Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
232 ariqlari bekilib ketgan, suvsizlikdan ko‘pgina daraxtlar qurib qolgan edi. Ikki qavatlik naqshin ko‘shk — Chinnixonaning shiftidan tomchilar o‘tib ajoyib rasmlarning anchasi o‘ngib ketgan edi. Bobur buning hammasini ko‘rib chiqqach, mavlono Fazliddinga yuzlandi: — Mavlono, biz sizni Hirotdan chorlab keltirganda yangi qasrlar, chorbog‘lar qurdirish umidida edik. Ammo olamga mashhur qadimiy obidalarimizning bu ahvolini ko‘rib, o‘zingiz ham taassuf etsangiz kerak! — Hazratim, Ulug‘bek mirzoning olamda yagona rasadxonasi ham mana shu Chinnixona kabi tashlandiq ahvoldadir, — dedi mavlono Fazliddin. — Kecha ko‘rib ko‘nglim vayron bo‘ldi. Oltmish yildan beri qarovsiz. Nodir asbob-olotlari talangan. Devorlaridan koshinlari, marmar toshlari ko‘chirib ketilgan. Shu ahvolda tashlab qo‘yilsa uch oshiyonlik rasadxona ko‘p vaqt o‘tmay xarobaga aylanur. — Demak, shoshilinch choralar ko‘rmog‘imiz darkor, janob Qosimbek. Bizning xos me’morimiz mavlono Fazliddin qanday mablag‘u ko‘mak talab qilsalar beraylik, Ulug‘bek mirzodan yodgor qolgan Chinnixonayu rasadxonalar darhol ta’mir etilib, aslidek tiklansin. Qosimbek yengil bir ta’zim bilan: — Hazratim, amringizni jonim bilan ado etgaymen! — dedi. — Chinnixonani ta’mirlash uncha mushkul emas. Bog‘ning ko‘milib ketgan ariqlarini ham ochgaymiz, gullar o‘stirurmiz. — Navro‘z bayramigacha ulgurgaymisiz? — so‘radi Bobur. — Bu yilgi Navro‘z bazmini mana shu Chinnixonada o‘tkazaylikmi, a, janob Kalonbek? Ichkilik bazmlarini yaxshi ko‘radigan Xo‘ja Kalonbek mamnun jilmaydi: — Dono fikr aytdingiz, hazratim! — dedi. — Samarqandda bog‘bonlaru naqqoshlar yetarlik. Hamma hunarpeshalarga mavlono Fazliddin sarkor bo‘lurlar. Navro‘zgacha bu bog‘ obod qilinmog‘i kerak. Mavlono Fazliddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Boburga yuzlandi: — Chinnixonani tiklash mumkin, hazratim, ammo rasadxonani ne qilurmiz? — Uni ham tiklamoq zarur, janob Qosimbek, — dedi Bobur. Qosimbek rasadxonani tiklashdan qo‘rqardi. Chunki shayxlar so‘nggi o‘n yilliklar davomida rasadxonani dinsizlar makoni deb la’natlab, avom xalqni shunga ishontirib qo‘ygan edi. Agar Bobur rasadxonani qayta tiklab, yana ishga solib yuborsa, Ulug‘bekning boshini yegan qora kuchlar uning joniga ham qasd qilishi mumkin edi. Qosimbek shuni o‘ylab: — Hazratim, yotgan ilonning dumini bosmaylik, — dedi. — Rasadxonani ta’mirlaganimiz bilan unda ish olib boradigan yetuk olimlarni qaydan topgaymiz? Oltmish yildan beri keksa avlod olimlar o‘lib, yoshlari boshqa yurtlarga ketib qolmishdir. — Ketganlarini chorlab keltirish mumkin, janob Qosimbek, — dedi Bobur va munshiga yuzlandi: — Bizning nomimizdan qadag‘alar biting. Munshi darhol qo‘ynidan daftar-qalam olib, tikka turgan ko‘yicha yoza boshladi. — Ulug‘bek yaratgan falakiyot amaliy ilmidan xabardor olimlar Hirotdami, Rumdami, Tabrizdami, qayerdaki bo‘lsalar, bizning nomimizdan ularni Samarqandga taklif eting. Rasadxonani qayta ochmoqchi ekanligimizni, kimda-kim Mirzo Ulug‘bekning buyuk ishini davom ettirmoqchi bo‘lsa barcha imkoniyatlarni yaratib berajagimizni ma’lum qiling. Agar kelsalar yo‘l xarajatlarini biz zimmamizga olurmiz. Bu qadag‘alarni elchilarimiz orqali Hirotga ham, Rumga ham tezda jo‘natmoq sizga topshirildi, janob munshi! Munshi Bobur aytganlarini daftariga yozib bo‘lib: — Amringizni bajarishga darhol kirishurmen! — deya ta’zim qildi-da, Chinnixonadan pastga tushib ketdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling