Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
148 istiqbolingizga ishonurmen. Sizdek nodir iste’dodlar dunyoga kam kelishini boshqalar bilmasa ham men bilurmen. O‘zingizni ehtiyot qiling! Taqdiringizni tolei past egachingizning taqdiri bilan tenglashtirmang! — Nechun bunday deysiz? Hammamiz ham bu o‘tkinchi dunyoga mehmonmiz! Siz bilan men bir onaning farzandlarimiz! — Lekin men qiz tug‘ilganmen, farqimiz shunda! Yoshim yigirma beshga kirdi-yu, hamon yolg‘izmen. Men ko‘ngil qo‘ygan odamni taqdir menga ravo ko‘rmadi! Omadingiz kelib, Shayboniyxonni yengganingizda, balki mening orzularim ham ro‘yobga chiqur edi! O‘shanda balki mening ham baxtim ochilarmidi? Yo‘q hamma umidlarim tarixning g‘ildiragi tagida yan-childi! Qachongacha dargohingizda qari qiz bo‘lib yurgaymen, izzatimni bilishim kerak! — Nahotki, siz nevaralik cholni o‘zingizga munosib ko‘rsangiz? — Munosibimni topishdan umidim uzilgan! Endi keksami, yoshmi menga baribir! — Bir vaqtlar O‘shda siz menga nelar degan edingiz? «Ko‘nglingizga ishoning», demagan edingizmi? Nahotki, sizning ko‘nglingiz shu berahm xonga moyil bo‘lsa? Bultur bu odam Zuhra begimga qanchalik noinsoflik qilganini bir eslang. Nahotki, siz shunday odam tufayli bizdan ajralib ketmoqchi bo‘lsangiz?! Xonzoda begim o‘kirib yig‘lab yubordi: — Ne qilay?! Boshqa najot yo‘q! Yo‘q!!! — Bir onadan tug‘ilganmiz, endi taqdirimizda neki bo‘lsa birga ko‘rurmiz! Bizdan ajralmang! Tunda yov halqasiga hamla qilurmiz! Tayyor turing! Xonzoda begim ham yana erkakcha kiyinib, ukasi bilan jangga kirishni butun vujudi bilan istardi. Hozir unga ham dushman asoratidan ko‘ra qo‘lida qurol bilan o‘lish afzal tuyulardi. Xonzoda begim to‘satdan shu tuyg‘uga berilib: — Qachon? — deb so‘radi. Bobur ovozini pasaytirib: — Shu bugun kechasi! — dedi. Xonzoda begim bugun kechasi suyukli ukasining yov qurshovida halok bo‘lishi muqarrarligini go‘yo oldindan sezdi-yu, seskanib o‘rnidan turdi: — Bugun emas! Yo‘q, yo‘q! Bobur ham o‘rnidan turdi: — Begim, mening inilarcha aytgan so‘zim inobatga o‘tmasa, buni podshohlik farmoni deb biling! Xonzoda begim indamay Boburga yaqinlashdi. Yuzini ukasining ko‘kragiga bosib, yelkalari silkina-silkina o‘rtanib yig‘ladi. Shu tarzda u Bobur bilan so‘zsiz vidolashdi-yu, keyin go‘yo uning farmoniga bo‘ysunganday bosh egib, chiqib ketdi. * * * Yarim tunda Bobur, Qosimbek, Qutlug‘ Nigor xonim, Oyisha begim, Tohir xotini Robiya bilan birga, yana o‘ttiz-qirqta bek va navkarlar Shayxzoda darvozasiga yig‘ildilar. Biroq ularning orasida Xonzoda begim yo‘q. Bobur Xonzoda begimni birga olib chiqishni onasi- ga topshirgan edi. Qutlug‘ Nigor xonim yig‘layverib ovozini oldirib qo‘ygan. Uning hazin tovush bilan bergan uzuq-yuluq izohidan Bobur shuni bildiki, Xonzoda begim buvisi bilan birga Chorraha darvozasiga qarab ketgan. Shayboniyxonning qarorgohi o‘sha tomonda. Nahotki Xonzoda begim o‘sha niyatidan qaytmagan? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling