Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
159 nikohlab olmishdir! Mahmudxonning suyukli xotini Roziya Sulton begim ilgarigi elchi Jonibek Sultonga g‘unchachi qilib nikohlanmishdir! Bultur Xonzoda begim uchun bizni shunchalar malomat qilgan Mahmudxon endi suyukli xotinini, qizini, singlisini o‘z joni uchun bunchalik sharmandali ahvolga solgani butun el-ulusning nafratini keltirmishdir! Boburning xayoli Oyisha begimga ketdi. Undan ko‘ngli qolib, ajrashib ketgan bo‘lsa ham, lekin bir vaqtlar ilk yoshlik mehri bilan suygan xotinining Shayboniyxon haramiga tushishi ehtimoli uni dahshatga keltirdi. Opasi Xonzoda begimning Shayboniyxon haramiga tushgani ozmi? Bobur Qosimbekka dahshat to‘la ko‘zlarini tikib so‘radi: — Nahotki Oyisha begim...Egachim Xonzoda begimning kundoshiga aylantirilgan bo‘lsa?! — Yo‘q, amirzodam! Ne til bilan aytayki, Oyisha begim xonning amakisi — ellik besh yoshli Ko‘chkinchixonga to‘qol xotin qilib nikohlanmishdir! Bobur yuzini qo‘llari orasiga olib nido qildi: — O, bu ne razolat? Ne sharmandalik?! Qora ko‘zlaridan uchqunlar sochib Boburga achchiq gaplar aytgan o‘sha Roziya Sulton begim bugun Jonibek Sultonning quchog‘ida! Bu yo‘g‘on gavdali makkor bek Mahmudxon saroyida elchi bo‘lib, xon bilan shatranj o‘ynab, ataylab yutqizib yurgan paytlaridayoq uning suyukli xotinini ko‘z ostiga olib qo‘ygan bo‘lsa ehtimol. Oyisha begim-chi? Qosimbek armon to‘la tovush bilan so‘zida davom etdi: — Koshki Mahmudxon shuncha uyat ishlar qilib, tirik qolgan bo‘lsa! — Tog‘oyim o‘ldirildimi?! — Shayboniyxon birinchi martasida uni o‘ldirmagan edi. Lekin haligi sharmandaliklar bilan ruhan o‘ldirgandan battar qilib Movarounnahr chegarasidan sharqqa — Oltoy tomonga quvib yuborgan edi. Bundan alami kelgan Mahmudxon o‘sha yoqlarda o‘ziga tarafdorlar topib, qo‘shin yig‘ib Shayboniyxondan qasd olish uchun yana Sirdaryo bo‘yiga keladi. Xo‘jand yaqinida ikkinchi marta jang bo‘lib, Mahmudxon yana yengiladi-yu, ikki yosh o‘g‘li bilan asir tushadi. Bu gal Shayboniyxon Mahmudxonning o‘zini ham, yosh o‘g‘illarini ham ayovsiz qatl ettirmishdir! — Yo alhazar!.. Yo rab!.. Bir vaqtlar Boburga oqibatsizlik qilib, alam o‘tkazgan yaqinlarining taqdir tomonidan bunchalik shafqatsizlarcha jazolanishi Boburni qora bosiriqday ezib, karaxt qilib qo‘ydi. Bobur ulardan har qancha ranjiganda ham bunday og‘ir jazolarni ularning hech biriga ravo ko‘rmas edi. Boburning rangi quv o‘chib, yuz muskullari titrayotganini ko‘rgan Qosimbek shumxabar keltirgani uchun yana bir marta uzr so‘radi. Boburning sal taftini oladigan chora qidirib: — Amirzodam, qani, o‘ltirsinlar, marhumlarning arvohiga tilovat qilaylik, — dedi. Tizzalari bo‘shashib, oyog‘ida zo‘rg‘a turgan Bobur archa tagidagi boyagi joyiga qaytib o‘ltirdi. Qosimbek uning qarshisiga tiz cho‘kdi. Navkarlar ham birin-ketin cho‘nqaydilar. Qosimbek shirali, yo‘g‘on ovoz bilan qur’on suralarini ohangdor qilib aytib, uzoq tilovat qildi. Daryoday bir zaylda oqadigan bu ohanglar Boburga dunyoning bebaqoligini, o‘tib turgan har bir daqiqa umr qaytib kelmaydigan ne’mat ekanini, hayotning g‘animatligini eslatdi-yu, u o‘zini sal bosib, yalangoyoqlarini to‘nining etagi bilan bekitib qo‘ydi. Tilovat tugab, yuzlariga fotiha tortganlaridan so‘ng Qosimbek navkarlarga qo‘li bilan nariroq borib turish ishorasini qildi. Ular uzoqlashgach, Boburga yanada yaqinroq kelib, past ovoz bilan dedi: — Shayboniyzodalar bu g‘alabalardan quturib, Andijonga ko‘z tikmishlar. Bosqinchilar erta-indin O‘ratepaga ham kelurlar. Endi bu yerlarda yurish xatarli, amirzodam. Tog‘ oshib, Hisorga ketmoq kerak. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling