Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
139 Yuqoridan yog‘ilayotgan ajal shotiga chiqqanlarni tutday to‘kayotgan bo‘lsa ham, bir necha yuz kishi shovqin-suron bilan devor tepasiga chiqib bordi. Devor tepasidagi jangda ikki tomondan ham juda ko‘p odam qirildi, o‘liklar tuynuklarni bekitib qo‘yganidan pastga o‘q otish mumkin bo‘lmay qoldi. Xon qo‘shini son jihatdan bir necha barobar ko‘p bo‘lib, shotilardan orqama-orqa chiqib bormoqda edi. Boburdan yordam so‘rab ketgan chopar Samarqandga yetib borguncha bo‘lmay Shayboniyxon Dabusiyani qonga belab axiri oldi-yu, himoyachilarni bitta qoldirmay qilichdan o‘tkazdi. Bu zafar xon qo‘shinining ruhini ko‘tardi. Endi Shayboniyxon Dabusiyani tog‘day bir tayanchga aylantirib, undan Samarqand ustiga sakrash tayyorligini ko‘ryapti. Hozir pastda o‘tkazilayotgan poyga ham — shunchaki ko‘ngil ochish uchun emas, Bobur bilan bo‘ladigan hal qiluvchi janglarda Shayboniyxonga eng zo‘r, eng chopqir otlar tanlash uchun kerak. Kuni kecha Samarqanddan kelgan darvish kiyimidagi bir maxfiy Boburning xotini qiz tuqqanini, otini Faxriniso qo‘yganlarini aytib bergan edi. Shayboniyxon poygada bir-biridan o‘zib, sor burgutlarday uchib borayotgan yigitlariga zavq bilan tikildi-yu, o‘zicha dedi, «Mayli, Bobur kuzdagi g‘alabasidan faxrlanib, qiziga Faxriniso deb ot qo‘ysin, kerilib, she’rini yozib yotaversin! Ungacha men burgutlarimning hammasini ovga o‘rgataman». Shayboniyxon hali hech qaysi jangga bunchalik jon-jahdi bilan tayyorlangan emas. U Boburni yengish oson emasligini sezardi. Bobur endi o‘n to‘qqizga kirgan yosh yigit bo‘lsa ham nihoyatda iste’dodli, nihoyatda dovyurak sarkarda ekanini Shayboniyxon amalda ko‘rdi. Hozir bu atrofdagi shaharu qishloqlarning ko‘pchiligi Boburga yon bosadi. Shayboniyxonning dushmanlari esa behisob. Sulton Ali mirzoning ko‘pchilik bek va navkarlari bultur Shayboniyxonga qo‘shilgan edi, Bobur Samarqandni olgandan keyin hammasi uning tomoniga qochib o‘tib ketdi. Boburning qo‘shini kun sayin ko‘payib boryapti. Hatto Andijondagi Ahmad Tanbal ham ukasi Sulton Xalilni ikki yuz navkari bilan Boburning ixtiyoriga yuboripti. Shayboniyxon shuni eshitgandan keyin, hozir Boburning obro‘si juda baland ekanini, undan hatto Ahmad Tanbal ham qo‘rqib qolganini sezdi. Bu ketishda yozga borib Boburning qo‘shini yana ham ko‘payadi. Shayboniyxon hal qiluvchi jangni tezlatmasa, keyin yutqizadi. _____________ * D a b u s i ya — «Temir qo‘rg‘on» demakdir. Ziyoviddin degan joyda hozir bu qal’aning xarobalari bor. * * * Shayboniyxon sultonlari bilan kengashib, erta bahorda Buxoro va Dabusiya qal’asini ishonchli odamlariga qoldirdi-yu, o‘zi Samarqand tomonga qo‘shin tortib kela boshladi. Shundan sal oldin Shayboniyxon Boburga maktub yo‘llab, uni masof urushga* chaqirgan, «Mardlar maydonda sinalgay, qal’ada bekinib yotish yosh bolaning ham qo‘lidan kelur!» degan mazmunda achchiq kinoyalar qilgan edi. Nihoyat, Bobur ham Samarqanddan qo‘shin bilan keldi-yu, Saripulda* Shayboniyxon askarlaridan bir tosh berida to‘xtab, jangga tayyorlana boshladi. Bobur Zarafshon daryosi ko‘rinib turgan bir joyni o‘rda qilib, atrofiga chuqur xandaqlar qazitdi, shox- shabbalardan o‘q o‘tmaydigan ihotalar yasatdi. Shunga qaraganda Bobur masof urushga uncha tez kirishmoqchi emas edi, orqadan yana yangi kuchlar yetib kelishini kutmoqchi edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling