Materiya harakatining xususiy shakllari asosiy shakllar tarkibiga kiradi. Masalan, fizik materiya bo’shliq, maydonlar, elementar zarralar, yadrolar, atomlar, molekulalar, makrojismlar, yulduzlar, galaktikalar, metagalaktikani o’z ichiga oladi.
Materiya harakatining kompleks shakllariga astronomik (metagalaktika – galaktika – yulduzlar – sayyoralar), geologik (planetar jism sharoitidagi materiya harakatining fizik va kimyoviy shakllaridan iborat), geografik (litosfera, gidrosfera va atmosfera doirasidagi materiya harakatining fizik, kimyoviy, biologik va ijtimoiy shakllarini o’z ichiga oladi) shakllar kiradi. Materiya harakati kompleks shakllarining muhim xususiyatlaridan biri shundan iboratki, ularda pirovard natijada materiyaning quyi shakli – fizik materiya yetakchilik qiladi; geologik jarayonlar fizik kuchlar, chunonchi, gravitasiya, bosim, issiqlik bilan tavsiflanadi. Geografik qonunlar fizik va kimyoviy shartlar hamda Yer yuqori qatlamlarining o’zaro nisbatlari bilan belgilanadi.
MASALA . fALSAFA TARIXIDA MAKON VA VaqtGA SUBSTANSIONAL VA RELYaSION YoNDOShUVLAR
Makon va vaqt borliqning fundamental shakllari. Bizni qurshagan dunyo mazmuni, borliqning umumiy xossasi bo’lgan borliq haqida so’z yuritar ekanmiz, makon va vaqt tushunchalarini chetlab o’tishimiz mumkin emas. Zero, har qanday jism, narsa, hodisa doim borliqning boshqa predmetlari va hodisalari bilan yonma-yon keladi, ko’lamlilik xususiyatiga ega bo’ladi. Shuningdek ular o’z ichki va tashqi holatlarini bir-biriga nisbatan o’zgartiradi va bu turli hollarda har xil tezlik, marom, sur’at va davomlilik bilan yuz beradi. Alohida holda ayrim yagona deb qaraladigan bu ko’rsatkichlar majmui bizga vaqt haqida tasavvur beradi. Makon va zamon o’z rang-barangligida cheksiz borliqning shakllari sifatida amal qiladi.
Makon va vaqt falsafa tarixida. Makon va vaqt mohiyati haqida odamlar o’z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq fikr yuritganlar va o’tmishning aksariyat mutafakkirlari ularning tabiatini aniqlashga harakat qilganlar. Bu avvalo inson amaliyoti va bilishining rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan. Zero ular kengayib va takomillashib, mazkur kategoriyalarni yanada aniqroq va teranroq tushunishni talab qilgan. Xususan, antik davrdayoq falsafadan ko’lamli shakllar va ularni o’lchash usullari haqidagi fan sifatida ajralib chiqqan geometriya ilk aniq fanlardan biriga aylandi. Vaqtga astronomik kuzatishlar hamda koinotning boqiyligi va inson hayotining tezoqarligi haqidagi mulohazalar nuqtai nazaridan ham alohida e’tibor qaratilgan. Keyinchalik «makon» va «zamon» kategoriyalariga qiziqish hyech qachon susaymagan. Ular bilan bog’liq ko’p sonli masalalar yuzaga kelgan. Ularning eng muhimlaridan biri quyidagicha yangraydi: makon va vaqt mustaqil mohiyatlarmi yoki ular faqat nimagadir bog’liq holda keladimi? Shu munosabat bilan falsafa tarixida shakllangan ikki muhim va bir-biridan butunlay farq qiladigan yo’nalish – substansial va relyasion yo’nalishlarni farqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |