Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
224 Kobulda Egu Salim, Sherquli degan mo‘g‘ul beklari Boburga suiqasd qilmoqchi bo‘lgan paytlarida qo‘lga tushgan, Bobur ularni yaqin tarafdorlari bilan qatl ettirgan edi. Shayboniyzodalardan aynib, yaqinda Boburga kelib qo‘shilgan mo‘g‘ul beklarining orasida o‘sha o‘ldirilganlarning urug‘doshlari bor bo‘lib, ular kek saqlab yurgan ekanlar. Endi shu beklar yashirincha til biriktirib, Boburni Qunduzda o‘ldirmoqchi yoki Kobulga quvib yubormoqchi emishlar. Uning o‘rniga Boburning qo‘lida o‘sgan tog‘avachchasi, marhum Olachaxonning o‘n yetti yashar o‘g‘li Saidxonni taxtga chiqarmoqchi emishlar. — Kimlar shunday qilmoqchi? Kimlar?! — deb Bobur g‘azabdan titrab so‘radi. Qosimbek orqasiga o‘girilib qaradi. Mulozim va xos navkarlar uzoqda qolgan, ovoz ularga eshitilmaydi. Shunday bo‘lsa ham Qosimbek tovushini pasaytirib: — Qambarali Salloh, Sayidali Shakma, — deb bir qancha fitnachilarning nomlarini aytdi. — Iblislar! Qachongacha bular mening yelkamga tig‘ ururlar?! Andijondagi Ahmad Tanbal ham shu toifadan edi! Bas! Hammasini tuttiring! Pora-pora qilib, go‘shtlarini quzg‘unlarga tashlaturmiz! Qosimbek otining jilovini tortib, tog‘ etaklaridagi minglab o‘tovlarga xavotir bilan ko‘z yugurtirib chiqdi. — Hazratim, qarang, bular juda ko‘p. Navkarlari bilan yigirma ming! Ko‘p asrdan beri Movarounnahrda yashaydigan, turkiy tilda so‘zlashadigan, musulmon dinini qabul qilib, uning xurofotiga qattiq berilgan bu mo‘g‘ul beklari va navkarlarining kasbi harbiy ish edi. Qaysi podshoh ulufani ko‘proq bersa, qaysi jangdan o‘lja yaxshiroq tushadigan bo‘lsa, bularning ko‘pini o‘sha podshoh va o‘sha jang o‘ziga jalb qilar edi. Xisravshoh xizmatidan Shayboniyxonga o‘tgan, uning mag‘lubiyatidan so‘ng Boburga kelib qo‘shilgan bu yollanma askarlar beqarorlikka o‘rgangan edilar. Agar Bobur fitnachi beklarni tuttirib jazolatadigan bo‘lsa, ularning urug‘-aymoqlari arazlab ketib qolishi, so‘ng qasd olishning payiga tushishi aniq edi. Agar ichki urush boshlanib ketsa, keyin Bobur shayboniyzodalar qarshisida zaiflashib, yengilishi muqarrar edi. Bobur shuni o‘ylaganda qalbidagi g‘azab o‘rnini og‘ir xavotirlik tuyg‘usi egalladi. — Mudom insofu imonga xilof xiyonatlar shu mo‘g‘ul beklaridan sodir bo‘lur! Yana bular dinu maz-habni himoya qilmoqchilarmi?! — Butun jaholat ana shundoq nodonlardan chiqadi-da, hazratim! Qulingiz ana shu johillarning kayfiyatini sezib, dastorni olmang, degan edim. — Lekin olmay ilojim bormidi? — Yo‘q edi, hazratim, siz mutlaqo to‘g‘ri qildingiz! Endi buni hammaga yaxshilab uqtirish kerak. Mo‘g‘ullarning orasida ham yaxshilari bor, fitna tayyorlanganini menga mo‘g‘ul avlodidan chiqqan tog‘avachchangiz Saidxonning o‘zi kelib aytdi. «Hazratimdan iltimos qiling, iloji bo‘lsa meni Andijonga yuborsinlar», dedi. — Lekin Saidxon... bergan tuzimizni oqlabdir... Durust! — Boshqa insoflik mo‘g‘ullar ham ko‘p, hazratim. Siz bir pora yomon beklarning fitnasidan ko‘p ma’yuslanmang. Faqir chorasini o‘ylab qo‘ymishmen. — Xo‘sh, qani? — Saidxon sizga sadoqatini isbot qildi. Uni xon ko‘tarmoqchi bo‘lgan besh-o‘nta fitnachi beklarga bir-ikki ming navkarlari bilan ruxsat beraylik. «Bor, Andijonni shayboniyzodalardan himoya qilib ol!» deyligu hammalarini Qorategin orqali jo‘natib yuboraylik. Shu bilan biz ham fitnachilardan xalos bo‘lurmiz, ular ham istagan xonlarning xizmatiga o‘tib tinchirlar. — Qolganlari yana bir kun xiyonat yo‘liga o‘tsa-chi? — Qolganlari bilan keyin men o‘zim yakkama-yakka gaplashib chiqurmen. «Podshohdan gunohlaringni so‘rab oldim, bir marta shafe bo‘ldim, ikkinchi marta bo‘lmasmen», deb |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling