Bolalar adabiyoti
Download 57 Kb.
|
1-maruza matni
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so’z va iboralar
- “Kalila va Dimna”
- 53-bobida oila va bola
1-мavzu: Kirish.“Bolalar adabiyoti” fan sifatida. Bolalar adabiyoti va mumtoz adabiyot namunalari. Alisher Navoiy va Gulhaiy ijodi REJA: Kirish. “Bolalar adabiyoti” fan sifatida. Kursning maqsad va vazifalari. Fanning boshqa fanlar bilan aloqasi. Bolalar adabiyoti va mumtoz adabiyot namunalari. Alisher Navoiy hayoti va ijodi. Gulxaniy hayoti va ijodi. Tayanch so’z va iboralar: Bolar adabiyoti, oquv-didaktik tahlil, mumtoz lirika, hikoya janri, qissa, roman, masal, maqol, rivoyat. Bolalar adabiyoti deganda, yozuvchilar tomonidan ularga mo‘ljallab yozilgan maxsus asarlarnn tushunamiz. Shuningdek, kattalarga atalgan, biroq bolalar ma’naviyatini boyitadigan, ularga ma’rifiy-estetik zavq berishi mumkin bo‘lgan ayrim asarlar ham bolalar kitobxonligini tashkil etadi. Ijtimoiy ong shakllari, mafkuraviy ishning barcha sohalari kabi, bolalar adabiyoti ham voqelik bilan, hayotdagi turli ijtimoiy hodisalar hamda insoniyat turmushi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, ularni o‘ziga xos vositalarda badiiy aks ettiradi. Bolalar adabiyotida aks ettiriladigan voqelik hayotiy, haqqoniy tasvirlanishi hamda ularning ruhiyatiga, ongiga mos, tushunarli va qiziqarli bo‘lishi kerak. Bunday asarlar yosh kitobxon qalbida muayyan o‘y-fikr uyg‘otishi, uning nafosatini o‘stirishi va eng muhimi voqelikka nisbatan ma’lum munosabat uyg‘otishi lozim. Haqqoniylik va badiiylikning mukammal birligi bolalar adabiyotining ham zarur shartidir. Atoqli pedagog va adib A. S. Makarenkoning ko‘rsatishicha, bolalar adabiyoti ma’lum ma’noda o‘ziga xos badiiy xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak. Tasvir-hikoyaning soddaligi va jiddiy mantiqiy izchilligidan tashqari, unda ifodalanuvchi ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurash ham aniq badiiy bo‘yoqlarda, haqqoniy tasvirlanishi lozim. Shunga ko‘ra, bolalarga atalgan badiiy asarlar ularning xarakter xususiyatlarini to‘la namoyon qilishi bilan bir qatorda, pedagogika va psixologiya fanlari bilan uzviy aloqada bo‘lishi, demakki, muayyan ma’rifiy-estetik g‘oyani ilgari surishi lozim. O‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi uch guruhga ajratish mumkin: 1. Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar (2 yoshdan 7 yoshgacha). 2. Maktab yoshidagi kichik bolalar (7 yoshdan 10—11 yoshgacha). 3. O‘rta va katta yoshdagi bolalar (12—14 yoshdan 15—17 yoshgacha).
O‘z davrining ilg‘or kishilari qarashlarida, mehnatkash xalq og‘zaki badiiy ijodida bola tarbiyasiga alohida e’tibor berilganligi, bu haqda g‘oyat qimmatli fikrlar aytilganligi buning yorqin dalilidir. Adabiyot tarixiga nazar tashlasak, bolalar uchun maxsus asarlar yaratilganligini, shuningdek, kattalar uchun ham yozilgan asarlarning bir qismi yoki ayrim boblari bolalar kitobxonligiga mosligini ko‘ramiz. III—IV asrlarda yaratilgan va jahon xalqlari orasida keng tarqalgan “Kalila va Dimna” asaridagi hikoyalar hayvonlar tilidan bayon qilinsa-da, ularda ijtimoiy hayot, odamlar orasidagi munosabatlar o‘ziga xos majoziy usulda ko‘rsatiladi. Mazkur kitob g‘oyaviy-estetik mohiyatiga ko‘ra, hikoya ichida hikoyalar yaratish va ularni izchil ifodalash orqali yaxlit bir badiiy asarni tashkil qiladi. Asarning eng yaxshi xususiyatlaridan biri shundaki, unda inson barcha jonzot orasida yetuk va ulug‘ zot sifatida e’zozlanadi. Asarning bosh g‘oyasi ham insonni shu nomga munosib bo‘lishga chaqirishdir. Binobarin, bolalar va yoshlarni “yaxshi” bilan “yomon” ni ajratishga, yomonlikka qarshi kurashishga, yaxshilikni ulug‘lashga, uning tantanasini ta’minlashga da’vat etish asarning asosini tashkil etadi. “Kalila va Dimna” uzoq o‘tmishdan boshlab o‘zbek xalqining og‘zaki va yozma adabiyotiga samarali ta’sir ko‘rsatib, uning boyishiga muhim hissa qo‘shib keldi. Bu ta’sirni o‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalarida, Navoiy, Gulxaniy kabi qator klassiklarimiz ijodida hamda o‘zbek bolalar yozuvchilari asarlarida yaqqol ko‘ramiz. X—XII asrlarda O‘rta Osiyo xalqlarining og‘zaki poetik ijodi bilan bir qatorda fors va turkiy tillarda bir qator asarlar yaratila boshladi. Sharq pedagog-olimlari hamda shoirlari bola tarbiyasiga alohida e’tibor berib, bu sohada bir qancha ma’rifiy xarakterdagi asarlar yaratganlar. “Kalila va Dimna”, Nizomul Mulkning “Siyosatnoma”, “Ro‘shnoyinoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik” ("Saodatga yo‘llovchi bilim"), Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Ahmad Yugnakiyning "Hibatul-haqoyiq" kabi asarlari shular jumlasiga kiradi. Ilg‘or pedagog-olimlar inson har qanday bilimni egallashga qodir ekanligini ta’kidlaydilar, uning qobiliyatiga qattiq ishonadilar. Ularning fikrlari inson shaxsini tarbiyalash uchun xizmat qiladi. Shu vajdan ilg‘or yozuvchilarning asarlarida bola tarbiyasi, axloq masalalari asosiy o‘rinni egallaydi. Yusuf Xos Xojibning “Qutadg‘u bilig” (hijriy — 462, milodiy —1069-70) asarida ilm-ma’rifat targ‘ib qilinadi, olimlar ulug‘lanadi. Bu asar axloq va odobga doir ko‘p qimmatli pand-nasihatlarni o‘z ichiga oladi. Unda til odobi, sevgi va sadoqat, rostgo‘ylik va halollik kabi masalalar haqida fikr yuritiladi. Muallif dostonning “Axloq va odob haqida” deb atalgan bobida o‘qish va bilim olishda tilning beqiyos ahamiyati, qisqa va mazmunli so‘zlash, tilga ortiqcha erk bermaslik kabilar haqida ibratli o‘gitlar beradi. Asarning 53-bobida oila va bola tarbiyasining murakkab ekanligi ta’kidlanib, bolani yoshlik chog‘idan boshlab yaxshi xulqli, odobli qilib tarbiyalash zarurligi aytiladi. Yusuf Xos Hojib bu asari bilan o‘z davrining ilg‘or axloqiy-tarbiyaviy qarashlarini ilgari surgan atoqli ma’rifat homiysi va murabbiysi sifatida gavdalanadi. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” ("Turkiy so‘zlar to‘plami") da XI asrga oid ko‘pgina axloqiy, ta’lim-tarbiyaviy ruhdagi she’riy parchalar, xalq maqollari bor: “Adab va fazilatning boshi — til”; “Ilmli, aqlli kishilarga yaxshilik qilib, so‘zlarini tingla, ilmlarini, hunarlarini o‘rganib, amalga oshir” kabilar. Yusuf Xos Hojib asaridagi kabi Mahmud Koshg‘ariy to‘plamida ham bola tarbiyasiga oid fikrlar asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Shuning uchun bu asarlar bolalar adabiyotining vujudga kelishiga ma’lum hissa qo‘shgan deyishga asos bo‘ladi. X—XI asrlarda feodalizm jamiyati ancha rivojlangan bo‘lib, ilm, fan, san’at va adabiyot taraqqiy etgan edi. “Qobusnoma” ana shu taraqqiyot mevalaridandir. Uning muallifi Kaykovus 412 hijriy (1021—1022 milodiy) yilda tug‘ildi. Kaspiy dengizining janubiy qirg‘og‘ida yashovchi Gilon qabilasiga mansub bo‘lib, u “Qobusnoma” ni 473 hijriy (1082—1083) yilda, ya’ni 61 yoshida yaratdi. Kaykovus o‘z zamonasining ilmli, ma’lumotli va ma’rifatparvar kishilaridan bo‘lganlygi “Qobusnoma” asarida yaqqol ko‘rinib turibdi. U “Qobusnoma” ni o‘g‘liga bag‘ishlaganini bayon etadi. Bu, otaning farzandga, pedagogning o‘quvchiga qilgan nasihatidan, ta’lim-tarbiyaviy o‘gitlardan iboratdir. Asarda muallif ota-onaning bola tarbiyasidagi eng muhim, mas’uliyatli hamda sharafli vazifalarini alohida ko‘rsatib o‘tadi. Kaykovus o‘zining ibratli hayotiy tajribalari orqali Gilonshohni tarbiyalashni istaydi va pand-nasihatlarini farzandi uchun eng qimmatbaho meros, deb ta’kidlaydi. U o‘g‘liga: “Ey, farzand, umidim shuki, sen shu pandlarni qabul qilg‘aysan, (bu bilan) men otalik vazifasini bajo keltirgan bo‘lurman. Bilginki, xalqning rasmi (odati) shundayki, yugurib-yelib, qidirib-axtarib dunyodan biror narsadan hosil qiladilar va (bu topgan) narsalarini o‘zlarining yaxshi ko‘rgan kishisiga qoldirib ketadilar. Men dunyoda mana shu so‘zlarni hosil qildim, mening yaxshi ko‘rgan kishim sensan . . . dunyodan nima hosil qilgan bo‘lsam, sening oldingga qo‘ydim, tokim, o‘zingta bino qo‘ymagaysan va noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ymagaysan... “ Kaykovus o‘z tabaqasi farzandlarining mehnatga qobiliyatsiz ekanligini, mehnatsiz na ilm va na ma’rifatga ega bo‘lish mumkin emasligini shaxsiy hayotii tajribasi orqali tushundi. Shuning uchun u o‘g‘lini mehnat qilishga, hunar o‘rganishga chaqiradi: “Bilimni egallamoq uchun mehnat qilish, badanni dangasalikdan qutqarish foydalidir. Chunki dangasalik, ish yoqmaslik badanning buzilishiga, kasallanishiga sababchi bo‘ladi. Agar mehnat qilib badanni o‘zingga bo‘ysundirmasang,sog‘lom va baland martabali bo‘la olmaysan...” “Qobusnoma” asarida tarbiya masalasiga ham alohida e’tibor bilan haralib, tarbiya inson qiyofasini, uning aqli va shaxsini shakllantiruvchi va yuksaltiruvchi vosita sifatida alohida ta’kidlanadi. Insonni tarbiyalashda hayotiy ta’sirning roliga Kaykovus alohida diqqat bilan haradi. Uning fikricha, tarbiyadan maqsad insonni hozirgi zamon va kelajak uchun yaroqli kishilar qilib yetishtirishdan iboratdir. Shu bilan birga, muallif o‘z zamonasida hamma narsani bilish mumkin emasligini, buni faqat kelajak hal qilishini ham ta’kidlaydi. Kaykovus “Qobusnoma” asarida yoshlarning xulq-atvoriga alohida e’tibor beradi, yoshlarning insonparvar bo‘lishga, xalqqa shirin muomala qilishga undaydi. Muallif o‘z hayotida ko‘rgan va bilgan hayotiy-amaliy masalalarni keng yoritadi, ularni hikoyalar, maqollar va donishmandlarning hikmatli so‘zlari yordamida kitobga singdiradi. Shuning uchun “Qobusnoma” XI asr sharq pedagogikasi tarixida qimmatli asarlar qatoriga kiradi. Shubhasiz, bu asar bolalar kitobxonligida muhim o‘rin egallaydi. “Qobusnoma” muhim tarbiyaviy asar sifatida mazkur mavzuda asarlar yozuvchi qeyingi avlod ijodkorlariga katta ijodiy ta’sir o‘tkazgan. Ahmad Yugnakiy ham ilm-fanni yoqlaydi, olimlarni ulug‘laydi, ilm-fan egasi bo‘lishlikni targ‘ib qiladi, kishilarni bilimli bo‘lishga, ma’rifatga chaqiradi. IX—XII asrlarda jahon ilm-fani taraqqiyotida katta rol o‘ynagan O‘rta Osiyo madaniyati ko‘plab allomalarni yetishtirdi, ular dunyo fani rivojiga barakali hissa qo‘shdilar. XIV asr o‘rtalaridan XVII asrgacha bo‘lgan davr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotining yangi va juda sermahsul bir bosqichi bo‘ldi. Bu davrda talay mashhur ijodkorlar qatorida ulug‘ mutafakkir-san’atkor Alisher Navoiy yetishdi. Download 57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling