBUR BOG‘LARINING BARPO ETILISHI AN’ANASI
Davronbek OLIMJONOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
Tarix instituti tayanch doktoranti
davronbek.olimjonov@mail.ru

+998939436303
Bog‘ yaratish, bog‘dorchilik amali insoniyat taraqqiyoti tarixidagi eng ulug‘ kashfiyotlardan biridir. Inson ibtidoiy zamonlardan bog‘ni hayot va to‘kinchilik ramzi sanaydi. Barcha qadimiy diniy asotirlarda jannat mangu yashnab turgan boqqa qiyos etiladi. Shu sababdan Sharq shoirlari go‘zal bog‘larni va yashil-ko‘kalamzor shaharlarni “jannatmisol”, “firdavsmonand” deya ta’rif etadilar. Bog‘dorchilik xalq tarixi, uning madaniyati, ilm-fani, adabiyoti va san’ati, dehqonchiligi tarixi va tajribasi bilan chambarchas bog‘liq. Muayyan xalq yashagan jug‘rofiy hudud, uning madaniy-ilmiy ravnaqi, adabiyoti va san’ati, dehqonchilik va sug’orish tarmoqlari darajasi o‘tmishda yaratilgan bog‘larda o‘z aksini topgan.
O’zbek xalqi turmush tarzi an’anasida bog’ yaratish, tabiatni sevish, o’simlik va hayvonot dunyosiga mehr qo’yish qadimdan mavjudligini manbalardan ham bilish mumkin. Insonlar bog’ va undagi yo’laklar chetlarida gullardan manzarali bezaklar yaratib undan bahramand bo’lishga intilganlar. Ayniqsa, o’z tomorqasida mevali va manzarali daraxtlar hamda o’simliklarni parvarishlashni hozirgacha qadriyat sanab kelmoqda. Buyuk ajdodlarimiz bog’lar barpo etishni san’at darajasiga ko’targanlar, bular qatorida bobomiz Sohibqiron Amir Temur bunyod etgan bog‘lar jahon bog‘dorchilik tarixida alohida o‘rin egallaydi. Sohibqiron tarixini o‘rganish bilan shug‘ullangan barcha muarrixu-olimlar Turon sultonining bog‘dorchilik san’atidagi salohiyatini e’tirof etib, o‘z asarlarida ta’riflaydilar. Amir Temur tabiatni, insonni sog‘lomlashtirish, cho‘l-biyobonlarni obodonlashtirish va dehqonchilikni rivojlantirish borasida juda ko‘p hikmatli so‘zlarni meros qilib qoldirdi. “...Har bir shaharda masjidlar, madrasalar, xonaqolar, hammomlar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida rabotni bino qilishni, daryolar ustida ko‘priklar qurishni buyurdim. Kimki biron sahroni obod qilsa yoki biron bog‘ ko‘kartirsa yoxud biron xarob bo‘lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, uchunchi yili qonun-qoidaga muvofiq xiroj yig‘ilsin” (“Temur tuzuklari” 1991, 99) - deya, farmoyishlari bilan qurilgan muhtasham binolar - madrasalar, karvon yo‘llari, ko‘priklar, madaniy-maishiy obidalar hamda ko‘plab shaharlarda undan qolgan bog‘lar haqida xalqimiz biladi. Sohibqironning bunyodkorlik yo‘lida qilgan ishlari uning avlodlariga an’ana bo‘lib qoldi. Xususan, temuriylar davrida turli obidalar bilan birgalikda manzarali va mevali bog’lar barpo etish an’anasi Shohrux Mirzo, Mirzo Ulug’bek, Boysung’ur Mirzo, Husayn Boyqaro kabi hukmdorlar qatorida Zahiriddin Muhammad Boburning o’rni beqiyos. Buning sababi Bobur barpo etgan ko’plab bog’lar hozirgi kunga qadar o’z o’rni va tarovatini yo’qotgani yo’q.
Bobur tabiatni juda yaxshi ko’rgan, daraxtlar, gullar, hayvonlar turlarini tadqiq qilgan va o’zining shoh asari “Boburnoma”da nomlari va izohlari bilan keltirilgan. U qaysi hududga borsa bog’lar va binolar barpo qilgan. Bobokaloni Amir Temur kabi “Bog’i Dilkusho”, “Bog’i Jahonaro”, “Bog’i Baland”, “Bog’i Behisht”, “Davlatobod” kabi mashhur bog’lari an’anasini davom ettirib, “Bog‘i Kalon”(Bobur) “Bog‘i Vafo”, “Bog‘i Istalib”, “Bog‘i Zarafshon”, “Bog‘i Navro‘ziy”, “Bog‘i Nilufar”, “Bog‘i Fath”, “Bog‘i Nur”, “Bog‘i Xilvat”, “Chorbog‘”, “Bog’i Vafo” kabi nomdor bog’larni barpo etadi va bog‘larga o‘ziga xos nomlar ham qo‘yilgan. Bular xususidagi dastlabki ma’lumotlar o‘tmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, Bobur bog‘lari o‘rta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan.
Bobur bog’lari orasida tarovati va haligacha saqlanib qolganligi bilan ajralib turuvchi – “Bobur bog’i” nomi bilan mashhur “Bog’i Navro’ziy”dir. Afg’oniston poytaxti Kobul shahrining Chordehiy tumanidagi Sof, Sherdarvoza tog’ining etagida. Boqqa aslida Ulug‘bek Mirzo Kobuliy asos solgan. Boburning onasi Qutlug’nigor xonim vafot etganida, Bobur amakisining merosxo’rlaridan ruxsat so’rab marhumani shu boqqa dafn qilgan (“Boburnoma” 2002, 157). Bobur keyinchalik bog‘ni sotib olib qaytadan obodonlashtirgan. Turli mevali va manzarali daraxtlar ektirgan va ariqlarni tozalatib, oqar suvlar bilan ta’minlattirgan. Boburning hijriy 935-yilda Xoja Kalonga yozgan maktubida bu bog’ni “Nazargoh” deb atagan. Ushbu bog’ni Amir Temurning “Bog’i Dilkusho” bog’iga tenglashtirish mumkin, sababi qurilish an’anasi, yo’laklar va binolar joylashuvi juda o’xshash. Humoyun, Akbar, Jahongirshoh va Shohjahonga bag’ishlangan tarixiy manbalarda “Hazrati firdavsmakon muborak maqbarasining bog‘i”, deb tilga olinadi. Bobur maqbarasining atrofida Hindol va Hakim Mirzoning qabrlari, bir oz yuqorida Ruqiya begimning qabri joylashgan. Bobur vafoti oldidan uni aynan shu boqqa dafn qilishlarini vasiyat qilgan. 1540-yili Boburning xoki Agradan olib kelinganidan so‘ng, u bu bog’ “Bog‘i Bobur” deb ham atala boshlagan. Bog‘ning uzunligi 550 gaz (495 metr), maqbaraga chiqiladigan zinapoyaning balandligi 50 metr atrofida bo’lgan. Bobur aksari bog’larining me’mori aynan o’zi bo’lib, tog’ri burchakli tarhga ega, o’rta qismdagi bog’ni ikkiga ajratib turadigan keng yo’lak orqali keluvchilarni markazdagi ko’shkka olib borgan. Ko’shkning barcha tomonlarini har turdagi daraxtlar o’rab turgan. Bu uslub o’sha davr uchun an’ana hisoblangan “chorbog’” shakli va uslubini yuzaga keltirgan. Bunday bog‘larning darvozalari odatda shahar tarafga qaratib qurilgan. Keyinchalik Boburning avlodlari bu bog’da ko’plab obodonlashtirish ishlarini olib borishgan, xususan, Jahongirshoh bog‘ni devor bilan o’ragan. Shohjahon zamonida bog‘ ichida oq marmardan masjid bunyod etilgan. “Bog‘i Bobur”ning tog‘ yon bag‘riga tutashgan sharq tarafida, Boburning farmoniga muvofiq, 1508-yilda “Taxti Bobur” ko‘shki qurilgan. Bobur Kobulga har gal kelganida, bu yerning ob-havosi, shifobaxsh suvlari ul zotni hayratda qoldirgani «Boburnoma» asarida takror-takror qayd qilingan. Mazkur bog‘dagi yetti iqlimdan keltirilgan anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar hanuzgacha poytaxt Kobulning ko‘rki bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi kunda «Bog‘i Bobur» sayilgoh bo‘lib, davlat, jamoatchilik tomonidan o‘tkaziladigan ommaviy anjumanlar markaziga aylangan.
Bobur tomonidan Kobul viloyatining Ningnaxor tumani markazi Odinapur qo‘rg’onida 1509-yilda “Bog’i Vafo” bunyod etilgan. Bu bog‘ Sipingar tog’i etagida joylashgan, biroq bu tog’da doimiy qor bo’lsa-da, bog’ga qor tushmagan, obi-havosi safoli ekanligi zikr etilgan. Bog‘ qo’rg’onning janub tarafida bo‘lib, qo’rg’on bilan bog‘ o‘rtasidan soy oqib o’tgan. Bobur uni qurishda me’morchilik va bog‘dorchilikning yuksak namunalarini joriy etgan. Bog‘ o‘rtasidagi tepalik chorchaman (gulzor) qilingan. Bog‘ning janubiy tomonida hovuz qurilib, atrofiga mevalardan norunj(apelsin), anor va turunj(sitron - limon turi) ekilgan. Bobur Lohur va Dibalpurni zabt etgan yili u yerdan shakarqamish va banan ham keltirib ektirgan. Bobur bu bog‘ni juda mehr bilan parvarish qilgan va bu yerda dam olishni xush ko‘rgan. Hindistonga katta harbiy yurish arafasida ham Bobur Bog‘i Vafoga kelib, Humoyun o‘z qo’shini bilan yetib kelgunga qadar shu yerda kutgan. “Boburnoma”da bu boqqa alohida ta’rif berilgan: “Bog‘i Vafoning haddi va hududi bu tarixda mukarrar bitilibtur. Asru juda safolik bog‘ voqe’ bo’lubtur. Har kim xaridorlik ko‘zi bila ko‘rsa, bilgaykim ne turluk yerdur” (“Boburnoma” 2002, 252).
Kobul yaqinida Istalif kentida joylashgan yana bir istirohati - “Bog’i Kalon”(Bog’i Istalif) bog‘i sersalqin manzillardan hisoblangan. Bobur Istalifni sayr qilib yurganida bog‘ni ko’rib yoqtirib qoladi. Bog‘ Ulug‘bek Mirzo Kobuliy tomonidan tortib olinganini bilib, uning egalarini rozi qilib sotib oladi. “Bog‘din tashqari ulug‘ chinorlar bor, chinorlarning tubi sabzalik, safolik manziledur. Bog‘ning o‘rtasidin bir tegirmon suyi hamisha joriydur. Bu ariq yoqasida, bog‘ o‘rtasida chinorlar va daraxtlardur. Burun bu ariq egri-bugri va besiyoq edi. Men buyurdumkim, bu ariqni reja va siyoq bila qildilar. Bisyor yaxshi yer bo’ldi” (“Boburnoma” 2002, 136), deb yozadi. Bobur kuz faslini yoqtirganini va sariq rangga burkangan payt bog’ ichra sayr qilishni yaxshi ko’rgan va buni odat qilgan.
Bobur Hindistonni egallaganidan so’ng ko’plab bino, manzillar va bog’lar barpo qilishni davom ettirgan. Shaxsan o’zining muallifligida barpo etilgan mashhur bog’ - “Bog‘i Zarafshon” Hindistondagi Agra shahrida, hozirgi Tojmahal maqbarasidan besh chaqirim (4,5 km.) shimol tomonda joylashgan, 1528-yili Hindistonda “Samarqandcha” chorbog‘ uslubida yaratilgan dastlabki bog‘. Bobur shaxsan o‘zi tanlagan yerda uning chizib bergan tarhi bo‘yicha bunyod etilgan. Bu paytda Bobur yirik davlat qurib, uni barqarorlashtirishga erishgan va unga bas keladigan kuchlar qolmagani uchun Bobur asosiy vaqtini ijodga qaratishni niyat qilgan. Bobur Bog‘i Zarafshonning bir chetida hilvatxona soldirib, “Boburnoma”ni qayta oqqa ko‘chirgan. Davlat ishlaridan butunlay uzilib ketolmaganidan, Bobur ko’rinishga keluvchilarni daryodan kema orqali olib o‘tishni buyurgan (“Boburnoma 2002, 357). Bobur Bog‘i Zarafshonda hokimiyatni Humoyunga topshirgan (“Humoyunnoma” 1959, 196). “Boburnoma”ni qayta ko‘chirgan xattotning yozib qoldirganiga ko‘ra, Bobur shu bog‘da dafn etilgan (keyinchalik, vasiyatiga ko‘ra xoki Kobulga olib kelinib qayta dafn qilingan). Bobur vafotidan so‘ng Bog‘i Zarafshon Boburiylar hukmdorlarining sevimli maskaniga aylangan. Humoyun harbiy yurishlari oldidan bu yerda mashvarat o’tkazgan. Akbar bog‘ni yanada kengaytirib nilufarzorlar bilan o’ragan va “Bog‘i Nilufar” deb atagan. Jahongirshoh sevimli malikasi Nurjahon Begim sharafiga nomini “Bog‘i Nurafshon” deb o’zgartirgan. Nurjahon Begim bog‘ o‘rtasida “Mohitob” nomli qabulxona bino qilib, “Namgir” nomi bilan ma’lum taxt o’rnattirgan hamda Jahaz Mahal degan saroy qurdirgan. Boburiylar sulolasining keyingi vakillari “Bog’i Orom” deb atagan (mahalliy hind tilida: Rambog‘).
Bobur tomonidan yana Hindistonda barpo etilgan chorbog‘lardan biri “Bog’i Nilufar”. Agra shahridan 50 chaqirim janubdagi Dulpur (hozir Rojaston shtatining Bxaratpur rayoni hududi)da joylashgan. Bog‘ o’rnini qizil qumtoshli tog’ yonbag’rida, Chambal daryosining yoqasida Boburning o’zi tanlagan. Bog‘da namozgoh, cho’milish uchun hovuz, shiypon, tosh supa, favvora va suv yetkazib berish uchun quvurlar tizimi bo‘lgan. Nilufarzor hovuz va quduqlari bor bog‘lar Hindistonda ilgari ham qurilgan, ammo chorbog‘ shaklidagi oromgohlar Bobur davridan boshlangan. Bobur Kobuldan qovun urug’i olib kelib Bog‘i Nilufarda ektirgan. Bog‘ning Nilufar shaklidagi katta hovuzi va bir nechta quduqlari saqlanib qolgan.
Bog‘i Safo” - Odinapur shahri yaqinida Bobur qurdirgan ko’rkamligi bilan mashhur bo’lgan bog‘. Tog’ etagidagi chashma yonida xushhavo va safoli yerda barpo etilganligi “Boburnoma”da keltirib o’tilgan. (“Boburnoma 2002, 224)..
Boburning Hind diyoridagi bog‘laridan biri “Bog‘i Fath” asosiy istirohatgohlardan bo’lgan. Agra shahri yaqinidagi Sekri tog’i yonbag’rida 1527-yili hind rojasi Rona Sango ustidan qozonilgan g’alaba sharafiga hal qiluvchi jang bo‘lgan joyda bunyod etilib, Bog‘i Fath (G‘alaba bog‘i) deb nomlangan. O’n bir yoshidan beri ikki Ramazon hayitini bir joyda o’tkaza olmagan Bobur Hindiston taxtini egallagach bunday imkoniyat tug’ilgan bo’lsada, “an’anani buzmaslik” uchun (Qurbon hayitini Agrada kutib olingan edi), 1528-yili Ramazon hayitini Bog‘i Fathda o’tkazishga qaror qilgan. Qurib bitkazilgan tosh supa ustiga oq uy (chodir) tiktirib, bayram qilganligini yozgan (“Boburnoma” 2002, 330). Bobur Bog‘i Fathni obod qilishga katta e’tibor bergan. Turli imoratlar ham qurdirgan. Ishining sifatidan qoniqmagan ustalarni hatto jazolatgan (“Boburnoma” 2002, 344). Bog‘ shiyponining boloxonasida o’tirib, “Qur’on”ni o’z qo’li bilan ko‘chirgan (“Humoyunnoma” 1959, 15).
Bobur qaysi hududda bog’ barpo qilar ekan, o’sha hudud iqlimi, shamol esishi, joylashuv lanshaftiga qarab joy va u joyda o’sa oladigan o’simliklarni ekishni buyuradi. U tabiatshunos, daraxt va o’simliklarni yaxshi bilgan. “Boburnoma”da esa tasniflab, ularning xususiyatlarigacha yozadi. Aynan bog’lari tuzilishiga ko’ra mevali va manzarali daraxtlar ekilgan bog’larga ajratsak bo’ladi. Ba’zi bog’lari daraxtlar joylashuviga qarab aralash shaklini ham ko’rishimiz mumkin. Masalan, Kobuldagi Bobur bog’ida chinor, koju (qarag’ay) va chilg’uza (kedr) va balut (eman) daraxtlari bilan birgalikda, anor va norunj(apelsin) kabi mevali daraxtlar ekilganligini ko’rish mumkin. Boshqa bir Istalifdagi “Bog’i Kalon”(Bog’i Istalif)da esa faqat chinor va maysali ekanligini bilamiz. Shu o’rinda “Boburnoma”ga asoslanib ushbu bog’larda qanday turdagi daraxt va o’simliklar ekilganligini eslatib o’tish darkor:

Mevali daraxt nomlari

Manzarali daraxt nomlari

Anor

Chinor

Uzum

Balut(eman)

Xurmo

Terak

Gular (anjir)

Tol

Tor (xurmo navi)

Koju (qarag’ay)

Norgil (kokos yong’og’i, javzayi hindi)

Chilg’uza (kedr)

Norunj (apelsin)

Archa

Limu (limon)

Palma

Turunj (sitron)




Anba (mango)




Qayla (banan)




Anbuli (hind xurmosi)




Mahva (gulchikon)




Daraxtlardan tashqari xushbo’y va tarovatli gul hamda o’simliklar ham bog’larni bezash uchun parvarishlangan. Hind diyoridagi bog’lar aynan daryo yaqinida safoli joyda barpo etilgan. Bunga Jamna daryosi bo’yidagi Bog’i Zarafshon (Bog’i Orom) hamda Chambal daryosi yoqasidagi “Bog’i Nilufar”larni misol sifatida keltirish mumkin.


Boburshoh hayotlik davrida yuqorida keltirilgan bog’lardan tashqari “Bo‘stonsaroy”, “Chorbog‘”, “Bog‘i Behisht”, “Bog‘i Nur”, “Bog‘i Xilvat” “Bog‘i Shahroro” (keyinchalik bu bog‘ning nomi boburiyzoda Jahongirshoh (1605-1625-y.) tomonidan “Bog‘u ilmu Ganja” - Ganj ilmi bog‘i deb o‘zgartirilgan), “Bog‘i Jilovxona”, “O‘rtabog‘”, “Bog‘i Sur’at” kabi bog’lari ham mavjud bo’lgan, afsuski, bu bog‘larning nomi aksariyati hozirgi kunda yozma manbalardagina saqlanib qolgan.
Temuriylardan meros qolgan bog’lar barpo etish an’anasini Boburning avlodlari – Humoyun, Akbar, Jahongirshoh, Shohi Jahon kabi boburiylar davom ettirishgan. Bobur vafotidan keyin qariyb besh asr vaqt o‘tishiga qaramay, Bobur va uning avlodlaridan qolgan tarixiy va madaniy meros hanuzgacha jahon xalqlarini hayratga solib kelmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T:. “Sharq”, – 2002.
2. Zahiriddin Muhammad Bobur Ensiklopediyasi, T.: “Sharq”, – 2014.
3. Gulbadanbegim, Humoyunnoma, T.: “Fan”, – 1959.
4. Amir Temur, Temur tuzuklari, T.: “G’ofur G’ulom”, – 1991.
Download 35.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling