Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
251 — Hindolning she’rga unchalik ishi yo‘q, — deb izoh berdi Mohim begim. — Bunga o‘yin bo‘lsa, yoydan o‘q otsa, ot chopsa bas. Kitobga xushi yo‘q. — Balki yoshi kichik bo‘lgani uchundur? — Gulbadan bundan uch yosh kichik. Ammo savodi Hindoldan yaxshi. Hozir ko‘rursiz... Qizcha kitobga shunchalik o‘chki, taajjubdan yoqamni ushlaymen. Bobur o‘ychan tovush bilan: — Nahot Hindol o‘sha tog‘alariga tortsa? — dedi. Boburning bu so‘zlarida qanchalik murakkab ma’no borligini faqat Mohim begim tushunardi. Chunki Hindol Mohim begimdan emas Boburning kichik xotini Dildor og‘achadan tug‘ilgan edi. Shariat beradigan ruxsat bo‘yicha Bobur ham uch xotinlik bo‘lib olgan, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu berahm odat Mohim begimni qanchalik ezmasin, alamini ichiga yutib chidab kelar edi. Boburning ikkinchi xotini Gulruh begimdan Mirzo Komron va Mirzo Askariy otliq ikki o‘g‘il tug‘ildi. Bular Humoyundan keyingi taxt vorislari edilar. Gulruh begim shu sababli Mohim begimga kundoshlarcha sovuq muomala qilar edi. Uch xotin Kobulning uch chekkasida har biri alohida ko‘shkda tursa ham bir-birlarining ahvollaridan xabardor edilar. Dildor og‘acha besh yilda ikki qiz tug‘di. Mohim begim esa uch marta farzand dog‘ini boshdan kechirdi. Uning Humoyundan keyin tuqqan ikki o‘g‘il, bir qizi birin-ketin o‘lib ketdi. Keyin umuman bo‘yida bo‘lmay qoldi. Buning hammasidan Mohim begim juda qattiq kuyib yurganini sezgan Bobur unga qanday tasalli berishni bilmas edi. Bir kuni mana shu ayvonda o‘tirganlarida Mohim begimning o‘zi: «Dildor og‘acha yana homilador emishlar, — deb qoldi.— Men kuyib ado bo‘ldim. Endi Dildor og‘acha shu gal o‘g‘il tug‘sa ham, qiz tug‘sa ham, agar menga bersangiz o‘z farzandimdek tarbiyalab o‘stirar edim». Dildor og‘acha o‘z farzandini kundoshiga ishonib topshirishini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Lekin Mohim begim Humoyunni qanchalik yaxshi tarbiyalaganini hamma bilar, uning yana farzand o‘stirish ishtiyoqi zo‘rligini Bobur ham sezar edi. Dildor og‘acha Kobulning Bog‘i Yo‘ng‘ichqasida mana shu Hindolni tuqqanida Boburning maxsus farmoni bilan uch kunlik chaqaloqni arkda turadigan Mohim begimning tarbiyasiga keltirib berdilar. Bu bolani to‘qqiz oy qalbi tagida ko‘tarib yurgan Dildor og‘acha: «O‘g‘limdan tiriklay judo bo‘ldim», deb ancha vaqt yig‘lab-siqtab yurdi. Bobur unga: «Azaldan udum shundoq, — deb vaj ko‘rsatdi. Podshoh oilasida o‘g‘illarni katta xotin tarbiyat etmog‘i kerak. Mohim Humoyunni qandoq voyaga yetkazdi, ko‘rdingmi? Hozir Badaxshonda eng obro‘lik hokim! Xudo xohlasa, Mohim Hindolni ham shundoq voyaga yetkizgusidir!» Mohim begim Hindolni o‘z farzandidan ham ziyoda tarbiya qilayotgani Boburga ma’lum edi-yu, lekin bolaning tog‘a avlodlari johil va ma’rifatsiz odamlar edi. Dildor og‘acha Hisor va Samarqandda ko‘p yomon ishlar qilgan Sulton Mahmud mirzoning avlodlaridan edi. Shayboniyxon tomonidan o‘ldirilgan Sulton Ali mirzoga ham xeshligi bor edi. Bobur Samarqandda so‘nggi gal g‘alaba bilan borganda va qizilboshlar bilan may ichib yurgan kunlarida Dildor og‘achaning husnini, xususan, dutor chalib ashula aytgandagi shirin ovozini yoqtirib qolib, kayf ustida uni haramiga olgan edi. Buning hammasidan xabardor bo‘lgan Mohim begim Boburning «Hindol ma’rifatsiz tog‘alariga tortmasin, tag‘in!» degan hadigini tarqatishga intildi: — Hazratim, Humoyunning ko‘p fazilatlari Hindolda ham bor. Qalbi to‘la mehr. Ishonamenki, Hindol ham sizga tortgay. Egachingiz Xonzoda begimdan eshitganmen. Siz ham mana shu yoshda «urush-urush» o‘ynashni behad yaxshi ko‘rar ekansiz. Bobur yana Hindolga yuzlandi: — Men senga kitoblar sovg‘a qilsam o‘qurmisen? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling