Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
137 Oradan ikki kun o‘tgach, yangi zira beqasam to‘n ustidan barra po‘stin kiygan Binoiy yana Bo‘stonsaroyga keldi. Bobur bu gal uni ikkinchi qavatdagi mehmonxonada qabul qildi. Ular dasturxon atrofida yakkama-yakka suhbatlashdilar. Binoiy Boburning Shayboniyxon haqida savol berishini kutib, xon saroyida ko‘rganlarini kinoya bilan gapirib berishga tayyorlanib kelgan edi. Lekin Bobur Binoiyni o‘ng‘aysizlantirmaslik uchun o‘tgan gal ham, bugungi suhbatda ham, Shayboniyxonni ataylab tilga olmadi. So‘nggi kunlarda Navoiydan kelgan xatning ta’sirida yurgan Bobur Hirotdan gap ochdi. U Navoiy bilan Binoiyning o‘zaro munosabatlari haqida ba’zi bir gaplar eshitgan, endi buning tafsilotlarini bilgisi kelar edi. Shayboniyxon tilga olinmaganidan yengil tortgan Binoiy kulib gap boshladi: — Alisherbekning quloqlari og‘riganda ko‘k qiyiq bog‘lagan ekanlar. Buni bazzoz eshitib, ko‘k ro‘molga «Nozi Alisheriy» deb nom qo‘yib sotadigan bo‘ldilar. Alisherbek — ulug‘ siymo, nomlariga yarashadigan ulug‘ ixtirolar qilganlar. Bachkana kishilar arzimagan narsalarga ham «Alisheriy» deb nom qo‘yib, pul ishlashlari faqirning g‘ashiga tegdi. Eshagimga g‘aroyib bir egar yasatdimu bunga ham «Alisheriy» deb ot qo‘ydim. Keyin shu egar ham mashhur bo‘ldi! Men bu bilan savdogarlarning bachkana gaplariga kinoya qilgan edim. Ammo ig‘vogarlar buni «Alisherbekka behurmatlik» deb ovoza qildilar, ikki oraga g‘ubor soldilar. Mulla Binoiy hazilomuz boshlagan gapini hasratli tovush bilan tugatdi: — Amirzodam, mening Alisher Navoiyga ehtiromim cheksiz! Faqir u zotning suhbatlaridan bahramand bo‘lgan paytlarimni eslasam, yuragim ezilur. — Yomon odamlar solgan g‘uborni oradan olib tashlash mumkin emasmikin? — Men hozir shu g‘uborni tarqatish harakatidamen. Musofirotda yurib, Alisher Navoiyga atab bir qasida yozdim. Joiz bo‘lsa, ba’zi joylarini amirzodamga o‘qib beray. — Marhamat! Mulla Binoiy o‘zi yozgan she’riy asarlarning hammasini yoddan bilar edi. Hozir ham bir burchakka tikilib, «Majma’ul g‘aroyib» degan qasidasini yodaki ayta boshladi. Mulla Binoiy Navoiydan uzoqda uning suhbatini sog‘inib: Be tu chun obi Darg‘amam dar g‘am, Be tu chun rudi Ko‘hakam giryon*, — deganda Bobur zavqdan bosh irg‘ab: — O‘h! — deb qo‘ydi. Qasida o‘qib tugatilganda Bobur ta’sirlanganidan qasrda o‘tirganini ham unutgan edi. U atrofiga qarab, go‘yo mehmonxonaga uzoqlardan qaytib kelganday bo‘ldi. — Mavlono, bu qasidani Alisherbekka nega yubormaysiz? — Hirotga boradigan tayinlik odam yo‘q, amirzodam. — Biz yaqinda Hirotga elchi yubormoqchimiz. Kaminaga Alisherbekdan kitobat kelgan edi. Javobini yozib yubormoqchimen. — Amirzodam, qani edi, qulingizning bu qasidasini ham... — Marhamat, xattotga berib ko‘chirtirmoq zarur bo‘lsa, men buyururmen. So‘ng elchidan berib yuborurmiz. Gap shunga qaror topdi-yu, mulla Binoiy xursand bo‘lib chiqib ketdi. Bobur yana xonai xosga kirib, chala qolgan she’rini qo‘liga oldi. Biroq endi katta shoir bilan bo‘lgan uzoq suhbatdan so‘ng, avvalgi she’rlari Navoiyga yuborishga munosib emasdek tuyuldi. Unga ilgari jo‘n tuyuladigan narsalar ham aslida juda murakkab ekani hozir juda aniq sezilayotganday bo‘lardi. Hamma narsani muhit, ahli jahon murakkablashtiradi. Hirotda yashayotgan Alisher Navoiy ham, hozir Boburga ko‘p narsalarni kuyunib aytib bergan Binoiy ham muhitdan, zamona ahlidan norozi bo‘lganlaricha bor edi. Boburning o‘zi bu zamonadan ozmuncha jabr ko‘rdimi? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling