Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
152 Boburni kulgi qilmoqchi bo‘lib, shu savolni bermoqda edi. Chindan ham o‘ttiz ming qo‘shini bor xonlar bir dasta askari qolgan, xonumonidan ayrilgan Bobur bilan ittifoq tuzib o‘tirarmidi? Bobur Mahmudxonni o‘ziga yaqin olib, shu gapni aytganidan izza bo‘ldi. — Hazratim, o‘gay taqdir hozir meni shu ko‘yga soldi. Ammo biz mag‘lubiyat zahrini ichishdan oldin g‘alaba sharobini ham tatib ko‘rgan edik. Shuning uchun sizga ko‘nglimni ochib gapirishga jur’at etdim! — Ochiq gapirganingiz ma’qul, albatta. Qalay, iloj bo‘lsa Shayboniyxon bilan yana olishmoqchimisiz? Mahmudxonning savolida: «Yiqilgan kurashga to‘ymaydi, chamasi-da!» degan kinoyali ma’no bor edi. — Olishishga mening haqqim bor, — dedi Bobur.— Chunki birda yiqilgan bo‘lsam, birda yiqitganmen! Ammo siz Shayboniyxonga ko‘p yordamlar bergansiz!.. — Bu — rost, rost! — dedi Mahmudxon. Shu topda uning ko‘nglidan: «Agar og‘a-ini ikkovimizning o‘ttiz ming qo‘shinimizga Boburni sarkarda qilib qo‘ysak, jiyanimiz Shayboniyxon bilan urushib, ancha tajriba orttirgan, o‘zi ham dovyurak yigit, yengib chiqishi mumkin», degan fikr kechdi. Mahmudxonning o‘zida sarkardalik iste’dodi yo‘q edi. Agar Bobur uning qo‘shiniga bosh bo‘lib Shayboniyxonni yengsa, keyin odamlar Mahmudxonni emas, Boburni va uning iste’dodini ulug‘laydi. Undan so‘ng, Bobur Toshkentni ham tog‘asidan tortib olishga haqli bo‘ladi. Chunki azaldan ma’lum: qo‘shin kimning qo‘lida bo‘lsa, hokimiyat o‘shaniki. Mahmudxon shuni o‘yladi-yu, o‘z qo‘shiniga Boburni sarkarda qilish fikridan darhol qaytdi. Gapni boshqa yoqqa burib: — Sho‘rlik Xonzoda begim... ne ko‘ylarga tushdi-a?— dedi. — Shayboniyxon makkor tulki-da. Xonzoda begim ona tomondan bizga avlod, ota tomondan temuriylarga mansub. Begimni olsa obro‘si oshishini bilgan. Samarqandda dabdabali to‘y berib uylanganmish. Mahmudxonning gap avzoyidan, Bobur go‘yo opasini qurbon qilib, o‘zi qutulib chiqqan edi. Bobur voqeaning boshqacha bo‘lganini ayta boshlaganda, Mahmudxon ishongisi kelmay bosh chayqadi: — Juda uyat bo‘ldi-da, Mirzam, hammamiz malomatga qoldik! — Davron mening boshimga toj kiydirgan edi, — dedi Bobur yana otashin bo‘lib. — Endi shu toj o‘rnida ta’na toshi! Hammasidan to‘ydim, xon hazratlari! Endi borsa kelmas bo‘lib bosh olib ketishdan boshqa ilojim qolmadi! — Undoq demang, Mirzam! Minba’d siz bizning aziz mehmonimizsiz. Egachim Qutlug‘ Nigor xonim sizga muntazir edilar. Zaifangiz Oyisha begim ham shu yerdalar. Borib ular bilan ko‘rishing, dam oling. Ertaga Shayboniyxon elchisi sharafiga qabul marosimi o‘tkazmoqchimiz. Siz ham ishtirok eting! Bobur xon huzuridan chiqar ekan, hamma gapi bekor ketganini, Mahmudxon Shayboniyxondan tahlikaga tushib qolganini va u bilan dadil olishishga jur’at etolmay, xushomad yo‘liga o‘tganini endi aniq sezdi. Ark hovlisidan o‘tib borayotganda Toshkentdagi osudalik hozir unga dovul oldidan bo‘ladigan xatarli sukunatdek tuyuldi. Yaqinlashib kelayotgan dovuldan onasi va xotinini olib chiqib ketish niyati bilan arkning to‘ridagi ayollar turadigan ichki hovlilarga qarab ketdi. * * * Oyisha begim Toshkentga bundan ikki oy avval kelgandi. Samarqandda ilk farzandining o‘limi ustiga qamal azoblari qo‘shilib, yosh juvon kasalmand bo‘lib qolgan edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling