Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
226 ortiq askarlar ham otdan namoyishkorona tusha boshladilar. Buni daraning tashqarisidagi shayboniyzoda sultonlar ko‘rib turardilar. Lekin daraning ichida — sultonlarga ko‘rinmaydigan joyda Boburning asosiy kuchlari otdan tushmay, saf tortib, hujumga shaylanib turar edilar. Tepalikda turgan Bobur yon-veridagi barcha navkarlari bilan kechki paytda otdan tushganini va navkarlar safini tarqatib yuborganini ko‘rgan sultonlar «bugun chindan ham jang bo‘lmaydi» deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak. Ular ham saflarini buzib, ba’zilari otlarini yetaklagan holda orqaga burilishdi va suv izlay boshlashdi. Boburga shu kerak edi. U sakrab otiga mindi-yu, dara ichida yovga ko‘rinmay tayyor turgan bek va nav-karlariga qarab qichqirdi: — Yog‘iy chekindi! Zafar bizniki bo‘lur! Ta’qib eting! Bu buyruq og‘izdan-og‘izga o‘tib, bir lahzada butun saflarga tarqaldi. «Yov qochsa botir ko‘payadi» deganlaridek, yov chekinganiga ishongan daradagi askarlar dahana tashqarisiga sherday dadil hamla qilib chiqdilar. Bobur ham qilich yalang‘ochlab, tepadagi tug‘bardorlari va xos navkarlari bilan pastga otildi. Shayboniyzodalar dara ichidan va tepadan tog‘ ko‘chkisiday otilib tushib kelayotgan o‘n besh ming qo‘shin qarshisida shoshib qoldilar. Ular buzilgan saflariga qaytadan tartib berishga ulgurolmay, vahima ichida qochishga tushdilar. Bu qochishni o‘ng tomonda Mirzoxon bilan olishayotgan Temur Sultonning odamlari ham ko‘rdilaru yakkalanib, qurshovga tushib qolishdan qo‘rqib, narigi bir daraga qarab chekindilar. Bobur xos navkarlari bilan birga yovning asosiy kuchlarini ta’qib qilib bormoqda edi. G‘ira-shira qorong‘ilik tushganda uning Muhammad Sulton Do‘lday degan beki Hamza Sultonning qo‘shinini tor-mor qilib, o‘zini asir olib keldi. Xufton kechroq Xo‘ja Kalon boshliq navkarlar Mahdi Sultonni ham qo‘lga tushirib keldilar. Qorako‘l va Andijonda bo‘lgan ko‘pgina qirg‘inlarning sababchilari mana shu sultonlar edi. Bobur ularni o‘limga hukm qildi. _____________ * P u l i S a n g i n — «Tosh ko‘prik». Hozirgi Norak shahrining yaqinida bo‘lgan. * D a h a n a — daraning og‘zi, kirib-chiqiladigan joyi. 5 Tiniq kuz osmonida oq ipakdan ham nafis mezonlar uchadi. Samarqand bog‘larida katta dona anorlar yetilgan, sohibi uzumlar va naqsh olmalarning eng shirinlari qolgan payt. Shaharning barcha darvozalari ochiq, kirdi-chiqdi bemalol. O‘n kundan beri Samarqandda na qo‘shin bor, na bir hokimiyat. Shayboniyzodalar Vaxsh bo‘yida Boburdan yengilganlaridan keyin G‘uzor va Qarshi atroflarida yana astoydil bir jang qilmoqchi bo‘lib, kuch to‘plab ko‘rdilar. Biroq Boysun tog‘laridan narida Bobur qo‘shiniga Shoh Ismoil yuborgan o‘ttiz ming qizilbosh askari kelib qo‘shilgani ma’lum bo‘lgandan keyin sultonlar ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchrashdan qo‘rqdilaru Qarshi, Buxoro va Samarqandni jangsiz tashlab chiqdilar. Faqat ular dushmanlariga zaxira qoldirmaslikka tirishib qo‘llariga tushgan hamma ot-ulov, mol-hol, don-dunni talab olib ketdilar. Shu munosabat bilan ko‘chmanchi qabilalarning yana bir talon-torojini boshdan kechirgan va ularga qarshi nafrati benihoya oshgan o‘troq aholi endi butun najotni Boburdan kutib, uning yo‘liga umid bilan ko‘z tika boshladi. Bobur ittifoqdoshlari bilan G‘uzordan Qarshiga, undan Buxoroga o‘tgan, bu qo‘rg‘onlarga ishonchli odamlarini qo‘yib, endi Samarqandga kelmoqda edi. Bundan xabar topgan |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling